MAVJUDLIK MUAMMOSI. “Lolazor”

Lolazor

(“Tafakkur” jurnalining “Javondagi javohir” rukni ostida)


O‘quvchilarga qulay bo‘lishi uchun bu maqola saytga 3 qismga bo‘lib joylandi:

  1. Erix Mariya Remark. “Uch og‘ayni” romani.
  2. Erix Fromm. “Inson qalbi”.
  3. Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” romani.

Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” romani.

G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1988yil.

“Biz hayot sha’mini bo‘lurmiz yoqmoq –

Lek taqdir alanga bergay bir jahon…”

Gyote. “Faust”

“…Yong‘inning o‘zi ham xuddi shu sababdan – paytida televizor murvatini buraydigan odam yo‘qligi bois kelib chiqqan”.

Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor”

Aslida, bu qissa ishtirokchilarining hayoti ham bir shamday tovushsiz, pilpillab yonib, chog‘roq bir ro‘zg‘orni yoritsa, bas edi. Ularning botiniy va zohiriy quvvatlari shunga yetar, undan ortig‘iga o‘zlari ham uzoq vaqt da’vo qilmagan edilar. Albatta, umidlari, ilinjlari yo‘q emasdi – biri qishlog‘ida obro‘li muallim, boshqasi Hotam Sho‘ronikiga o‘xshash kichikroq bir amal egasi bo‘lsam ham katta gap, deb o‘ylashardi.

Biroq, sodda, samimiy, halol Hotam Sho‘ro tashlagan qur’aga ularning bor-yo‘q qismatlari, ularniki ne, butun bir xalq taqdiri tikilganini kim ham tush ko‘ribdi, deysiz? Qolaversa, keyinchalik bu qur’a qimor oshig‘iga aylandi-qoldi. Bo‘lib ham oshiq nuqul olchi turib berdi: dorilfununda imtihon olayotgan mo‘ysafid muallim yonidagi sherigi – yosh muallim Solijonning astoydil kelgan shashtini qaytardi – haminqadar bilimi bor bulduruqli bu ikki bitliqini imtihondan sog‘-omon o‘tkazib yubordi.

Jiyaniga ichkuyov qidirib yurgan obro‘li gazeta muharriri bir shapaloq maqolasi masalasida bo‘limdagilar bilan janjallashib qolgan havaskor muxbir Nazar Bulduruqlini qabul qilishi boshqa biror vaqtga emas, uning tushlik qiladigan paytiga, o‘sha – kelinchaklikka nomzod jiyanchasi “sirlangan jez tovoqda” osh olib kelishi vaqtiga to‘g‘ri kelib qolganiga nima deysiz?..

Xullas, agar-magarni bir chetga surib aytadigan bo‘lsak, taqdir o‘z ishini qildi. Boshqalarni “misoli loyday yumshoq, pishitib, istagan shaklga kiritsa bo‘ladi. Xohlang – ko‘za, xohlang – chiroqpoya” deb o‘ylab, o‘zini taqdirlar kuloli xayol qilgan Nazar Yaxshiboyev bir kuni qarasa, o‘zga bir kulol uning o‘zini ajab shaklu shamoyilga solib, xumdonda pishitib, obdon sirlab, hatto, sirini ham ko‘chirib ulgurgan ekan…

Qiziq, nima uchun “Lolazor” bizni hamon o‘ziga jalb qilyapti? Axir “turg‘unligu qayta qurish” zamonlari o‘z qahramonlari bilan allaqachon tarix qatlamlarida qolib ketdi-ku. Biroq nega bugun ham Yaxshiboyevning “prototip”ini topib tugatolmayapmiz?

Nega umrida “ocherka” yozmagan, umuman, yozish-chizishdan yiroq odamlarga ham beixtiyor “Chorshanbi” deb nom-laqab qo‘yishdan o‘zimizni tiyolmay qolamiz?

Bizga yaqin ayollar aktrisa emas-ku, “sahna mashqi” nima ekanini bilishmaydi-ku, biroq, nima sababdan ularning qiliqlari kasalxona derazasi qarshisida “poza”da turib olgan Muhsina xonimni yodimizga solaveradi?

Oxir-oqibatda, biz o‘zimiz ham kasal emasmiz-u, nega unda “azob beradigan xotirotdan qochib” yashaymiz, nimaga mana bu e’tirof barchamizning ovunchimiz bo‘lib qolgan:

“Har holda, dilning daxlsiz ekani juda soz narsa, ichimizga hech kim kirolmaydi, hattoki Oshno ham kirolmaydi, agar odamlar bir-birining dilini tugal bilsa bormi, er xotinni, xotin erni, ma’shuqa ma’shuqni, ma’shuq ma’shuqani… bo‘g‘ib o‘ldirardi!”

Qolaversa, “har kishining o‘z zamoni va o‘z Oshnosi bor, har kishi o‘zicha bir buyuk qutquga” duch keladi. Har birimizning shaxsiy tabiatimiz – xarakterimiz, ko‘nglimiz, didimiz, istak-xohishlarimiz… bir so‘zga jamlab aytsak, nafsimiz – bizning doimiy oshnomiz-da! Undan qayga qochib qutulamiz? Bu – Shivaning qo‘llariday ko‘pqo‘lli oshnoning panjalaridan xalos bo‘lishning imkoni bormi o‘zi?

Agar ochig‘iga o‘tadigan bo‘lsak, aksariyatimiz bir kun Oshno, boshqa kun Yaxshiboyev, birda Qurbonoy, iloj qolmagan paytlar bo‘lsa, hatto, Chorshanbi qiyofasiga kirib yashamaymizmi, kunimizni o‘tkazmaymizmi?..

Yaxshiboyevga qaytadigan bo‘lsak, uning mana bu alamli da’vosi bot-bot yodimizga tushaveradi:

“Qarab turinglar, hali faqir Yaxshiboyev latifalarning zo‘rlarini to‘qiydi. Har latifalarki, Iskandaru Dorolar… changallab qoladi!”

Latifago‘ylik, aslida, uzoq davom etmagan, to‘g‘rirog‘i, uning boshlanganiga ko‘p bo‘lgan emas. Bir odamning umrini oqlaydigan darajada sodda-samimiy kunlar ham bo‘lgan bu hayotda. U paytlar niyatning tozaligi, harakat-holatning samimiyati, kulguning beg‘uborligi-yu yig‘ining rostligiga zarra shubha yo‘q edi. Jo‘mardlik bo‘lmasa ham mardlik degulik shaxt, o‘zi yemasa ham do‘stiga ilingudek saxovat, xaromdan parhezu soddalik ham yot emas edi Nazarga.

U paytlar, yana o‘zining emas, Oshnosining kelajagini Moyradan qizg‘ongan Nazarboy uchun “pasporti yo‘q odam bilan gaplashish osonroq” tuyular, “nimalarni to‘qib-bichishni bilmay” qiynalardi ham.

Urushda-da nuqul tankning orqasiga berkinishni mo‘ljal qilmagan bo‘lsa kerakki, ajalning komida naqd olti yilni o‘tkazib, nishonlarning eng saralarini ko‘ksiga taqib qaytadi.

Keyin beva Kunsuluv tarixi – Nazarning andishasi, Nazarning eldan uyati. Urushga ketgan uch o‘g‘lini kuta-kuta biri kar bo‘lgan, birovining ko‘zi xira tortib ketgan ota va onaga nisbatan alamli shafqat hissi…

Biroq, “umrida so‘kinmagan biograf olim” – to‘qib-bichilayotgan tarix bu samimiyatga ishonmaydi, bu tarix talabiga, Nazarni kutayotgan davralar didiga ayni gaplar mos tushavermaydi, zero, ulardan “atir hidi kelmaydi”. Qolaversa, buxorolik yigirma uch yoshli qiz, kelajakda mashhur aktrisa bo‘luvni niyat qilgan Muhsinaxon singlimizning yengi uzun, tim ko‘k rangli, bittayu bitta baxmal ko‘ylagining chap yoqasini kuya yeb ulgurgan, teshikni berkitish uchun esa sidirg‘a ko‘k ipakdan “go‘balak” tikilib, “niqob, maska” yasalgan ham edi. Muyassar xonimga bo‘lsa, kelgusida buyuk rejissyor bo‘lish qayg‘usi tushadur…

Lekin bu chiroyli ipak go‘balakning Yaxshiboyev boshi uzra aylanuvchi rangsiz arvoh kapalakka evrilgunicha “yamoqchilar”ga ham oson bo‘lmaydi. Nazarni – Bulduruqning qaqragan zaminida imkon topib o‘sgan yovvoyi butani egib olish, shaklga solib xonakilashtirish uchun Muhsinaning ishqiy tashabbuskorligi-yu nomdor artistlik orzulari kamlik qilardi. Ko‘ngil (shu bugunga kelib “sassiq taka” deb nomlashayotgan Yaxshiboyevning ko‘ngli!) “xushqad, xushbichim, ko‘zlari moviyga moyil, sochlari tim qora” Oliya timsolidagi erkinlikka, ruhiy mustaqillikka talpinaveradi. Biroq ular – kuyik o‘rniga go‘balak qo‘ndirishning havosini olganlar ko‘payib ketishdi. To‘planib til biriktirishdi, Nazarni avval yakkalab, keyin sotib olishdi. Olganda ham butun xonu molini – taqdirini ko‘tara savdoga qo‘yishdi. Mana shu savdoga ko‘nishga majbur qilishdi, dallol ham o‘zlari, xaridor ham o‘zlari bo‘lishdi. Shunisi qiziqki, sotib oluvchilar – Oshno, Muyassar xonim, Aleksandr Shoymardonov, Sharif Vallomatlarning o‘zlari ham qachonlardir va kimlargadir sotilishgan, bo‘lib ham Nazardan ancha arzon ketishgan, uzoqlarga sotilishgandi..

Keyingi Yaxshiboyevning ishlari – to‘qigan latifalari go‘yo o‘zining mana shu ahvoli uchun olingan o‘chday. Buni u o‘zi anglab-anglamay, g‘ayrishuuriy tarzda qiladi. Oshnoga ahyon-ahyonda tashlanib qolishi, xotinga masxara darajasida munosabatda bo‘lish (“ – Uyat! – dedi Yaxshiboyev ovozini gulduratib. – Ilg‘or xotin-qizsiz, necha marta aytganman sizga, xudoni hadeb tilga olavermang, deb”), kattaroq qurbon talab qilinganida yodiga birinchi bo‘lib Aleksandr Shoymardonov kelgani-yu “yangamullo” – Muyassar xonim bilan so‘nggi yuzma-yuz olishuvigacha, aslida, mana shu – olinmay qolgan qasosning, ular ixtiyorida qolib ketgan, o‘yinchoq bo‘lgan taqdirning alamidan edi. Hatto, yangi zamonning olifta yosh yozuvchilariga munosabatu muomalasida ham o‘zining oyoq artiladigan lattaga aylantirilgan iste’dodi, qog‘ozga ko‘chmay qolgan armonlari – yozilmay ko‘milgan asarlari uchun pushaymonlik tuyg‘usi mana-man deb turibdi. Garchi manov gapni Oshnoga aytyapti, aslida esa bular uning o‘ziga, tushib qolgan ahvoliga nisbatan hukmi xulosasidir:

“Nedir kamayadi, oshna, nedir but bo‘ladi, ya’niki, kamaytirib, keyin but bo‘ladi..”

E’tibor bersak, Yaxshiboyevning ko‘ngil qiynoqlari, jon berishni istamagan tuyg‘ulari yo‘lidagi iztiroblari oldida uning jismoniy o‘limi arzimagan narsaga aylanib qoladi.

Yaxshiboyev o‘limning o‘zidan emas, ham ruhiy, ham jismoniy o‘limning bir paytga to‘g‘ri kelayotganidan asabiylashadi, taqdirning bu qadar shafqatsizligi, uningcha, g‘irromligidan qon bo‘ladi. Hatto, kasalxonadagi alohida tartib, e’tibor, qo‘rquv aralash hurmat ham Yaxshiboyevga Oliya uchun – ko‘ngil uchun to‘langan tovonning qolgan-qutganiday, navbatdagi xo‘rlovning ko‘rinishlariday ta’sir qiladi. Derazaga qo‘yilgan, “oq nilufar” ataladigan gul garchi “ancha uzoqda, toza suvli vazada tursa-da, dimog‘ida botqoq hidini tuyganday bo‘laveradi”. O‘zining umri ham yuzadan xuddi shu gulday – shapaloqday yashil barglar ustida ochilib, o‘zgalarning havasini keltiradi, ostida bo‘lsa, ildiz botqoqqa botgan, birorta tikoni, dastga kirguday mustahkam tanasi yo‘q. Ilonnikiday silliq, egiluvchan, nurdan bebahra, qo‘l teksa jirkantiradigan silliq tana. Ko‘ngilda bo‘lsa nuqul qarg‘alar qag‘illaydi, “bitta jumlaning ortiga tirkaydigan tuyg‘u” topilmaydi…

Garchi Yaxshiboyev o‘z millati to‘g‘risida “bitta xalq g‘amida kiroyi qayg‘urmoq shuncha bo‘lar-da” deya istehzoliroq ohangda, xuddi o‘ynagandek o‘ylasa-da, o‘sha taqdiri o‘ynalgan xalq qatoriga o‘zini ham qo‘shadi. Xohlasa-xohlamasa, qurigan daryo ham, nashavandga aylangan yer ham, tug‘olmay o‘lgan kelinchagu yashnab turgan joyidan arralab keltirilib, yaproqlari so‘lib tushgan daraxt ham, aslida,  o‘zi ekanini tilida aytmasa-da, dilida inkor qilolmaydi. Aleksandr Shoymardonov haliyam hiringlab turishi mumkin, Muyassar oltin byustning burnidan tishlab, o‘zining “probasi”dan hamon quvonishi mumkin, Yoshulli bilan Zohid – biri qarri, biri yosh ikki kalamush cho‘kayotgan kemaning zaxiradagi kemachalaridan o‘zlariga qulayroq joy talashishi mumkin… biroq Yaxshiboyev bunday qilolmaydi. Uning nochorligi o‘zining davri o‘tganligi, endi “faoliyat ko‘rsatish”ga kuchi yetmay qolganidan emas, balki bu latifalar bir davr bilan cheklanmasligi, hov Iskandaru Dorolar paytidan boshlab uning o‘zgarmay qolayotgani, faqat qahramonlar ismiyu latifa to‘quvchilarning zavqi almashib turishini anglab yetgani uchundir. Uning “hozircha ustalik qilishi”, shu bilan o‘zini ovutishi – bor-yo‘g‘i ojiz nafsoniyatni yupatishdan o‘zga narsa emasligini endi yaxshi biladi. Mana shu bilish, aniqrog‘i esa, insoniy mahkumlik, imkoniyatsizlikni ich-ichdan his qilish Yaxshiboyevning bu dunyoga kelib topgan buyuk kashfiyoti va ulkan fojiasidir!

Uning umri so‘ngida Saidqul Mardon qo‘li bilan ekkan bog‘i, ustoz U.Normatov zavq ila ta’rif berganday, “ko‘ngildan chiqarib, el-yurt, kelgusi avlod manfaatini o‘ylab qilingan beg‘araz mehnat samarasi” emas, balki, latifaning oxiriga (agar u qachondir yozma shaklda e’lon qilinsa!) qo‘yilgan undov belgilari, ko‘p nuqtalardir…

Romanda faqat Yaxshiboyevning emas, Oshnoning, Muhsina va Muyassarning, Avvalbek va Qurbonoyning, Sharif Vallomat va Aleksandr Shoymardonovlarning ham biri biridan maroqli (va biri biridan fojiali!) latifalari borki, ularni bir joyga jamlab yozuvchi Murod Muhammad Do‘st O‘Z LATIFASIni yaratadi va unga kamtargina, quvgina, istehzoligina, sirligina qilib “Lolazor” deya sarlavha qo‘yadi…

Rahmon Qo‘chqor

“Tafakkur” jurnali,

2014-yil 4-son


Maqolaning qolgan qismlariga quyidagi havolalar orqali o‘ting:

  1. Erix Mariya Remark. “Uch og‘ayni” romani.
  2. Erix Fromm. “Inson qalbi”.
  3. Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” romani.

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: