MAVJUDLIK MUAMMOSI. «Uch og‘ayni»

Uch og'ayni

(“Tafakkur” jurnalining “Javondagi javohir” rukni ostida)


O‘quvchilarga qulay bo‘lishi uchun bu maqola saytga 3 qismga bo‘lib joylandi:

  1. Erix Mariya Remark. “Uch og‘ayni” romani.
  2. Erix Fromm. “Inson qalbi”.
  3. Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” romani.

Erix Mariya Remark. “Uch og‘ayni” romani.

Nizom Komilov tarjimasi. “Ma’naviyat” nashriyoti, 2012-yil.

Mumkin emas! Qanday qabohat.

Ki odamning o‘ziniginamas,

Hissini ham xarob qilsa davr!

Usmon Nosir

Asar mutolaasi davomida mening yodimga bundan yigirma yil avval o‘qiganim boshqa bir romandagi ajabtovur o‘xshatish qayta-qayta tushaverdi. Bu – fransuz adibi Andre Moruaning “Polkovnik Brembl va uning do‘stlari” romani qahramonlaridan biri – harbiy do‘xtir O’Greydining mana bu mazmundagi gaplari edi: “Siyosat, xuddi osmon jismlariniki singari, o‘zining shafqatsiz qonunlariga bo‘ysunadi… Ne qilaylikki, odamzod anchagina noqulay o‘rin-ko‘rpada yotadi, uxlayotganida bunday holatdan toliqib, boshqa yonboshiga ag‘anaydi. Ana o‘shanda ko‘ring urushlarni, qo‘zg‘olonlarni. Keyin bo‘lsa, odamzod yana bir necha asrlik uyquga ketadi”.

Afsuski, mana shu besaranjom o‘ngarilish paytlari ayni shu odamzod o‘z tanasi bilan millionlab qavmdoshlarini bosib-yanchib tashlayveradi.

Yana bir paradoks shundan iboratki, Andre Morua romani bundan roppa-rosa yuz yil avval boshlangan Birinchi jahon urushining bir lageri vakillari – Angliya va Fransiya armiyasi a’zolari qismatidan hikoya qilsa, Remark asari qahramonlari o‘sha urushning ikkinchi – raqib tomoni – Germaniya qo‘shinining sobiq askarlaridir. Birinchi roman voqealari bevosita urush jangohlarida kechsa, ikkinchi asar urushdan keyingi yillarda ham odamlar jismu jonida davom etayotgan uning asoratlaridan so‘zlaydi. Darvoqe, bu qo‘shinlar to‘qnashib bir-birini shafqatsiz qirgan asosiy jangoh ham bir joy – G‘arbiy Flandriya!

Taassurotlar orasida, hayriyatki, Sizu bizni yupantiradigan muhim bir narsa bor. U ham bo‘lsa, har ikki buyuk adib biror o‘rinda “jirraki vatanparvarlik” qutqusiga berilmay, o‘z mamlakati g‘alabasi yoxud mag‘lubiyatiga andarmon bo‘lishdek milliy narsistik mayllardan baland turishi, bu urush birorta xalq va millatga ro‘shnolik keltirmagani, keltirishi mumkin ham emasligi to‘g‘risidagi xulosalarda ham yakdil ekanliklaridir.

“Uch og‘ayni” asari asosida 1938-yilda suratga olingan filmdan
“Uch og‘ayni” asari asosida 1938-yilda suratga olingan filmdan lavha

Dunyo adabiyotida do‘stlik, birodarlikni ulug‘lagan sara asarlar ko‘p. Ularning birortasini inkor etmagan holda, Remark bizga hikoya qilib qoldirgan do‘stlik dostoni nihoyatda ta’sirli, odamni larzaga soladigan darajada ulug‘vor va ayni paytda judayam sodda va mutlaqo rost ekanini ta’kidlamoq kerak. Lekin hozirgi mulohazalarimiz yozuvchi tasviridagi do‘stlik manzaralari talqini haqida emas, balki odamzod yashash tarzining, afsuski, tabiiy bir ko‘rinishiga aylanib bo‘lgan urushlar, ularning inson va insoniyat taqdiriga ta’siri haqidadir.

Andre Morua romanidagi boyagi do‘xtir asar yakuniga yaqin mana bu ayanchli raqamlarni ham keltirgandi: “Lyapuj degan bir fransuzning hisob-kitobiga ko‘ra, har yuz yilda kechadigan urushlarda o‘rtacha 19 million erkak qurbon bo‘lar ekan. Bu yog‘ini endi men hisoblab beraman: ularning qoni bilan har biri 180 litrlik uch million bochkani to‘ldirish mumkin. Bu qon esa soatiga 700 litr qon purkaydigan fontanni tarixning biz tasavvur qilgan ibtidosidan boshlab to‘xtovsiz ishlatib turishga yetar edi…”

Bu o‘tgan asrning boshlaridagi hisob-kitoblar, yuz yil emas, bor-yo‘g‘i olti yil ichida qariyb 70 million odamni yutib yuborajak Ikkinchi jahon urushini birov xayoliga keltirmagan paytlardagi raqamlar edi. Bugungi Internetdan esa bulardan-da dahshatli zamonaviy faktlarni xohlagancha topish mumkin…

Har yuz yilda bevaqt yer tishlaydigan 19 million inson haqida gapirishga bizning na tasavvurimiz, na tafakkurimiz dosh beradi. Remark romanida, aytilganidek, urushdan keyingi Germaniya, o‘tgan urush asoratlarini deyarli unsiz ichga yutayotgan o‘n-o‘n besh chog‘li inson va ular hayotining qandaydir bir yili hikoya qilinadi, xolos. Mana shu mahzun hikoyani tinglash asnosida o‘zbek kitobxoni o‘zining noyob shoiri Abdulla Oripovning “Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga, Qanday chiday olgan ekan odamzod!” degan nidosini qayta va qayta esga olmasligi mumkin emas.

(Bu gaplarni o‘qib, “Shoir she’rga solgan milliy kuyimiz “Munojot” bilan nemis yozuvchisining Birinchi jahon urushi asoratlaridan hikoya qiluvchi romani o‘rtasida nima aloqa bor?!” deya e’tirozga shaylangan zamondoshimizdan ozgina sabr so‘ragan bo‘lur edik. Hamma gap shunda – juda ham kuchli va hech qachon uzilmas aloqa bor; mana shu aloqa borligi uchun ham odamzod hozircha qirilib bitmayapti; mana shu aloqa bo‘lishi uchun ham “Munojot” yaratilgan, shoir uning umumbashariy mohiyatini mo‘‘jaz she’rga muhrlagan; shu aloqa uzilib bitmasligi tashvishida “Uch og‘ayni” yozilgan va uni yuzlab millatlar mutarjimlari qatori Nizom Komil o‘zbekchaga ham o‘girgan!..)

Asar sahifalari aro urush va inqiloblar tufayli har jihatdan chuqur inqirozga botgan o‘lkada

“Ishimdan ayrilib qolmasligim kerak, shunda rahbariyatga ham, xotinimga ham yoqaman” degan samimiy o‘y ila umri ishxonada kechgan va oxir-oqibat topgan-tutganini o‘ynash ortidan ketib bo‘lgan xotiniga qoldirib, ochlikdan qurib bitgan gavdasini deraza tepasidagi ilgakka osgan Xasse;

“Eri urushda halok bo‘lgan, ikkita bolasi 1918-yili ochlikdan o‘lgan, targ‘il mushugiga suyanib qolgan” yetimxona hamshirasi frau Bender;

“Echkining qumalog‘i ham go‘ng” degan e’tiqod bilan yashovchi, jajji Elviraning otasi ekanini sira tan olmay, bu qizaloqni biror tentak boyvuchchaga yaxshi narxga pullamoqni o‘ylagan, xotinining tunu kun sotilayotgan tanasi evaziga yashashga o‘rgangan Artur;

mana shu nusxani o‘zi uchun avliyo biladigan, Artur va undan orttirgan qizi tirikchiligiga pul topish yo‘lida “temir baytal” laqabini olgan fohisha Roza hamda rafiqalik baxti yarim yilga ham yetmagan uning “kasbdosh dugonasi” Lilli;

sal durustroq zamonda ajoyib rassom yoxud o‘ziga xos faylasuf sifatida tanilishi tayin bo‘lgan, hozir esa nuqul o‘lib ketganlarning rasmini chizib berib pul topayotgan va bor pulini urushda ko‘rganlarini unutish uchun ichishga sarflaydigan Ferdinand Grau;

nihoyat, bir paytlar o‘ziga to‘q, ziyoli oilaning ko‘z qorachig‘i bo‘lib dunyoga kelgan, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy taloto‘mlar tufayli hamma tayanchidan birdaniga ayrilib och-yupun qolganidan yoshligidayoq sil kasalini orttirib olgan, benihoya go‘zal ko‘zlari hayotga to‘ymay bahorning muzday tuprog‘iga to‘ladigan  Patritsiya Xolman – Pat siymosi anchadan buyon mudrab yotgan tuyg‘ularimizni qo‘zg‘ab, xotiramizda bir umrga o‘chmas bo‘lib parchinlanib qoladi!

Bir necha kundayoq bizga singlimizday suyukliga aylangan Patdan abadul-abad judo bo‘lib, hikoyachi Robbidek karaxt holda qo‘shni xonaga chiqarkanmiz, “Euronews” telekanali ko‘rsatayotgan lavhalarga ko‘zimiz tushadi: “Falastinning G‘azo sektorida kechayotgan bombardirovkalar natijasida qurbon bo‘lgan aholi soni ikki mingdan ortdi…”, “Sobiq prezidenti o‘limidan keyin boshlangan fuqarolar urushi tufayli yuz minglab fuqarosi vafot etgan Iroqda shu yilning avgust oyi ichidagina bir ming to‘rt yuz kishi halok bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi bolalardir…”, “35 yildan buyon fuqarolar urushini boshdan kechirayotgan Afg‘oniston poytaxti Qobuldagi jome masjidi ichida yuz bergan portlash juma namozini o‘qiyotganlardan 38 nafarining umriga zomin bo‘ldi…”

Bular yangi asrning o‘tgan o‘n to‘rt yili ichida sodir etilgan xunrezliklarning kichkina bir qismi, xolos. Hali asr tugashiga 74 yil bor. Hali bo‘lg‘usi qurbonlarning ko‘pi tug‘ilib ham ulgurmagan… Berilayotgan va berilajak qurbonlar dardi holidan arzi hol qiladigan ijodkorlarning bo‘lajak ota-onalari esa o‘sha qurbonlar orasida bo‘lsa, ne ajab.

Andre Morua romanida ham, Remark kitobida ham, avstriyalik yozuvchi Arno Gaygerning “Jahon adabiyoti” jurnalining shu yilgi 3-4 sonida bosilgan “Quvg‘indagi keksa qirol” qissasi (Mirzaali Akbarov tarjimasi) matnida ham ostiga chizganimiz, urush va u haqdagi ohorli fikr-iqtiboslar ko‘p bo‘lib, ularning har biri to‘g‘risida soatlab mulohaza yuritish mumkin. Biroq…

Biroq Andre Moruaning harbiy do‘xtiri O’Greydi aytgan, asrlarga cho‘ziladigan uyqudan yuz yillarda bir ag‘anab oladigan odamzod deyarli uxlamay qo‘yganiga, demakki, uning har tomonga ag‘anab bezovtalanishi to‘xtovsiz davom etayotganiga ancha yillar bo‘ldi. Shunday ekan, biz toladigan mulohazalarni eshitadigan, ularga e’tibor beradigan kishilar o‘zga mulohazakorlar qarshisida some’ ekanini ko‘rmaslik-bilmaslik ham mumkin emas.

“Uch og‘ayni” asari asosida 1938-yilda suratga olingan filmdan

“Uch og‘ayni” asari asosida 1938-yilda suratga olingan filmdan lavha

Shu tufayli ham Remarkning uch og‘aynisi, Rozasi, Lillisi, Ferdinandi, ayniqsa, “suv mavjida yolg‘iz tebranayotgan nilufar”, “tubsiz jarlik tepasida ilinib turgan kumushrang yulduz” – Patritsiyasi taqdiridan olgan taassurotni xayolda qayta-qayta tiklab, ularni g‘oyibona oshno tutgan ko‘ngil ila so‘zsiz suhbatlar qilmoq avloroq ko‘rinadi…

Darvoqe, bir muhim taassurotni aytish yoddan chiqay debdi: dunyodagi boshqa biror jiddi-jahd u yoxud bu millat to‘g‘risida adabiyotchalik ta’sirli, ko‘lamli va jonli ma’lumotni berolmasa kerak. Ana shu ma’noda, menimcha, Remark romanini o‘qigan odam olmon tilini bilmay ham chinakam nemis bilan bemalol til topishib keta oladi.

Rahmon Qo‘chqor

“Tafakkur” jurnali,

2014-yil 4-son


Maqolaning qolgan qismlariga quyidagi havolalar orqali o‘ting:

  1. Erix Mariya Remark. “Uch og‘ayni” romani.
  2. Erix Fromm. “Inson qalbi”.
  3. Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” romani.

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

3 ta fikr

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: