yoxud Murod Muhammad Do‘st yozgan va hozircha yoz(ol)magan gaplar haqida

XIX asr rus adabiyoti insoniyatning badiiy, falsafiy, estetik va axloqiy taraqqiyotida juda katta siljish yasagan hodisa sifatida tan olinadi, hali hamon o‘rganiladi. Pushkin va Lermontovdan ilhom olgan Gogol, Nekrasov, Tolstoy, Dostoyevskiy, Turgenev, Chernishevskiy, Dobrolyubov, Belinskiy, Saltikov-Shedrin, Chexov singari o‘nlab iste’dodlar inson atalmish mavjudot ruhiyatiga realistik tafakkur nuqtai nazaridan teran nazar tashlab, uning naqadar murakkab va chigal, oxirigacha anglash mumkin bo‘lmagan abadiy muammo ekaniga qayta-qayta iqror bo‘lishdi.

Bizning milliy adabiyotimiz ko‘lamida oladigan bo‘lsak,  XX asrning ikkinchi yarmidan jiddiy sifat o‘zgarishini boshdan kechirgan badiiy tafakkur, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi va Omon Matjondan  kuch olib, asrning 70-yillarida bir guruh iste’dodlarni maydonga keltirdi. Bu avlod vakillarini hozir nomma-nom sanashdan tiyilib, ular orasida Murod Muhammad Do‘stning ayricha o‘rni bo‘lganini eslatamiz, xolos. Uning insho uslubi – yozish manerasi na Erkin A’zam va na Tog‘ay Murodnikiga o‘xshar, mana shu tabiiy o‘zgachaligi tufayli, nomi tilga olingan ijodkor do‘stlari bilan birga ular, bugun ko‘pchilikning qulog‘iga g‘alati eshitiladigan natijaga – millionlab(!) o‘quvchi-muxlislariga ega bo‘lishdi. (Birgina “Lolazor” romanining 1988-yildagi nashri 60 ming nusxada chop etilib, bir oyga qolar-qolmas sotilib ketgandi.)

Albatta, adabiyotning sifat ko‘rsatkichlari bir jihatdan ijtimoiy-siyosiy muhitga, tuzumlar tabiatiga bog‘liqdir. Adabiy asarning nafaqat ma’noviy, balki hatto shakliy tuzilishiga ham ijodkorni o‘rab turgan muhit ta’sir etishi-da bor gap. Agar ingliz adabiyotidagi realistik aniqlik, badiiy o‘lchamlarning me’yorlashgani ingliz konservatizmidan darak bersa, Markes, Kortasar, Karpanter asarlaridagi stixiya, yoqimli va jozibali boshboshdoqlik Lotin Amerikasi muhitining in’ikosi bo‘lib dunyoga keladi.

Shu jihatdan olib qaraganda, ko‘hna Sharq madaniyatining bir bo‘lagi bo‘lmish o‘zbek adabiyoti o‘zining ming yillik tarixida mumtoz an’analarni, abadiy qadriyatlarni, badiiy san’atu shakllarning go‘zal namunalarini yaratib ulgurgan. Bugungi sharoitda ham, tabiiyki, shu an’analar ijodning o‘q tomirini, asosini tashkil etadi. Lekin adabiyot doimiy harakatda, o‘sib-o‘zgarishdagina tirik. Inson ruhining jilvalarini ma’lum bir sanoqqa, qolipga solib bo‘lmasligi ijodkorni har bir yangi asarida qandaydir kutilmaganlikka, ilgari sinalmagan yo‘llarni kashf etishga majburlaydi. Zero, milliy, davriy yoxud siyosiy-mafkuraviy biqiqlik ijodning ashaddiy kushandasidir. Ham diniy, ham dunyoviy nuqtai nazardan millat tushunchasi nisbiy tushuncha bo‘lib, milliy adabiyotning umumbashariy mohiyati shu nisbiylikni nechog‘lik anglab yetgani bilan belgilanadi. Yolg‘iz milliy shaklning o‘zi milliy ruhni ifoda etmoq uchun mutlaqo yetarli emas. Yolg‘iz milliy ruhning ifoda etilishi ham mukammal san’at yaraldi, demoqqa izn bermaydi.

Bitta asar, agar u chinakam iste’dod mahsuli bo‘lsa, jamiyatga minglab, millionlab xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday ta’sir rang-barangligini keltirib chiqaradigan omillar esa nihoyatda ko‘p. Ularning eng muhimlarini eslab o‘tish mumkin: jamiyatning madaniy, ma’rifiy va estetik holati; shaxsning o‘z ijtimoiy mavqeini anglab yetish quvvati, intellektual darajasi; davrning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, estetik talab-istaklari, ijtimoiy siyosatni boshqaruvchi dominant kuchlarning asl maqsad-muddaolari va b.

Demak, bir haqiqatni yoddan chiqarmaslik kerak: badiiy asardan kim nimani izlasa, shuni topadi.

Buning isboti uchun hozir yodimga tushgan bir hayotiy epizodni keltirishim mumkin. 1982 yil, ToshDU o‘zbek filologiyasi fakultetining birinchi kursida o‘qiymiz. Mashhur 85-yotoqxonaning ko‘rimsizgina zalida M.M.Do‘stning “Yoshlik”da bosilgan “Galatepaga qaytish” qissasi muallifi ishtirokida qizg‘in muhokama qilinyapti. Domlalar va talabalar biri qo‘yib, biri olib asarning turfa epizodlari misolida o‘z fikr-qarashlarini to‘kib solishyapti. Shunda shaharda tug‘ilib o‘sgan, hali hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurmagan, estetik didi ham o‘zi singari navnihol bir qizimiz ko‘zoynagi ostidan samimiy boqqan ko‘zlarini porpiratib so‘zlab qoldi:

— Men qissadagi bir epizodga umuman qarshiman, tak ved nelzya! Haligi epizod-chi: G‘aybarovning onasi turmaga qamalgan erini ko‘rgani bir talay bolasi bilan shaharga keladi. Sovuq qotishib, bir kafega kirishadi. Shunda onaning qo‘lidagi kenja bola kafening stullaridan birini… nu… kak skazat?… ispachkayet! Buni ko‘rgan kafedagi uborshitsa xotin qishloqlik ayolni stulni tozalashga majbur qiladi. I… o‘sha ona stulni yangi ro‘moli bilan artib tozalaydi… Adabiyot, o‘rtoqlar, birinchi navbatda, estetika — go‘zallik degani. Hozir aytgan epizodning nimasi go‘zal? Menimcha, yozuvchi uni qayta ko‘rib chiqishi, o‘zgartirishi kerak…

Bu singlimizga javoban kamina ham o‘z fikr-mulohazamni bildirgan edimki, hozir uni takrorlab o‘tirishga hojat yo‘q — didli kitobxon qissaning qaysi epizodi ustida gap borayotgani, uning asl mohiyati va ahamiyatini teran his qilishiga ishonchim katta.

Masalaning yana bir jihatiga e’tibor kerak: adabiyot va san’atga ma’lum bir ijtimoiy-siyosiy voqelik, o‘zgarish prizmasi orqali qarash, shu voqelik yoxud mafkura mezonlaridan kelib chiqib baho berish ham uning (san’atning!) mohiyatini ochish yo‘liga ongli tarzda qo‘yilgan dastlabki to‘siq hisoblanadi. Mustabid tuzum yo‘l-yo‘rig‘i-yu mafkurasini qo‘ying, hatto eng ilg‘or, eng gumanistik g‘oyalar ham san’at uchun mezon, etalon bo‘la olmaydi. Ijtimoiy-siyosiy hayotning o‘lchovlari, qadriyat va mohiyati bir olam bo‘lsa, san’at dunyosining ayni unsurlari mutlaqo o‘zgacha bo‘lishi mumkin, aksariyat hollarda ular bir-biriga zid ham keladi. Negaki, aql va jismning ozig‘i boshqa, ruh va ko‘ngilning g‘izosi mutlaqo o‘zgadir. Birining to‘yib-to‘yingani ikkinchisining haqini o‘marishdan yuzaga kelishi ko‘p kuzatilgan…

Oson yoziladigan mavzuni iste’dod o‘ziga yaqinlashtirmaydi, faqat iste’dodsizlargina yengil, o‘tkinchi va hashaki mavzularni titkilab yashashga mahkumlar. Shunisi qiziqki, iste’dod nihoyatda murakkab, chigal mavzuni ham “osonlashtirib” bergandek bo‘ladi-da, bu hunari bilan iste’dodsizni yana-da chalkashtiradi.

Agar Murod Muhammad Do‘st ijodining hozircha eng yuksak avji — “Lolazor” romanini unda mujassam topgan dardlar, dardlar bayonidan ko‘zda tutilgan maqsad va bu maqsadni amalga oshirmoq uchun tanlangan ifoda usuli jihatidan yaxlit baholamoq talab qilinsa, kamina buning uchun romanning o‘zidagi iborani ko‘rsatgan bo‘lardim. Esingizda bo‘lsa, Oshno hokimiyat yo‘lida hal qiluvchi qadamlaridan birini tashlash arafasida (O‘rtaqo‘rg‘ondan Toshkentga ko‘chish oldidan) Yaxshiboyevlarnikiga (tug‘ilgan chaqaloqni yo‘qlash bahona!) keladi va qishloqdosh do‘stiga topshiriqlar beradi. Topshiriqlarki, Muhsina xonimning noyob talantini (Yaxshiboyevga xotin bo‘lgani uchun emas, Muyassar xonimga dugona bo‘lgani uchun!) asrash haqida, xonimning “yo‘ldoshi ham talantli bo‘lishi” talab qilingani tufayli Yaxshiboyevning ijodni tashlab qo‘ymasligi to‘g‘risida, endi Sharif Vallomatga aytib qo‘yilgani-yu, u bilan qalinroq bo‘laverish kerakligi xususida hamda boshqa “o‘rishu arqog‘i allaqachon taxt qilib qo‘yilgan gaplar” bilan yetkazilgan va qabul qilingan topshiriqlar. Topshiriq olishga sekin-asta eti o‘lib borayotgan Yaxshiboyev suhbat asnosida Oshno haqida juda sezgirlik ila shunday mulohaza yuritadi: “Oshno kulibroq aytsa-da, barisi — jiddiy. Endi uning jilmayishlariga ishonib bo‘lmaydi. Ehtimolki, endi u yig‘laganda ham jilmayibroq yig‘lasa kerak…”

Shunga o‘xshab, Muhammad Do‘stning asari qatlaridan ko‘rinib turadigan “jilmayishlari”ga ham, yaxshi ma’noda, ishonib bo‘lmaydi va uning romanini jilmayib yig‘langan dard izhori sifatida o‘qib-o‘rganmoq kerak. Chunki butun asar davomida jiddiy ohang va istehzo muvozanati shunday tutib turiladiki, na ko‘zyoshlar nigohni xiralashtiradi va na kulgi aqlni o‘g‘irlaydi. Lekin bu aslo “o‘tmish bilan kulib xayrlashish” (K.Marks) ham emas.

Bizningcha, “Lolazor” materialini “kechagi kun”, “turg‘unlik davri” kabi vaqt chegaralariga qamash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Garchi roman syujeti bizga tanishday hodisalar (qaytaraman: shunda ham bizga tanishday, kelgusi avlodlarga emas!), tarixiy davr ichida rivojlansa-da, unda kimlargadir o‘xshab ketadigan odamlar harakat qilsa-da, asarga muayyan davrning ma’lum kishilari haqida hikoya qiluvchi narsa sifatida yondashish o‘ta go‘llik bo‘lur edi. Bunga qo‘shimcha, romandan prototip qidirib o‘qish, avvalo, sahifalardan to‘lqin-to‘lqin chiqib keluvchi badiiy san’at mavjlaridan o‘zni bebahra qoldirishga, qolaversa, yozuvchi xayoliga keltirmagan davriy chegarani sun’iy yaratib olishga olib keladi.

Deylik, ayrimlar Nazar Yaxshiboyevning hayotiy prototipi deya taxmin qilgan, sho‘ro davridagi respublika birinchi rahbariga shaxsan yaqin o‘rtamiyona yozuvchida Yaxshiboyev qudratining hech qursa yarmi bo‘lganidami, o‘sha odam chop ettirgan tom-tom asarlar muallifidan oldinoq hayot bilan xayrlashmagan bo‘lur edi. Chunki u va u singari o‘nlab, yuzlab qalamkashlarda Yaxshiboyevga xos — “Iskandaru Dorolarni changallatib qo‘yadigan” aqlu tafakkurning, ruhiy quvvatning yarmi ham bo‘lgan emas (gap ijodiy daraja va unvonlar to‘g‘risidagi qog‘ozlar haqida ketmayotganini eslatish shart bo‘lmasa kerak!).

Shundan kelib chiqib, roman matniga e’tibor beraylik. Yozuvchi “kechagi kun” tushunchasidan shunchalar yiroqki, qahramonlari tilidan buni qayta-qayta eshitamiz: “Yaxshiboyev kim o‘zi? Formulasi nima uning? Formulasi ne bo‘lmasin, tarkibiga Oshnodan salgina aralashgani aniq. Kimki nufuzli kimsa bor, uning vujudiga Oshno aralashgan. Oshno — havo, Oshno — yer, Oshno — suv, Oshno — non… Oshno — hamma narsa…” Yana: “Aniq bilamanki, har kishining o‘z zamoni va o‘z OSHNOSI bor, har kishi o‘zicha bir buyuk qutquga duch keladi” va h.

Qolaversa, yozuvchi romanida qamragani biror masala va biror obraz talqinida so‘nggi nuqtani qo‘ymaydi, tayyor yechimlar berishga oshiqmaydi — bu ish adabiyotning yumushi emasligini yodda tutadi. Shuning uchun asar adog‘iga Aleksandr Shoymardonovlarni, yangi davrning yangi oshnolarini, avvallarni, muhsinalarni, chorshanbilarni va… “kattalari pora olgan, onasi unutgan, taqdiri birgina injiq xotinchagayu bulduruqli bitliqi Nazar Yaxshiboyev uliga” o‘xshash kimsalar qo‘lida bo‘lgan xalqni qoldiradi…

Uyog‘ini esa bilmaymiz — na biz, na yozuvchi! Negaki, qurbonoylar, to‘porilar faqat yaqin o‘tmishda emas, hozirgi kunda ham serob bo‘lib, ertaga sahnaga chiqadiganlari bugun pista sotishayotgan bo‘lsa, yangi oshno va yaxshiboyevlarni topish ham kishini uncha qiynamaydi — ularning o‘rinbosarlari hozir, taxminan, Levicha bo‘lvorlarda sayr qilib yurishgan chiqadi… Agar shundan keyin ham romandan prototip izlashga ishtiyoqmandlar topilsa, imonim komilki, ular oldiga eng ko‘p da’vogar “Saidqul Mardonov men edim!” deb keladi…

Xo‘sh, nima uchun yozuvchi kulib turib yig‘ladi, yig‘lab turib kuldi? Hamma ketayotgan an’anaviy roman yo‘lidan nega voz kechdi? Axir roman yaratilgan yillari shu yo‘lda turg‘unlik davrini “fosh qiluvchi” qancha narsa yozib tashlandi-ku. Avval ko‘plab asarlarning konfliktini hal qilib bergan hukumat miqyosidagi qahramonlar o‘sha kunlar bir aylanib yoppasiga barcha konfliktlarning sababchisi bo‘lib qoluvdi-ku…

Bu savollarga javob izlab romanga nazar solsak, M.M.Do‘stning maqsadi hodisa yoki shaxsni (ayrim tanqidchilar kuchanib talab etganday) “fosh qilish”, uni “oq”, buni “qora” deyish emas, balki, abadiy muammo bo‘lib kelayotgan inson fe’l-atvorining turfa sharoitlarda qanday tovlanishini, nima uchun tovlanishini tahlil qilish ekani, turli ijtimoiy guruhlarning bir-biridan oshib tushgan tuban qilmishlarini emas, shu qilmishlarga, insonning ikkiga, uchga… o‘nga bo‘linib ketishiga nimalar sabab bo‘lishini o‘rganish ekani ma’lum bo‘ladi.

Agar adibning hozirga qadar yozgan asarlariga e’tibor bersak, deyarli barchasining bosh qahramoni ma’lum bir hayot yo‘lini bosib o‘tib, yo oraliq, yo so‘nggi sarhisobga tolgan odamlar ekanini ko‘ramiz: Mustafo, G‘aybarov, Elomonov, Yaxshiboyev va Saidqul Mardonovlar. Aksincha, shu sarhisobga aql va farosat topmay, mudom o‘sha-o‘sha yashab yurgan odamlar yozuvchi istehzosiga, ba’zan esa nafratiga uchraydi: Samad, Soqol, Binafshaxon, Oshno, Muhsinaxonimu Shoymardonovlar.

“Lolazor”da asosiy voqealar retro — Yaxshiboyevning o‘tgan umrni qayta eslashi shaklida hikoya qilinadi.

Nega shunday?

Chunki faoliyat har doim ham aql va vijdon bilan hisoblashib o‘tirmaydi. Ayniqsa, yuqoridan boshqariluvchi siyosiy faoliyat ishga tushganida o‘z yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lgan kuchlardan osongina va… shafqatsizlarcha voz kechib ketaveradi. Bandai ojiz gunohlarining ajrimi ro‘zi mahsharga qolganiday, bu siyosiy kaltabinlik tahlili ayni romanda kasalxonada kechadigan bir oyga qoladi.

Agar qiyoslash lozim bo‘lsa, menimcha, faqat bir-ikki asari doirasidagina emas, umuman, ijodiy prinsiplari borasida ham M.M.Do‘st bilan taniqli rus adibi Sergey Yesin mushtarak yo‘nalishdagi iste’dodlar ko‘rinadi. Masalan, M.M.Do‘stning “Galatepaga qaytish” qissasi, “Lolazor” romanining, S.Yesinning esa “Gladiator”, “Imitator”, “Teatr” asarlarining qahramonlariga mualliflar yondashuvini taqqoslasak, bu fikr yanada qat’iylashadi. Nazarimda, bu ikki yozuvchi faoliyati davomida tushuntiradigan emas, tushuniladigan hikoya tarzini mukammallashtirishdi.

Bunda biror ijtimoiy tip nigohi orqali uning o‘zi yaratishda qatnashgan va oxir-oqibat o‘zi qul bo‘lgan muhitning mohiyati tahlil qilinadi (fosh etilmaydi, tahlil qilinadi!). Bu yirik tip munosabatlarga kirishar ekan, avval o‘z harifining (ha, aynan raqibining, chunki u o‘rtacha “ob’ektlar”ga, “chorshanbilar”ga juda oson diagnoz qo‘yadi, ularga jiddiy e’tiborni isrof qilmaydi!) ruhiyatini obdon o‘rganadi, sezdirmay shu ruhiyatga moslashganday bo‘ladi, finalda esa uni boshqarish usullariga erishadi. Masala oshkora suhbatlarda emas, pinhona o‘yinlarda hal bo‘ladi. Yaxshiboyev bu haqda: “Hozircha ustalik qilyapman, yo‘lini topyapman”, deya faqat o‘ziga sir ochsa, S.Yesinning “Imitator” nomli romani qahramoni, nusxakash rassom Semirayev: “To‘g‘ri, mening o‘ylarim ezgu bo‘lmagan, biroq ular meniki ekanligi tufayli shafqatsiz bo‘lmog‘im kerak”, degan ichki programmaga ega.

Mana shu “ustalik”, ketma-ket niqoblanish uzluksiz, butun umr davom etaveradi. Bular orasida “taqdirlar yaratish”, “undov belgilari ko‘payib ketmadimi, deya shakkoklik qilishga tob”, “ozgina g‘azab, ozgina g‘urur”, “jabrdiyda ko‘rinish”, “tarix uchun nutq irod etish” kabi minglab niqoblar, hatto o‘limini ham niqoblab ketish “hunari” bor.

E’tibor bersak, bunday niqoblanish hodisasi juda ko‘hna ekani — naqd Iskandarning tobutdan qo‘lini chiqarib jo‘nashidan, balki undan ham oldinroq boshlangani ta’kidlanadi. Yaxshiboyev qurg‘ur esa o‘z o‘limini Iskandardan-da o‘tkazib taqdim qiladiki, Saidqul Mardonga qo‘shilib ko‘pchilik, jumladan, ustoz Umarali Normatov ham aldanib dog‘da qoladi: “Yaxshiboyevdan ijodkor sifatida dog‘ qoldi, ayni paytda undan yaxshigina bir bog‘ qoldi…” deydi domla nihoyatda samimiy tarzda. (Qarang: professor U.Normatovning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1988-yil 2-sentabr sonidagi “Kechagi kun odamlari” nomli maqolasi.)

O‘rni kelganda aytish kerakki, men rus tanqidchisi Igor Zolotusskiy nima uchun Chingiz Aytmatovning “Kunda” asariga burnini jiyirib, “undan romanning hidi kelmayapti” deganiga (“Znamya” jurnali, 1987, 1-son), harqalay, tushungan edim. Biroq M.M.Do‘st asari e’lon qilingan o‘sha yillari ayrim adabiyotshunoslarimizning “Lolazor”dan romanning hidini tuymagani-yu, unda latifadan boshqa narsani ilg‘amaganiga, asarga bu qadar biryoqlama munosabatda bo‘lganiga avvaliga tushunmagandim. Biroq ular yoqlab maqola yozgan mualliflarning hikoya uslubini, qolaversa, Muhammad Do‘st romanidagi kinoyaning serqirraligini eslab, masala mohiyatiga yetganday bo‘lgandim…

O‘sha tanqidchilar uchun yaxshiboyevlar taqdiri “qumdagi ilon izidek turmushimizdagi mayda intrigalarning aksi” bo‘lib ko‘ringandi. Mayli, bu “mayda intrigalar”ga yem bo‘lgan Qurbonoy, To‘pori, qolaversa, xalq taqdirini (eng oldi vakili bo‘lgan Qurbonoy qismati xalq qismatidan darak beradi!) qo‘yib turaylik-da, Yaxshiboyevning shaxsiy hayotiga, uning xotini bilan munosabatiga birrov nazar solaylik. Harqalay, Yaxshiboyev ham odam, odam bo‘lganda ham “chiritib yuboradigan” odamlar toifasidan ekanini birov inkor qilmasa kerak. Demak:

“– Egoist! – dedi Muhsina xonim ko‘zlariga yosh olib. – Meni zor qaqshatib ketmoqchimisiz!..

Yaxshiboyev biror daqiqa kutib turdi – Muhsina xonimga hayajonini bosishga imkon berdi. Keyin, xotini jo‘nroq tusga tushgach, sekin davom etdi… O‘yladiki, xotinmi shu, farzandmi shular, quzg‘un-ku, o‘laksaxo‘r! Poylab turishibdi-ku! Tezroq o‘laqolmaysanmi, o‘rtoq Yaxshiboyev?.. Mehrni pulga sotib olgandan keyin, yurishdan ne murod?..”

Yoki:

“Yaxshiboyevning dimog‘i achishdi, ko‘zlariga jiqqa yosh quyilib keldi… Muhsinaxonim cho‘chidi, bir muddat ko‘zlari jovdirab turdi, so‘ng yig‘lab yubordi… Erining ko‘ksiga boshini qo‘ydi. Yaxshiboyev uyaldi. Yolg‘on, deb o‘yladi, qilib yurgan kasbi-da.

Muhsina xonimning sahna mashqi zo‘r edi, bir daqiqalik ko‘rimli manzara asnosida qo‘llarini karavot chetiga tirab turgan edi…”

Endi xolis ayting: romandan nuqul “tragediya va shafqatsiz haqiqatlar tasviri”ni talab qilaverish to‘g‘ri bo‘larmikin yoki, hech bo‘lmasa, yuqoridagiday holatlarning zamiriga chuqurroq nazar tashlash, ulardagi unsiz fojiani his qilish foydalimikin? (Asar o‘zi yaratilganidan buyon o‘tgan o‘ttiz yildan ortiqroq vaqtning shafqatsiz sinovlariga to‘la dosh bergani – bu savollarga eng odil javob bo‘lsa, ajabmas!)

Yozuvchi o‘z qahramonlari sajiyasi, hayotiy e’tiqod va maslagidan kelib chiqib, hikoya tarzini ham shunga mos tanlaydi. Jumladan, “Qissanavis” qismining bayon uslubi “Manzaralar”nikidan sezilarli farq qiladi. E’tibor bering: masalan, ko‘chat ekib bog‘ yaratish epizodini qissanavis samimiy bir zavq bilan, o‘ylari nihoyasida baribir Yaxshiboyevga achinish hissi bilan eslasa, Yaxshiboyev uchun bu kun Saidqulning “itday ishlatilgani” bilan maroqli, xolos…

Yozuvchi ijtimoiy-siyosiy yuzsizlikni Aleksandr (Iskandar) Shoymardonov obrazida esda qolarli yaratgan. Bu odam ismi bilan qo‘shib elini ham sotadi, xalqning taqdirini o‘rtaga tikib o‘ynaydi, o‘ynatadi.

Umuman, roman qahramonlarining faoliyati, Yaxshiboyevning o‘zi tan olishicha, qo‘g‘irchoq o‘ynatishga o‘xshab ketadi. Faqat bu qo‘g‘irchoqbozlik bolalar teatri sahnasida emas, hayotda, siyosatda, bu borada hali hamon balog‘atga yetmagan elning ko‘z oldida, uning yelkasiga qurilgan sahnada yuz beraveradi. Qurbonoy va To‘porilarni Yaxshiboyev o‘ynatadi, Yaxshiboyevni Oshno, Oshnoni bo‘lsa Katta Paxtakor… Darvoqe, Katta Paxtakorning o‘zi ham juda unaqa mustaqil emasday. Agar yaxshiboyevu oshnolar qo‘g‘irchoqning ostiga qo‘l tiqib o‘ynatiladigan turidan bo‘lishsa, Katta Paxtakor marionet qo‘g‘irchoqqa o‘xshab ketadi. Romanda, eslaysizmi, mana bunday joy bor:

“Katta Paxtakor: ‘Nado!’ deb turdi.
Oshno unga jo‘r bo‘ldi: ‘Nado!’
Katta Paxtakor shaxsan o‘zi yana bir bor kelib ketdi: ‘Nado, Xarunchik!’ Bu gal ovozida norozilik borday edi: ‘Yuqorining talabi shu!’ (Ta’kid M.M.Do‘stniki!)”

Katta Paxtakorning (Katta Qo‘g‘irchoqning!) iplari shu yuqorining qo‘llarida o‘ynasa, o‘z navbatida, bu o‘ynatuvchi qo‘llarga ham qandaydir iplar bog‘langanini tasavvur qilish qiyin emas…

Muxtasar qilib aytganda, hayot atalmish nozik bir sinov, ikki yo‘qliq oralig‘ida oliy hukm-la paydo bo‘lgan yurakning omonat tipirlashi davomida ko‘zning, aqlning, qo‘lning, lunjning tinimsiz talvasasini o‘zida mujassam etgan NAFS o‘z inqiroziga ham manfaat yuklashi, bu o‘lik va tirik manfaatlar olomondan xalqqa aylanishga shoshilmayotgan millionlab kishilarning hozircha anglanmagan manfaati ustidan kun ko‘rayotgani – “Lolazor” romanining asosini ushlab turgan g‘oyaviy va badiiy zaminki, uning qanchalar mustahkamligini, boya aytganimizdek, oradan o‘tgan yillar yaqqol ko‘rsatdi.

Kichik sarlavhada eslatganimizdek, bu va yana boshqa ko‘p eshitimli gaplar Murod Muhammad Do‘stning ayta olgan, yozishga ulgurgan gaplaridir. Biroq bu gaplar salmog‘i yozuvchining hozircha yozolmagan, aytishga ulgurmagan gaplarining cho‘g‘i ham chakana emasligidan yaqqol darak beradi.

Xo‘sh, agar yozuvchi o‘zida jur’at topa olsa, unga ilhom bilan birga hafsala ham qo‘shilib-quyilib kelsa-yu, bugun “Lolazor” tipidagi asar yozishni niyat qilsa, unda taxminan nimalar to‘g‘risidagi gaplarni, kimlar to‘qigan yoxud uyushtirgan latifalarni o‘qigan bo‘lur edik? Asarning nomi-chi, qanday tus olgan bo‘lardi?

Agar bu masalada kaminadan fikr so‘ralsa, bo‘lg‘usi asarning o‘qishliligini nimalar evaziga ta’minlash mumkinligi bilan qiziqilsa, men, hech qursa, romanning dastlabki boblariga asqotib qolishi mumkin bo‘lgan ayrim takliflarim bilan o‘rtoqlashgan bo‘lardim.

Avvalo, bo‘lg‘usi rivoyatning asosiy hikoyachisi, bosh taqdir egasi etib Yaxshiboyev emas, bu gal Oshno belgilansa, chakki bo‘lmas edi. Markaziy qahramonlar atrofida nisbatan faol harakat qiluvchi Yaxshiboyevning shogirdlari – “chorshanbi bolam”larga ham bu gal sal “otdix” berilib, boshqalarga, deylik, avvalgi romanda soyada qolib ketgan Saidqul Mardonning “iste’dodli, qat’iyatli, betgachopar” shogirdlariga sahnadan joy ajratilishi mumkin. Hikoya uslubi – retrodan esa bo‘lg‘usi asarda ham bemalol foydalansa bo‘ladi. Mana shu tarzda Oshno xotirasida o‘zi kuzatgani va faol ishtirok etgani ko‘pdan-ko‘p ajabtovur hodisalar – hayotiy latifalar, qo‘g‘irchoqbozliklar, bamisoli usta kuloldek “taqdirlar yaratish”, kimnidir qurbon berish, tarix uchun nutq irod etish-u, “Axir, bitta xalq g‘amida kiroyi qayg‘urmoq shuncha bo‘lar-da!” qabilidagi faylasufona so‘lish olishlar qayta jonlangan bo‘lur edi.

Bu galgi Oshno, yevropalik kasbdoshi Napoleonning “Siyosatchining yuragi boshida joylashgan bo‘lishi kerak” degan aqidasiga qat’iy amal qilishi barobarida, “qaysi rahbar o‘z obro‘sini botmonlab to‘kishni istasa, yozuvchi-shoir zoti bilan orasini buzadi” degan jaydari qoidani ham yoddan chiqarmaydi. Bularga qo‘shimcha, o‘sha yozuvchi-shoir deganlarining ham ikki kuragi orasida farishtaning qanoti tugul, uning izi ham bo‘lmasligiga qat’iy ishongan yangi Oshno bu qavmning nozik joyini topishda ortiqcha qiynalmaydi. Faqat avval o‘sha nozik joyga yaqinlashish, yana ham to‘g‘rirog‘i – nozik joyi ko‘proq va kattaroqlarni o‘ziga yaqinlashtirishdan ishni boshlashga uning zakiy aqli yetadi…

Avvalo, majlis va mitinglardagi, gazet-jurnallardagi chiqishlari bilan barcha “bosh og‘rig‘i muammolar”ni azot ko‘tarib, shundoq ham uyda o‘tirmayotgan ommani battar junbushga keltirayotgan ijod ahlini, ularning boshini qovushtirib turgan uyushmani sopini o‘zidan chiqarib – iste’dodli vakillari qo‘li bilan parchalab yuborish rejasi tuziladi. Xuddi shu paytdan boshlab boya aytganimiz – Saidqul Mardonning “Lolazor”dan o‘ziga munosib joy ololmay xunob yurgan shogirdlari yeng shimarib ishga kirishadilar (zero, ular va kelajakda ular safini to‘ldiruvchilarga ko‘rsatiladigan “muruvvatli siylovlar” xususida bu farosatli yigitlar tushunadigan tilda aniq ishoralar bo‘ladi). Puxta rejalashtirilgan ssenariy asosida o‘ynaladigan bu manzara uchun esa rostmana sahna – mamlakat markazidagi teatr minbari sahiylarcha taqdim etiladi. Shu paytgacha mo‘‘jaz binoning uchinchi qavatidagi torgina zaliga yarmi siqsa, yarmi ko‘chada qolayotgan, minbaridagi mikrofoni ham goh ishlab, goh ishlamay ish ko‘rsatadigan holdan zada bo‘lib yurgan “ijod ahli”ning qurultoyi tushlikkacha bir chiroyli – rasamada o‘tadi. Lekin bu o‘rtacha kayfiyat, “Zarafshon” restoranida qilingan to‘yimli tushlikdan keyin, boyagi shovvozlar tashabbusi bilan, mutlaqo kutilmagan o‘zanga burib yuboriladi. Ketma-ket otashin chiqishlar, avvalgi tuzumga xizmat qilishdan boshqaga yaramagan keksa avlodga qarshi oshkora tanqid, “erkin va ozod ijodiy muhitni yaratish”ga qaratilgan da’vatlarga to‘la bu mashvaratning natijasi yuqori kutganidan ham a’lo bo‘ladi: yuzaki qaraganda – bor-yo‘g‘i uyushma ikkiga bo‘linib ketadi, aslida esa – mamlakatning nafaqat ichki, hatto tashqi siyosati royishiga ham muqobil – alternativ fikri bilan ta’sir etib turgan jiddiy kuch “o‘z ixtiyori, tashabbusi va g‘ayrati bilan” parchalanib, tarqalib ketadi. Bu parchalanish va tarqoqlik birgina ijodiy uyushma ichidagi parokandalik va dolzarb masalalardan chalg‘ishning emas, balki milliy tafakkurdagi parokandalikning, xalq va millat taqdiriga daxldor muammolarga oid bosh maqsadlardan toyishning boshlanishi edi…

Bu boradagi keyingi gaplar esa durustroq rivoyatga ham emas, bor-yo‘g‘i o‘tkinchi latifaga zo‘rg‘a tortadi: masalan, yangi tuzilgan ijodkorlar ittifoqining navbatdagi raisiga “yaxshilikcha amalni topshiring, muhrni bering”, mazmunida qilingan ishorani avvaliga u hech tushunmaydi. Tushungach esa, qaysarligi tutib, na muhrni beradi va na uning qaydaligini birovga aytadi. Shunda Saidqul Mardonning boyagi shogirdlaridan dadilrog‘i – Chorshanbiyev qo‘ymagan mo‘ylovni qo‘ygani davrani, deylik, mana bu gap bilan qizdiradi: “Falonchi jo‘ra, bundaychikin qaysarlik qilmay, muhrni bering-da, endi. Yo siz ham bizning qishloqda o‘tgan qaysar keksa raisga o‘xshab muhrni yutvorib, hammamiz ketingizdan poylab yuramizmi?…”

Bu gaplarning bari Oshnoni zavqlantirmasligi, shunga yarasha sahiyligini qo‘zg‘amasligi mumkin emas edi, albatta. Qolaversa, u Saidqul Mardonning shogirdlaridan hammasini bo‘lmasa ham bir qismini “boqsa odam bo‘lishini” allaqachon sezgan, ular bilan muomala-munosabatni shunga moslab qurishga ham aqli yetardi. Deylik, o‘shalardan biri, avvalgi romanda “E, Said aka, ixtiyor o‘zimda bo‘lsa edi, Ko‘hiqofda dev bo‘lardim!..” deya ma’yus tortib yuradigan Sayfiddinjon singarilarga tashlanadigan suyakda ortiqcha go‘sht bo‘lishi ham shart emasligini chuqur his qilar edi.

Modomiki, avvalgi romanni eslagan ekanmiz, yozilajak asarda kuzatiladigan yana bir farqni ham aytib ketishimiz kerak. Yodingizda bo‘lsa, Yaxshiboyevning Chorshanbiyev boshchiligidagi shogirdlari anchayin sodda, tuzukkina kamtar, “o‘zimizga o‘xshagan lalmiroq” yigitlar edi. Ular ustozlari ruxsatisiz bir qadam bosmoqqa hayiqishar, katta idoralar ne, bor-yo‘g‘i kichik bir redaksiya rahbariga muovin bo‘lishni-da o‘zlariga obro‘ sanashar, shunga ham shukr aytishardi. Yangi asarning yangi chorshanbilari ishtahasini esa naqd ummonning maydaroq nahanglarinikiga mengzash mumkin bo‘ladi. Agar beshta bolasi bor Chorshanbiyev tovuqning katagidek kichkina kvartiradan ortig‘iga da’vo qilishni o‘ylamagan bo‘lsa, bu shovvozlar o‘zining qadrini juda yaxshi bilishadi…

Aytaman desang, yozuvchiga eslataman desang, bu singari latifa-yu hangomalar, “azbaroyi nufuzni deb, o‘zi o‘ylamagan haqiqatlarni aytib yuborishlar”ga to‘la, bir-biridan ko‘rishli hayotiy sahnalar bisyorki, ularni Murod Muhammad Do‘st hammamizdan yaxshiroq biladi, yaxshiroq ifodalay oladi.

Bo‘lg‘usi roman o‘zi uchun nomni ham bir necha variantlarda o‘zi taklif qilishi-da tayin: bu nom balki “Bedazor” bo‘lar, balki “Pistazor”…

Nima bo‘lganda ham hamma gap bir masalada – Murod Muhammad Do‘stning shijoati, jur’ati, avvalgidan-da kuchaygan istehzosining qachon qayta namoyon bo‘lishida qoldi.

Rahmon Qo‘chqor

2019-yil