MAVJUDLIK MUAMMOSI. “Inson qalbi”

Inson qalbi

(“Tafakkur” jurnalining “Javondagi javohir” rukni ostida)


O‘quvchilarga qulay bo‘lishi uchun bu maqola saytga 3 qismga bo‘lib joylandi:

  1. Erix Mariya Remark. “Uch og‘ayni” romani.
  2. Erix Fromm. “Inson qalbi”.
  3. Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” romani.

Erix Fromm. “Inson qalbi” (“Душа человека”).

Издательство “Республика”. Москва, 1992.

“Inson o‘zining mavjudligi o‘zi uchun muammo bo‘lgan yagona maxluqdir.”

Erix Fromm

Bu kitob o‘zida jamlagan muammolar ko‘lami, ular tahlil va talqini to‘g‘risida yuzakigina gapirib bilag‘onlik qilish – kitobxon vijdonsizligining “oliy ko‘rinishi” bo‘lsa kerak. Dabdurustdan bunday deyayotganimning sababi ham yo‘q emas. Bundan o‘n yillar ilgari yig‘ilgan bir jiddiy davrada ittifoqo Alber Kamyuning “Begona” romani, mazkur asar nihoyatda murakkab muammolar ustida bahs ochishi to‘g‘risida gap ketdi. Shunda o‘zicha yetilib qolgan adabiyotshunoslardan biri qo‘llarini havoga asabiy sermab: “Begona”ning nimasi murakkab? Merso taqdirini tushunishning nimasi qiyin? Xudoni tan olmagan, onasini hurmat qilmagan kimsa, albatta, begona bo‘ladi-da! Buni yosh bola ham bemalol tushunadi-ku!” deya o‘zining bilag‘onligi bilan hammani “lol qoldirgan” edi. “Voh, – degan edim o‘zimga o‘zim o‘shanda, – oltmish yildan beri (Kamyuning romani 1940-yilda yaratilgan!) bu asar ustida bosh qotirib, munozara qilayotgan dunyoning minglab olimlari (ular esa faqat adabiyotshunoslar emas!) bekordan bekor laylak haydab yurmay, bizga kelishsa-ku, haqiqatning o‘zak-o‘zagini mana shu odamdan ikki daqiqada bilib olishardi…”

Hozir biz ham shu taxlit holga tushmaslik uchun Fromm kitobida tahlili berilgan, inson tabiatining ming turli iqlimlaridan xabar eltuvchi birgina tushuncha-termin atrofida baholi qudrat mulohaza aytamiz.

narsiss afsonasi
Narsiss afsonasi

Bu terminlardan biri narsissizm deb ataladi. Ruhiy muvozanatini yo‘qotgan insonning o‘z shaxsiga mahliyoligi, atrofdagi barcha voqea-hodisalarning mana shu holat orqaligina idrok etilishi ayni tushuncha yordamida izohlanadi. Uning paydo bo‘lishi esa benihoya sohibjamol o‘spirin Narsissning o‘z-o‘ziga mahliyoligi asosiga qurilgan qadimgi grek afsonasi bilan bog‘liq. Afroditaning qarg‘ishiga qolgan Narsiss, tiniq ko‘l yuzasida aks etgan o‘z jamoliga mahliyo bo‘lgan ko‘yi, unga talpingancha qurbon bo‘ladi.

E.Fromm “Inson qalbi” asarining “Individual va jamoaviy narsissizm” bobida ustozi Zigmund Freyd tomonidan ancha chuqur asoslanib ochib berilgan narsissizm hodisasining millatchilik, milliy nafrat va urushlar keltirib chiqarishdagi benihoya salbiy roli borasida mulohaza yuritadi. Olim nazaricha, har bir insonda narsissizm elementlari bo‘lishi tabiiy va agar u normadan og‘masa, inson “men”ligini anglashi hamda hayotda muayyan natijalarga erishishida ijobiy rol ham o‘ynaydi. Onasi bag‘ridan “boshlang‘ich narsissizm”ni orttirib tushgan go‘dak atrof dunyo bilan deyarli  qiziqmaydi. Uning uchun yagona real narsa – uning o‘zi: tanasi, o‘sha tana bilan issiq va sovuqni, ochlik va chanqoqni, jismoniy yaqinlikni his qilishi singari instinktlar  bo‘lib,  bular atrofdagilarga (ota-onaning tunlari biroz uyqudan qolishini hisobga olmasa!) ortiqcha zarar yetkazmaydi.

Agar bu go‘dak uchun tashqi dunyo hali reallik sifatida vujudga kelmagan bo‘lsa, narsissizmdek ruhiy kasallikka giriftor bo‘lgan kimsa uchun bu dunyo reallik sifatida mavjud bo‘lishdan to‘xtaydi. Bunday odamning sub’ektiv hissiyotlari, masalan, qo‘rquv va shubhalari shu darajada ob’ektivlashadiki, bu paranoik boshqalarni o‘ziga qarshi doimiy fitna tayyorlashadi, deb astoydil ishonadi.

Narsissizmning normal va ruhiy xastalik oralig‘idagi alohida ko‘rinishi, olim fikricha, cheksiz hokimiyatni o‘z qo‘liga to‘plab olgan kishilarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu jihatdan Misr fir’avnlari, Rim imperatorlari, Gitler, Stalin singari tiranlar xarakterining o‘xshash tomonlari ko‘pdir. Bunday odamlar o‘zini qanchalar ulug‘ va qo‘l yetmas deb his qilgani sayin shunchalik darajada boshqa odamlardan o‘zini ihotalab –  izolyatsiyalab boradi, bu ajralish esa ular ichidagi qo‘rquv va vahimani tobora kuchaytiradi. Ana shunday ruhiy og‘ish girdobidagi kishi nazarida atrofdagi hamma unga dushmanday tuyuladi va bu holdan paydo bo‘ladigan qo‘rquvni yengish uchun o‘z hukmfarmonligini, shafqatsizligini, narsissizmini yanada kuchaytirishga zo‘r beradi. Fromm eslatganidek, hokimiyatdan mastu mustag‘riqlikning bunday ashaddiy ko‘rinishini Alber Kamyu o‘zining “Kaligula” dramasida nihoyatda aniq ifoda etib bergan.

Narsissizmning kundalik hayotdagi manzaralari to‘g‘risida so‘zlar ekan, amerikalik faylasuf qiziq latifani eslaydi: yozuvchilardan biri ko‘chada tanishini to‘xtatib olib o‘zi haqida rosa uzoq va juda zerikarli hikoya qilib bo‘lganidan keyin: “Uzr, men o‘zim to‘g‘rimda ko‘proq vaysab yubordim shekilli. Kel endi senga o‘taylik. Mening oxirgi kitobim haqida fikring qalay?” deb so‘rarmish…

Adolf Gitler
Adolf Gitler

Bunday odamlar hatto birovga yaxshilikni ham ezgu o‘y bilan emas, balki mana shu yaxshilik qilayotgan holatida o‘zini yana ham yaxshi ko‘rish imkoniyati ortishi tufayli qilishadi. Agar bu singari kishilar maishiy hayot manzarasini rang-baranglashtirish uchun xizmat qilib, boshqalarga ortiqcha ozor yetkazishmasa, yuqorida aytilganidek, cheksiz hokimiyatni qo‘lda to‘plab olgan yoxud ongu shuuridagi narsissizm shunga intiltirayotgan kishilar muayyan jamiyat va hatto insoniyat taqdiriga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday mustabidlar uchun tabiiy reallik, ta’kidlanganidek, bitib tugagan hisoblanadi, ular endi dunyoni o‘zlarining narsisstik xarakteriga mos tarzda qayta qurishga, uni o‘z o‘lchov va istaklariga muvofiqlashtirishga urinishadi. Faylasuf nazarida, bunday kishilarning tipik vakili Adolf Gitler hisoblanadi. (Erix Frommning bu boradagi mufassal kuzatuv va xulosalari uning “Adolf Gitler: nekrofiliyaning klinik ko‘rinishi” nomli kitobida to‘la aks etgan!)

Atrof olamni, jamiyatni o‘zigagina moslab o‘zgartirish yo‘liga kirgan Kaligula va Neron, Stalin va Gitler singari “dohiy”larning eng jiddiy shug‘ullanadigan mashg‘ulotlaridan biri o‘zlarini tanqid qilishga jazm etadiganlarni yo‘q qilish hisoblanadi. Zero, aqli donish ovozi ular faoliyatiga xalaqit beradigan eng katta xavfdir. Ular o‘zlariga ko‘r-ko‘rona ishonadigan va ergashadiganlar kuchi bilan borliqni o‘zining narsisstik dunyoqarashi va didiga moslashtirishga kirishar ekanlar, tanqidchi-muxolif tomon ovozini mutlaqo o‘chirib tashlashga urinishadi. “Bunday dohiylar aqlu tabiatidagi shu noqislik, qarangki, ular muvaffaqiyatida muhim omil bo‘ladi, – deb yozadi Fromm. – Bu telbalik ularga o‘rtamiyona odamlar – meshchan olomonga yoqishi va u tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida nihoyatda asqotadigan o‘ziga ishonch va dadillikni ato etadi…”

Gapimiz boshida aytilganidek, Erix Fromm kitobida tahlilu talqinga tortilgan muammolar ko‘lami va shiddatidan qolgan taassurotlarni bir urinishda izhor qilishning mutlaqo iloji yo‘q. Faqat faylasufning birgina tushuncha tahlilidan orttirilgan tajriba asosida kuzatayotganimiz bir manzaragagina ishora qilamiz xolos: bugun u yoxud bu mamlakat taxtiga nedir sabab yo bahona ortidan o‘tirib qolgan ayrim rahbarlarning gap-so‘zlari, o‘zini tutishi, qilayotgan ishlariga qarab ularning zamonga xos shohona kiyimi ortiga uquvsizlarcha berkitilgan, Frommning ruschaga o‘girilgan asari matnida «злокачественный нарциссизм» deb nomlangan o‘ta xavfli hodisani ko‘rmaslik mumkin emas.

Rahmon Qo‘chqor

“Tafakkur” jurnali,

2014-yil 4-son


Maqolaning qolgan qismlariga quyidagi havolalar orqali o‘ting:

  1. Erix Mariya Remark. “Uch og‘ayni” romani.
  2. Erix Fromm. “Inson qalbi”.
  3. Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” romani.

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: