NURLI TAQDIR EGASI

Anvar qori Tursunov

Dunyo ishlariga xotirni jamlab nazar tashlansa, unda shukronalikka arzigulik manzaralar anchagina ekaniga imon keltirasan odam. Ayniqsa, o‘zingizga tengdosh, katta yoxud kichik zamondosh bo‘lgan mo‘’tabar insonlar bilan bir makon va zamonda yashash, ularning talay qismi bilan esa yaqindan suhbatdosh, do‘stu sirdosh tutinishdek ilohiy ne’matga shukrona aytmay bo‘ladimi?

Shu jihatdan kamina taqdirdan har qancha rozi bo‘lsam arziydi, deb o‘ylayman. Zero, millat peshonasiga bitgan ne-ne ulug‘ insonlarni ko‘rish, ulardan beminnat saboqlar olish baxti menga ham nasib etdi.

Ana shunday unutilmas zotlar orasida yirik diniy ulamo, bilimdon adabiyotshunos, ajoyib notiq, dilbar suhbatdosh Anvar Tursunovning o‘rni va ko‘rki o‘zgachadir.

Anvar aka shunday kishilar toifasidan ediki, ular o‘zlari ixlos-la kirishgan har bir yumushni haddi a’losiga yetkazib, boshqalarga ibrat bo‘larli natijalar ko‘rsatishadi. Xususan, Anvar aka bir muddat O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tarjima va xalqaro adabiy aloqalar bo‘limida xizmat qilgan bo‘lsa, o‘sha yillar qilingan ishlarning samaralari hali hanuz o‘zini bildirib, sezdirib turadi. Ayniqsa, Sharq adabiyotining ko‘plab namunalari, o‘nlab musulmon davlatlari adiblarining asarlari u kishining jonkuyarliklari evaziga ona tilimizga o‘girilib qoldi. Milliy adabiyotimizning ko‘rki bo‘lgan qator asarlar esa dunyo tillariga tarjima qilindi.

Anvar akaning diniy ulamo sifatidagi faoliyatiga o‘zgacha salmoq, ta’sirchanlik va shukuh baxsh etgan omillarni ham ko‘pchilik biladi, e’tirof etadi. Bu samaradorlikning bosh sababi esa u kishi nafaqat diniy manbalarning, balki badiiy adabiyotning, dunyoviy ilmlarning ham katta bilimdoni bo‘lganidir. Ana shu ma’noda agar Anvar aka o‘z faoliyatini adabiyotshunoslik sohasida olib borganida ham mumtoz adabiyotimiz, xususan, Navoiy hazratlari merosining ulkan urfoniy mazmun-mohiyatini kashf etishda yetakchilardan biri bo‘lishi shubhasiz edi. U kishining ma’ruzalarini bevosita yoxud televideniye va radio orqali tinglagan odamlar Anvar akani boshqa ulamolardan ajratib turadigan muhim bir jihatni yaxshi his qilardilar. U ham bo‘lsa, Anvar aka biror masalada quruq da’vat, yuzaki chorlov, beta’sir nasihatbozlik yo‘lidan bormaganlar.

U kishi, o‘ziga talabchan voiz sifatida, shunday mavzularni tanlar edilarki, ular yuzasidan aytilgan dolzarb mulohazalar millionlar ongi va qalbida shuncha miqdorda aks-sado berardi. Suhbatdoshning samimiyati, rostgo‘yligi, fidoyiligi bu ong va qalblarga qadrdon jigarning jonkuyarligi yanglig‘ to‘la em bo‘lar, muxlislar uning timsolida begidir piri komilni idrok etar edilar.

Aslida, to‘rtta odamga biror gapni ma’qullash oson emasligini umrida biron marta shu ishga unnagan kishi yaxshi biladi. Endi tasavvur qiling: qog‘ozga mutlaqo qaramay, ayrimlar singari qarshisidagi kamera monitorida ko‘rinib turadigan matnga kuni qolmay millionlab muxlisning e’tiborini bir masalaga jamlash odamdan qancha bilim, tajriba, fasohat va o‘zini muntazam idora qila olish qobiliyatini talab qiladi. Qolaversa, bu mavzular xususida hozirga qadar ham qancha talqinu tahlillar qilingan, ne-ne ulamolar va’z aytgan bo‘lsa.

Anvar aka, o‘zi pirim deb bilgani hazrat Navoiy aytganlaridek, bu maydon ichra turmoq oson emasligini ham yurakdan his qilar hamda har safar bu maydonga astahidil tayyorgarliksiz, aqliy va ruhiy quvvatga to‘lmasdan  chiqmas edilar.

Boya aytilganidek, Xudoyim bandasiga bersa qo‘sh qo‘llab berishi-da bor gap. Anvar akaning suhbatdoshni tinglay olish, uning ko‘ngliga qarab javob aytish, bunda sabr va toqatni o‘ziga cho‘ng qoya bilish iste’dodi ham havas qilgulik edi. U kishiga odamni katta-kichikligi, amali-yu mavqeiga qarab ajratish degan illatlar mutlaqo yot edi. Chekka qishloq mahallasidagi izdihomdan chiqishida savolga tutib qolgan keksa otaxonga jon qulog‘ini berib tinglashdan tortib, davlat rahbari da’vatiga chiroyli lutf bilan javob qaytarishgacha – nurli yuzidan nozik, kishiga xush yoquvchi tabassum arimasdi.

Tabassum dedik. Kamina aynan Anvar aka bilan o‘tkazganim suhbatlar asnosida diniy ilm egalari, ulamolar o‘rtasida ham o‘zlariga xos kulgili lutflar, latifa-yu askiyalar bo‘lishini bilganman. U kishining o‘zi ham bu borada benazir edilar.

Modomiki, gap shu mavzuga kelib taqalgan ekan, bir hayotiy hikoyani siz bilan o‘rtoqlashay.

Bundan yigirma yil avval – 2000 yilda iste’dodli shoir Shavkat Rahmon tavalludining 50 yilligi munosabati bilan qo‘shni Qirg‘izistonning vodiy viloyatlarida katta tadbirlar o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ularning boshida Anvar aka va boshqa ko‘plab tolibi ilmlarning ustozi, yirik ulamo Shayx Alovuddin Mansur hazratlari (u kishini Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!) turdilar. O‘zbekistondan taklif etilgan yigirma nafardan ortiq mehmonlarni uyushtirib, dovon osha olib borishni Anvar aka zimmalariga olgan ekanlar. U kishiga ixlos qilgan toshkentlik savobtalab yigitlar yap-yangi avtoulovlarini saharmardondan Ko‘kaldosh madrasasi qarshisida safarga shaylab, bizni kutib olishdi. Ichimizda yoshi ulug‘imiz – Shavkat Rahmonning qudasi, ustoz adabiyotshunos Umarali Normatov domla edilar. Hamma jam bo‘lgach, Anvar aka o‘ng qo‘lini tepaga ko‘tarib, e’lon qildilar:

– Hamma moshinalar bir-birining ortidan, tezlikni oshirmay, oldindagini quvib o‘tmay, biz – ustoz Umarali aka ikkovimiz minadigan birinchi moshina ortidan – imomga iqtido qilib yuraverishadi. Ilohim safarimizni bexatar qilsin, omiyn!

Andijon bilan O‘shning chegarasida bizni Shayx hazratlarining o‘zi shogirdlari qurshovida kutib oldilar. Bu ikki kunlik safarda o‘tgan tadbirlar, dilbar suhbatlarning taassurotlari alohida bir qissaga arzigulikki, hozir ularga to‘xtab o‘tirmaymiz.

Ana shunday tadbirlarning biridan keyin yozilgan dasturxon to‘rida Umarali aka chap kaftlarini quloqlariga karnay qilib, o‘zlarining doimiy arimaydigan hayrati bilan Alovuddin hazratni eshitmoqdalar. Biz Anvar aka bilan yonma-yon o‘tirar ekanmiz, u kishi ustoziga mehr-la tikilib, menga shunday hikoya qiladilar:

– Hazrat nihoyatda za’kiy zotlar-da. Uncha-muncha narsani ko‘ngillari bilan, savqi tabiiy sezadilar.

Biz shogirdlari ustozning iznisiz biron ish qilib o‘rganmaganmiz. Biroq bir safar shundoq bo‘lib qoldi: bizni imomlikka munosib ko‘rishib,  bir necha bor shu xususda takliflar bo‘ldi. Har safar ustoz ziyoratiga kelib, bu ishga ruxsat so‘raganimda: “Anvarjon, hozir ilmning payidan bo‘ling, imomlik qochib ketmaydi”, deb rozilik bermas edilar. Ittifoqo, bir gal masala juda jiddiy ekani, vazifani zimmaga olishimiz shart ekanini aytishib, Yangiobod mahallasidagi masjidga imomlikka tayinlandik. U paytlar mana bunaqa qo‘l telefonlari yo‘q, ustozning roziligini olish uchun huzurlariga borishga esa imkon bo‘lmadi…

Oradan bir-ikki oy o‘tib – kuz kunlarida ustoz ziyoratiga O‘shga keldim. U kishi meni bag‘irlariga bosdilar-da, shu holatda: “Anvarjon, imomlik muborak!” deb qoldilar. Ishonsangiz, ichimdan bir narsa shuv etib o‘tib ketdi. Dovdirab: “Qayerdan bildingiz, hazrat, hali aytib ulgurmadim-ku…” desam, chiroyli yuzlariga tabassum yoyilib: “Plashingizdan” dedilar. Men yana ham gangib: “Plashimga nima qibdi?” deya hayron bo‘lsam, hazrat: “Cho‘ntagi ko‘p ekan…” deb turibdilar-u…

Anvar aka hayotning mana shunday zavqli, huzurli kunlari bilan birga nihoyatda qattiq, iztirobli sinovlarini ham ko‘p ko‘rdilar. Turli fitnakor oqimlar safidagi kirdikorlari uchun jazoni o‘tash muassasalarida saqlanayotgan yuzlab mahbuslar bilan o‘tkazgan yakkama-yakka suhbatlari u kishining nozik ko‘nglida qanchalar og‘riqli asoratlar qoldirganini his qilish uchun siz bilan mening oddiy odam bo‘lishimiz yetarlidir. Zero, o‘z ukasidek, akasidek ko‘rgani yurtdoshi, millatdoshi taqdiridagi bu og‘riqli zaxalarga befarq bo‘lish u kishining tabiatiga yot edi. Har gal ana shunday uchrashuvlar, bir necha kunlik og‘ir suhbatlardan olgan taassurotlarini o‘rtoqlashar ekanlar, ayrim chigal masalalar yechimida ojiz qolayotganidan chekayotgan iztirobi shundoq bilinib-sezilib turardi…

Anvar aka millatning chin ziyolilarini juda aniq ajrata bilar, har biridan o‘ziga nedir ibrat, ilm, tajriba olishdan orlanmas edilar. Xususan, ustoz adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov xonadonida bo‘ladigan nafis majlislarda u kishining butun jismu jonida o‘zgacha zavq, ilhom, g‘ayrat paydo bo‘lardiki, bu hol bir zumda davradoshlar ruhiyatiga ham ko‘char, hamma ilmu urfonga to‘liq bu qizg‘in gurung tugamasligini xohlab qolardi.

Ustozlarining fikrlari, talqinu tahlillarini jon qulog‘i bilan sokin tinglagan Anvar aka, mavridi kelgach, muhokamaga sabab bo‘lgan masala-muammoning shunday daqiq jihatlariga e’tiborni qaratar edilarki, undan keyingi gaplarning aksariyati “Mana hozirgina Anvarjon (hoji akamiz, hazrat…) aytganlaridek…” degan kirish so‘zlar bilan boshlanar edi. Zero, aslida Anvar aka tabiatan aynan shunday davralar uchun yaralgan, shu muhitda yayrab o‘sadigan ko‘ngil kishisi edi.

…Yulduzlar mangu yonadi, deyishadi. Balki ular nihoyatda ko‘pligi uchun shunday gap paydo bo‘lgandir. Aslida yulduzlarning ham so‘nish pallasi bor. So‘nganda ham, o‘zlaridan hech bir iz qoldirmay so‘nishadi. Allohning qudratini ko‘ringki, ushshoqqina jismi o‘sha yulduzlardan milliard marotaba kichik bo‘lgan bandasiga o‘zidan o‘chmas iz qoldirib ketish imkoni va qudratini ato etgan.

Olimdan, ulamodan qoladigan ilm izi, ma’rifat va ma’naviyat nuri ham nasllardan-nasllarga bezavol o‘tib, to qiyomat qadar unga tashna millionlab qalblarga ziyo olib kirgusi. O‘zidan ana shunday yorug‘ iz qoldirgan nurli insonlar safida ismi jismiga monand Anvar akaning o‘chmas siymosi ham borki, Ilohim u kishining ruhini o‘z rahmati ila shod etsin.

Rahmon QO‘CHQOR

filologiya fanlari nomzodi

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: