QALB TABIATI

Qalb tabiati

Shavkat Rahmon she’riyati manzaralari

Butun olam tuzilishida buyuk uyg‘unlik – garmoniya bor. Cheksiz galaktikalarning joylashishidan tortib ninachi ko‘zidagi dunyoning mitti suratigacha – asosida shu uyg‘unlik yotadi. Inson nafaqat ongiy va ruhiy jihatdan, balki jisman ham olamning, tiriklikning qoq markazida. Uning jismi chumolidan katta, dinozavrdan kichik – mo‘‘tadil holatda yaratildi. Shuning uchundir, u o‘ta past tovushni ilg‘amagani singari, ortiqcha baland shovqinni ham eshitmaydi. Juda olisni burgut yanglig‘ ko‘rmaganidek, yaqinni ham mikroskop darajasida ko‘ra bilmaydi. Uyg‘unlik, me’yor insonga hamma mavjudotdan ham ko‘ra xos jihatdir. Xususan, uning qalbi butunligi ayni tabiatdek garmoniya asosiga qurilgan. Qalb nafas olmog‘i, emin-erkin o‘sib-unmog‘i uchun muzdek havo, ildiz va barg yozmog‘iga sog‘lom tuproq kerak. Ayniqsa, ijodkor qalbning, ayniqsa, shoir qalbning.

Bu qalbda tuyg‘ular maysalardek yashil qonga to‘lib, shudringda soch chayib o‘sadi. Qalb kengliklarida chumchuqning tilidek titrab turgan ko‘katdan tortib, sollanib tushgan ko‘hna shoxlarining osti ming turli hashoratga uya bo‘lgan, tomiri tog‘ning yuragidan sizib chiquvchi chashmadan, boshi qalin bulutlardan suv ichuvchi, kamolini-da, zavolini-da birov ilg‘amas archalargacha qadalib yotadi. Uning quyoshi har tong bosh ko‘tarmaganidek, har oqshom ufqi qoraymasligi ham mumkin. Oq tunlar o‘rnini shimol yog‘dusi emas, qum bo‘ronlari birdan egallamog‘i ehtimol. Biroq bularning bari qalbning ichki garmoniyasi asosida yuzaga kelib, hammasi uning tabiatiga mos, yashashiga garovdir.

Yechib oppoq ko‘ylagini vaqt

Kiydi yashish gulli ko‘ylagin.

Yurak, uyg‘on, kapalak kabi

Chechaklarga qo‘nib o‘ynagin…

Gurkiragan bu rangin olam

Tuyg‘ularni o‘ynatib tashlar

Va ajoyib kunlar umrimda

Atirgulday ochila boshlar.

(1979-yil)

Qalb balog‘ati jism balog‘atidan ko‘ra sho‘xroq, beboshroq kechadi. Jism charchab tin olganda ham u uxlamaydi – xayollarni, hislarni turtib uyg‘otadi, ularni har kuyga soladi, yuzini qizartadi. Balog‘at pallasidagi qalbga qo‘nim yo‘q, chegara chizig‘i tortilmagan, qafas mutlaq begona. Sevgisining hididek nafratining tig‘i ham o‘tkir – yo jon beradi yoxud jon oladi. Bu paytda qalb “o‘z qiziqishlarining asal oyini” boshidan o‘tkazadi. U atrofida girdikapalak bo‘layotgan barcha tuyg‘ular bilan samimiy ittifoq tuzadi, ularni uyiga kiritadi, ochilib-sochilib sirlashadi, har biridan o‘zgacha lazzat oladi. Visol tunlari adog‘iga yetgach, bu uyni qay bir tuyg‘u nim tabassum ila xufyona tark etsa, boshqa biri undan ko‘zlarida yosh otilib chiqib ketadi. Qalb kelasi tunning xayoli bilan mast. Asal oyining esa yana yigirma to‘qqiz tuni oldinda:

Bog‘larda ko‘zlarim qamashar

Shoxlarga ilingan oylardan…

Toshlarga urilib, sharqirab

Yulduzlar oqadi soylarda.

To‘lin oy ochilgan ko‘ksiga

Bulutdan siynaband topadi.

Shabada – sho‘x juvon yurakni

O‘ynab goh ochar, goh yopadi.

(1979-yil)

Bu tunlar qalb xuddi Qoranordek (“Asrni qaritgan kun”) o‘z egasiga-da bo‘ysunmay qo‘yadi. Uning har bir hujayrasi entikib olayotgan nafas butun olamni tutadi. Ayni lahzalarda unga yaqinlashganki narsa taftidan eriydi. Qalb junbushi qarshisida dengiz po‘rtanalariyu vulqon to‘lg‘onishlari o‘taversin. Qalb uyining devorlari ehtiros kuchidan, unga jon taslim qilayotgan tuyg‘ular titrog‘idan yorishib, nurlanib ketadi:

Qizib ketar yer tomirlari

Tunga iliq bo‘ylar taralar.

Birdan qaynoq yosh oqib kelar

Jimib qolgan bog‘lar oralab…

(1979-yil)

Har ikki tomon – ham qalb, ham uning xufya mehmoni tuyg‘u bu o‘tli visoldan shirin xorg‘inlikda tin oladi. Ko‘pni ko‘rgan, lekin har safar samimiy, butun borlig‘i-la ishqqa berilgan tuyg‘u o‘z ko‘ksida pishillab uxlab qolgan uy egasi – o‘spirin qalbga yengil istehzo aralash mehr-la tikilib yotadi:

Qizigan sadolar so‘nadi,

Qush kabi cho‘chiydi xayoli.

Ko‘ksiga kapalak qo‘nadi

Kulgisi keladi ayolning…

Iforli o‘tlarga ko‘milar,

Tikilib qoladi osmonga.

Mastona ko‘zlari yumilar,

Kapalak yoqadi juvonga.

(1989-yil)

Qalbda daqiqa sayin, soat sayin o‘sish-ulg‘ayish kechadi. Hali aql va ong beboshligida, hali ular har kuylarga yo‘rg‘alab yurganida, qalb o‘zlik sari, o‘zlikni tanish sari dastlabki qadamni qo‘yadi. Bu qadam shunchalar mustahkam, jismning tomir-tomirlariga chuqur botib turguvchi bo‘ladiki, kelgusida kutayotgan ne-ne zo‘ravonliklar, aldov va firiblar uni ortga qaytarolmaydi. O‘zlikni anglagan qalbga yashamoq naqadar erkin, naqadar og‘ir. Unga qancha-qancha tuyg‘ular kelib ketadi, biri vafo, biri jafo ko‘rsatib o‘taveradi. Biroq o‘zlik hissi, anglangan o‘zlikning burchi qalb o‘lmaguncha o‘lmaydi. Bu hisni na-da aldab, na-da avrab bo‘ladi. Unga faqat xiyonat qilish mumkin. Xiyonat tuni qalbning qazo tuniga to‘g‘ri keladi.

It bazmi qizigan oysiz shomlardan

qizg‘onib opqochdim daryo dilimni.

Bu chirkin og‘izlar…

singan kallalar…

ig‘vodan, bo‘htondan osilgan tillar…

hirslar lashkarlari bosgan pallada

shohlarin bo‘g‘izlab tashlagan dillar.

(1989-yil)

Endi qalb ko‘zi ochiq – u har narsani ko‘rib qoladi, bor narsani bilib oladi. O‘ziga va o‘zga qalblarga yetgan neki xo‘rlik, neki adolatsizlik bor – befarq bo‘la olmaydi, mo‘ltirab tura bilmaydi. U har insonga qalqon bo‘lgisi, borki qalb huquqi uchun jangga kirgisi keladi. U o‘zining aslida nozikkina ruhini qay yerda kurash, qaysi joyda hurlik himoyasi bor – o‘sha jabhaga safarbar etadi. O‘ziga va sirdosh qalblarga Faustdan shior tanlaydi, uni uydan chiqaverishga, ostonasi tepasiga qoqib qo‘yadi: “Har kuni kurashga chiqqan yashashga haqli!”

So‘zlarni qayraylik,

do‘stlar, jo‘ralar,

g‘aflat to‘shagida yotmay, shoshaylik:

yashamoq, kurashmoq, o‘lmoq sirlarin

bolakaylar uchun ochaylik.

(1985-yil)

Uning bu urinishlari naqadar samimiy, o‘tli bo‘lsa, shunchalar sodda va tajribasizdir. U o‘zi jangga kirmoqchi bo‘lgan maydonda halol va mard olishuv hech qachon bo‘lmasligini, bu yerdagi o‘yin qoidalari qoidasizlikka, g‘irromlik va nomardlikka asoslanganini hali anglamaydi. Unga oliy hakam deb uqtirishgani VAQT, qachondir fursati yetib kelganida ham, bu yerda yangi olishuvlar bo‘layotgani bois, chiqarajak hukmlariga tahrir kiritishga majbur bo‘lishini o‘ylamaydi. Maydondagi qip-qizil tuproqning har zarrasida “kurakka sanchilgan tig‘dan” yiqilgan bahodirlar ruhi chinqirayotganidan, uni bo‘lajak firiblardan ogoh etayotganidan mutlaqo bexabar. Qalb, juvonmard qismat faqat po‘latday toblanishni, xanjarday o‘tkirlanishni xayol qiladi, xolos:

Zulfiqor ruh kerak,

kerak chin yog‘du,

chin ishq yog‘dulari bag‘rimga to‘lsin,

jismimni toblasin faqat chin og‘riq,

chechaklar qop-qora bo‘lsa-da bo‘lsin.

(1989-yil)

… Maydonda u uzoq turadi, sabr-la kurashadi, yalovini yerga bermaydi. Bu olishuv asnosida “ne-ne qobirg‘alari sinib, paylari uzilib” (A.Oripov) ketsa-da, ingragan ovoz chiqarmaydi, og‘zidagi qonni tuflamaydi, ortga chekinmaydi. Uning ketidan maydonga kirgan necha-necha haybarakallachilar allaqachon tekin tomoshabinga, issiq holijoy egasiga aylanadilar. Ularning yana qanchasi bu jo‘mard qalb sirlarini yog‘iyga sotadi, yog‘iy zanjiriga o‘zining ojiz simlarini ulaydi – qalbga tuzoq qo‘yadi. Eng alam qiladigani, eng kulgilisi – bu nokas kimsalar ham o‘zlarining nojins qalblarini go‘yo kuylatadilar, o‘shandan chiqarib ash’or bitadilar. Qaysar qalbni o‘z saflariga, o‘zlarining “sangin saltanati”, “nahsdan bino bo‘lgan yovuz shaytanati”ga chorlaydilar:

Panoh so‘radimmi borimni yechib,

O‘zni urdimmi yo biron eshikka?

Qaltis lahzalarda orimdan kechib,

Kirdimmi sichqonlar kirgan teshikka?…

Bolam, jonim bolam,

bu go‘zal hurlik,

unutma bu hurlik to‘ralgan kunni!

(1991-yil)

Shu “go‘zal hurlik” bilan, bu “hurlik to‘ralgan kun” bilan bir vaqtda dunyoda Shavkat Rahmon degan shoir ham qayta tug‘iladi.

Bu ijodkor yurakning ovozi, sozi, hasrat va quvonchi o‘ziga qadar va o‘zi bilan yonma-yon yozganlarning birortasini qaytarmaydi, hatto eslatmaydi ham. O‘zbek she’riyatida bu qadar o‘ktam, bunchalik erkin, jasur ovoz anchadan buyon yangramagan, barmoq ham xuddi aruz singari to‘nib, birxillashib borayotgan vaziyatda uni birdan yangilab, yashirin imkoniyatlarini ochajak shoir xiyladan buyon kutilayotgandi. Bu shoir vaziyatning emas, qismatning shoiri. Unga davr emas, u davrga mavzu beradi, u davrni emas, uni davr tinglashini istaydi. Oxir-oqibatda, u o‘z tengdoshlari bilan birgalikda ne-ne zamondoshlarni o‘ziga quloq osishga majbur etdi, ularning tosh qotgan bag‘irlarida tuyg‘u, fikr chechagini o‘stirishga erishdi.

Shavkat Rahmon she’rlarini mutolaa qilar ekanman, men ularda she’rdan-da yuksakroq, san’atdan-da muhimroq juvonmard ruhni his qilaman. Eslaysizmi, Ch.Aytmatovning “Kunda” romanidagi ona bo‘ri Akbaraning tunda Oyga qarab uzoq-uzoq uvlaganlarini? Bolalaridan, tug‘ilgan, tuqqan yerlaridan, jufti Toshchaynardan va eng alamlisi – zuryod qoldirish umididan mosuvo etilgan bo‘ri birovga shikoyat etmaydi, kimgadir yalinib, allaqaydan najot kutmaydi, balki uvlaydi, achchiq-achchiq uvlaydi. Shoirning tubandagi misralari xuddi o‘shanday uvlash emasmi, millatning zabun holidan, sho‘ro oyog‘i ostida toptalgan muborak Vatanining pajmurda jismidan o‘rtanib kuyish emasmi?!

El qirildi turkiy o‘lkada,

Er qolmadi – keldi ajali,

Kim qoniga botdi yo‘lkada,

Kim g‘ajildi nomoz mahali

(1987-yil)

Dilim, dunyo dayuslaridan

Qora terga botgan g‘ulomim,

Nastarinday pok hislaridan

Tufdonlarni qilgan kulolim,

Judo bo‘lding tabiatingdan,

Bo‘g‘zingda bor bir shoda mo‘ldir,

Judo bo‘lding tariqatingdan,

Endi tinchib qafasda o‘ltir…

(1989-yil)

Ayni shunday she’rlar, aslida, istiqlol haqidagi fikrning, tuyg‘uning tug‘ilib voyaga yetishini, kuch va e’tiqodga aylanishini ta’minlagan edi:

Marmar qo‘rg‘onlar oyoqlarida

Umrini yondirgan darvozabonlar…

Qutirgan jaholat tayoqlaridan

Sillasi qurigan daryozabonlar…

Dunyoning qayroqtosh taboqlarida

Kimlarga yig‘ladi pari sabolar.

(1988-yil)

Biroq o‘sha paytlardayoq shoirning umidi, ishonchi, Xudoga aytgani bor edi. Chunki, u Akbaradan farq qilaroq, INSON edi, katta bir xalqning, buyuk bir millatning vakili, oddiy vakili ham emas, SHOIRI edi:

Bir yomon, bir uzun, bir ulkan yig‘i

Qaysi bir javrning achchiq tortig‘i.

Oh, muncha aylanar, muncha to‘lg‘onar

Ichimda yillarning zanglagan tig‘i.

(1984-yil)

Surilar bu temir pardalar,

Istibdodning tug‘lari qular,

Mog‘or bosgan nursiz qa’rlardan

Milion ozod ruhlilar turar.

(1987-yil)

Ko‘rinadiki, shoir istiqlolni jim kutmagan, mustaqillikni xom xayol deb bilgan emas, aksincha, uni juda real ko‘rgan, aniq his qilgan, unga yetishuv usullarini she’r ruhidan izlagan. Haqiqiy yangi davr, haqiqiy yangi qahramon bundan ancha ilgariyoq tug‘ilgan, voyaga yetayotgan, o‘zgalarni ham uyg‘onish yo‘liga, o‘zlikni tanish yo‘liga chorlagan edi.

Biroq har qancha samimiy bo‘lmasin, yolg‘iz millatparvarlikning o‘zi bilan she’r dunyoga kelmaydi. She’r dardning shunday izhoriki, unda dard haqidagi fikr emas, tuyg‘u, yanayam to‘g‘rirog‘i, dardning ayni o‘zi namoyon bo‘ladi, she’r jismida dard ruhi yashaydi.

She’riy san’atning shu kabi yuksak talablari bilan yondashadigan bo‘lsak ham, shoirning asarlari har qanday estetik sinovlarga dosh beradi. Uning she’rlarida shunchakilik, zo‘rma-zo‘rakilik, yasashga moyillik umuman sezilmaydi. Aksincha, butun maqsad, butun izhor yuksak badiiy shakllarda yuzaga chiqadi.

Tun. Olmazor elas ilg‘anar

Dalalarning keng og‘ushida.

Oqib yotar oltin jilg‘alar

Olmalarning sokin tushida.

Shovvasida nurlar qaynagan

Xilvatdagi jilg‘aga bordim,

Taqdiridan hasrat aylagan

Hasta dilni qo‘yib yubordim

(1980-yil)

Bu – rassom uchun tayyor peyzaj parchasi bo‘lsa, kinorejissyor uchun nihoyatda tiniq ruhiy holat ifodasidir.

… Shavkat Rahmon bir she’rida

Axir kimman o‘zim,

Mangulikka sal agar qiyoslasak,

Shavkat Rahmon kim?

degan savol qo‘yadi. Bizning poyoniga yetayotgan bu mulohazalarimiz ayni savolga javob izlab qilingan ojiz urinishdir, xolos.

Rahmon Qo‘chqor

1996-yil

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: