“AGAR QIYOSLASAK SHAVKAT RAHMON KIM?..”

Agar qiyoslasak Shavkat Rahmon kim?..

Andijon shahridan deyarli bir xil – yigirma chaqirimcha uzoqlikda O‘sh va Marhamat (asli Mingtepa) joylashgan. Hazrat Bobur Andijonda, jo‘mard shoir Shavkat Rahmon O‘shda, o‘zbekning erka farzandi Muhammad Yusuf Marhamatda tavallud topgan. Yaratganning irodasi bilan bu uch ijodkor ham yorug‘ dunyoda deyarli bir xil – 47 yil umr ko‘rishdi. Biroq mana shu muddat ularning har biri millatimiz kamoli, xalqimiz taraqqiysi yo‘lida beminnat xizmat qilib, o‘lmas meros qoldirishi uchun kifoya qildi. Boshqacha aytganda, Alloh ularga o‘zi bergan umrni qanday shiddat ila kechirish, juda ko‘p ishlarga ulgurish, o‘zlarini zarrama-zarra yaratuvchilikka safarbar etish quvvatini, iqditori va imkonini ham qo‘shib bergan ekan…

Muhammad Yusuf ijodkor akasi xotirasiga bag‘ishlangan she’rida Shavkat Rahmon tilidan aytgan edi:

Mendan nima qolar:

Ikki misra she’r,

Ikki sandiq kitob,

Bir uyum tuproq…

Aslida-chi?

Shavkat Rahmondan qolgan, hajman bir kitobga jo bo‘lgan she’rlarning salmog‘i, mazmun-mohiyati, ularning ta’sir kuchi uncha-muncha shoirlarning o‘nlab kitoblari, saylanma-yu ko‘p jildli tanlangan asarlaridan ko‘ra og‘irroq tosh bosishi aniq. Zero, bu shoirda shunchaki satr ko‘paysin, she’r kattalashsin uchun bitilgan birorta misra yo‘q, desak, hech yolg‘on bo‘lmaydi.

Holbuki, Shavkat aka va uning avlodi adabiyotga qadam qo‘ygan davr ijtimoiy-siyosiy jihatdangina emas, adabiy-estetik talablar jihatidan ham g‘oyatda og‘ir, ro‘yobga chiqish, o‘zni bildirish oson bo‘lmagan yillar edi. Ayniqsa, she’riyatda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva singari zabardast ijodkorlar bor ediki, ular davrasida bir so‘z aytish oson ish emasdi. Yangi avlod shu vaziyat, holatdan kelib chiqib, uni chuqur anglagan holda o‘zini shayladi, o‘ziga vazifa qo‘ydi, shiddat va ijodiy mehnatni shunga yarasha namoyish qildi. Va ajoyib kunlarning birida bu avlodning “betgachopar”roq, jur’atli vakili Usmon Azimov Yozuvchilar uyushmasi minbarida turib o‘qigan “G‘afur G‘ulom haqida hujjatli fantaziya” nomli she’ri so‘ngida:

Demak, savol sizga, Abdulla Orif!

Zilzila tinchidi – ko‘nglingiz to‘qmi?

Ko‘ksimni bir vulqon bormoqda yorib.

Menga aytadigan gapingiz yo‘qmi?

deya hayqira oldi. Shaxsan menga ayni hayqiriq yangragan kun bu avlodning adabiyot maydonida uzil-kesil o‘z joyini egallagan kun bo‘lib tuyuladi.

O‘tgan asrning 80-yillari oxiri va 90-yillari boshlari. Butun sho‘rolar mamlakatida, xususan, O‘zbekiston, uning poytaxti Toshkent va ayniqsa, Talabalar shaharchasidagi hayot mutlaqo yangicha shiddat, ma’no va mohiyat kasb etgan davrlar. Goh ToshDU auditoriyasida, goh yotoqxonalar zallarida, hatto ochiq maydonlarda shoir-yozuvchilar ishtirokidagi davra suhbatlari, uchrashuv va muhokamalar avjga kirgan. Ayniqsa, jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari uyqu nimaligini bilmay bedorlashgan, respublika va uning xalqi hayoti, millat taqdiriga oid neki muhim masala bo‘lsa, barchasiga o‘zini daxldor, hatto, javobgar his qilgan pallalar. Mana shu davralarga boyagi avlodning to‘rt ulkan iste’dodi, uslubi jihatidan bir-biriga mutlaqo o‘xshamasa-da, maslagi, maqsadi, hayotdan, taqdirdan kutgan umidi, Xudodan so‘ragan tilagi mushtarak bo‘lgan to‘rt shoir kirib kelar edi.

Aniqki, bu uchrashuvlarni shunchaki mushoara, she’riyat kechasi yoki ijodiy suhbat deb atash aslo mumkin emas edi. Zero, bu yig‘inlarda xalqimizning necha yuz yillar mobaynida tuzalmay kelayotgan og‘riqli dardlari, yechimini kutib charchagan muammolari, sho‘ro davlatining jon talvasasida ketma-ket uyushtirayotgan xurujlaridan qanday xalos bo‘lish masalalari ustida qizg‘in bahslar bo‘lar, yoshlar “tepa”dagilarning emas, mana shu shoir akalarining gapiga ko‘proq ishonar edi. Shoirlar ham yosh, iste’dod, mavqe bilan bog‘liq har qanday chegaralarini unutib, talabalar bilan tengdosh do‘stlar, maslakdoshlardek dilidan chiqarib so‘zlashishar, ularning biror gapini e’tiborsiz qoldirishmas edi. Ular orasida eng kamgapi, ko‘proq sukutga, o‘yga tolib o‘tiradigani Shavkat aka bo‘lar, biroq shoirning ko‘z qarashlari, o‘tirgan joyidagi bezovtaliklari uning yuragi bo‘layotgan gaplarni qanchalar o‘ziga yaqin olayotganini ko‘rsatib, sezdirib turardi. Agar talabalar yangi she’rlardan so‘rashsa, do‘stlari birma-bir o‘qib bo‘lgach, Xurshid Davronningmi, Usmon Azimovningmi “Shavkat, sen ham o‘qi, kecha bizga ko‘rsatgan narsangni o‘qib ber, jo‘ra!” degan da’vatidan keyingina shoir o‘rnidan turar, bir oz siniqroq, dardli ovoz she’r emas, boyagi – mangu bezovta yurakdagi giryani bayon etardi:

Bu osmon osmonmi,

temir pardami.

bu yog‘du  sinchlari tizilgan dormi?

Munchalar egildi qora gardani…

juvonmarg bo‘lgurlar,

jo‘marding bormi?!

…G‘aflatda kulganlar,

ko‘ksin kerganlar,

yorlarin zulmatga qo‘yib berganlar,

farishta buvaklar kulin terganlar

nomus dog‘in yuvar mayxonalarda.

Mol-dunyo ishqida chandon o‘lganlar,

ishratdan yuzlari salqib so‘lganlar,

zanglagan kishanga mehr qo‘yganlar,

dimog‘in xushlaydi rayhonalardan.

Imonim deganlar,

Millat deganlar,

yovga ters qaragan illat deganlar,

o‘zlikka xiyonat qilma deganlar

zor qaqshab yig‘laydi vayronalarda…

Aslida shu singari she’rlar, shu yanglig‘ davralarda yangragan “xalos etuvchi haqiqatlar” (Erix Fromm) yurt, millat istiqlolini orzudan amalga aylantirgan, bir muddat olomonning xalqqa, to‘daning millatga do‘nishiga sababchi bo‘lgan edi…

Bugun menga shunday tuyuladiki, yuz o‘ttiz yil zabunlikda tutib turilgan xalqni milliy istiqlolga da’vat etish, millat ruhiyatida qullikdan qutilish kayfiyatini uyg‘otish, ozodlikning, hurlikning ne ekanini anglatish, unga borar yo‘llarni ko‘rsatish borasida Shavkat Rahmon o‘z do‘stlari orasida ham eng peshqadami, fidoyisi, ortga qaytmasi bo‘lgan edi.

…Shavkat akani davolatish uchun olib borilgan oxirgi joy hukumat kasalxonasi bo‘ldi. Do‘xtirlarga, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan mutasaddilarga rahmat – qo‘llaridan kelganki ishni qilishdi. Ammo ular ham bu kasalni davolashning imkonini topisha olmadi…

Shavkat akaning yorug‘ dunyodagi so‘nggi tuni. “Osmon to‘la havolar” u kishiga yetmaydi, juda qiynalib nafas oladi. Biroq shunda ham aqlu hushi joyida, tepasida turgan hammani tanib, ularga o‘zi dalda berib, bezovta qilayotganidan hijolat ham bo‘ladi…

Ko‘pni ko‘rgan Sherali aka Jo‘rayev charm to‘nining yon cho‘ntagidan mo‘’jaz shaklda tayyorlangan “Qur’on” kitobini olib, Mirza Kenjabekka uzatadi: – Shoir, sizning ko‘zingiz o‘tadi, “Yosin” surasini o‘qib o‘tiring”.

Kasalxonaning bosh shifokori ko‘zi bilan imlab Yoqubjon aka Xo‘jamberdiyev boshliq ikki-uch kishini tashqariga – yo‘lakka chaqiradi. Past ovozda bemorning umri tugayotgani, sun’iy nafas oldirish ham kor qilmayotgani, uyiga olib ketish kerakligini ma’lum qiladi. Biz bu gaplarni boshqacharoq tarzda akaning xotini – Manzura opaga aytamiz. Yana ham ozg‘inlashib, mushtdekkina bo‘lib qolgan Opa izillab yig‘laydi, Shavkatbegining ketib qolishidan qo‘rqadi: “O‘tgan kun ham shunday bo‘luvdi, keyin do‘xtirlar qarab, ancha yaxshi bo‘lib qolgan. Uyda bizning qo‘limizdan nima keladi?..”

Yana Shavkat akaning yoniga qaytamiz. Men u kishining oyoqlarini uqalab o‘tirar ekanman, chap qo‘lini ko‘tarib o‘ziga chorlaydi. Qo‘lini ushlab  yuziga engashaman: “Labbay, Shavkat aka”. O‘zi aytgan – “shivirlayturg‘on bir yaproq qolmagan”, “qilichday keskir yalang shoxlari” – oriq panjasida qo‘limni mahkam siqarkan, quruqshagan tovushda, biroq aniq qilib aytadi: “Qo‘rqmanglar, Rahmon, men o‘lmayman!”

Tomog‘imga tiqilgan og‘ir bir narsani zo‘r bazo‘r ichga yutib, u kishini ma’qullayman: “Albatta, Shavkat aka, albatta…”

Shavkat akaning aytgani bo‘ldi.

U kishining jismi o‘limga taslim bo‘lgan esa-da, she’rlariga ko‘chib ulgurgan mardona, pok, bedor ruhi to qiyomat qadar millionlab ko‘ngillarga, ong va shuurlarga ta’sir qilishda davom etadi.

Shoir oxirgi she’rlarining birida:

Axir kimman o‘zim, mangulikka sal

agar qiyoslasak Shavkat Rahmon kim?

Kim deya borliqdan so‘rayman har gal,

makon jim.

zamon jim, Parvardigor jim

degan edi. Bugungi makon – milliy istiqlolini qo‘lga olgan O‘zbekiston uchun, bugungi zamon – bu istiqlolni qo‘lda saqlab qolish tinimsiz, muntazam matonatni talab qilayotgan kunlar uchun Shavkat Rahmon shaxsi va ijodiy merosi beminnat xizmatga shay. Xalq taqdirida esa milliy mustaqillik, erk va ozodlikdan muhimroq masala yo‘q ekan, demak, shoir mangulikka daxldor hodisa sifatida yashayveradi! Yagona so‘rovimiz Parvardigordan: Shavkat Rahmonning bu dunyoda qilgan jamiki ezgu amallari, chekkan qayg‘u va g‘amlari, tortgan azoblari haqqi u kishini O‘zining rahmatiga olsin, joyini jannatidan qilsin.

Rahmon QO‘CHQOR
filologiya fanlari nomzodi

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Bitta fikr

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: