“…Turmush – yashash degan so‘z. Yashash uchun yerdan tortib quyoshgacha, muhabbatdan tortib g‘azabgacha, hammasi kerak, hammasi zarur. Umrini yashab o‘tkazgan kishining rohati ham, azobi ham, xafachiligi va xursandchiligi ham bir mazmun kasb etadi, bularning hammasi bir butun anorning alohida donalariday chiroyli, lazzatli bo‘ladi.
Tirikchilik – o‘lmasdan, tuproqdan tashqarida yurish degan so‘z. Tirikchilik uchun bitta ustara bilan bitta qayroq ham kifoya qiladi…”
O‘z umrini shunchaki tirikchilik qilib emas, iloji boricha YASHAB o‘tkazishga, unga mazmun-mohiyat baxsh etishga uringan Abdulla Qahhorning bu gaplari nafaqat bir inson uchun, balki butun millat uchun ham ibrat bo‘larlidir.
Insoniyat tarixida o‘tgan jamiki bosqinlardan maqsad – istilo qilingan elni yashashni unutib, tirikchilik qilibgina kun o‘tkazishga ko‘ndirish, bu ikki tushunchaning o‘rnini almashtirib yuborish edi. Hozir ham dunyoning ayrim nuqtalarida ayni ruhiy bosqin bor ko‘lami bilan davom etmoqda. Bu muddaoni bir bosqinchi qo‘polroq, ibtidoiyroq usullarda amalga oshirgan bo‘lsa, boshqasi juda ustalik bilan, nafsiy-madaniy yo‘l bilan hayotga tatbiq etdi, etmoqda. Bu tushunchalarning o‘rni almashib ketishi, yashashni bor-yo‘g‘i tirikchilik o‘tkazish deb anglash agar xalqning katta qismi uchun odatiy hol bo‘lib qolsa, bunday xalqning zavoli haqida, millat sifatida qiyofasini yo‘qota boshlagani to‘g‘risida bahs ochmoq ham mumkin bo‘ladi.
Bundan to‘rt-besh yil ilgari, do‘konlar peshtaxtalari bo‘shab, qo‘ni-qo‘shnilar bir-biri bilan kir sovunga shakar ayirbosh qilib yurgan paytlari o‘sha tirikchilik instinkti bosh ko‘targan, “Qaram bo‘lsak ham, ishqilib, do‘konlarda ul-bul bor edi-ku, odamga boshqa nima kerak – qorni to‘q, usti haminqadar but bo‘lsa, bo‘ldi-da” qabilidagi gaplar quloqqa tez-tez chalinib turardi. Ayni shu qarash, shu kayfiyat aslida qullikning, qul bo‘lishga ichki tayyorlikning dastlabki unsuridir.
Yodingizda bo‘lsa, sho‘ro hukumati kishilar ongida pulga nisbatan befarqlik, hatto nafrat ruhini shakllantirishga o‘la solib urinar, “Pul – qo‘lning kiri” degan aqida har qadamda miyaga quyilardi. Hatto “Kommunizmda pul bo‘lmaydi, hamma narsa tekinga taqsimlanadi!” degan cho‘pchaklar ham bor ediki, bularning bari omma nigohini reallikdan uzishga, uni befarq, karaxt va hardamxayol ushlab turishga qaratilgandi. Buni aslo nafsga qullikka qarshi yo‘naltirilgan muborak falsafa bilan almashtirib, qorishtirib bo‘lmaydi. Aslida, pulga nisbatan befarq munosabatni tarbiyalab olish insonning o‘ziga, qilayotgan mehnatiga, qadru qimmatiga nisbatan befarqlikni paydo qilish bilan barobar edi. Zero, pulda mehnatkash insonning peshona teri, sarf bo‘lgan kuchu aqli, oxir-oqibatda, o‘tayotgan umrining mujassam qiymati aks etadi. Puldan, halol ishlash evaziga olinishi lozim bo‘lgan haqdan nafratlanish, unga astoydil qiziqmaslik insonning o‘zligiga, mehnatiga nisbatan bepisandlik, befarqlik bilan tengdir…
Milliy mustaqillik xalqimizga IMKONIYAT atalmish ne’matni ato qildi. Butun mamlakat miqyosida ham, har bir oila, alohida inson misolida ham bu narsani sezmaslik mumkin emas. Yurt o‘z imkoniyatlarini bugun real biladi, baholay oladi, o‘shandan kelib chiqib mustaqil harakat yo‘nalishlarini, ertangi kunini belgilaydi. O‘zbekistonning, o‘zbekning imkoniyatlari haqidagi ilgarigi taxmin, ishonchsizlik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aldovlarga bugun barham berildi. Bu imkoniyat esa, ochig‘i, o‘zimiz o‘ylagandan, chamalagandan ham ko‘ra kengroq, qudratliroq ekani ma’lum bo‘lmoqda. Qisqagina vaqt ichida ma’lum bo‘ldiki, O‘zbekiston “Rossiya non bermasa” ham o‘zini o‘zi boqib olar ekan. Samolyot va mashinalarini yoqilg‘i bilan ta’minlash muammosining ham hech qanday vahimali joyi yo‘q bo‘lib, agar mavjud imkoniyat ishga solinsa, uning ham yechilishi tayin ekan. Agar o‘zbek zaminidan chiqayotgan gazning muayyan qismini o‘zi uchun sarf etsa, uzoq qishloqlaridagi o‘choqlari-da tezak tutunidan ozod bo‘larkan. Bu o‘lkada yetishtiriladigan pilla, paxta, meva-sabzavotning bo‘lsa hech qachon bozori o‘lmagay.
Odamlar orasidagi o‘zgarish, hayot tarzida yaxshi ma’nodagi behalovatlikning paydo bo‘lgani esa yana-da umidbaxshdir. Endi tirikchilikdan besh so‘m orttirgan oltita ulfat choyxonaga tiqilib kunni kech qilish hollari kamdan-kam uchraydi. Odamlar yashayotgan uy-joyini iloji boricha chiroyli, farishtali qilishga, kiyim-boshiyu iste’mol qilayotgan ovqatiga e’tibor bilan qarashga o‘rganmoqda. Bolalarining ham podaday uchragan maktabga borib-kelib umrini o‘tkazmay, qaysi maktabda, kimning qo‘lida, qachongacha o‘qitish, qay bilim va hunarga ega bo‘layotganiga qiziqishi tobora kuchayyapti. Hozir ota-onasidan ko‘proq pul topayotgan, ertalab onasining erkalab uyg‘otishini kutmay, o‘zini bilib ishini qilayotgan o‘spirinlar nega g‘ashimizni keltirsin?
Men so‘laxmonday gavdasi bilan angishvona sotib o‘tirgan, shuni o‘ziga ep ko‘rayotgan yigitlarni, “pul topishning aybi yo‘q” deya o‘zini bozorga urayotgan qiz-juvonlarni emas, dunyoning turli tillarini, kompyuter texnikasini, ilg‘or texnologiyalarni, zamonaviy hunarlarni o‘rganib, jismoniy va aqliy mehnatiga yarasha mo‘may daromad topayotgan, ishbilarmonlikning turli shakllaridan unumli foydalangani holda ham o‘ziga, ham yurtiga boylik orttirayotgan zamonamiz yoshlarini nazarda tutmoqdaman. Ular biz aytgan IMKONIYATni vaqtida his qilgan, o‘sha imkoniyatni joyida, keragicha, foydali yo‘nalishda ishga sola olgan kishilardir.
Sobiq ittifoqni nima qilib bo‘lmasin parchalanishdan saqlab qolish jazavasi avj olgan kunlarni eslang. Xalqqa aql bo‘lmoqni o‘ziga kasb qilib olgan ayrim “akademik”largacha televizorga chiqib olib, “O‘zbekiston mixni ham ittifoqdan oladi, agar undan ajrasak, holimizga voy” qabilidagi gaplarni isbotlashga urinishgan, millatning o‘z imkoniyatlarini anglashiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lishgandi. Bugun ma’lum bo‘ldiki, bu yurt, uning mehnatkash odamlari faqat mixgina emas, mashina ham ishlab chiqarish qudratiga ega ekan. Masalan, metall mo‘l emasligi Yaponiyaning ulkan avtomobil saltanatiga aylanishiga monelik qilolmagani singari, O‘zbekiston ham boshqa yer osti va usti boyliklari, eng muhimi esa, o‘z qo‘liga o‘tgan IMKONIYATI evaziga zamonaviy avtomobil ishlab chiqaruvchi ilg‘or mamlakatga aylanishi juda ham mumkin ekan!
Biz bugun tilga olgan yutuqlar xalqimiz qarshisida ochilgan imkoniyatlarning bir qismigina ishga solinishi evaziga qo‘lga kiritildi. Bu imkoniyatlarning esa, shukrki, cheki-chegarasi yo‘q. Hali ongimizda, dunyoqarash va kayfiyatimizda isloh qilinishi, o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan nuqtalar qancha. Hali o‘zbekning ma’naviyati yuksalishi, o‘zini tanishi va anglashi uchun talab naqadar katta. Hali tirikchilik o‘tkazish uchungina yashayotgan, Alloh ato etgan omonat umrni bitta ustarayu bitta qayroqqa bog‘lab qo‘ygan, haqiqiy YASHASH amalini egallamagan kishilar kammi?
Holbuki, Istiqlol bizga YASHASH IMKONIYATIni berib, undan qanday foydalanish huquqini ham o‘zimizga havola etmoqda. Bas, bu IMKONIYAT behuda sarf bo‘lmasin, “aziz umrimizning aziz onlari” o‘z qadriga, ma’no-mohiyatiga ega bo‘lsin!
Rahmon Qo‘chqor
“Vatan” gazetasi,
1997-yil 27-fevral soni.