SHAVKAT RAHMON QALBI

shavkat rahmon

Tavalludining 70 yilligiga

…Bu qalbda tuyg‘ular maysalardek yashil qonga to‘lib, shudringda soch chayib o‘sdi. Qalb kengliklarida chumchuqning tilidek titrab turgan ko‘katdan tortib, sollanib tushgan ko‘hna shoxlarining osti ming turli hasharotga uya bo‘lgan, tomiri tog‘ning yuragidan sizib chiquvchi chashmadan, boshi qalin bulutlardan suv ichuvchi, kamolini-da, zavolini-da birov ilg‘amas archalargacha qadalib yotadi. Uning quyoshi har tong bosh ko‘tarmaganidek, har oqshom ufqi qoraymasligi ham mumkin. Oq tunlar o‘rnini shimol yog‘dusi emas, qum bo‘ronlari birdan egallamog‘i ehtimol. Biroq bularning bari qalbning ichki garmoniyasi asosida yuzaga kelib, hammasi uning tabiatiga mos, yashashiga garovdir.

Gurkiragan bu rangin olam

Tuyg‘ularni o‘ynatib tashlar

Va ajoyib kunlar umrimda

Atirgulday ochila boshlar.

(1979 yil)

Qalb balog‘ati jism balog‘atidan ko‘ra sho‘xroq, beboshroq kechadi. Jism charchab tin olganda ham u uxlamaydi – xayollarni, hislarni turtib uyg‘otadi, ularni har kuyga soladi, yuzini qizartadi. Balog‘at pallasidagi qalbga qo‘nim yo‘q, chegara chizig‘i tortilmagan, qafas mutlaq begona. Sevgisining hididek nafratining tig‘i ham o‘tkir – yo jon beradi yoxud jon oladi…

Qalbda daqiqa sayin, soat sayin o‘sish-ulg‘ayish kechadi. Hali aql va ong beboshligida, hali ular har kuylarga yo‘rg‘alab yurganida, qalb o‘zlik sari, o‘zlikni tanish sari dastlabki qadamni qo‘yadi. Bu qadam shunchalar mustahkam, jismning tomir-tomirlariga chuqur botib turguvchi bo‘ladiki, kelgusida kutayotgan ne-ne zo‘ravonliklar, aldov va firiblar uni ortga qaytarolmaydi. O‘zlikni anglagan qalbga yashamoq naqadar erkin, naqadar og‘ir. Unga qancha-qancha tuyg‘ular kelib ketadi, biri vafo, biri jafo ko‘rsatib o‘taveradi. Biroq o‘zlik hissi, anglangan o‘zlikning burchi qalb o‘lmaguncha o‘lmaydi. Bu hisni na-da aldab, na-da avrab bo‘ladi. Unga faqat xiyonat qilish mumkin. Xiyonat tuni qalbning qazo tuniga to‘g‘ri keladi.

It bazmi qizigan oysiz shomlardan

qizg‘onib opqochdim daryo dilimni.

Bu chirkin og‘izlar…

singan kallalar…

ig‘vodan, bo‘htondan osilgan tillar…

hirslar lashkarlari bosgan pallada

shohlarin bo‘g‘izlab tashlagan dillar.

(1989 yil)

Endi qalb ko‘zi ochiq – u har narsani ko‘rib qoladi, bor narsani bilib oladi. O‘ziga va o‘zga qalblarga yetgan neki xo‘rlik, neki adolatsizlik bor – befarq bo‘la olmaydi, mo‘ltirab tura bilmaydi. U har insonga qalqon bo‘lgisi, borki qalb huquqi uchun jangga kirgisi keladi. U o‘zining aslida nozikkina ruhini qay yerda kurash, qaysi joyda hurlik himoyasi bor – o‘sha jabhaga safarbar etadi. O‘ziga va sirdosh qalblarga Faustdan shior tanlaydi, uni uydan chiqaverishga, ostonasi tepasiga qoqib qo‘yadi: “Har kuni kurashga chiqqan yashashga haqli!”

So‘zlarni qayraylik,

do‘stlar, jo‘ralar,

g‘aflat to‘shagida yotmay, shoshaylik:

yashamoq, kurashmoq, o‘lmoq sirlarin

bolakaylar uchun ochaylik.

(1985 yil)

Uning bu urinishlari naqadar samimiy, o‘tli bo‘lsa, shunchalar sodda va tajribasizdir. U o‘zi jangga kirmoqchi bo‘lgan maydonda halol va mard olishuv hech qachon bo‘lmasligini, bu yerdagi o‘yin qoidalari qoidasizlikka, g‘irromlik va nomardlikka asoslanganini hali anglamaydi. Unga oliy hakam deb uqtirishgani VAQT, qachondir fursati yetib kelganida ham, bu yerda yangi olishuvlar bo‘layotgani bois, chiqarajak hukmlariga tahrir kiritishga majbur bo‘lishini o‘ylamaydi. Maydondagi qip-qizil tuproqning har zarrasida “kurakka sanchilgan tig‘dan” yiqilgan bahodirlar ruhi chinqirayotganidan, uni bo‘lajak firiblardan ogoh etayotganidan mutlaqo bexabar. Qalb, juvonmard qismat faqat po‘latday toblanishni, xanjarday o‘tkirlanishni xayol qiladi, xolos:

Zulfiqor ruh kerak,

kerak chin yog‘du,

chin ishq yog‘dulari bag‘rimga to‘lsin,

jismimni toblasin faqat chin og‘riq,

chechaklar qop-qora bo‘lsa-da bo‘lsin.

(1989 yil)

… Maydonda u uzoq turadi, sabr-la kurashadi, yalovini yerga bermaydi. Bu olishuv asnosida “ne-ne qobirg‘alari sinib, paylari uzilib” (A.Oripov) ketsa-da, ingragan ovoz chiqarmaydi, og‘zidagi qonni tuflamaydi, ortga chekinmaydi. Uning ketidan maydonga kirgan necha-necha haybarakallachilar allaqachon tekin tomoshabinga, issiq holijoy egasiga aylanadilar. Ularning yana qanchasi bu jo‘mard qalb sirlarini yog‘iyga sotadi, yog‘iy zanjiriga o‘zining ojiz simlarini ulaydi – qalbga tuzoq qo‘yadi. Eng alam qiladigani, eng kulgilisi – bu nokas kimsalar ham o‘zlarining nojins qalblarini go‘yo kuylatadilar, o‘shandan chiqarib ash’or bitadilar. Qaysar qalbni o‘z saflariga, o‘zlarining “sangin saltanati”, “nahsdan bino bo‘lgan yovuz shaytanati”ga chorlaydilar:

Panoh so‘radimmi borimni yechib,

O‘zni urdimmi yo biron eshikka?

Qaltis lahzalarda orimdan kechib,

Kirdimmi sichqonlar kirgan teshikka?…

Bolam, jonim bolam,

bu go‘zal hurlik,

unutma bu hurlik to‘ralgan kunni!

(1991 yil)

Shu “go‘zal hurlik” bilan, bu “hurlik to‘ralgan kun” bilan bir vaqtda dunyoda Shavkat Rahmon degan shoir ham qayta tug‘iladi.

Bu ijodkor yurakning ovozi, sozi, hasrat va quvonchi o‘ziga qadar va o‘zi bilan yonma-yon yozganlarning birortasini qaytarmaydi, hatto eslatmaydi ham. O‘zbek she’riyatida bu qadar o‘ktam, bunchalik erkin, jasur ovoz anchadan buyon yangramagan, barmoq ham xuddi aruz singari to‘nib, birxillashib borayotgan vaziyatda uni birdan yangilab, yashirin imkoniyatlarini ochajak shoir xiyladan buyon kutilayotgandi.

Bu shoir vaziyatning emas, qismatning shoiri. Unga davr emas, u davrga mavzu beradi, u davrni emas, uni davr tinglashini istaydi. Oxir-oqibatda, u o‘z tengdoshlari bilan birgalikda ne-ne zamondoshlarni o‘ziga quloq osishga majbur etdi, ularning tosh qotgan bag‘irlarida tuyg‘u, fikr chechagini o‘stirishga erishdi.

Shavkat Rahmon she’rlarini mutolaa qilar ekanman, men ularda she’rdan-da yuksakroq, san’atdan-da muhimroq juvonmard ruhni his qilaman. Eslaysizmi, Ch.Aytmatovning “Kunda” romanidagi ona bo‘ri Akbaraning tunda Oyga qarab uzoq-uzoq uvlaganlarini? Bolalaridan, tug‘ilgan, tuqqan yerlaridan, jufti Toshchaynardan va eng alamlisi – zuryod qoldirish umididan mosuvo etilgan bo‘ri birovga shikoyat etmaydi, kimgadir yalinib, allaqaydan najot kutmaydi, balki uvlaydi, achchiq-achchiq uvlaydi. Shoirning tubandagi misralari xuddi o‘shanday uvlash emasmi, millatning zabun holidan, sho‘ro oyog‘i ostida toptalgan muborak Vatanining pajmurda jismidan o‘rtanib kuyish emasmi?!

El qirildi turkiy o‘lkada,

Er qolmadi – keldi ajali,

Kim qoniga botdi yo‘lkada,

Kim g‘ajildi nomoz mahali

(1987 yil)

Dilim, dunyo dayuslaridan

Qora terga botgan g‘ulomim,

Nastarinday pok hislaridan

Tufdonlarni qilgan kulolim,

Judo bo‘lding tabiatingdan,

Bo‘g‘zingda bor bir shoda mo‘ldir,

Judo bo‘lding tariqatingdan,

Endi tinchib qafasda o‘ltir…

(1989 yil)

Ayni shunday she’rlar, aslida, istiqlol haqidagi fikrning, tuyg‘uning tug‘ilib voyaga yetishini, kuch va e’tiqodga aylanishini ta’minlagan edi:

Marmar qo‘rg‘onlar oyoqlarida

Umrini yondirgan darvozabonlar…

Qutirgan jaholat tayoqlaridan

Sillasi qurigan daryozabonlar…

Dunyoning qayroqtosh taboqlarida

Kimlarga yig‘ladi pari sabolar.

(1988 yil)

Biroq o‘sha paytlardayoq shoirning umidi, ishonchi, Xudoga aytgani bor edi. Chunki, u Akbaradan farq qilaroq, INSON edi, katta bir xalqning, buyuk bir millatning vakili, oddiy vakili ham emas, SHOIRI edi:

Bir yomon, bir uzun, bir ulkan yig‘i

Qaysi bir javrning achchiq tortig‘i.

Oh, muncha aylanar, muncha to‘lg‘onar

Ichimda yillarning zanglagan tig‘i.

(1984 yil)

Surilar bu temir pardalar,

Istibdodning tug‘lari qular,

Mog‘or bosgan nursiz qa’rlardan

Million ozod ruhlilar turar.

(1987 yil)

Ko‘rinadiki, shoir istiqlolni jim kutmagan, mustaqillikni xom xayol deb bilgan emas, aksincha, uni juda real ko‘rgan, aniq his qilgan, unga yetishuv usullarini she’r ruhidan izlagan. Haqiqiy yangi davr, haqiqiy yangi qahramon bundan ancha ilgariyoq tug‘ilgan, voyaga yetayotgan, o‘zgalarni ham uyg‘onish yo‘liga, o‘zlikni tanish yo‘liga chorlagan edi.

Shavkat Rahmon uchun she’r yozish, ijod qilish shunchaki ko‘ngil chigilini yozish, kimgadir yoqish yoxud nazariga tushish, amal-e’tibor yo xashaki e’tirofga erishish, tirikchilik o‘tkazish tashvishi emasdi mutlaqo. O‘zining bu og‘ir, biroq sharafli va shavkatli qismatini u “Iqror” nomli she’rida yaxlit muhrlab qo‘ygan. Ko‘ngli rubobiy she’rlar yozishni har qancha tilamasin, yashil shajar bo‘lgan uning juvonmard jismu joni, oxir-oqibat, shivirlaydurg‘on bir yaproq qolmagan qilichday keskir shoxlarga do‘nmasin, u bor hayotini, butun borlig‘ini millatining erki, xalqining hurligi, mamlakatining ozodligi yo‘liga qurbon qildi:

          Men jangchi emasdim,

          men shoir edim.

          nihoyat shoirdan ko‘ra zobitman,

          har nafas musulmon millatim dedim,

          nafsiga kuyganlar keldi oqibat…

Qarangki, u mana shu xulosasi, armonida ham hamon haq, hamon g‘olibdir…

Shavkat Rahmon bir she’rida

          Axir kimman o‘zim,

          Mangulikka sal agar qiyoslasak,

          Shavkat Rahmon kim?

degan savol qo‘yadi. Bizning poyoniga yetayotgan mulohazalarimiz ayni savolga javob izlab qilingan ojiz urinishdir, xolos.

Rahmon QO‘CHQOR

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: