SEN TANQIDNI SOG‘INMADINGMI?

Sen tanqidni sog'inmadingmi

Keyingi paytlarda matbuot, radio-televideniyedagi qator chiqishlarni kuzatishga, bir qancha adabiy suhbatlarda ishtirok etishga to‘g‘ri keldi. Ularning aksariyatida bir savol, goh tabiiy tarzda, gohida esa unchalik shart bo‘lmasa-da, o‘rtaga tashlandi. Ya’ni: “Mustaqillik davri adabiyoti qanday bo‘lishi kerak?”

Tabiiyki, savol topilgan ekan, unga turli javoblar ham bildirilyapti. Mulohaza aytmoqchi bo‘lgan kishilar orasida sohaning yetakchi bilimdonlari ham, va aksincha, umuman adabiyot o‘zi qanaqa bo‘ladi, degan savolga hozirga qadar ishi tushmagan, biroq “doim jonbozlik ko‘rsatib turishim kerak”, deb o‘ylaydiganlar ham bor.

Bizning fikrimizcha esa, “Mustaqillik davri adabiyoti qanday bo‘ladi?” degan savolning o‘zida kamida bitta noto‘g‘rilik bor. Chunki davr degan tushuncha cheksiz vaqtning muayyan bir oralig‘ini – gohida biror kampaniyachilik, gohida bir avlod hayoti yoxud biror tarixiy voqea bilan bog‘liq yillarni o‘zida qamragan, umumtaraqqiyotning bir bo‘lagini anglatadi: “kolxozlashtirish davri”, “Ikkinchi jahon urushi davri”, “turg‘unlik davri avlodi”, “oshkoralik davri” singari.

Xo‘sh, “mustaqillik” degan hodisa ham faqat bir davr, muayyan yillar bilan cheklanadimi, unga ham o‘tkinchi kampaniyachilik sifatida qarashimiz kerakmi? Millatimiz bu hayot tarzini – chetdagi hech kimga bo‘ysunmay, mustaqil yashash niyatini o‘zi uchun, shukrki, abadiylikka tanlamadimi?

Demak, savolni boshqacharoq tarzda qo‘ysak, ham tarixiy, ham siyosiy, ham ilmiy, eng muhimi esa – ijodiy-estetik jihatdan to‘g‘riroqdir, ya’ni: MUSTAQIL ADABIYOT QANDAY BO‘LADI?

Agar bosh qotirish kerak bo‘lsa, aynan shunday masala – ayniqsa, biz uchun – deyarli bir asr mobaynida erkin ijod qilish huquqidan mahrum etilgan millat uchun – o‘ta muhim savol ustida mulohaza yuritsa arziydi. Mustaqillik degan tushuncha yonida bo‘lsa, unga egizak sifatida, ERKINLIK degan qadriyat ham, albatta, yashaydi. Demak, bundan keyingi adabiyot erkinlik sharoitida tug‘ilishi, yashashi, muhokama qilinishi, baholanishi kerak. Ijodkor o‘z yozuv stoli ustida, ichki o‘ylari, dunyoga, siyosatga, jamiiyatga, insonga, qadriyatlarga qarashida mutlaqo erkin bo‘lmog‘i, unga hech qanday kuch yoxud mafkura daxl qilmasligi lozim. Agar mana shu dastlabki, biroq asosiy shart bajarilishiga erisha olsak, aminmanki, milliy adabiyotimiz bag‘rida umuminsoniy ahamiyatga molik o‘qishli asarlar yaratilajak.

Bugungi adabiy jarayon to‘g‘risida fikr so‘ralar ekan, mening nazarimda, hozir ayniqsa muhim bo‘lgan bir masalaga diqqat qilmay ilojimiz yo‘q. U ham bo‘lsa, bugungi adabiy tanqidning ahvoli muammosidir. Adabiy tanqid kundan-kunga kuchsizlanib, madordan ketib, hatto so‘nib boryapti, desam meni ortiqcha vahimachilikda ayblamasalar kerak. Adabiy jurnallarimizning sahifalari yillab jiddiyroq tanqidiy maqola ko‘rmay qo‘ygani odatiy hol bo‘lib qoluvdi. Biroq, mana necha oylarki, adabiyot gazetamizda ham qanday bo‘lmasin konkret asarlar yoxud tamoyillarni tahlil etgan, ularning jozib va ojiz jihatlarini ishonarli ochib bergan maqolaga ko‘zimiz tushmayapti. Holbuki, adabiy bozorimizga keyingi uch-to‘rt yil ichida bostirib kirgan, hali muqovalanmay turib “srok”i o‘tgan, o‘quvchining adabiy oshqozonini ishdan chiqarishi tayin bo‘lgan mahsulotlarning salmog‘i chayqov bozordagi zararli saqichlar salmog‘idan oz emas.

Yodingizda bo‘lsa, bunday “asar”lar adabiyot hududini bozorga aylantirishni boshlagan dastlabki pallalarda biz ularga beparvo qo‘l siltab, “tanqiddan tuban” deya o‘zimizni ko‘rmaganga olgandik. Bugunga kelib esa, ularning mualliflari asl iste’dodlar ustidangina emas, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik ustidan ham kibr-la kulishmoqda. Bu tomonning ojizligini his qilishgani sayin yaltiroq muqovali kitoblarini ko‘paytirishib, “romanlar turkumi”ga yangilarini qo‘shishmoqda.

Albatta, adabiy tanqid bugun ham “vaqt hamma narsani o‘rni-o‘rniga qo‘yadi”, deya o‘zini ovutishi (to‘g‘rirog‘i – aldashi!) mumkin. Biroq maktab o‘quvchilari, o‘rta va oliy o‘quv yurti talabalarining (demak, ertangi kun kishilarining!) qo‘lidagi kitoblarga bir qarang – biz bilan Siz haligacha e’tiborga arzimas sanaganimiz “adabiy brak” mahsulotlar yoshlarning ongini tobora o‘ziga tortib, didini qashshoqlashtirishdek “ulkan” vazifasini bemalol bajarmoqda. Yoshlarga jahon va milliy adabiyotning mumtoz namunalarini taklif etsangiz, “tushunmayapmiz, murakkab-ku!” degan javob eshitasiz va bu holatning yuzaga kelishida adabiyot hududini chigirtkaday bosib ulgurgan boyagiday “tushunarli asarlar”ning hissasi ozmunchami?

Demoqchimanki, bugungi adabiy jarayonning qandayligini adabiy tanqidning unga munosabatidan ham anglasa bo‘ladi. Suhbatimiz boshida sog‘inganimiz erkinlik muhiti o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmay, uning yuzaga kelishida erkin adabiy tanqidning o‘ynashi lozim bo‘lgan roli bugun naqadar sezilmoqda. Bu har birimizning zimmamizga jiddiy vazifalar yuklaydiki, bu vazifalar qanchalik tez va soz bajarilsa, mustaqil (demak, erkin!) adabiyotning ravnaqi shunchalik ta’minlangan bo‘lardi.

Rahmon Qo‘chqor

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,

1997-yil 17-yanvar soni

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: