SЕL YO‘LI

Sel yo'li

…Bolaligimizda – o‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshidagi bir ko‘klam juda besaranjom kelgan edi. Aniq esimda, bir kun zavol payti osmonning turqi nihoyatda xunuklashib ketdi. Butun ko‘kni qalin, qo‘rg‘oshinday og‘ir qora bulutlar qoplab, nursiz osmon qatlaridan bo‘g‘iq, vahimali momaqaldiroq ovozi ketma-ket yangray boshladi. Hali u, hali bu tomondan chaqmoq, yashin yaltirab, avval boshimizga bir-ikki tarsillab tushgan yirik sovuq tomchilar birdaniga jalaga aylanib ketdi. Biz – rosa sog‘ingan bahorgi o‘yinlarimizni endigina boshlagan bolalar bu holni avval qiziqib, atrof javonibdagi o‘zgarishlarni bir-birimizga suyunchilab ko‘rsatib tomosha qilgan bo‘lsak, jala kuchayib, ko‘chalarni bo‘tana sel suvi katta shiddat bilan to‘ldira boshlagach, hammamiz uy-uyimizga chopib qochishga tushdik. Uydagi kattalar ham xonalardan tashqariga otilishib, osmonning xunuk alfoziga cho‘chib boqqancha “La ilaho illalloh” deya, bizni baland, usti yopiq so‘rilarga chiqib olishga amr etishdi. Ortimizdan o‘zlari ham shu yerdan joy olishib, egnilaridagi qalinroq kiyimlarini yechib, yelkamizga tashlashdi. Jala shu darajada kuchli yog‘ardiki, hech qancha o‘tmay hovlimiz tizza bo‘yi suvga to‘ldi va u daqiqa sayin ko‘tarila boshladi. Shunda dadam (Alloh u kishini rahmatiga olgan bo‘lsin!) shimining pochalarini baland shimarib so‘ridan pastga tushdi. Omborxonadan yo‘g‘on lo‘m olib chiqib, hovlining ko‘chaga qaragan devori pastini tandirning og‘zidek qilib buzib tashladi. Hovliga to‘layotgan suv ham ko‘chada juda qattiq shiddat-la oqayotgan loyrang sel yo‘liga qo‘shildi…

Umrimda birinchi bor ko‘rganim bu selning chinakam talofatini ertasiga – u tinchiganidan keyingina his qildik. Ko‘chamizning quyidan kattagina anhor – Xo‘tanariq oqib o‘tar edi. Hammani lol qoldirgan manzara shu bo‘ldiki, kechagi kuchli sel suvi anhor o‘zaniga burilmay, tepadan qanday shiddat bilan tushgan bo‘lsa, shu alfozda anhorning narigi qirg‘og‘ida joylashgan hovlilarning xom g‘isht va paxsadan tiklangan devoriga urilgan, ularning aksariyatini qulatib tashlagandi. Odamlarning hovlilari bel barobar qora balchiqqa to‘lgan, ketmonlab chopib olinayotgan balchiq betida esa shahar tepasidagi adirlarning sel suvida oqib kelgan, ketmon tig‘idan ikkiga bo‘lingan ilonu chayonlari, kalamush va yumronqoziqlari, yana har turli jonivorlarining qontalash o‘ligi ko‘rinar edi…

O‘sha manzarani biz bolalar bilan birga kuzatgan dadam aytgan gaplar xotiramda bir umr muhrlanib qolgan: “Boshboshdoq selning o‘zini shiddati, odam bolasi yo‘lga sololmaydigan yomon kuchi bo‘ladi. Uning bo‘tana suvi ariqning ham, anhorning ham suviga qo‘shilmay, yo‘lida uchraganki narsani oqizib, yakson qilishga tushadi. Xalq “Suv balosidan asra” deganda xuddi shu sel suvini eslab aytadi…”     

Bugun aksariyat inson zotini o‘ziga jalb qilib olgan ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanman, u yerlarda soat emas, daqiqa emas, soniya ichida ketma-ket paydo bo‘ladigan goh xush, goh noxush xabarlar, foto va video shaklidagi manzaralar, yuzminglab tur kayfiyatlar beixtiyor yodimga o‘sha – bolaligimda ko‘rganim sel shiddatini solaveradi. Agar bir-ikki mutaxassis alohida o‘rganib bilmasa, o‘sha vayronkor selga sabab bo‘lgan bulutlar qay yerlardan yig‘ilib kelganini olomon bilmaganidek, bu tarmoqlardagi qay bir xabar qayerdan kelayotganini, uni kim yozayotgani, suratga olayotgani, ommaga tarqatishdan asl maqsad-muddaosi ne ekanini, bu xizmati uchun kim tomonidan qancha rag‘batlantirilayotganini hatto uncha-muncha mutaxassis ham tagiga yetolmaydigan holat vujudga kelgani – achchiq haqiqatdir. Mana shu – turli siyosiy, harbiy, iqtisodiy, mafkuraviy, ma’naviy hamda madaniy manfaatlarni ko‘zlab peshma-pesh tayyorlanayotgan, tarqatilayotgan, bir mamlakat yoxud millat boshi ustida to‘dalashtirilayotgan axborot bulutlari omma ongu shuuriga xuddi sel yomg‘iri yanglig‘ yog‘dirilyapti. (Darvoqe, zamonaviy axborot texnologiyalari tilida katta hajmli (o‘rtacha 15 gigabayt) axborot sig‘imi inglizchada “sloud”, ruschada “obloko”, o‘zbekchada bo‘lsa “bulut” deb nomlanadi!)  

Eng xatarli jihati shundaki, mazkur faoliyatga dunyoning eng aqlli, uzoqni ko‘ra biladigan, tajribali psixologlari, sotsiologlari, siyosatdonlari, siyosiy texnologiyalarning pirlari ham katta-katta moddiy rag‘bat evaziga jalb etilmoqda. Duyoning qay bir hududiga, mintaqasi yoxud mamlakatiga aynan bugun qay mazmundagi xabarlarni ko‘proq tarqatish lozim, ular qay tarzda va mazmunda shakllantirilsa, omma e’tiborini tezroq va ko‘proq tortadi, uning ruhiyatiga kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi… degan masalalar o‘sha mutaxassislar tomonidan obdon hisobga olinadi. Tarqatilgan xabarning yana-da ommalashuviga esa uni tarqatganlarning hamtovoqlari xabar yoyilgan mamlakatdagi odamlar ismiga mos turli taxalluslar bilan ketma-ket “yolqinli” kommentlar – “shaxsiy fikrlar” yozishadiki, bu serdaromad kasbning hozirgi nomi “troll”ik ataladi. Ming taassufki, bu shonsiz va orsiz ishni o‘zga kasb qilib olgan, shuning ortidan bola-chaqa boqayotgan kimsalar orasida o‘z yurtdoshlarimiz, millatdoshlarimiz ham ancha-muncha topiladi…

Agar bugun Iroq, Suriya, Yaman singari, yaqin-yaqinlarda ham dunyoviy va ruhoniy madaniyatning yirik o‘choqlari, ahli ilmni o‘ziga tortgan markazlari bo‘lgan yurtlar misli ko‘rilmagan fojialar girdobiga tushirilgan, Afg‘onistondagi birodarkushlik urushi, mana, qirq yildan buyon tinchimay alangalanib yotgan bo‘lsa, bu ayanchli holatlarning tag zaminida ayni shu faoliyat – Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqning olomonga aylantirilayotgani, bir millat, bir din egalarining bir-biriga yov turli guruhlarga bo‘lib tashlanganidek kirdikorlar yotibdi.

Yodingizda bo‘lsa, biz eslagan yurtlardagi bu foje ishlar avvalboshda “demokratiyani joriy etish”, “inson huquqlarini tiklash va mustahkamlash”, “xalq hokimiyatini o‘rnatish” degan, aslida ezgu niyatlar nomi bilan atalgan edi. Endi bugun xolis, vijdonni o‘rtaga qo‘yib o‘zimizga va bu ishlarning boshida turgan, biz hech qachon yuzma-yuz bo‘lolmaydiganimiz kimsalarga savol beraylik:

Ko‘zlangan go‘yo ezgu maqsadlarning, o‘rtaga tashlangan “yoniq da’vatlar”ning ro‘yobi qani?

Xohlagan odam istagan kishini qatl etishi – demokratiyami?

“Hammasini Xudoyimga aytib beraman!” deya murg‘ak joni taslim bo‘lgan bolajonning oddiygina yashash huquqini bu to‘loto‘m ichida kim, ne yo‘l bilan himoya qila oldi?

Xalq hokimiyati degani bugun ko‘rayotganimiz hokimiyatsizlik, bosh-boshdoqlik, anarxiyani anglatadimi?

Millionlab fuqarolari dunyo bo‘ylab qochqin holida darbadar kezayotgan bu xalqlar bergan qurbonlar, moddiy va ma’naviy yo‘qotishlar badalini endi kim to‘laydi?

Oxir-oqibat, Ikkinchi jahon urushi aybdorlari, Bolqon (Yugoslaviya) urushi jinoyatchilari ustidan o‘tkazilganidek xalqaro sudlar arab yerlarida vujudga keltirilgan bu xunrezliklarning chinakam aybdorlari ustidan ham bo‘ladimi? Bu haqda kimdir, biror bir xalqaro tashkilot jiddiy bosh qotiradigan kun qachon keladi? Umuman, keladimi o‘zi?..

Endi suhbatimizning birmuncha cho‘zilib ketgan bu muqaddimasidan asl muddaoga o‘taylik.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va axborotdan to‘siqsiz bahramand bo‘lish borasida vujudga keltirilgan erkinlik yillar davomida yig‘ilib qolgan ko‘plab muammolarning oshkor bo‘lishi, ularning bir qismi tezkor ijobiy yechim topishi, umuman, aholining o‘z dardu tashvishlarini boshqalarga emin-erkin bayon qilishidek ijobiy muhitni yaratganini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim. Zero, yashirilgan dard hech qachon yaxshilikka olib kelmasligi eskidan ma’lum gap.

Biroq hamma gap – o‘sha erkinlikdan kim ne maqsadda foydalanayotganiga, uni nimalarga ishlatayotganiga borib taqalmoqdaki, bizningcha, bu masalada butun jamiyat, ayniqsa, boshqaruv apparati jiddiy bosh qotirishi talab etiladi.

Yodingizda bo‘lsa, hali istiqloldan avvaloq (1991 yil 14 iyunda) yurtimizda fuqarolarning diniy erkinligi, e’tiqod hurligini ta’minlash maqsadida alohida qonun qabul qilinib, bu yo‘nalishda g‘oyat demokratik, ezgu harakat boshlangan edi. Mazkur siyosiy iroda ko‘plab insonlarda shukronalik hissini uyg‘otgan bo‘lsa, bir qism kimsalar bu holni o‘zlarining qabih niyatlarini amalga oshirish imkoni, deb bilishdi. Respublikaning butun hududida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib ketgan katta-kichik yangi masjidlarga, diniy savodi bor mutaxassislar yetishmaganidan, ichimizdan chiqqan ko‘rqorilardan tortib, xorijdan “xolis xizmat” uchun kelgan kishilar imomlik qila boshlashdi. Hatto dahriy sho‘rolar zamonida ham bitta masjidda yonma-yon namoz o‘qigan, yagona mazhab ostida birlashgan musulmon xalqimiz “yangi masjid”larda goh oshkora, goh pinhona yangraydigan “ta’sirchan” da’vatlar tufayli bir-biriga ola qaraydigan, “bu masalada mening imomim haq!” deydigan ahvolga tushishdi. Undan keyingi voqealar – goh vodiyda, goh poytaxtda, gohida esa voha viloyatlarida yuz bergan terrorchilik harakatlari va ularning oqibatlaridan esa hurmatli o‘quvchilarimiz yaxshi xabardor.

Xuddi shu tufayli ham bugun kuzatayotganimiz – ijtimoiy tarmoqlardagi tobora kuchayib, g‘ovlab borayotgan ekstremistik da’vatlar, hamma narsani inkor etish, axlatbozlik, og‘zi shaloqlik, g‘iybat, uyatsizlik tarzida namoyon bo‘layotgan olomonchilik holati ham siz bilan bizni befarq qoldirishi mumkin emas.

Tarmoqlardagi gap-so‘zlarga astoydil, sinchkov nazar solaylik. Aksariyat holda hamma narsadan va hammadan norozilik, ulardan nedir ayb, qusur topishga, juda topilmasa, qandaydir shubha tashlab qo‘yishga ishtiyoqmandlik. U yoxud bu voqea sababi va oqibatini ozgina o‘ylab, tahlildan o‘tkazmay turiboq inkor qilishga oshiqish. Fikr bildirilayotgan, haqorat qilinayotgan, la’natlanayotgan kishilar ham konstitutsiyaviy huquqqa ega fuqarolar, qay bir oilaning yo boshlig‘i, yo oddiy a’zosi ekani, ularning-da insoniy g‘ururi va sha’ni bor ekanligi boyagi – go‘yo “so‘z erkinligidan” foydalanayotgan, o‘zicha “jabrdiyda” alfoziga kirib olgan kimsalar uchun chikora. Bu og‘zi botir kishilar ikki gapining biriga xalq, millat, mamlakat taqdiri degan muqaddas tushunchalarni qo‘shishni unutmaydilar, go‘yo butun fikri va boyagiday zikrlari o‘shalar qayg‘usida ekaniga ochiq sha’ma ham qiladilar. Boshqa tomondan esa, kuni kecha “uyida sveti yo‘q, gazi yo‘q, yegani noni yo‘q xalq” qayg‘usida “mardona bong urgan” bu kishilar bugun Feysbuk (o‘zlarining tilidagi “Fayzli bog‘”)da  eng qimmat yemakxonalardagi tekin dasturxon ustida yegan-ichganigacha ko‘rsatilgan rasmlar bilan maqtanishdan zarra hijolat bo‘lmaydilar…

Savodi haminqadar bu kimsalar boshqalarga o‘xshab kamida to‘rt yil o‘qib junalist bo‘lishni zamondan orqada qolish, mutlaqo shart bo‘lmagan ovoragarchilik deb bilishsa kerakki, bir yumalab o‘zlariga “bloger” degan nom qo‘yib olishgan. Ularning nazarida, blogerdan hamma – mahalla fuqarolar yig‘ini raisidan boshlab viloyat hokimigacha qo‘rqib, cho‘chib turishi, uning har qanday talabiga “labbay” deb javob berishi, shunda ham u xohlagan tarzda gapirishi lozim. Bo‘lmasa, o‘sha kuni, (nima deyapsiz?!) o‘sha zahotiyoq bu mutasaddi butun yurtga sharmanda qilinadi. (Albert Eynshteyn “Bilishni hamma nodon ham eplashi mumkin. Eng asosiysi tushunishda” deganida qanchalar haq bo‘lgan!)   

Agar bular o‘zimizning – “ichki kadr”lar ijrosida ko‘rilayotgan ajabtovur tomoshalar bo‘lsa, boya aytilganidek, aslida tashqarida, ism yoxud taxallusni biznikiga moslab tanlab olgan kishilar qilmishlari xavflilik jihatidan bularnikidan oshib tushadi.

Ular ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yib tarqatayotgan xabarlar, yozayotganlari kommentlari orasida yurtimiz kishilarining faqat iqtisodiy, ijtimoiy hayotigagina emas, balki milliy, diniy, insoniy his-tuyg‘ulariga kuchli, kutilmagan tarzda daxl qiluvchi, ularni muvozanatdan chiqarishga qaratilganlari kun sayin ko‘paymoqda, tobora kuchaymoqda. Muqaddas dinlarni reviziya qilish, u yoxud bu muammoga biror bir diniy ta’limotga aloqasi bo‘lmagan talqinlar orqali “yechim taklif etish”, “fatvo e’lon qilish”, diniy konfessiyalar orasida sun’iy ixtiloflar keltirib chiqarish – bu kimsalar, maxsus uyushtirilgan guruhlar faoliyatining asosiy mazmuni va maqsadini tashkil etyapti.

O‘zbek millati manfaatlarining “himoyachisi” rolini o‘ziga o‘zlashtirib olgan boshqa bir to‘da esa uzoq va yaqin tarixda kechgan voqealarni (ularning chin sabab va oqibatlarini mutlaqo bilmaganlari holda!) dastak qilib olib, butun bir millatlarni xalqimizning dushmani, deb e’lon qilishdan toymayaptilar…

Boshqa bir tomonda esa “dunyo moli”ga hirs qo‘ygan kimsalar nimani yeb nimani ichayotgani, nimani kiyib, nimani yechayotganigacha – hammasini namoyish qilish orqali farzandlarimizni buyumparast, molparast, tanaparast to‘daga aylantirish ilinjida o‘lib-tirilmoqdalar. Tana namoyishi, o‘sha irkit  tanaga solingan isqirt suratlar namoyishi, hayvonnikidan-da tuban jinsiy aloqalar namoyishi… – sadizm va mazoxizmning shu singari zamonaviy haddi a’lolarini siz bilan mening norasida bolalarimiz, o‘spirin o‘g‘il-qizlarimiz, kechagina kelinlik va kuyovlik libosini kiygan farzandlarimiz ko‘rmaydi, bilmaydi, deb o‘ylash oddiygina soddalik emas, borib turgan go‘llik bo‘lur edi…    

Bularning hammasi, ming taassuflar bo‘lsinki, bizning ruhiyatimizda insoniy va rahmoniy emas, balki shaytoniy mayllarning ildiz otishiga, iymon-e’tiqodning mo‘rtlashuviga, umumjamiyat miqyosida esa olomon psixologiyasining kuchayib borishiga olib kelishi tayin. Bu – shaxs psixologiyasidan keskin farq qiluvchi, o‘z nomi bilan olomon – to‘da psixologiyasidir. Unga esa, birinchi navbatda, tomoshaga o‘chlik, tomoshatalablik ishtiyoqi xosdir. O‘zimizga, bugungi ahvoli ruhiyamizga tik qarab, mana bu savollarga vijdonan javob beraylik: ertalab ijtimoiy tarmoqlarga nima uchun kiryapmiz? Nega bunchalar oshig‘ich intilyapmiz unga? Hali yuzni ham yuvmasdan, nonushta ham qilmasdan izlaganimiz nima o‘zi?

Ochiq va to‘g‘ri javob, tan olamizmi-yo‘qmi, mana bu: juda ko‘pchiligimiz ushbu tarmoqlarga tomosha uchun kiryapmiz. Uxlab turgunimizga qadar dunyoda ne falokat bo‘lgani, qaysi kutilmagan hodisadan hammadan avval xabardor bo‘lish mumkinligi, kim nima qovun tushirganini ko‘rishdan quruq qolmaslik, halizamon ishxonada, o‘qishxonada, ko‘chadagi xotinlar, choyxonadagi erkaklar o‘rtasida “hech narsadan xabari yo‘q – go‘l”, yoshlar tilida aytganda – “lox” ko‘rinmaslik uchun kirmoqdamiz bu arzon tomoshaxonalarga.

Va mana shu uzluksiz, xuddi ko‘knoriga o‘rganib qolgan bangidek hamma narsani unutib beriladiganimiz mashg‘ulot ta’sirida bizda psixologik istaklar vektori o‘zgarib bormoqda. Bir qism odamlarda esa hayotiy, ruhoniy e’tiqodlar, dunyoqarash, qadriyatlar tizimi, hayot mazmuni xususidagi to‘xtamlar jiddiy deformatsiyaga uchrayapti, qalbdagi, iymondagi aynish jarayoni yaqqol namoyon bo‘lyapti.

Eng xavflisi – sanog‘i anchagina salmoq kasb etib borayotgan odamlarda, xususan, yoshlar o‘rtasida milliy nigilizm paydo bo‘lmoqda. (Nigilizm (lotincha nihil — “hech narsa”, “hech nima”) mavjud va umume’tirof etilgan qadriyatlar, ideallar, axloq-odab normalarini inkor etuvchi qarashlar va ularga asoslangan amaliyot shakli; ijtimoiy hayotda shakllangan, odat tusiga kirgan har qanday qoida, tamoyil va qonunlarni inkor qiluvchi nuqtai nazar; o‘tmish davrlardan qolgan ma’naviy qadriyatlar va madaniy merosni inkor etish. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot inqirozga uchragan davrlarda, ayniqsa, keng yoyiladi.)

O‘z xalqi, millatiga taalluqli barcha ijobiy xislatlarni inkor etish, uning tarixiga nopisandlik, bugungi kunidan istehzo aralash kulish va ertangi taqdiriga befarqlik ijtimoiy tarmoqlardagi gap-so‘zlar orasida yaqqol sezila boshlagan simptomlardir.

“O‘zi avval ham zo‘r (ularning tilida – “go‘r”) emasdik, bugungi holimizdan kelajakda ham hech balo bo‘lmasligimiz ayon”, “bizda hech narsa o‘zgarmaydi, o‘zgartirib bo‘lmaydi ham, hamma gap-so‘z, harakat xo‘jako‘rsinga”, “bizning boshimizda biror-bir boshqa millat bo‘lmasa, o‘shalar bizni yo‘lga solmasa, o‘zimizning qo‘limizdan balo ham kelmaydi”, “xullas, bu yurtdan surish kerak”… qabilidagi “oshkora hukmlar”ning ochiqdan-ochiq, hech bir istiholasiz izhor etilayotgani mavjud voqelikka juda jiddiy yondashish, uni chuqur tahlil etgan holda vaziyatni o‘nglash haqida o‘ylash vaqti allaqachon kelganini anglatadi. Chunki, voqeliklardan xulosa qilinsa, bizning yoshlar (hatto bir qism katta yoshdagi odamlar ham!) o‘zining xalqidan, millatidan bezib borayotgandek tuyulyapti. Bu borada vaqtni ozgina boy berish ham har jihatdan juda katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini chuqur his qilmog‘imiz kerak.

Boyagidek gaplarni, hukmlarni, xulosa-yu da’vatlarni kimdir bilmasdan, boshqa kimdir esa juda yaxshi bilib, ongli, tizimli, rejali tarzda amalga oshirmoqda. Zero, omma orasida norozilik kayfiyatining kuchayib borishidan, oxir-pirovardida u ijtimoiy portlashga olib kelishidan manfaatdor kuchlar keragidan ortiq topiladi. To‘g‘risi, agar shunday kayfiyat butun jamiyatga tarqab ketsa, aholining yana-da ko‘proq qismi ruhiyatidan o‘rin olsa, bizni dahshatli kelajak kutayotganini sezish ortiqcha aql va farosat talab qilmaydi. Agar buning oldini vaqtida olmasak, bugungi kunlarimiz, tushib qolgan ahvolimiz holva bo‘lib qolishi-da tayin gap…

Oldindan tasavvur qilish mumkinki, bizning bu mulohazalarimiz, agar ular yuqorida aytganimiz ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yiladigan bo‘lsa, ko‘pdan-ko‘p “chinakam demokratiya tarafdorlari”ning biri biridan shalaqroq, ochiqdan-ochiq haqorat ohangidagi hujumlari seliga duch kelishi ham tayin. Ular o‘zlarining “xalq tomonida turib” aytadigan bu iddaolariga real hayotdan ko‘plab misollarni dastak qilib ko‘rsatishlari-da aniq. Va shu bilan ular go‘yo o‘zlarining boshqalardan ko‘ra haqroq va hukm aytishga munosibroq ekanliklarini xalqqa namoyish ham qilishadi, yuzlab, balki minglab “layk” olishga-da erishishadi… (Aristotel “Axloqiy fazilatlar odamning niyatida aks etadi” degani bejiz emas-da.)

Boshqacha aytganda, mavjud vaziyatni aql va tafakkur bilan chuqur tahlil qilish, muammolarni vazminlik hamda o‘zaro birdamlik yordamida kunma-kun hal etib borish taklifidan ko‘ra (chunki hayot bor ekan, u shiddat-la davom etar ekan, bu muammolar biror bir sohada uzil-kesil hal bo‘lishini karomat qilish – borib turgan xomxayol!), har qanday mulohazani yoppasiga inkor etish – olomon tegrasiga ko‘r-ko‘rona birlashish instinkti bugun har qachongidan ko‘ra kuchayib borayotgani – achchiq haqiqatdir.

Demak, millati va mamlakati, ona Vatani taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz boyagiday kishilar, guruhlar, mafkuraviy markazlar qo‘lida bizga qarshi dastakka aylanadigan har qanday noqonuniy, noinsoniy xatti-harakatdan o‘zini tiymog‘i, yomon nafsi, falokatli kibri, inson sha’nini bulg‘aydigan istak va qarashlaridan uzil-kesil voz kechmog‘i talab etiladi.

Zero, siz bilan menga onabag‘irlik qilgan (dunyoning boshqa biror yerida bizga bunday beminnat bag‘ir yo‘q!) jafokash yurtimizdagi har bir inson o‘z vazifasini halol bajarsa – dehqon, ishchi, injener, olim, o‘qituvchi o‘z ishini vaqtida, sifatli uddalasa; yozuvchi asarini, shoir she’rini vijdonan yozsa-yu, qo‘shiqchi ham o‘zining ziyolilar qatlamiga mansubligini unutmasa; boshqaruv idoralarida xizmat qilayotganlar o‘zining maoshi qabulini kutib o‘tirgan adolattalab xalq mehnatidan yig‘iladigan soliqlardan berilishini chuqur anglab faoliyatini yo‘lga qo‘ysa… ishonamanki, ortiqcha majlislarga ham, ming turli do‘q-po‘pisa-yu, tunu kun ustida turib nazorat qilishga ham hojat qolmaydi.

Hamma o‘z ishini to‘g‘ri va oxiriga qadar sifatli ado etsa, imonim komilki, o‘nglanamiz. Zero, farrosh o‘z yumushini to‘la bajarar ekan, atrofni axlat bosmaydi, amaldor to‘g‘ri ishlar ekan, boshqaruv tizimida ham axlat to‘planmaydi. Chunki hammasi, hammasi bir-biriga chambarchas bog‘liq.

Ana shu ma’noda suhbatimiz avvalida eslaganimiz holatni yana yodingizga solamiz:

BIZ SЕL YO‘LIGA TUSHIB QOLMASLIGIMIZ, BOSHIMIZGA SЕL CHAQIRMASLIGIMIZ, MILLIY MANFAATLARIMIZNI, MILLIY XAVFSIZLIGIMIZNI ONGLI MUHOFAZA QILMOG‘IMIZ LOZIM!

Mulohazalarimizni esa yevropalik bir faylasufning mana bu mazmundagi ibratli gapini keltirish bilan yakunlaymiz:

“Agar siz taqdirning kaftlarida erkalanib, rohatda yashayotgan bo‘lsangiz, unutmangki, taqdirning o‘sha kafti va oyoq barmoqlari orasidagi masofa juda unchalik uzoq emas. Agar oyoq barmoqlari orasida yashayotganlar holidan xabardor bo‘linmasa – oyoq chiriydigan bo‘lsa, bilingki, kaft ham, unga qo‘shilib siz ham qulaysiz…”

Rahmon QO‘CHQOR

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: