O‘zbekiston Xalq artisti Erkin
Komilov bilan muloqot
– Hurmatli Erkin aka, avvalo, butun xalqimiz, jafokash
millatimiz peshonasiga bitgan ulug‘ ozodlik – mustaqillik ayyomi Sizga ham muborakbod
bo‘lsin. Suhbatimizni ham ayni shu qadriyat – istiqlolning qadru qimmati, uni xalqimizga,
jumladan, Sizga in’om etgan imkoniyat-u ne’matlari xususidagi fikrlaringiz bilan
boshlasak.
– Darhaqiqat,istiqlol bizga behad ulug‘ ne’matlarni berdi. Lekin, avvalo, shuni bilaylikki, mustaqillik shunchaki kelib qolgani yo‘q. Bu ne’matni ne-ne erkparvar bobolarimiz kurashlari, birinchi Prezidentimiz tortgan g‘am-tashvishlar, uyqusiz o‘tkazilgan tunlar, jafokash xalqning ulug‘ istagi va irodasi olib keldi, qo‘limizga tutqazdi. Ana shu ma’noda aytamanki, o‘z rahnamosi – doimiy kuyinchak yetakchilariga ega bo‘lgan xalq – juda baxtli xalq, Alloh alqagan xalq. O‘zi saylagan azizni ardoqlagan millatning ham kelajagi ulug‘, buyukdir.
Mustaqillik
sharoitida o‘tgan 27 yil ichida O‘zbekistonda chinakam katta o‘zgarishlar kechdi: bu – minglab chaqirim yo‘llar qurilishi,
bir-biridan ajoyib ko‘priklar deysizmi, qavat-qavat imoratlar-u yangi mahallalar
deysizmi, maktablar, kollej-litseylar qurilishi-yu, teatrlarni ta’mirlash, yangi
teatrlar bunyod etish deysizmi – bu ishlarning hammasida mana shu buyuk insonlarning,
bevosita shunga mutasaddi bo‘lgan kishilarning qo‘l izlari, muborak poyqadamlari
turibdi. Bu haqiqatni aslo esdan chiqarib, ko‘z yumib o‘tib bo‘lmaydi.
Birgina
bizning teatrimizni olsangiz: unga “milliy” maqomning berilishining o‘zi qanchalik
katta o‘zgarish. Qolaversa, bu
bino ta’mirlanmasdan
avval kichkina bir teatr edi-da. U
yuz yillik to‘yi
arafasida tubdan qayta ta’mirlandi. Shaxsan Shavkat Miromonovich necha marotaba
kelib, aktyorlar bilan suhbatlar qurib, “nima kamchiliklar bor?” deya
birma-bir so‘rab, aktyorlarning
dardiga quloq solib, hammasini chiroyli qilib berdi. Hozir endi qarang: xalq artistlariga alohida xonalar,
unda divan-u kreslolar deysizmi, issiq-sovuq suv deysizmi – hammasi muhayyo.
Bular
tashkiliy o‘zgarishlar bo‘lsa, ijod sohasida qancha erkinliklar paydo bo‘ldi. Axir,
sho‘ro davrida kichkinagina bir plastinkani chiqarish uchun ham markazga termulish, uning ruxsatini olish kerak
edi-da. Masalan, badiiy monologlar yozilgan plastinka g‘ilofiga mening onam suratini
qo‘yib Anvar Tojiyev degan ukamiz Moskvaga jo‘natgan edi. Uch-to‘rt oy deganda kelgan
tasdiqda Onajonimning suratini tepasidan ikkita chiziq tortib qo‘yishgan edi – “suratni
chiqarmaysan!” mazmunida. Hech ham esimdan chiqmaydi, o‘shanda onam buni ko‘rib:
“U yerdagilarni ona tug‘magan ekanmi!?” degandi… Onam u kunlarni ko‘rmadi – plastinkayam
chiqdi suratisiz.
Keyin
esa onamning
duo qilayotgan nuroniy surati bilan disk chiqardim. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Shuhrat domla, Shukurullo she’rlari bilan.
Mana shu shoirlarning onalar haqida yozgan she’rlarini to‘plab, 2 soatu 10 minutlik
disk qilib chiqardim. Mana shuyam Mustaqillik sharofati bilan-da.
Bular
nima ekan? Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kitoblari, qatag‘on qilingan asarlar
sahna yuzini ko‘rdi, axir.
Hech esimdan chiqmaydi, ustozim Shukur Burhonov meni ham yetalab Sharof Rashidovning kabinetiga olib borgan. Sharof akaning oldiga kirdik-da, ancha suhbatlashib o‘tirdik. Gapning orasida Shukur aka: “Sharofjon, shu Amir Temur rolini o‘ynashni juda orzu qilaman, birorta dramaturgga aytib shuni yozdirsangiz. Mana Maqsud Shayxzoda Mirzo Ulug‘bekni yozgan, bu asar Shekspirnikidan qolishmaydi. Yana shunaqa dramaturglar topilsa-da, shuni yozdirsangiz, sahnada Amir Temur rolini o‘ynasam… ” dedi. Hech unutmayman: Sharof Rashidov uzoq pauza qildi. Keyin “Shukur aka, o‘sha vaqtlar ham kelib qolar. Xudo xohlasa, o‘sha vaqtlarni ko‘rasiz. Men ham ko‘raman. Amir Temur rolini o‘ynaysiz. Faqat jinday sabr qilasiz”, dedi siniq tovush bilan.

Mana shu orzular endi armon bo‘lib qoldi-da. Faqat u kishilar uchun emas, biz uchun ham. Agar Shukur Burhonov Amir Temur rolini o‘ynab ketganida, biz uchun juda katta maktab, dars qoldirgan bo‘lar edi. Endi… o‘ynayabmiz, men ham televizorda Amir Temur rolini o‘ynadim, Teshavoy teatrda o‘ynadi, lekin…
Amir
Temur haqidagi kitoblarni o‘qisam, Xudoning qudrati bilan ko‘z oldimga Shukur akam
kelaveradi-da. Demak, biz o‘ynolmagan ekanmiz, kerilib yuravergan ekanmiz: “Temurni
o‘ynaganman!” deb, deyman-da.
O‘zi
ana shunday buyuk allomalarning tuprog‘i bu tuproq, shu allomalarni ham gapirolmadik-da
o‘sha yillarda. Beshta dostondan
iborat bo‘lgan kitob “Xamsa” deyiladi, deb o‘tib ketaverdik-da.
Ichiga kirmadik, mohiyatini anglamadik. Marksizm, leninizm
g‘oyalari, diamat
degan fanlarni o‘qidik,
g‘irt savodsiz bo‘ldik-qoldik…
– Erkin aka, ulug‘lar, ustozlar haqida gapirdingiz. Alloh rozi bo‘lsin, ustozingiz Shukur akani har safar suhbatlaringizda eslaysiz. Men bugun sizga katta zamondosh bo‘lgan, yurtdosh bo‘lgan Abbos Bakirov haqida, sizning u kishi bilan qilgan suhbatlaringiz, u kishidan olgan saboqlaringiz, balki yaqindan, balki uzoqdan kuzatganlaringiz haqidagi taassurotlaringizni ham so‘ramoqchi edim. Abbos Bakirov, nazarimda, chakana aktyor emas edi, ham teatrda, ham kinoda. Bunaqa amplualik aktyor kamdan-kam keladi dunyoga, shunday emasmi?
– O-o, sekin gapirasizmi,“Osiyo ustida bo‘ron” degan filmda Shukur Burhonovdek buyuk aktyor bilan baravar o‘ynagani yodingizdami? Yusuf Yalangto‘sh (Shukur Burhonov) “Don qani” deganda, butun och olomonni bir so‘zsiz po-yu piyoda yetaklab borib, o‘t qo‘yib yuborilgan, kuyib tutuni chiqib yotgan don ustiga olib borarkan, bir qo‘li belida, boshqa qo‘li bilan maydonni ko‘rsatib: “Mana don!” deya kiprik qoqmay turgan Abbos akani unutib bo‘ladimi?
Afsuski,
shunday odam bilan yuzma-yuz suhbatda bo‘lmaganman. Ikki marotaba kinostudiyaning
oldida ko‘rganman Abbos Bakirovni. Lekin borib suhbatlashishga yuragim dov bermagan.
Ulardagi salobat boshqacha edi-da, birodar… Lekin har bitta filmda o‘ynagan rollaridagi
akademik pauzalar, akademik mulohazalarni ko‘rib, titrab ketaman.
Abbos
aka betakror aktyorlardan bittasi edi. Yusufbek xoji rolini qarang. Bu – haqiqiy
o‘zbekona, iymonli bir insonning obrazi, aytish mumkin, chinakam o‘zbek otasi obrazi!
– Erkin aka, keyingi o‘n yil ichida ham teatr sahnasi, ham kino ekranida juda ko‘p va rang-barang rollarni ijro etdingiz. Lekin, bizning nazarimizda, bu rollar orasida ikki ijro alohida ajralib turaveradi: biri – avval Samarqand viloyati drama teatri, keyin esa Milliy teatrimizda o‘ynalgan Mirzo Ulug‘bek siymosi bo‘lsa, ikkinchisi – Erkin A’zamov ssenariysi asosida suratga olingan “Suv yoqalab” badiiy filmidagi sobiq rais rolidir.
Bizningcha, har ikki rol o‘rtasida ularni yaqinlashtirib,
birlashtirib turadigan muhim bir sifat, xususiyat bor. U ham bo‘lsa, har ikkisida
OTA siymosi, bo‘lib ham O‘ZBEK OTASI xarakteri talqin etilganidir. Garchi ularning
biri mashhur shoh va alloma, ikkinchisi sho‘ro davridagi kolxozning kuchdan qolgan
sobiq raisi bo‘lsa-da, ular yashagan davrlar orasida ham oz emas, ko‘p emas, qariyb
olti asrlik masofa bo‘lsa-da, biroq har ikki xarakterda, fe’lu atvorda, taqdir va
qismatda nedir mushtarakliklar, o‘xshashliklarni ilg‘aymiz. Ikkisida ham otalar
va bolalar muammosi, har ikki otani noqobil
farzandlar kuydiradi, ikki qahramon ham armonga aylangan muhabbat dardi bilan og‘rigan…
Shu obrazlarning yaralish tarixini eslab bersangiz.
– Mana shu – siz bilan biz o‘tirgan xona – Shukur akaning xonasi bo‘ladi. Shukur Burhondan keyin menga qoldi. Bir joyga borsa, moshinaga o‘tir, deb obketgan ham, meni armiyadan olib qolgan ham, meni uylantirgan ham, qo‘limga pul bergan ham, har tomonlama yordam bergan ham shu inson bo‘ldi. Agar Shukur akamni bilmasam (ovozi titrab), men ko‘r bo‘laman… Buyuk odam edi. Har kun bomdod namozida ota-onamdan keyin Shukur akam ruhiga Qur’on tilovat qilaman.

Shukur aka Ulug‘bekni o‘ynaganda, men uning qotili Abbosni o‘ynardim. Birinchi sahnaga chiqqanimda, xanjar qo‘limda titrab, ancha turib qoldim – urolmayman-da. “Ho-o-ov”, dedi Shukur aka guldirab, keyin borib zo‘rg‘a xanjarni urdim. Repetitsiyadan chiqqandan keyin, “Menga qara, nega qo‘ling qaltiraydi? U Shukur Burhon emas, Ulug‘bek. Sen Erkin emassan, Abbossan. Qo‘rqmasdan ur pichoqni, qo‘ling titramasin, bola!”, dedilar.
Bir kuni uyida o‘tirganimizda, “Kelajakda senga Ulug‘bekni o‘ynataman” degan gapi qulog‘imga qo‘rg‘oshindek quyuldi. Oldin Turg‘un Azizov qo‘ymoqchi bo‘ldi men bilan. Men hali tayyor emasman, yo‘q dedim. Qo‘rqib-qo‘rqib yurdim. Keyin Shukur akaning rollarini qayta-qayta ko‘rdim. “Qiyomat qarz”dagi Sulaymon otaga, ayniqsa, ixlos qildim. Tanish-bilishlarning “Shukur Burhonga o‘xshab qoldingiz” degan gaplari paydo bo‘ldi. Aslida, men u odamga o‘xshamayman, hech qachon o‘xsholmayman ham…
Do‘stim, taniqli rejissyor Olimjon Salimov rahbariyat topshirig‘i bilan Samarqand teatrida “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasini qo‘yish uchun bosh rolga meni taklif qildi. Avvaliga men: “Begona sahna, begona aktyorlar bo‘lsa, qanday o‘ynayman?” dedim-u, keyin rozi bo‘lib, ketdim Samarqandga. Ishonsangiz, uch kun uyqu kelmadi. Registonda yotaman, uxlolmayman. Boraman repetitsiyaga, lekin nima qilayotganimni o‘zim bilmayman.
Oxiri
uyga qo‘ng‘iroq qildim. Xotinimga: “Mahbuba, men ketyapman Toshkentga”, desam, “Nimaga
dadasi?”, dedi. “Men o‘ynamayman, teatrdan ham ketaman butunlay!” dedim. “Yo‘q-yo‘q,
bu ishni qilmang, do‘stu dushman qarab turibdi, jon dadasi”, deydi. Baribir uxlolmayman,
yig‘layman, turaman. Nimaga bunaqa, jinni bo‘pqolaman bunaqada deyman-da. To‘rtinchi
kun tong sahar mehmonxona derazasidan qarasam, hammayoq oppoq bo‘lib ketibdi.
14-fevral edi, barakalla, Bobur bobo tavallud kuni edi. Tunda bir muddat qor yoqqan
edi Samarqandga. Pastga tushsam hech kim yo‘q. Keyin “Kim bor?!” deb ovoz berdim.
Navbatchi uxlab yotgan ekan, turdi o‘rnidan. “Hov anavi qubba nimaning gumbazi?”,
deb so‘radim undan. “Go‘ri Mirniki” dedi. “Ha-ya, shoshma-shoshma, Ulug‘bek ham
o‘sha yerda yotibdi-da”, desam, “Ha” deydi tasdiqlab. To‘xta, men axir necha marta
borganman u yerga, dedim-da keyin kiyinib yo‘lga tushdim. Bir ayol sahnni supirayotgan
ekan. Meni ko‘rib tanib qoldi. “Voy, saharlab nima qilib yuribsiz” deydi. Tushuntirdim
vaziyatni. “Yuring-yuring, chiroqni yoqib beraman”, deb ichkari olib kirib chiroqni
yoqib berdi. Ixlos bilan Qur’on tilovat qildim.
Keyin
har kun boradigan bo‘ldim. Yarim soat qayta-qayta ilohiy oyatlarni o‘qiyman, yana
yarim soat jim o‘tirib, keyin repetitsiyaga kelaman. Uchinchi kuni borsam, o‘sha
yerning direktori Amiriddin aka degan odam men bilan ko‘rishib, “Xabarim bor Erkin
aka, uch kundan beri kelayotgan ekansiz, buyoqqa yuring” dedi-da, orqa tomondagi
eshikdan pastga – hilxonaga olib tushdi. “Mana bu Mirzo Ulug‘bek, unisi Temur bobo
qabri”, dedi, hammasini tushuntirdi, keyin o‘zi chiqib ketdi. O‘sha yerda uzoq tilovat
qilib bo‘lib aytdim-da: “Bobo, men o‘zimdan-o‘zim sizning ruhingizni bezovta qilganim
yo‘q, aylanay bobo. Menga o‘zingiz oq yo‘l tilang, jon bobo…” deya, ko‘nglimda nima
tuysam, shuni aytdim-da… Shundan keyin teatrga kelsam, hammasi yaxshi. Ertasiga
tinib uxladim, so‘zlar ham ravon. 24 kunda Mirzo Ulug‘bekning 44 varaqli she’riy
so‘zini yodlab, 5 ta premyera o‘ynab qaytib keldim Toshkentga. Keyin, shuncha mehnatim u yerda qolib ketaveradimi dedim-da,
asarni Toshkentda
ham qo‘ydik. Rahbarlarga
men doim tayyorligimni aytdim,
Gavharshodbegim, Abdullatiflarni o‘ynaydiganlar bo‘lsa
bo‘ldi-da.
Shukur
akam: “Senga Ulug‘bekni o‘ynataman kelajakda” deganida farishtalar omin degan ekan-da.
“Suv yoqalab”da 12 kishi proba berdik. Rejissyor Jahongir Qosimov menga “osilvoldi”, shundan yoqqanimni bildim. Jahongir o‘zi yaxshi rejissyor. Har tomonlama ochdi-da meni. Erkin A’zam ham ssenariyni zo‘r yozgan…
– Filmdan oldin ham ot mingansiz-a? Ko‘p minganmisiz?

– E-e, otni biz minganmiz-da.Qishloqda otam fermaga mudir bo‘lgandi. Dadamning otini minib yurardim. Filmni suratga olishda avvaliga “dahshat” otlarni taklif qilishdi. “Syomka” deb baqirganda, anov qora taxtakachini shaq-shaq urganda, ot sakraydi, deng. Keyin aytdim: “Jahongir, o‘zi bu haydalgan rais bo‘lsa, chetga chiqib qolgan. Bunaqa jizillagan otni minmaydi-ku. Bir kunmas bir kun ko‘tarvoradi meni, dahshat ot ekan bu. Otdan qo‘rqayotganim yo‘q, ish to‘xtab qolmasin, deyabman, bir yuvoshroq ot bering” devdim, keyin o‘sha otni olib kelib berishdi.
– Bugun mamlakatimizda teatr va kino san’ati mutasaddilari oldiga juda katta, o‘ta mas’uliyatli, aytish mumkinki, kimning kimligini aniqlab beradigan vazifalar, jiddiy talablar qo‘yilyapti, shunga yarasha moddiy va ma’naviy ko‘mak ham berilyapti, zarur shart-sharoitlar yaratilyapti.
Sizningcha, mana shu talablar darajasida ishlash va eng
muhimi – umri boqiy asarlar dunyoga kelishi uchun yana nimalar, qanday intellektual
sifatlar talab etiladi? Ayni omillar, kuch va iste’dodlar bizda o‘zi bormi?
– Aktyorlar bor, deb o‘ylayman. Viloyatlarda bor hech bo‘lmasa. Lekin, mana masalan, Moturudiy, Zamaxshariy, Al-Buxoriy, At-Termiziy… Mana shu buyuklar obrazini yaratish uchun yirik planda falsafiy ko‘z qarash ko‘rsata oladigan aktyorlar kam-da. Falsafa yo‘q-da nigohlarda, ko‘zdagi buyuk falsafani topib olish, nigohga ishontirish kerak, avvalo!
Bugun
eshitdim, bir aktyor At-Termiziyni o‘ynayotganmish… Endi u odamlarni o‘ynash uchun
aktyorning ichi pok bo‘lishi kerak. Va chekmasligi, ichmasligi kerak, mutlaqo tashlash
kerak bu ishlarni. U yog‘ini surishtirsangiz, At-Termiziy haqida yozadigan yozuvchi,
dramaturg bormi? Rejissyorlar-chi?
Teatrda-ku
bir nimalar qilsa bo‘lar,
lekin kinoda…
Yirik planga olib
kelganda, falsh boshlanadi. Nodirabegim, Uvaysiy haqida film olishdi,
ko‘nglilariga kelmasinu, ikkalasiyam xayo,
ibo degan narsalarni maromiga
yetkazib ifodalab berolmagan-da…
Shukur
aka: “Pauzani o‘yna. Shunaqa o‘ynaginki, har daqiqada yo‘talib turadigan
tuberkulyoz odam, sening mahoratingni
ko‘rib, yo‘tali
esidan chiqib qolsin” derdi. Ana o‘shanaqa aktyorlar qayerda endi?
– Erkin aka, bugun – nafaqat ota, balki bobo, anjancha qilib aytganda, opog‘dada maqomiga erishgan bir pallada hayotdan olgan saboq va ibratlaringiz, yetib kelgan xulosa va qalbingizda tuyayotgan armonlaringiz hozirgi yoshlar, ayniqsa, yosh hamkasblaringiz uchun nihoyatda qimmatlidir.
Agar iloji bo‘lsa, ana shu saboqlar, xulosa va armonlar
to‘g‘risida ham aytsangiz. Yoshlarimiz nimalarga ko‘proq e’tibor berib, nimalardan
va kimlardan o‘zlarini asraganlari ma’qul, sizningcha?
– Sahnaning changini yalagan san’atkor sahnaga cheksiz hurmat bildirishi kerak. Bu xo‘jako‘rsin hurmat emas, chinakam ixlos bo‘lmog‘i lozim. Sahna ortidagi odob qoidalariga ham og‘ishmay amal qilish kerak. Undan tashqari, san’atkor olomon bilan qorishib ketmasligi, o‘rtada qandaydir masofani saqlab turishi durust bo‘ladi. Afsuski, bugun ko‘pchiligimiz olomonga aralashib ketyapmiz, shuni o‘zimizga ep ko‘ryapmiz. To‘g‘ri, to‘ylarga o‘zimiz ham boramiz, lekin yil – o‘n ikki oy charlar, beshik to‘yi… shunaqangi mayda narsalarga o‘ralashib yurib, yana “Nimaga menga unvon bermaydi?” deb dod- faryod qilayotganlar ham bor. Chinakam san’atkor bunaqa yurishlardan ham, bunaqa iddaolardan ham baland turishi kerak.
Mana birgina epizodni eslab beray: “Boy ila xizmatchi”da boyni Shukur Burhon, G‘ofirni men, Jamilani Gulchehra Jamilova o‘ynaymiz. Repetitsiyani ustozning uyida qilyapmiz. Har kuni soat 9da mashina kelib, bizni olib ketadi. Bir kuni “G‘ofirni chaqir” deydigan sahnada, G‘ofirni chaqirgan Shukur aka divanda viqor bilan yonboshlab yotibdi. Men kirib kelib, “Chaqirdingizmi, boy ota” desam, qo‘li bilan “chiq, yo‘qol!” ishorasini qildilar. 6-7 marta shunaqa bo‘ldi. Gulchehra: “So‘ra, nimaga chiqarvoryapti, so‘ra” dedi meni majburlab. Keyin men: “Shukur aka, 6-7 marta kirdim, oyog‘imni ko‘rib, yuzimni ko‘rmasdanoq chiqarvoryapsiz…” desam, “Oyog‘ing holatda emas. Manga qara, o‘zingcha “revolyutsionniy ruh”da kirib kelyapsan san, hamma ishni qoyil qilib qo‘yganday. Axir, Hamza bo‘yicha sakkiz yasharingda meni uyimga xizmatkor bo‘lib kelgansan, hozir 38 ga chiqding, 30 yil mening xizmatimni qilgansan. U hozirgi bolalar – uylanib-la, ertasiga otasiga “Assalom aleykum, ada” deydi tirjayib, ibo, hayo yo‘q. Bu hislar faqat qizlarda emas, o‘g‘illarda ham bo‘ladi” dedi. “Man sani bir oydan keyin chaqiryapman: “G‘ofirni chaqir!” deb, bir oy oldin hov katta darvozadan otda qamchi tutib kirib kelganimda, sen darrov ketmoningni olib, hovliga kirib ketgansan. Ishing bormi-yo‘qmi, o‘sha yerda sabzini kovlab, piyozni o‘tab yuravergansan. Va chaqirganimdagina yukinib kirib kelgansan. O‘sha, otang qilmagan yaxshilikni men qildim, tushunyapsanmi, san bo‘lsang ovozingda hamma narsani qoyillatib qo‘ygandek “Chaqirdizmi, boy ota?” deysan!” dedilar. Mana holatni, ichki jarayonni chinakam idrok qilish.
Bir
kun ko‘zimga vaqtida
yosh kemaganda, ustoz shapaloq
bilan bir urib, uch metrga uchirib yuborgan… Hozir shogirdlarga bir og‘iz gapirsangiz,
uch oy siz bilan gaplashmaydi. Bugungi gapim
balki zahardir, lekin foydasi, asali bor uning kelajakda. Hozir ko‘pchilik
yosh aktyorlar ikkita kinoda o‘ynab qo‘yib,
o‘zini osmonda
his qilib qoladi, yulduz
bo‘lib ketadi. Hammasi bo‘lmasa ham bor-da
shunaqalar.
“Hokisor
bo‘lgin, kambag‘allar bilan so‘rashgin, kambag‘allarga qo‘lingni bergin, hol-ahvolini
so‘ragin”, derdi Shukur aka. Juda sodda, hokisor odam edi o‘zi ham. Bu narsalarni
qaysi maktab o‘rgatadi deng.
VAYS MEDIA o‘quv markazida dars beraman necha yildan beri. Qizlarga aytamanki, san’at qoshga ten qo‘yish emas, qosh terish emas, sochni allambalo turmaklash emas. Hov yigitlar, sizlarga ham shu gap: san’at – bu mehnat – o‘qish, mehnat – o‘qish, mehnat – o‘qish. Chunki sahnaga bitta tariqni qo‘ysangiz ko‘rinadi. Bu yerda oshna-og‘aynichilik, amma-xolachilik ketmaydi. Buni mardi maydon, deb qo‘yibdi”, deyman. To‘rt yil san’at institutida dars berib, tavbalar qildim. “Hoy, hech bo‘lmasa, xotiningni boqadigan bo‘lib o‘qigin” deyman.
Teatrga
kelganimga 52 yil bo‘libdi. Gulchehra Jamilova bilan men keldim, Xojiakbar Nurmatov…
o‘tib ketdi, mendan keyin Yodgor keldi, Jamshidlar keldi, undan keyin Tesha Mo‘minov,
Ikromovalar keldi. Ulardan keyin ham mana 45 yil o‘tibdi. Shu 45 yil ichida bitta
Yodgor yo Tesha kelgani yo‘q-da. Bu unchalik ham yaxshi holat emas. Kinoda o‘ynagan
aktyorlar bo‘lyapti, lekin akademik teatrga loyiq, yirik amplualik aktyorlar yo‘q-ku,
kim olib ketadi ertaga estafetani? Gapirsam, yurakda dard ko‘p. Gapirsang, yomon
ko‘rinasan odam…
– Andijonni, uning suv va tuprog‘ini, noni va odamlarini sog‘inarsiz? Umuman, bolaligingizni eslab bering.
– Men o‘tgan asrning 46-yili tug‘ilganman, shu Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Ko‘fa, hozirgi Do‘stlik qishlog‘ida. Bizning qishloqda ariq bor, Qora ariq deydilar. Bir hatlasangiz, O‘sh. O‘sh bizga 4-5 chaqirim, Andijon esa 34-35 chaqirim. Shuning uchun qanaqa bayram bo‘ladigan bo‘lsa, O‘shga borardik. Esimda, 52-yili onam qarindosh-urug‘lar bilan meni O‘shga olib borgan. 6 yosh ekanman. Bir joyga kirdik. Parda der ekan, o‘sha ochildi, otlar, qilichlar, sovutlar… anqayib o‘tirib tomosha qildim. U paytda moshina yo‘q, yana besh chaqirim piyoda qaytganmiz. Yo‘lda “Oyi, qayerga obordiz, u yer qayer?” desam, onam: “Bolam, sizni teatrga olib bordim” degan. Teatr degan so‘zni, demak, birinchi marta onamning og‘zidan eshitganman. Ko‘rganimiz “Ravshan va Zulxumor” degan spektakl ekan. Keyin “Yana olib borasan!” deb yig‘lab turganlarim esimda bor…
Dadam
– Komil qori aka juda ilmli odam edi. Har kuni kunlik gazetalar, kitoblarni o‘qirdi. Uyimizda gilam, gilamning
tagida kigiz, uning
tagida kitoblar ko‘milib turardi.
Qishda odamlar kelsa, sandalda kitob o‘qishga berib,
keyin yana ko‘mib qo‘yardi. Ana
shu 49-50-yillarda
o‘sha kitoblarni o‘qigani uchun odamlar 25 yil turma, 5 yil surgun qilingan paytlar edi. O‘sha
paytlar kolxoz sekretari
seni yo‘lda to‘xtatib
“Qorining o‘g‘lisan,
dadang biror narsa o‘rgatyaptimi? desa,
yo‘q degin” derdi
dadam. Ana o‘sha
Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy asarlari, tafsir kitoblar uyimizda
haligacha saqlanadi.
Mana shunaqa davrlarda o‘sganmiz biz. Dadam kitob o‘qishimizga jiddiy e’tibor berardi. Birinchi kursda o‘qiyotganimda, xat yozibdi: “Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romanini o‘qidingmi? O‘qimagan bo‘lsang, o‘qib chiq!”. Dadam – sallali odam aytyapti bu gapni! Bibliotekadan topib o‘qib, xat yozdim: “Dada, o‘qidim, lekin hech narsa tushunmadim” desam, “Falsafiy yozilgan roman, yana bir bor o‘qib chiq!” degan xat keldi. Yana o‘qib chiqqanman. Ana shu odamning farzandiman men.
Keyin Komil qori akaning o‘g‘li teatrda ishlarkan, artistlikni bitiribdi, degan gap tarqalganda, dadam Toshkentga kelib, meni artistlaring bilan tanishtir, dedi. U paytda Olim Xo‘jayev direktor edi. “Dadam aslida meni olib ketgani kelgan Andijon teatriga, avval artistlaring bilan tanishtir-chi, o‘shanga qarab bir ish qilaman deyapti, Olim aka”, desam, “Ertaga soat 10 da olib kelib, hov orqaga o‘tqizib qo‘ying, majlis bor, ko‘rsin” dedi direktor. Dadamni oxiriga o‘tqizib qo‘ydim. Shukur Burhonov, Olim Xo‘jayev, Nabi Rahimov, Zaynab Sadriyeva … hamma yig‘ildi. Majlisdan keyin chiqib ketyapmiz. “Dada, artistlar yoqdimi?”, desam, “Bu artist degani, olimlar ekan-ku” degandi.
Ungacha Shukur akaga ham vaziyatni aytib qo‘yganman. Tashqariga chiqib turgandik, “Qori aka, tuzukmisiz? Bu bola bo‘ladigan bola. Buni obketmang, bizga tashlab keting. Men tarbiyalayman shu bolani. U yoqqa olib ketsangiz kim bo‘ladi u yerda? Qo‘ying. Qani bir duo qiling-chi” dedilar. Ko‘pchilik turgandi. Keyin dadam rahmatli duo qildi. Ustozim: “Mana, endi sizning duoingiz bilan mana shu bola shu yerda ko‘karadi!” dedilarki, natijaga baho berish xalqimiz ixtiyoridagi ish…
– Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur, Erkin aka!
Suhbatdosh: Rahmon Qo‘chqor
“Vodiy Gavhari” jurnali,
2018-yil