Mustaqillikni, mustamlakaning har qanday shaklidan ozodlikni hammaning birdek anglamog‘i, albatta, oson kechmaydi. Milliy mustaqillikni qo‘lga olganimizdan beri nimalardan xalos bo‘ldig-u, nimalarga erishdik? Shuni aniq bilmaguncha, ruhimiz to‘liq his qilmaguncha, millat hayotidagi bugungi daqiqalarning qadriga yetmaymiz. Mudom tarozining bir pallasiga mustaqillik tushunchasini, ikkinchisiga bo‘lsa do‘kondagi kolbasining hozirgi narxini qo‘yib “fikr yuritamiz”, xulosa chiqaraveramiz. Holbuki, bu taxlit fikrlash materialistik dunyoqarashning ham eng tuban usullaridan bo‘lib, o‘zbekcharoq qilib aytsak, kalla bilan emas, oshqozon bilan o‘ylashdir, qadrga emas, qoringa yig‘lashdir. Holbuki, gap boshqa-boshqa qadriyatlar to‘g‘risida, moddiy mezonlar bilan o‘lchab bo‘lmaydigan, qorinning emas, insoniy ruhning ozig‘i xususida bormoqda.
Chor bosqini tarixi, sho‘ro siyosati va ish yuritish usullari to‘g‘risidagi ko‘plab manbalarning mohiyatidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, biz MUNOSABATdan qutildik, MUNOSABATNI O‘ZGARTIRISHGA erishdik. Millatimizga, dinimizga, tilimizga, yerimizga, tabiatimizga, kelajagimizga nisbatan hukm surib kelgan xo‘rlov munosabatidan xalos bo‘ldik, uni o‘zgartirdik.
Avvalgi munosabatdan qutilgan xalq uchun o‘zgargan munosabatga javob berish balki qiyinroq kechar, lekin bu yumush sharafli, har qanday millatning qadrini ko‘taruvchi, uning dunyoda yashashini oqlovchi, jon tikishga-da arzirli yumushdir.
Biz IMKONIYATga erishdik. O‘z taqdirimizni yaratish, fikrlash, hal etish, hukm chiqarish, munosabat bildirish imkoniyatiga erishdik. Bu imkoniyat bizda MILLIY IRODAni shakllantiradi, proletariat dohiylari rejalashtirganlaridek, umumiy mamlakat, umumiy til, umumiy madaniyat va umumiy dahriylik singari g‘ayriinsoniy kelajakka qarshi turuvchi IRODA paydo bo‘ladi.
Endi o‘zimizning ham munosabatlar dunyomizda o‘zgarishlar yasash payti yetdi. Avvalo, o‘z yurtimizni tanimog‘imiz, uni shafqat-la asramog‘imiz kerak. Endi bu tuproq qayerda qorni to‘ysa shu yerni vatan bilguvchi va o‘zining bu “sifati”ni baynalmilalchilik deya targ‘ib etuvchi har qanday nokasning oyog‘i ostida toptalmasligi uchun qayg‘urishimiz lozim.
Bugun insonga, uning huquqi, fikri, qarashlariga nisbatan munosabatda sho‘roviy aqidalardan tezroq xalos bo‘lmog‘imiz naqadar muhim. Faqat shundagina biz dunyoning hozirgi sivilizatsiyasiga, madaniy darajasiga tezroq yetamiz. Bas, hamma dunyoviy yumushlarni inson hal etar ekan, uning o‘zini o‘rganmoq, o‘zini o‘rganishga o‘zini da’vat etmoq – kelajak taraqqiyotning asosiy omilidir. Inson, avvalo, o‘zini tanimas, o‘zini anglamas, hurmat qilmas ekan, unda Vatanni tanish, Millatni anglash, Xalqni hurmat qilish tuyg‘ulari ham bo‘lmaydi. Odam o‘z umrini bozordan bozorgacha masofada cheklasa, uning tafakkur taraqqiyoti tinadi, yurakni o‘t, miya kataklarini esa yog‘ bosadi.
Odamning o‘z-o‘zini anglashida adabiyot va san’atning ta’siri beqiyos. Keyingi yillarda ham adabiyot, ham uning talqinida ruhiy tahlilga, abadiy muammolarga murojaat kuchaydi. Nihoyat anglashilmoqdaki, faqat yuksak darajadagi san’at, milliy va umuminsoniy ruhiyatning sintezlashgan tahlili aks etgan badiiy asarlargina xalq saviyasini ko‘tarishi, uning estetik didi va fikrlash qobiliyatini oshirishi mumkin. Quruq maqtov va madhiyabozlik, sun’iy va baqiroq vatanparvarlik, dolzarb mavzu niqobi ostidagi adabiy nochorlik bilan xalqning vaqtini olib, diqqatini chalg‘itib bo‘lmaydi. Bu borada adabiyotshunoslik va adabiy tanqid o‘z qat’iy so‘zini aytib kelgan va hozir ham aytmoqda. Mustaqillik tufayli adabiyotshunoslikning tahlil doirasi sezilarli kengaydi. Faqat yozuvchilar va asarlar soni jihatidan emas, mavzular rang-barangligi, tadqiqot tur va usullari borasida ham boyish yuz berdi. Keksa va o‘rta avlod adabiyotshunoslari salmoqli tadqiqotlari bilan, yosh olimlar esa o‘zlarining dadil, yangicha ruhdagi va munozarali chiqishlari bilan estetik fikrni boyitmoqdalar. Xususan, men keyingi paytda Dilmurod Quronov, Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov, Musulmon Namoz, Rahimjon Rahmat singari iste’dodli yoshlarning salmoqli ilmiy ishlarini o‘qidim va shunga amin bo‘ldimki, ozod bo‘lgan tafakkurning imkoniyatlari cheksiz, endi uni jilovlab bo‘lmaydi. U endi dunyo fikriga fikr qo‘shishni, undan o‘rganibgina qolmay, vaqti kelib unga o‘rgatishni ham o‘ylamoqda.
Istiqlol tug‘dirgan imkoniyat tufayli ham Sharq, ham G‘arbning bizga hozirgacha noma’lum bo‘lgan diniy, falsafiy va estetik fikri bilan tanisha boshladik. Bu muloqot kishida turfa tuyg‘ularni uyg‘otadi. Bir tomondan tiriklik va inson to‘g‘risidagi bilimning bu qadar chuqurligi, har tomonlama va hatto qarama-qarshiligi hayratga solsa, boshqa yoqdan qandaydir ko‘ngil o‘ksishi, boy berilgan o‘z imkoniyatlarimizga kuyinish paydo bo‘ladi. Qachonlardir dunyoga hayot va inson mohiyati to‘g‘risida darsliklar yozib bergan xalqning tafakkur imkoniyatlarini yaqin o‘tmishda naqadar cheklashgan, umuminsoniyat fikridan uzib qo‘yishgan. Holbuki, fikrlashning bu ilg‘or shakl va usullari bizga ham yot emas edi, “biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni”…
Hozir bu sohada yetkazib olinishi kerak bo‘lgan ishlar naqadar ko‘pligi ayon bo‘lmoqda. Xususan, adabiyotshunoslik va adabiy tanqid o‘z faolligini oshirishi, lozim bo‘lsa, adabiyotning o‘zidan ham sal oldinga o‘tishi talab etilyapti. Dunyoning ilg‘or estetik ilmi erishgan natijalarni o‘rgangan va targ‘ib etgan holda, ijodkorlarga badiiy tafakkurning, olam va odamni o‘rganishning yangi usul va tamoyillarini taklif etish lozim. Bu, aslo, kimgadir yozishni, ijod qilishni o‘rgatish bo‘lmay, balki iste’dod tabiatidagi aslida mavjud, biroq hali anglashilmagan, anglashilishiga ilgari yo‘l qo‘yilmagan imkoniyatlarning tezroq ochilishiga ko‘maklashish demakdir. Qolaversa, bu tajriba estetika tarixida yangilik ham emas. Gegel, Belinskiy, Dobrolyubov, Baxtin, Ortega-i-Gasset singari haqiqiy fikr ijodkorlari hech qachon san’atning orqasidan borishmagan, balki unga qadam-baqadam, ko‘proq esa undan oldinroqda yurishgan. Ular san’at va adabiyotni yangi va yangi insoniy ruh manzillariga da’vat etishgan, ijodkorga uning o‘zi ham anglab ulgurmagan ichki qudratini ko‘rsatib, kuchiga ishonchini oshirishgan. Balki faqat shundagina adabiyot to‘g‘risidagi suhbatlar quruq sharhlovchilik, konstatatsiya yo‘lidan qutilib, xuddi san’atning o‘zidek ijodiy ruhga ega bo‘lar, ilmiy-badiiy tafakkurning o‘ziga tortuvchi jozibasini kashf etar.
…
Mutelikni bo‘yniga olgan odamdan eng kam talab etiladigan narsa bu – uning fikrlashidir. Mustaqil, ozod odam esa muttasil fikr yuritmog‘i, o‘z erkini saqlash g‘amini yemog‘i kerak. Bu umrda o‘zibo‘larchilik, kampaniyachilik bilan ish bitmaydi. Vatan mustaqilligi har birimizdan g‘urur va iftixor tuyg‘ulari bilan birga hech qachon susaymasligi lozim bo‘lgan mas’uliyat, javobgarlik, bedorlikni ham talab etadi. Endi biz uchun hech kim o‘ylamaydi. Balki biz haqimizda ko‘p o‘ylashar, biroq biz uchun o‘ylashmaydi. Demak, o‘zimiz uchun, Vatanimiz uchun o‘zimiz o‘ylashimiz, jon kuydirishimiz hayotimizdagi har bir daqiqaning sharti bo‘lmog‘i kerak. Hozirga qadar qaysiki xalq o‘zgalarga qul bo‘libdi, mustamlakachilar oyog‘i ostida qolibdi, bu – shu xalqning ayni tarixiy palladagi sog‘lom fikrlamasligi yoxud fikridagi sustlikning kasofatidan yuz bergan. Fikrlovchi, erkin tafakkur etuvchi xalqni hech qachon zabt etib bo‘lmaydi. Biz shunday xalq edik, inshoolloh, shunday xalq bo‘lajakmiz.
Rahmon Qo‘chqor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,
1994-yil, 26-avgust