MUOMALA

Muomala

Ishxonadagi arzimas maosh, uni ham vaqtida ololmaganidan bezillab ishdan bo‘shab olgan erining pul topish ilinjida yelib-yugurishlarini ko‘rib, ayolning yuragi bir ahvolga kelgan. Uchta bolani boqish, yedirib-kiydirish uchun esa nimadir qilish, qimirlash kerak. Shu sabab er mahalladosh ikkita tengdoshi bilan savdogarchilik yurishiga o‘tdi. Ba’zan qo‘shni viloyatlarda ul-bul oldi-sotdi qilishsa, ba’zan uzoqlarga – Sibir tomonlarga meva, sabzavot tashishadi. Bir safar omadlari yurishib, qo‘llari sal pul ko‘rgan bo‘ladi, boshqa safar ketgan dastmoyaning ham o‘rni to‘lmay, xunobgarchilik. Haftalab yuvinmay, soqoli ustara ko‘rmay, qorayib-kuyib qaytib kelgan eridan yo‘lda bo‘lgan voqealarning bir qismini eshitiboq, xotin kosadagi ovqatni qayeriga yeganini unutadi. Poyezd yoki yuk mashinasida to Sibirga borgunga qadar yo‘lda yuzlab qiyofali o‘nlab yaxshi-yomon niyatli kimsalarga duch kelinadi. Hamma yerning o‘z toshi, o‘zining taroziboni alohida. Tez-tez bir-biridan vahimali xabarlar tarqab qoladi. Ularning har biri xuddi o‘zining eri bilan bo‘lgandek yoxud bo‘ladigandek ayolga ta’sir etadi – tiq etsa eshikka qaraydi. Eri to eson-omon kelib, so‘rida, bolalarining qurshovida qovog‘i ochilib o‘tirmagunga qadar yuragidagi titroq to‘xtamaydi. Kattalardan “falonchi yurak o‘ynoqi bo‘b qopti” qabilidagi gaplarni eshitganda, bor-yo‘g‘i askiya qilishyapti, deya beparvo ketadigan kechagi qizaloq bugun bu narsa aslida nima ekanini o‘zida tuyib, birovga esa aytolmay, dardi ichida yuribdi.

Shunday kunlarning birida, qop-qora kir sovunni ko‘pirtirolmay xunobi oshib, kamqon tanasi sovuq terdan hilvirab urinib yotganida darvoza notanish ohangda taqillab qoldi. Aksiga olib hovlida bolalari ham ko‘rinmas, darvozani o‘zi ochishga majbur edi. Yuragi bo‘lsa, nuqul titraydi.

Rangi ko‘chib ketgan darvozaning simdan qilingan zulfinidan ushlab ochgan ayol, shundoq qarshisida melisani ko‘rdi. Uning hali bir og‘iz gapini eshitmayoq, turishiyu vajohatidan ayolning bo‘lari bo‘ldi. “Keling” degan so‘zni aytdimi-aytmadimi, keyin eslolmadi ham.

Melisa salomlashmadi hisob. Uning birinchi gapi: “Qani, uyga kiraylik-chi!” bo‘ldi. So‘rining bir burchida oyog‘ini osiltirib o‘tirib, qo‘lidagi qalin jildni tizzasiga qo‘ydi-da, ayolni – qarshisida tik turgan juvonni so‘roqqa tutdi: “Eringizning familiyasi nima, qachon tug‘ilgan, nima ish qiladi, hozir qayoqda, hujjatlari kimda?” singari o‘nlab savollar ketma-ket, hech bir izohsiz berilaverganidan xotin battar qaltirab, og‘zi qaqrab ketdi. Harchand urinmasin, ichidagi la’nati titroq bosilmas, aksincha, tobora unga bo‘ysunmay borardi…

Nihoyat, savol-so‘roq tugadi shekilli, melisa shapkasini peshonasidan sal teparoqqa surib qo‘ydi. Ayolning o‘ziga emas, hovliga aylantirib nazar solar ekan, birdaniga gap boshladi: “Eringizni Toshkentda qo‘lga olishgan, sababini biz bilmaymiz. Shu yerda propiskada turish-turmasligini aniqlashtirishimiz kerak edi. Agar xohlasalaring, borib, surishtirib kelishlaring mumkin. Bor gap shu, bo‘pti, men ketdim”.

Uning o‘zini tutishi, siri tushib qoladigandek kamgapligi ayolning biror narsa so‘rashiga, sal o‘ziga kelib olishiga yo‘l qo‘ymas edi. Natija shu bo‘ldiki, ayol uni qanday kutib olgan bo‘lsa, bundan beshbattar holatda kuzatib qolaverdi…

Shundan keyingi voqealarni batafsil tasvirlashdan tiyilib, ularning oxir xulosalarini, birato‘la o‘zimizning maqsad-muddaomizni ham aytib qo‘ya qolaylik.

Ayol qarindosh-urug‘lardan qarz-havola qilib, bir jiyanini yoniga olib poytaxtga keldi, ming bir eshikdan so‘rab-surishtirib, nihoyat, erini topdi ham. Erining qilgan bor-yo‘q “jinoyati” esa poyezdda hujjatlarini oldirib qo‘yganiyu, vokzalda shu tufayli ushlab qolingani bo‘lib chiqdi. Uch-to‘rt kunlik “sayohat”dan so‘ng xotin eri bilan eson-omon uyiga qaytib ham keldi…

Shu yerda, afsuski, oxirgi gapimizga boshqatdan diqqat qilishga to‘g‘ri keladi. Erni-ku bilmadik, biroq ayol uyiga qaytganida, rostdan ham eson-omonmidi? Melisaning eshik taqillatishidan boshlangan, erining hech qanday aybi yo‘qligini bilguniga qadar titrab turgan uning yuragi hali ham omonmi? Nega unda o‘sha kundan boshlab u tez-tez chanqaydigan bo‘lib qoldi, sabzi to‘g‘rayotganda ozgina tilib olgani barmog‘i nega yara bo‘lib, hali hanuz bitmayapti?..

Odam bolasi yaxshi so‘zga, xush muomalaga, ochiq chehraga naqadar tashna! Ayniqsa ayollar, ayniqsa, hurkak, sodda va uyatchan o‘zbek ayollari va yana ayniqsa, kasalxonalarda varaqa to‘ldirishayotib hamshiralar so‘ragan “ish joyingiz?” degan savolga “domxozyayka” deya mo‘ltirab javob beradigan qishloq ayollari.

Avtobusdagi haydovchidan tortib do‘kondagi sotuvchigacha, kasalxonadagi hamshiradan bozordagi soliq yig‘uvchigacha – hamma-hammasi siz bilan qanday aloqa-muomalaga kirishuvi nafaqat ruhga, balki u orqali jon-tanlarga ham kuchli ta’sir etadi. Uni yo yashnatadi yoxud so‘ldiradi. Bir gapni, u hatto o‘ta fojiali, alamli bo‘lmasin, qay yo‘sinda, qay ohangda aytilishi, nihoyatda muhim narsadir. Kishilarimiz, agar yaxshi muomala ko‘rsa, muayyan matohni o‘z narxidan bir necha bor qimmatroqqa olishga rozi, shunda ham puliga achinib o‘tirmaydigan xalq. Faqat uning dili topilsa, yuragiga zaxa yetmasa, bas.

To‘g‘ri, ko‘pchilik bilan muomala qilish, ayniqsa, jinoyat dunyosi bilan yuzma-yuz turadigan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlariga, oson emas. Ular ham odam, ularda ham asab bor, kayfiyat bor. Biroq ayni shu og‘irlikni gardaniga ola biladigan, ko‘pchilik bilan ishlay olishiga ko‘zi yetgan kishilargina bu xizmatga kirmog‘i, omma huquqining haqiqiy himoyachisi bo‘lmog‘i mumkin. Zero, inson huquqining eng muhim qismlaridan biri unga qilinadigan muomala madaniyati bilan bog‘liqdir. Hali ba’zi fuqarolarning huquqiy madaniyati, bu boradagi bilim va ko‘nikmalari yuqori emasligi hammaga ayon. Shunday ekan, yuridik savodga ega bo‘lgan xodimlar har bir odamga yondashishda o‘zining qarshisida avvalo inson turganini, uning-da qalbi, g‘ururi, hamiyati borligini bir muddat bo‘lsin unutmasliklari lozim. Agar shunday o‘zaro tushunish, bir-birini bo‘ri emas, do‘st, inson bilib muomalaga kirishish asnosida muloqot qurilsa, xalqning huquq idoralari xodimlariga bo‘lgan ishonchi, e’tiqodi o‘sgan, ularga ko‘mak berish istagi tug‘ilgan, hurmati oshgan bo‘lardi.

Qolaversa, pirovard maqsad nima? Bir xalq, bir millat sifatida bir-birimizni qo‘llab, o‘rgatib-o‘rganib, o‘rtada ishonch va hurmat bo‘lgan chiroyli hayot qurish emasmi? Bir og‘iz shirin va samimiy so‘zimiz, bir daqiqalik e’tiborimiz bilan ne-ne pajmurda qalblarga malham qo‘ysak, ularning ertangi kunga ishonchini o‘stirsak, bizdan qoladigani shu emasmi? Axir kim bo‘lishimizdan, qaysi amalda o‘tirib, ne hunar qilishimizdan qat’i nazar, bu dunyodan bir kun o‘tamiz. O‘tkinchi bu hayotda Alloh bizni aziz tutib ato etgan tilni, zabonni, shu orqali amalga kirguvchi muomalamizni o‘nglab, birgina INSONning ko‘nglini ko‘tarsak, Yaratganning o‘zi ham rozi bo‘lmaydimi?

Rahmon Qo‘chqor

“Vatan” gazetasi,

1996-yil 19-son

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: