Rahmon Qo‘chqor bilan ko‘rsatuvlar haqida intervyu
– Ko‘ngil nimaga ko‘proq tashna bo‘lsa, unga nisbatan talab ham kuchliroq bo‘ladi. Shu ma’noda televideniyening hayotimizda o‘rni beqiyos. O‘zbekiston televideniyesining bugungi kundagi faoliyatiga qanday munosabat bildirasiz?
– Dunyoda inson tuyg‘ulari, faoliyati bilan bog‘liq barcha narsa nisbiydir. Hatto, bizning ojiz tushunchalarimizdagi haqiqatlar ham. Shunga ko‘ra, biror narsaning yaxshi yoxud yomonligi to‘g‘risidagi gap boshqa bir turdosh narsaga nisbatan olib qaralgandagina mantiq va salmoqqa ega bo‘ladi…
O‘zbekiston televideniyesini ham, agar bundan uch yil avvalgi holatiga solishtirib qarasak, albatta, undagi ijodiy jihatdan muayyan o‘zgarishlarni, yangilanishlarni sezmaslik mumkin emas. Bu sifat o‘zgarishlarini tan olmoq va munosib baholamoq uchun o‘sha baho berishga shaylangan odamdan birgina narsa – xolislik talab etiladi, xolos. Televideniye o‘zining lug‘aviy ma’nosi, asl mohiyati tomon dadil qadam tashladi – u faqat eshitiladigan (buni radio ham bemalol uddalaydi!) narsagina emas, balki KO‘RILADIGAN narsa ham bo‘lmoqchiki, buni qutlamaslik insofdan bo‘lmaydi.
Agar yodingizda bo‘lsa, avval O‘zbekiston televideniyesining aksariyat ko‘rsatuvlari reallikning soxta nusxasidan boshqa narsa emas edi. Ishxonada boshingizni og‘ritgan majlis kechqurun uyingizdagi quti ichida davom etar, kun bo‘yi g‘o‘za ichida umri o‘tgan dehqonni oqshom yana o‘sha g‘o‘zalar uyquga kuzatib qo‘yardi. Gap-so‘zlardagi yuzakilik, soxtalik, ba’zan esa ochiqdan-ochiq yolg‘on to‘g‘risida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.
O‘zi birorta latifani eplab aytolmaydigan odam askiyachilarni davraga chorlasa, savod to‘g‘risida shou uyushtirmoqchi bo‘lgan birodarimizning o‘zi savoddan va farosatdan picha bebahra qolgan bo‘lsa, bundan-da ayanch holni o‘ylab topib bo‘ladimi?
Hayriyatki, ayni kamchiliklarga sekin-asta barham berilyapti, dunyoqarashi, fikrlash tarzi, estetik didi o‘zgacha – zamonga mos yoshlar, nihoyat, televideniyega ham toza nafas olib kirishyapti. Jumladan, 1-kanalda o‘nlab yaxshi ko‘rsatuvlar paydo bo‘ldiki, endi tomoshabin ulardan nimadir olyapti.
– Qanday ko‘rsatuvlarni ko‘paytirish, aksincha, qanday ko‘rsatuvlarni qisqartirish kerak, deb o‘ylaysiz? Sizga qaysi ko‘rsatuvlar ko‘proq yoqadi?
– Shaxsan menga “Tanish va noma’lum” ko‘rsatuvining dastlabki ikki-uch soni, “Almanax TV”ning ayrim namunalari, “Zakovat”, “Rivoyat” singari ko‘rsatuvlar ma’qul bo‘ldi. Xorijiy filmlar, ayniqsa, hujjatli-ommabop filmlarning tobora ko‘proq tarjima qilinayotgani ham ayni kunlarda o‘zini oqlaydi, deb o‘ylayman. Faqat bir istakni shu suhbat bahona bildirib ketmoqchi edim. Italyanlarning “O‘rgimchak to‘ri” filmi tarjimasi yaxshi bo‘lgani holda, unga ovoz berayotgan muhtaram aktyorimiz Muhammadali Abduqunduzov ozgina hafsala, artistizm ko‘rsatsalar chakki bo‘lmas edi. Harqalay, ovoz film dinamikasini bermog‘i, tomoshabin o‘zini qandaydir bir zerikarli majlisda o‘tirgandek emas, chigal italyan mafiyasi ichida yurgandek his qilishi kerak.
Lekin hali tug‘ilmagan, biroq tug‘ilishi allaqachon kutilayotgan ko‘rsatuvlar ham talaygina. Masalan, faqat nasihat, sud qilish asosiga emas, balki tushunish-tushuntirish asosiga qurilgan huquqiy ko‘rsatuvlar bugun naqadar zarur. Axir o‘z huquqini bilmagan millatning erkinligi to‘g‘risida gapirib bo‘ladimi?
Bugungi kun voqeligini bir tomonlama yoxud yuzaki yoritadigan emas, balki chuqur va xolis tahlil etadigan analitik ko‘rsatuvlarni ham kutasan kishi. Shunday bo‘lsaki, ko‘rsatuv tomoshabin bilan birga o‘zi ham o‘rgansa, o‘ylansa, javobi oldindan tayyor savollar bilan emas, javobi o‘ta murakkab savollar bilan sahnaga chiqsa! Shunday ko‘rsatuvlar qilish mumkinmi? Bemalol mumkin! Faqat izlovchan tafakkur, shijoat, ijodiy va mardona yurak bo‘lsa, bas.
Kamchiliklar esa, tabiiyki, hali anchagina bor. Hafta davomida bir-birini takrorlaydigan chiqishlar anchagina uchrab turibdi. Agar ularda mavzu-mazmun takrori bo‘lganda ham, boring ana, chidash mumkin edi. Lekin, shunisi xafa qiladiki, bunday chiqishlarda ma’nosizlik va mantiqsizlikning takrori – tavtologiyasiga duch kelaverib, ensangiz qotadi.
Yodingizda bo‘lsa kerak, Navoiy hazratlari qit’alarining birida tagdor qilib aytgandilarki:
So‘zchi holin boqma, boq so‘z holini,
Ko‘rma kim der oni, kim na der.
Afsuski, ayrim chiroyli ukalarimiz va singillarimiz o‘z hollariga – tashqi alfozlariga ortiq darajada e’tibor berganlari, ko‘zni qamashtirganlari holda, so‘z holiga – ekranga chiqib (millionlab tomoshabin, balki o‘zidan ko‘ra yuksakroq saviyadagi odamlar qarshisida!) aytajak fikrlarining holidan bexabarlar yoxud buni unchalik muhim sanamaydilar. Natijada, 15–20 daqiqalik qimmatli efir vaqti beiz-benishon havoga singib yo‘q bo‘ladi. Boyagi mualliflar bo‘lsa, o‘zidan boshqa uchun qizig‘i bo‘lmagan “telezvezda”ligiga mahliyo bo‘lib yuraveradilar.
– Menimcha, ko‘rsatuvlar qiziqarliligini oshirish muallifning saviyasi, ijodkorligiga bog‘liq. Shunday emasmi?
– Gazeta va jurnaldan farqli o‘laroq, televideniye ko‘rishga moslangani bilan muallif oldiga bir qator qo‘shimcha talablarni qo‘yadi. Bugungi tomoshabinni, har qancha qiziq, chuqur mazmunli bo‘lmasin, quruq gap bilan ekran qarshisida uzoq ushlab turib bo‘lmaydi. Aytilayotgan fikr, bildirilayotgan qarashni to‘ldiruvchi, izohlovchi, kerak bo‘lsa, uni boyitib-ochib yuboruvchi tasvirlarsiz to‘la muvaffaqiyatga erishish mahol. Demak, endi muallifning darajasi hamma narsani hal qilmaydi, balki uning yonida ayni muallif tabiati va saviyasiga mos rejissyor, tasvirchi, hatto chiroq ustasigacha bo‘lishi kerak. Agar shu ijodiy guruh mos va xos to‘plana olsa, bilingki, tomoshabin ham ular tayyorlagan narsadan nimanidir oladi, nimanidir ko‘radi.
– Eng zo‘r ijodkorning birinchi tanqidchisi uning o‘zi bo‘ladi. Shu ma’noda o‘z ko‘rsatuvingizdan ko‘nglingiz to‘ladimi?
– Agar kuzatgan bo‘lsangiz, biz avval boshda “Assalom, O‘zbekiston!” tongi dasturida “Kutubxona” nomli rukn ochib, adabiyotdagi yangiliklar bilan xalqimizni baholi qudrat tanishtirib bormoqda edik. Keyin, birinchi kanal radikal o‘zgarishlarga yuz tutgach, “Shanba dasturi”ning rahbari Dilshod Shams birga ishlashni taklif qilib qoldi. Shu tariqa “Hayrat” ko‘rsatuvi dunyoga keldi.
Hozirga qadar efirga ketgan ko‘rsatuvlarning aksariyatida iloji boricha o‘zimizdan kelib chiqishni, o‘zimizni hayajonga solgan san’at va tafakkur namunalari bilan o‘zgalarni ham bir muddat oshno etishni maqsad qildik. Bunga qay darajada erishyapmiz – tomoshabinga havola. Ko‘ngil esa qachon to‘libdiki, endi to‘lsa. Bir safar bor fikringni aytishga ko‘rsatuv vaqti imkon bermay armonda qolsang, boshqa bir gal tajribasiz tasvirchi pand berib yuragingni siqadi.
Biroq, shu narsa taskin beradiki, bir adabiy asar yoxud yozuvchi ijodi bahona biz insonlar bilan muloqotga kirishyapmiz, ularning ko‘nglini topmoqqa, shu ko‘ngil va aqllarning qorong‘i puchmoqlarida yashiringan, hali hech kim, hatto egasi ham qiziqmagan kayfiyat va tuyg‘ularga yorug‘lik tushirishga, erk bermoqqa, ulardan hayratlantirishga urinmoqdamiz. Va aminmizki, barcha go‘zallik va ezguliklarning dastlabki qopqasi inson HAYRATi bilan ochilajak.
– Biz shunga tilakdoshmiz.
Zebo Mirzayeva suhbatlashdi
“Ko‘zgu” gazetasi
1996-yil 26-dekabr soni