KITOBNI O‘QIB MAZZA QILSANG…

Kitobni o'qib mazza qilsang

To‘g‘risi ham shu-da. Bo‘lmasa, kitob o‘qiy boshlasang-u, senga ro‘baro‘ qilingan narsaning “tilini ari chaqqan” bo‘lsa, yozg‘uvchi o‘zi tuymagan yoxud tushunmagan “mas’ala-masoyillarni falsafiy talqin etaman” deb o‘zini ham, seni ham xit qilib yuborsa, esi butun odamga yoqadimi? Ustoz Abdulla Qahhor “Men bu asarni do‘ppimni hidlab-hidlab o‘qidim” deganida ayni shunaqa yozmalarni nazarda tutgan bo‘lsa, ajabmas.

Shukrki, adabiyotimiz peshonasiga adabiy tilni abadiy tilga aylantira oladigan, asar tilini chiylab tashlaydigan, “tuqqan” qahramonlari qog‘ozga qaramay, faqat o‘z zabonida so‘zlaydigan adiblar avlodi peshma-pesh bitib turadi. Axir Qodiriyning Kalvak mahzumi va Toshpo‘lat tajangi, Hamzaning Mulla Do‘sti va Xidoyatxoni, G‘afur G‘ulomning Shum bolasi va Hasan Kayfiysi singari o‘lmas timsollar gapini manaman degan o‘quvchi ham bir nafasga bo‘la oladimi?

Bir narsa yozib, ham o‘zi maza qiladigan, ham muxlisini rozi qiladigan bugungi adiblarimiz orasida O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning birov da’vo qilolmaydigan o‘z o‘rni, bir-biridan o‘qishli asarlarining o‘z tarovati bor. Ayniqsa, hajviya, hangoma bitar bo‘lsa, yozuvchi tili shu qadar shira tortadiki, tasvirlanayotgan manzara yoxud qahramon holati shu shira sabab bo‘rtib-yaltillab namoyon bo‘ladi. Adibning “Sharq” NMAK Bosh tahririyati tomonidan chop etilgan “Baloga qolgan futbolchi” kitobining bizga tekkan nusxasida biror sahifa qolmadiki, ko‘plab satrlar osti qalam-la “shudgor” qilinmagan bo‘lsin. Axir mana bu tasvirlar, mana bu badiiy topilmalar oldidan shunchaki o‘tib ketish mumkinmi:

“Guzardagi xotinlar hammomini xususiylashtirib olishdek ezgu niyatini ovozalab qo‘yish uchun mahalla oqsoqoli huzuriga otlanib turgan Esonxo‘ja, ko‘cha eshikdan bezrayib kirib kelayotgan Qarnoqni ko‘rib, ensasi qotdi”;

“Boyxo‘roz palovni kuyovbo‘kish qilib yeb, tantanavor kekirishga shaylanganida, birov chaqirib qoldi. Chiqsa, do‘konchi yigit “Yava” motosiklini sedanatutga tiyab, ko‘ylagining etagida qornini yelpib turibdi”;

Mol do‘xtiri So‘limov “Bolivoy shamollashdan o‘xchib yotganda, isitma o‘lchaydigan darajashishani qo‘ltiqning tagiga emas, molga o‘xshatib, ketiga o‘rnashtirmoqchi bo‘lgan, Hamdam soliqchiga “tug‘mas xotiningni sun’iy qochirib ko‘rsakmikin”, deb eshakdek kaltak yegan…”

To‘g‘risini aytganda, ayni matnlarni uzib qo‘yishga ham odamning ichi achiydi. Lekin maqola etikasi degan gaplar ham borki, unga amal qilishga majburmiz.

Anvar Obidjonga kamdan-kam odamga nasib etadigan zavqni, cheksiz komik  tasavvurni, o‘sha zavq va tasavvur hosilasi bo‘lmish hikoya tarzini xudoning o‘zi yuqtirgan. Holbuki, ko‘hna adabiyot, hajv tarixida ishlatilmagan tashbehning, tesha (qalam) tegmagan o‘xshatishu mubolag‘aning o‘zi qolmagandek go‘yo. Yo‘q, tug‘ma iste’dod uchun hamma-hamma narsaning imkoniyati berilaverar ekan. Agar shunday bo‘lmasa, do‘mbillagangina qariyaning charchab kelib istirohat bog‘idagi skameyga o‘tirishini mana bu taxlit tasvirlash kimning xayoliga keladi:

“Jazirama bo‘lishiga qaramay, boshiga qashqartelpakni bostirib, egniga uzun kamzul kiygan qariya vosh-voshlaganicha kelib, bog‘kursining chetrog‘iga xamirlandi”.

Uy-ro‘zg‘orning hech qachon tugamas quyidagi tashvishlari bo‘lsa, Do‘qipolvonning umrida erkalanmagan xotini Erkaxon zimmasida (ro‘yxat uzun bo‘lgani uchun o‘rtarog‘idan o‘qilmoqda!):

“…pashsha va suvaraklarni qirish, sichqonlarni zaharlash, juvarixo‘r chumchuqlarni kesakbo‘ron qilish, ig‘vogar qo‘shnining tili tiyilguncha olishish, bo‘sh shishalarni ayirboshlashda lo‘li bilan ikki soat tortishish, jo‘jalarni sorlardan asrash, yorilgan choynakni chegalatish, zanjirdagi olaparni yo‘ldan ozdirayotgan qanjiq laychaga qaynoq suv sepish, Hamdam soliqchidan qutilish uchun o‘zini chalajonga solib yotish…, darvozaga yozib ketilgan noilmiy-ommabop so‘zlarni o‘chirish” va h. va h.

Har qanday asarning qahramoni, birinchi navbatda, faqat va faqat o‘ziga tegishli tili, muomala usuli, gapirish ohangi bilan o‘zini namoyon ham qiladi, himoya ham qiladi. Shunday asarlar borki, ularning biror qahramoni shunchaki yoxud boshqalarga o‘xshab gapirmaydi, ular ishlatgan iboralar keyinchalik ko‘pchilikning til mulkiga aylanib ketadi. Bu jihatdan, masalan, o‘zbek kino ijodkorlari tomonidan ona tilimizning jami tovlanishlarini zukko ilg‘agan Abdulla Qahhor adabiy maslahatchiligida yaratilgan “Mahallada duv-duv gap” filmini yoxud Leonid Gaydayning mashhur “Kavkaz asirasi” kartinasini misol keltirish mumkin. Birinchi filmning Lutfixonim Sarimsoqova, Maryam Yoqubova, Rahim Pirmuhammedov singari ajoyib aktyorlar jamoasi tomonidan yaratilgan, har biri bir dunyo qahramonlarining til xususiyatlarini gapirmaganimiz taqdirda ham, kelinni “qochirib yuborgan” Hamza Umarov ijrosidagi kuyovbolaning holiga mahalla-ko‘y vakillarining ketma-ket yog‘dirgan luqmalari (“yo‘g‘-e?!”, “i-e…”, “ana xolos!”, “ol-a-a!”)ni eslashning o‘zi kifoya.

Xuddi shunday, “Kavkaz asirasi”da tomoshabin qarshisida ilk bor paydo bo‘lgan “uch og‘ayni”ning pivo ichish epizodini yodga olaylik. Hali xotinsiragan Saaxov fitnasi sabab boshlariga tushadigan ko‘rguliklardan bexabar bu shovvozlar hayot va uning lazzatlari to‘g‘risidagi o‘sha mashhur faylasufona iboralari (“Yashash yaxshi!”, “Yaxshi yashash – undan ham yaxshi!!”, “Yasha!!!”)ni aytishadi. Endi shu qisqagina gaplarni bir aktyordan (masalan, Morgunovdan) boshqasiga (masalan Vitsinga) olib bering-chi, o‘xsharmikan. O‘xshamaydi!

Anvar Obidjon yaratgan hajviy personajlarning ham har biri o‘zining “ijtimoiy kelib chiqishi”, qilib yurgan kasbu kori, “madaniy darajasi”, g‘ovlab yoxud xamaklab ketgan “dunyoqarashi”, oldiga qo‘ygan “ezgu maqsadlari”ga xos va mos tilda so‘zlaydi. Bu yerda ishlatganimiz “so‘zlaydi” fe’li umumiy xarakterga ega bo‘lib, yuqorida sanaganimiz omillarga ko‘ra, bu qahramonlarning biri “eriga kekanglab boqib, so‘raydi”, yana biri “so‘zni oliflantiradi”, boshqasi “kulgisini tiyishga qiynalib, xiqichoq tutgan tarzda javob qaytaradi”, yana boshqalari esa “arazlagan boladek ostki labini burishtiradi”, “taltanglanib javob qiladi”, “surlanib gap g‘ildiratadi”, “choydishdek jig‘illaydi”, “javob sachratadi”, “og‘zida so‘lagi chilpillab so‘z qotadi”, “halqumiga chandir tiqilgandek “hiq” etib to‘xtab qoladi”…

Mashhur adiblardan biri aytgan edi: “Shoir minglab qiyofaga kirib rol ijro etuvchi mohir aktyordir”, – deb. Bu mahorat nafaqat shoirga, hech shubhasiz, hunarmand yozuvchiga ham birdek tegishli. Anvar Obidjonning hali Hayyomning hurmatini nihoyatda joyiga qo‘yadigan piyonista, hali “uch yarim yildan beri sip-silliq tul” sifatida o‘zini radiobozorga solayotgan “xotingado”, hali “ba’zi balchiqmiyalar” va “kallasini ajriq bosganlar” bilan kiborlar oilasida tarbiyalangan ziyolilarcha muomalani joyiga qo‘yadigan romchi, hali uch soatli tarixiy kartinada quduq yonidagi o‘lik rolini o‘ynab qo‘yib, maktabma-maktab ijodiy uchrashuv qilib yurgan artist, hali “tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib, biridan Maman bankirning iti Vilgelm nima yeb o‘lganini, ikkinchisidan xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan bugungi qiymatini, uchinchisidan Pirxon tergovchining qaynanasi qaysi jinnixonada yotganini ezmalarcha surishtirib” kun o‘tkazadigan bekorchi… singari yuzlab qahramon rolini qoyillatib o‘ynagani muxlislarning erinmay o‘rindan turib, uzoq qarsak bilan olqishlashiga loyiqdir.               

Yozuvchi bu qahramonlariga yaxshi niyat bilan shunday “olijanob” ismu shariflar qo‘yadiki, ularni xuddi yonginasida “ko‘rib-kuzatib turgan” o‘quvchi ismning jismga bu qadar mos tushishi “chinakam tarixiy hodisa bo‘lganini beixtiyor e’tirof etadi”: Berdimat, Oymamat, Gudirmamat, Maynaxon, Zilzilaxon, Mashmashaxon, Surobxo‘ja, Patiydin, Mo‘min Itoatovich, Go‘ga Gadoyevich, Bella Qoramullayevna, Lug‘atxo‘jayev, Dazmolov, Darrayev, Shavlayev, Mamashoti, Parriq ming‘i, Alirafiq, Jabbor melisa, Nashvatiy, Mishmishali, Urug‘ali, Yomg‘irali…     

Mazkur qahramonlarning har biriga so‘z berilishi bugungi muloqotimiz vaqtini cho‘zib yuborishini inobatga olib, ularning hammasi nomidan Mirzaqand naynov hasratlaridan bir chimdim eshitamiz:

“Xotinga yolchimadim, oshna. Bilasan, ustimga sholcha yopinsam, beqasamdek yarashadigan suqsurpo‘rma yigitlardan edim. Pandavoqiligimni qaraki, kelib-kelib, ana shu puchdanakka ilashibman. U bilan o‘nta ko‘rpa yirtib, bittayam bola ko‘rmadim. Hech bo‘lmasa, qiz-piz tug‘ib bergandayam, sen g‘ariblarga atab kattakon bir osh damlardimki, uni tovoqqa bossak, ustidan it sakrab o‘tolmasdi…”   

Aslida, hikmatga, ibratga aylanib ketadigan ibora-yu gaplar jiddiy asarlardan terib olinar, keyin “Donolar bisotidan”ga o‘xshash nomlar bilan bir muqova ostiga jamlanar edi. Buni qarangki, hajviy asarlarda ham ostiga qalingina qilib chizgancha ajratib qo‘ymasangiz ko‘nglingiz tinchimaydigan g‘alati hikmatlar ko‘p uchrar ekan. Garchi tili nordonu ifoda usuli kulguli bo‘lsa-da, ulardan ham ajab hikmatlar o‘qish va uqish mumkin, bizningcha. Anvar Obidjon kitobida ham, so‘zi va uning ifodasi xuddi Oltiariq hovlilarida yonma-yon o‘saveradigan bodring bilan chayon qalampiru uzum bilan “mochalka”dek totuv, yelkama-elka kelgan, yozilajak zo‘r hajviyalarga (hatto jiddiy asarlarga ham!) bemalol epigraf qilsa bo‘ladigan “hikmatlar” to‘lib yotibdi. Mana, o‘shalardan ayrimlari:     

“Hatto go‘rkovning ketmonida ham shirin orzu, go‘zal maqsad bo‘lishi mumkin”;

“Dunyodagi katta urushlar kimdir xaritani mushtlab, beixtiyor na’ra tortvorishidan boshlanadi”;

“Uchragan eshakcha bilan tepishaversam, tovonga kun ora taqa qoqtirishim kerak bo‘ladi”;

“Ikkala fujer ham “vaholanki” so‘zini aytishga sarflanadigan muddat ichida yana avvalgi top-toza holatiga qaytdi”;

“Yarashuv marosimi shishaga yaqin joyda o‘tayotgani bois ish uzoqqa cho‘zilmadi”;

“Faqat qiziquvchanlik emas, hijolatpazlik ham ba’zan zo‘r kashfiyotga sabab bo‘lishi mumkin”;

“Insofni baxmalga o‘rab aytganda, “Chashma”ning urug‘iyam xirmonda sochilib yotgani yo‘q”;

“Xotin kishi degani asalarining yashig‘iga o‘xshaydi, sal tegsang, baloga qolasan”;

“Bu kuyni hatto o‘likning yonida chalsang, kafanini yirtib tashlab, og‘zingga shapaloq tortvorishi hech gapmas”;

“Odamlar qarishdan, maqolalar qisqarishdan o‘ladi” va hokazo.

…Ba’zan to‘rt-besh ming tomoshabin yig‘ilgan saroylar sahnasida aytilayotgan, ijro etilayotgan latifa-yu hangomalar, millionlab muxlis ko‘rib yoxud eshitib o‘tirgan televizor va radiodan berilayotgan kulgi dasturlaridan yuzingda ijirg‘anish yoki afsusdan boshqa ifoda paydo bo‘lmaydi. Shunday kezlar, bu “mardi maydonlar” o‘zbek adabiyoti degan buyuk xazina bor ekanini, agar shu xazinaga kirib did bilan o‘ziga matn-manba qidirsa, umrining oxiriga qadar muxlislar ardog‘iga sazovor qiladigan boyliklar topib chiqishi mumkin ekanini ham bilasharmikin, degan savol qiynaydi kishini. Axir, Anvar Obidjonning birgina shu to‘plamidan joy olgan tomosha va tomoshabinbop ko‘plab hajviyalardan ayrimlari – “Serkaxonim”, “Oxirgi sedanatut qissasi” asosida hajviy filmlar suratga olib, televizorchilar kam bo‘lmadi-ku. Qolaversa, hali ham kech emas: bu kitobdagi aksariyat hajviyalar asosida o‘zbek tomosha san’atining o‘lmas obidalariga aylanib qoladigan asarlarni bemalol suratga olish mumkin. Buning uchun soha ijodkorlaridan qittakkina iste’dod, ozgina hafsala va ixlos, eng muhimi – o‘zbekona lutfni nozik ilg‘aydigan adabiy did talab etiladi, xolos.

Rahmon Qo‘chqor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: