ISLOM HAQIDAGI UYDIRMALAR

Islom haqidagi uydirmalar

Kelib chiqishi dvoryanlar oilasidan bo‘lmish Valeriya Mixaylovna Poroxova 1940-yilning 14-mayida, otasi “xalq dushmani” sifatida surgunda bo‘lgan uzoq Sibirning Uxta shahrida tug‘ilgan. Sho‘ro hukumati uning otasini otib tashlagan. O‘tgan asrning 50-yillari oxiridagina onasi Natalya Pavlovna Moskvaga qaytib, o‘ttiz yildan ortiq Moskva meditsina akademiyasida dars beradi, oqila qizni voyaga yetkazadi.

Valeriya Poroxova
Valeriya Poroxova

Valeriya Mixaylovna Moskva davlat chet tillar pedagogika institutida o‘qib, bitiruv diplom ishini mazkur o‘quv yurti tarixida birinchi bo‘lib xorijiy tilda himoya qiladi. O‘qishni tugallab, 18 yil davomida Moskva injener-fiziklar institutida dars beradi. Shu yillar ichida Moskva davlat universitetining falsafa fakultetida o‘qib, uning nufuzli diplomiga ham ega bo‘ladi.

1975-yilda Moskvada saboq olayotgan suriyalik talaba Muhammad Said al-Rashidga turmushga chiqadi. 1985-yilda eri bilan Damashqqa ko‘chib borib, islom dinini hamda Imon ismini qabul qiladi. “Qur’on”i karim ma’nolari tarjimasiga jiddiy kirishib, 1991-yilda uni yakuniga yetkazadi.

V.M.Poroxova hozirga qadar juda ko‘plab milliy va xalqaro akademiyalarning haqiqiy a’zosi etib saylanishi barobarida, turli nufuzli tashkilotlarning orden va medallari bilan taqdirlangan. Ular orasida, jumladan, Rossiya Tabiiy Fanlar Akademiyasining “Fanni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun” ordeni (2000-yil), ayni akademiyaning “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni (2002-yil), Eron Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Xotami tomonidan taqdim etilgan, musulmon dunyosida nihoyatda sharafli hisoblangan “Muqaddas “Qur’on” xizmatchisi” unvoni (2003-yil), Shvetsariya Parlamenti va Yevropa Ittifoqi qarori bilan berilgan, dunyoning eng nufuzli 1000 ayoli qatorida 2005-yildagi Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzodlik guvohnomalari bor. Muhtarama Imon opa tomonidan amalga oshirilgan “Qur’on”i karim ma’nolarining rus tiliga tarjimasi hozirga qadar 12 marotaba qayta nashr etildi. Mazkur tarjimaning qanchalar asliyatga yaqin hamda she’riy uslubda yaratilgani borasidagi ko‘plab e’tiroflar ichidan birgina misolni keltirish bilan cheklanamiz. U ham bo‘lsa, mashhur sharqshunos olim Y.E.Bertelsning o‘g‘li A.Y.Bertelsning 1991-yili Moskvadagi Adabiyotchilar markaziy uyida o‘tkazilgan mazkur tarjima taqdimotidagi so‘zidan kichkina parchadir: “Qur’on” rus tilida birinchi marotaba chinakamiga yangradi. Rossiya sharqshunosligining Qur’onshunoslik maktabida ilk bor ruhoniy ish amalga oshirildi va uni Valeriya Poroxova qiyomiga yetkazib uddaladi…”

ISLOM HAQIDAGI UYDIRMALAR

“Qur’on” hijob taqish va dinsizlarni o‘ldirishga majbur qilmaydi.

“Bir nafar bo‘lsa-da, begunoh odamni o‘ldirgan kishi hech qachon jannatning isini tuymaydi”, “Allohing tomonidan yaratilgan qalbni o‘ldirma” deyiladi muqaddas “Qur’on”da. Terroristik aktni sodir etgan kimsa o‘sha zahoti musulmonlikdan ham, nasroniylikdan ham, yahudolikdan ham mosuvo bo‘ladi. U – jinoyatchi!” deb hisoblaydi “Qur’on” ma’nolarining rus tiliga tarjimoni, 2010-yildan e’tiboran “Konfessiyalararo kelishuv va barqarorlik” xalqaro fondining prezidenti Valeriya POROXOVA.

– Nima uchun butun dunyodagi terrorchilar islomni niqob qilishadi. Axir “islom terrorizmi” degan tushuncha osmondan tushmagan-ku…

–Dunyo dinlarining barchasi ularni e’lon qilganlar nomi bilan atalgan: buddaviylik, zardushtiylik, iudaviylik, xristianlik. O‘z nomidayoq aniq va mukammal ma’noni mujassam etgan yagona din bu – islomdir. Va bu so‘z – tinchlik, xotirjamlik, xavfsizlik ma’nolarini anglatadi. “Islom terrorizmi” (ruschada “исламский терроризм” – tarj.) iborasini xohlagan xorijiy tilga, jumladan, rus tiliga tarjima qilsak, “tinchlikparvar terrorizm” yoxud “xavfsiz terrorizm” degan, filologik jihatdan axmoqona, borib turgan mazmunsiz bir narsaga ega bo‘lamiz. Bu esa mazkur iborani har qadamda qo‘llayotgan kishilarning hayron qolarli darajada savodsizligi va omiligidan yaqqol dalolat beradi.

– Lekin Siz, harqalay, “Qur’on”da “jihod” – “dinsizlar bilan muqaddas urush” degan tushunchalar ham borligini inkor qilmasangiz kerak?

– Aksariyat islom faylasuflarida chinakam “jihod” – insonning o‘z nafsini o‘ldirishi, unga qarshi urushi sifatida talqin etiladi. Shu nuqtai nazardan asl jihod – o‘z nafsidan g‘olib kelish, ruhoniy komillikka yetishish yo‘lidir.

Jihod tushunchasini o‘zgacha talqin etish – uni insonning ruhiy chiniqish omilidan dinsizlarga, shu jumladan, o‘zlarining qarashlariga qo‘shilmaydigan musulmonlarga qarshi qurolli kurash omiliga aylantirish –itoatsizlik, isyon, fitna sifatida islom dinida qat’iy qoralanadi. “Qur’on”da “Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” deyilgan bo‘lsa-da, boyagi “jihodchi”lar uning qonuniyligini da’vo qilishadi.

– “Ularni qayerda topsangiz, o‘ldiringiz va sizlarni chiqargan joydan ularni chiqaringiz”. Bu gaplar Qur’on oyatlarida bor-ku.

– Mazkur suraning oldingi oyatlari, bilsangiz, bunday yangraydi: “Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo‘lida jang qilingiz, (lekin) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi”. Keyin Siz keltirgan oyat. Uning davomi esa quyidagicha: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. Ular (birinchi bo‘lib) boshlamaguncha, Masjidi Haromda ular bilan urushmangiz. Agar urushni (Haromda) boshlasalar, u holda ularni o‘ldiringiz! Kofirlarning jazosi shundaydir”. Keyingi oyatlarda esa mana bunday davom etiladi: “Agar (shirk va tajovuzkorlikdan) qaytsalar, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmdildir”, “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shayton (yoxud butlar)ni inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u mustahkam halqani ushlabdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir”.

– Radikal qarash egalari bo‘lmish islomchilar Siz bilan kelishmasliklari aniq…

–  Vahhobiylarni nazarda tutyapsizmi? XVIII asrda yashagan Muhammad Abdul Vahhobning vazifasi o‘z hududi, milliy mentaliteti hamda o‘z davri bilan qat’iy chegaralangan edi: o‘sha hudud arablari qur’oniy islomdan uzoqlashib, turli adashish va aynishlarga berilib ketishgandi. Vahhob ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, Xudoga qaytarish da’vosi bilan chiqqan. Maqsad, garchi ezgu bo‘lsa-da, biroq uni amalga oshirish strategiyasi shafqatsiz va qonli tus oldi. Shu tufayli ham o‘z davridayoq bu harakat keskin qoralangan. Bugun bu o‘lik va xavfli doktrinani faqat madaniy-ma’rifiy, iqtisodiy darajasi juda past mamlakatlardagina “muvaffaqiyatli” qo‘llash mumkin. O‘sha o‘lkalarda go‘yo dinsizlarga qarshi kurashyapmiz, deb o‘ylansa-da, aslida insonlar hayot farovonligidagi keskin farqlarga qarshi jang bormoqda. Shunga ko‘ra, dinni shafqatsiz siyosatdan ajrata bilish talab etiladi.

– “Allohning kelinchaklari” degan shahidchi ayollar qayerdan paydo bo‘lishyapti? Ularni, harqalay, chillaki ruhoniy yetakchilari “oq fotiha” berib, o‘lim sari yo‘llashayotgani aniq.

– “Jannatdagi qizlar” to‘g‘risida ko‘p gapiruvchi “shayx” va “mulla”lar, aslida, musulmon qavmidan bo‘lmay, ular chinakam islom qadriyatlarini targ‘ib etishdan manfaatdor emaslar. Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning islomda zo‘ravonlikka (terrorga), o‘z joniga qasd qilishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi o‘lmas o‘gitlari esa ko‘plab hadislardan o‘rin olgan. O‘sha hadisi shariflarning birida, jumladan, shunday deyiladi: “O‘z joniga qasd qilgan kishi olov bilan jazolanadi va bu olov ichida mangu qoladi”.

Islom aqidasiga ko‘ra, chin dindorlar faqat musulmonlar emas. “Qur’on”da xristian va yahudiy qavmlariga, muqaddas Kitobga ega kishilar sifatida, hurmatli munosabat mavjud. Va Yaratuvchi aytadi: “Men Xudoning nomi yangrab turadigan dargohlar – monastir va cherkovlarni, sinegoga va masjidlarni qoldiraman”.

– Islomda ayollar huquqqa ega emas, degan qarash mavjud. Ayol to‘rtinchi xotin bo‘lishi ham, agar ajrashishni xohlasa, hech narsasiz qolishi ham mumkin. Hatto masjidlarda ham erkaklar bilan bir safda tura olmaydilar…

– Bu qarash – borib turgan omilik, g‘irt jaholatdan tug‘ilgan daqqilik – stereotipdir. Holbuki, ayollar hech qayerda islomdagichalik huquq va imkoniyatlarga ega emas. Agar ayol boshdan-oyoq qora libosga o‘ralib olgan bo‘lsa, bilingki, bu rangning “Qur’on”ga zarracha ham aloqasi yo‘q. Yaratgan aytadi: “Biz sizga foydalanishingiz uchun turli xil ranglarni muhayyo qildik”. Va ayollar “zeb-ziynatlar taqib, eng chiroyli liboslarda” erlariga ko‘rinishga buyurilgan…

Darvoqe, bugungi arablar ko‘proq “Qur’on”ning to‘rtinchi surasidagi quyidagi oyati karimaga amal qilishmoqda: “…Bordiyu (ular o‘rtasida) odil bo‘la olmaslikdan qo‘rqsangiz, bir ayolga (uylaning)…” Bu yerda gap ko‘proq mulkiy tenglik, adolat xususida bormoqda. Binobarin, ko‘pxotinlilik faqat favqulodda holatlardagina amal qiladi. Deylik, xotin bepusht bo‘lsa yoxud eri bilan ruhiy yoki jinsiy nomuvofiqliklar vujudga kelgan taqdirda. Ana shu holatlarda er birinchi ayoli bilan olaviy hayotni davom ettirgan holda ikkinchi bor uylanishi mumkin. Biroq Sharq mamlakatlarida bunday nikohlar salmog‘i nihoyatda kam. Suriya, Livan, Iordaniya, Iroq singari ayollar erkin mamlakatlarda esa, ayrim istisnolarni aytmasa agar, ko‘pxotinlilik deyarli yo‘q.

Yana bir qiziq faktni aytaman sizga. Arab oilasidagi ayol ishga kirsa, uning topgan puli oila budjetiga emas, faqat o‘z kissasiga tushadi. Ko‘rinadiki, musulmon ayoli nasroniy oila ayolidan ko‘ra ko‘proq huquqqa egadir…

Masjidlardagi alohida binolar masalasiga kelsak, buning izohi quyidagicha: namozni ado etayotgan ayolning ruku’ga engashgan yoxud sajdaga bosh qo‘ygan holatiga erkak kishining ko‘zi tushishi har ikki tomon uchun noqulaylik tug‘diradi. Eng muhim sababi shu – islomdagi uyat va andisha hissi. Darvoqe, aksariyat masjidlarning ayollarga ajratilgan binolari qalin gilamlar va ostidan istiladigan pollarga ega ekanini ham aytib qo‘yishim kerak.

– Biroq nega arab ayollari baribir hijobda yurishadi?

– O‘ylaymanki, buning sababi iqlim bilan bog‘liq. Erim bilan Amirliklarga borgandik. Dubaydan Abu-Dabigacha cho‘zilgan 156 kilometrlik yo‘l qup-quruq sahro o‘rtasidan o‘tgan. Mashina ichi  shunchalar changga botdiki, qo‘yaverasiz. Bizning esa burnimiz, ko‘zlarimiz, kiyimlarimizning g‘ijim joylari qumga to‘lib qoldi. Shuncha qum qanday kirib kelganini tushunib bo‘lmaydi. Mana shuning uchun ham arabning ayolu erkagi to‘liq berkinib yuradi. Lekin bu yagona sabab emas. Suriyadagi bir dugonam maqtanadi: “Lera, terimga bir qaragin – chinakam ipak deysan!” Bir haftagina ochiq yurgan mening terim bo‘lsa sag‘riga aylanib ulgurgan…

“Qur’on”da ayollarga shunday buyuriladi: “Boshingizni va ko‘kragingizning o‘yiq joyini ro‘mol bilan berkiting”. Shuningdek, shaffofligi va tanani qisib turishi evaziga shahvat uyg‘otuvchi kiyimlardan barcha insonlar qaytariladi. U yog‘ini surishtirsangiz, “Qur’on” nozil bo‘lishidan ancha avval ham xristianlar doim boshini o‘rab yurishgan. Buning isbotini rus mumtoz rangtasvir asarlarida barcha nasroniy qizlarning boshi jag‘i aralash ro‘mol bilan tang‘ilgan holda tasvirlanganida ham ko‘ramiz.

– Sizning “Qur’on” o‘girmangiz “ma’nolar tarjimasi” deb atalgan. Bu ayrim tushunchalar talqinida turli nuqtai nazarlar uchrashi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak-da?

– “Qur’on” bugungi og‘zaki arab tilidan jiddiygina farq qiladigan mumtoz arab tilida nozil bo‘lgan. Bu esa so‘zlarning ma’nosini beixtiyor chalkashtirib yuborishga olib kelishi mumkin. Talqinchining ilmiy-ma’rifiy darajasi haqida esa gapirmasak ham bo‘ladi. Zero, bu Abadiy Kitobning tarjimoni o‘nlab fanlarning bilimdoni bo‘lmog‘i lozim. Balki shuning uchundir, eng mashhur olimlar ham o‘zining tarjimasi asliyatga mos ekanini da’vo qilishgan emas. “Qur’on”ni ingliz tiliga o‘girgan mashhur tarjimon, arabshunos olim Marmadyuk Piktal ham o‘z variantini “deyarli mos” deya olgan, xolos. Bizning sharqshunosimiz Ignatiy Krachkovskiy esa o‘z tarjimasini “Qur’on” nomi bilan chop etilishiga mutlaqo qarshi bo‘lgan. Shuning uchun, mening mehnatim ham “Ma’nolar tarjimasi” nomini oldi.

Yekaterina BICHKOVA suhbatlashdi.

“Аргументы и факты” gazetasining 2013-yil 45-sonidan Rahmon QO‘CHQOR tarjimasi.

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: