ICHIMIZDAGI XOIN

ichimizdagi xoin

“Yomonlik oldida qo‘rquvga berilsang,

qo‘rquvning yomonligini seza boshlaysan”.

Bomarshe

So‘zimizni bir muhim e’tirof bilan boshlasak, har jihatdan to‘g‘ri bo‘lsa kerak. U ham bo‘lsa, biz nihoyat muhokamasiga jazm etganimiz murakkab masala fidoyi shoir Shavkat Rahmonning bir she’rida g‘oyat ta’sirli tasvirlangani haqidagi e’tirofdir. O‘sha she’r shunday boshlanadi:

Titroq sezdingmi hech

bir shum lahzada –

xatar-la yuzma-yuz turgan chog‘ingda.

Tubsiz jar labida oniy larzadan

titrab kelganmidi joning og‘zingga…

*      *      *

 “Qo‘rqitish – qo‘rquv ostida turganlarning quroli”.

J.Bokkachcho

Ingliz adibi Jorj Oruell (asl ismi Erik Bleyr)ning “1984” romani bosh qahramoni Uinston Smit bu “shum lahzadagi oniy larza”ni Okeaniya atalmish saltanatning yer ostidagi jazo makoni – 101-xonada boshdan o‘tkazadi. U shunga qadar jismu joniga yetkazilgan jamiki azoblarga – jismoniy qiynoq va xo‘rlov, ochlik hamda tashnaliklarga dosh bergan, hatto ko‘zga ko‘rinmas Katta og‘a siyosatini bekami ko‘st o‘tkazuvchi O’Brayen bilan yuzma-yuz tortishishga ham o‘zida kuch topgan edi. Biroq barcha fuqarolarning nafaqat tashqi hayoti tafsilotlari, balki ichidagi eng yashirin sirlaridan ham to‘la voqif bo‘lmoq yo‘llarini kashf etgan bu tuzum Uinstonning ham nozik yerini – nimadan qo‘rqishini yaxshi bilardi. Va uning aynan shu nozik joyidan tutadilar. Natijada, agar qafasdan chiqarib yuborilsa, ozg‘in va rangpar yuzini hash-pash deguncha tishlab-uzib yeb, qontalash boshchanog‘inigina qoldirishi tayin bo‘lgan och kalamushlar qarshisida taqdirga tan bermoqdan o‘zga chorasi qolmaydi uning. Mana shu qo‘rquv – “og‘izga titrab kelgan jon” talvasasi uni inson qilib tutib turgan ruhiy umurtqasini sindirib, majaqlab tashlaydi: Uinston qalbining tubida sevib asragani Juliyani o‘zining o‘rniga shu ochofat qalamushlar hukmiga berilishini so‘rashga majbur bo‘ladi…

Holbuki, u shu kunga qadar aqlining taslim bo‘lganini tan olsa-da, qalbini daxlsiz saqlashdan umidvor edi. Biroq O’Brayen muxtor vakili bo‘lgan hukmron partiya uchun bu yetarli emasdi: ular fuqarolarning Katta og‘aga nafaqat so‘zsiz itoat qilishlarini, balki uni sidqidildan sevishlarini istashardi. Ularning nazarida “Hokimiyat keyin undan voz kechish, birovga berish uchun egallanmaydi. Hokimiyat – vosita emas, hokimiyat – maqsaddir. Individning individualligi o‘lgandagina hokimiyat sohibi bo‘la oladi. Hokimiyat odamlar ustidandir. Vujudlar va, eng asosiysi, ong ustidan hokimiyatdir. Hokimiyat odamlarning ongini parchalab, yana o‘zingizga maqbul tarzda tiklamoqdir”.

O‘zini mana shunday hokimiyat sohibi hisoblaydigan O’Brayen uchun Uinstonning aqli va jismi taslim bo‘lishidan muhimroq masala – uning qalbidagi javharni mahv etish, bu qalbni ham xuddi uning hilviragan jismi-yu joni singari abgor holga solish edi. U ayni maqsadini qat’iy ohangda bayon qiladi: “Biz sizni shunday bukib qo‘yamizki, avvalgidek bo‘lolmaysiz. Siz bilan shunday narsa yuz beradiki, ming yil yashasangiz ham o‘zingizga kela olmaysiz. Siz hech qachon oddiy insoniy tuyg‘ularni his etishga qobil bo‘lmay qolasiz. Ichingizdagi hamma sezgilar o‘ladi. Muhabbat, do‘stlik, hayot quvonchlari, tabassum, qiziquvchanlik, jasorat, halollik – sizda bularning hech biri hech qachon bo‘lmaydi. Siz g‘ovakka aylanasiz. Biz ichingizni bo‘shatib, keyin o‘zimiz bilan to‘ldiramiz”.

Va ular ayni maqsadiga to‘la erishadilar! (Qarang: Jorj Oruell. “1984”. Tarjimon: Karim Bahriyev. – T.: “Nihol” nashriyoti. 2020-y.)

*       *       *

 “Zolimlik va qo‘rquv bir-birining qo‘lini siqishadi”.

Balzak

Afsuski, insoniyat jamiyatini shaxslarsiz, mustaqil fikrlashdan qo‘rquv tuyadigan, qay manzil sari yetaklansa so‘zsiz itoat ila olg‘a boradigan poda holiga solishni hamma zamonlarning mustabid hukmdorlari o‘zining bosh a’moli deb bilganlar. Frans Kafkaning “Jazo koloniyasida”, “Evrilish” asarlarida ham, Gabriel Markesning “Mustabidning poymonasi” romanida ham, Dino Butsatining “Taqiq” hikoyasi, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani-yu Xurshid Do‘stmuhammadning “Oromkursi” qissasida ham ayni shunday maqsad-muddao egalarining qilmishlari va bu kirdikorlarning ayanchli oqibatlari turli rakurslardan, o‘ziga xos ramzlar shaklida talqin etiladi.

Chingiz Aytmatov suhbatlarining birida sho‘roviylar davlatida o‘rnatilgan boshqaruv tabiati xususida quyidagi mazmundagi mulohazani aytgan edi: Stalin xalqni xuddi tirik turib pati yulib olingan tovuqqa o‘xshatib qo‘ygan edi. Davlat va jamiyat boshqaruvini to‘liq o‘z ixtiyoriga olgan “dohiy”ning bir qo‘lida sevimli trubkasi bo‘lsa, boshqa qo‘lida tovuq ochdan o‘lmasligining kafolati – don yig‘ilgandi. Bu ahvolida har qanday xavfdan qo‘rqib-titraydigan tovuq mana shu – changalida don tutgan kimsa qay tomon burilsa, o‘sha yoqqa yurardi. Hammaning nazarida g‘oyat zabardast, millionlarning boshini silovchi, marhamatli bu qo‘l obdon zoriqtirgach, tovuq ochlikdan o‘lmasligi uchun, keyingi manzillarga olib boradigan yo‘llarga uchta-to‘rttadan don sepib qo‘yardi. Bu “Xo‘jayin”dan (Stalinning yugurdaklari orasidagi mashhur laqablaridan biri – “Xozyain” edi!) uzoqlashishga bo‘lgan har qanday harakat ochlik va sovuqdan, egasizlik va himoyasizlikdan keladigan halokatdek qo‘rqinchli tuyulardi…”

(Shu tufayli ham Stalin o‘lgan kunlari millionlab odamlarning chin dildan qayg‘uga botib yig‘lagani, hatto “Endi nima bo‘ladi?” degan o‘y ularning qanchasini vahima va qo‘rquvga solgani – tarixiy bor gap!)

Chingiz Aytmatovning ham bir qancha asarlari qahramonlarini inson sifatida abgor qilgan mudhish tuyg‘uga ham aynan qo‘rquv nomi berilsa, har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi. Jumladan, o‘zini dunyoga keltirgan otasi – Kazangapni qadimiy Onamayit qabristoniga eltib ko‘mishga jon-jahdi bilan qarshi turgan Sobitjonni zamonaviy – partbiletli manqurtga aylantirgan ham zo‘rg‘a yetishgani amal-u e’tiborni yo‘qotib qo‘yishdan ich-ichdan titrab-qaqshab qo‘rqish hissi edi…

Postsovet davlatlaridagi mutaxassislarning ko‘pi aholi tabiatida siyosatdan qo‘rquv hissining paydo bo‘lishini avvali Vladimir Lenin, keyinchalik esa Iosif Stalin tomonidan haddi a’losiga chiqarilgan siyosiy terror natijasi sifatida talqin etishadi. Darhaqiqat, bu nuqtai nazarning isboti uchun ham biri biridan dahshatli ko‘plab hayotiy misollar, hujjatlarni keltirish mumkin. Jumladan, sho‘roviy tuzumning “tongotari”dayoq uning “ko‘chada yetishgan” mafkurachilaridan biri M.Latsis GPU (Bosh siyosiy boshqarma)chilarga ko‘rsatma sifatida quyidagilarni uqtirgan edi:

“Ishda ayblanuvchining sho‘ro hukumatiga qurol yoxud so‘z bilan qarshi chiqqan-chiqmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni izlab o‘tirmang. Birinchi navbatda siz undan so‘rashingiz kerak: u qaysi sinfning vakili, kelib chiqishi qanday, uning ma’lumoti qanaqa va kasbi nima? Mana shu savollarning o‘zi ayblanuvchining taqdirini hal etish uchun yetarlidir” (Qarang: gazeta “Krasniy terror”. 1918 god, 1 noyabrya).

Mana shunday ko‘rsatmalar natijasida yuzaga kelgan xunrezliklar, jumladan, Turkiston frontida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan vahshiyliklarga chidamay, rus yozuvchisi Boris Lavrenev 1923-yilda kommunistik partiya safidan chiqib ketgan edi. M.Gorkiyning  “Bemavrid mulohazalar” (1918-yil), I.Buninning “La’natlangan kunlar” (1919-yil), V.Korolenkoning “Lunacharskiyga maktublar” (1920-yil) asarlarida keltirilgan faktlar stalinizmning qonli poydevori aslida leninchilar tomonidan to‘shalganini yaqqol isbotlaydi. (Bu ziyolilar nafaqat Rossiya kengliklarida kechayotgan dahshatlarni qoralashgan, balki bunday tuzum va uning “ijodkorlari” yuziga tupurib, yurtni tark etishga majbur bo‘lishgan!)  

Biroq bu singari misollar har qancha ko‘p bo‘lmasin, odam ich-ichdan his qilasanki, o‘zbekning “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” degan maqoli faqat sho‘ro davri mahsuli bo‘lmay, bu hisning ildizlari ancha chuqurroqqa borib taqaladi. G‘afur G‘ulomning mashhur “Shum bola”sidagi, Hoji bobo tomonidan tashkil etilgan takyaxonadagi “portlash hodisasi” bo‘ladimi, A.Qahhorning “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Dahshat” hikoyalari, “O‘tmishdan ertaklar” qissasining qator boblaridagi voqealar tag zamirida ham millatimiz ruhiyatidagi mana shu mutelik, qullik, qo‘rquv hissi achchiq suzmaning sariq zardobidek sizib, chakkillab tomib turadi. Axir, bu davrlarda sho‘roviylar davlat tepasiga hali kelmagan edilar-ku. Demak, aytilganidek, bu mudhish hisning unish ildizlari ancha teranda.

Xususan, A.Yudinning 1905-yilda chop etilgan “Vzyatiye Ak-mecheti kak nachalo zavoyevaniye Kakandskogo xanstva” nomli kitobida Qo‘qon xoni saroyidagi tadbir-tamoyillar qatori gunohkorlardan ko‘rsatmalar olish, aybini bo‘yniga qo‘yishning turfa usullari ham sanab o‘tiladi. Ularning eng “beozori” – odamning qo‘l tirnog‘i va go‘shti orasiga zirapchalari archa novdasidek sachrab turgan yog‘och ponasini tiqish bo‘lgan…

Faqat Qo‘qon xonlari emas, Buxoro amirlari, Xiva xonlari o‘ylab topgan “gap olish” usullari, shundoq masjid va madrasalar qatorida, ochiq maydonlarga qurilgan jazo uskunalarini eslaylik. (Betakror shoir Omon Matjonning “Qirq birinchi xotinlikka, Asiljon, Seni keltirdilar Isfandiyorga…” deb boshlanuvchi she’ri yodingizdami?)

Bularning bari odamlar ruhiyatining ich-ich qatlamlarida o‘zgarish yasamasligi, davlatdan, uning siyosatidan, bu siyosatni o‘tkazuvchilardan hayiqish, qo‘rquv hissini uyg‘otmasligi mumkin emas edi, albatta.           

Agar adabiyot ahli bu hisning ma’naviy, axloqiy, ruhiy jihatlariga ko‘proq urg‘u berishsa, faylasuf va jamiyatshunos olimlar uning vujudga kelishida ijtimoiy-siyosiy omillar ta’siriga e’tiborni qaratishadi.

Jumladan, XX asrning taniqli faylasuflaridan biri Erix Fromm o‘zining “Inson qalbi. Uning ezgulik va yovuzlikka moyilligi” nomli tadqiqotida odam zotida kuzatiladigan bir-biriga zid ikki xil tabiatni chuqur talqin etgandi. Olim ularning birini “biofiliya” – “hayotsevarlik”, ikkinchisini esa “nekrofiliya” – “o‘limsevarlik” atamalari bilan nomlaydi. Faylasuf har ikki tabiat egalarining dunyoqarashi, yurish-turishi, qiziqish va qadriyatlar olamini batafsil bayon etar ekan, tarixda o‘tgan va zamonaviy hayotda yangicha shakllarda o‘zini namoyon qiladigan barcha tiranlar, yakkahokimlikka da’vo qilgan diktatorlar aynan nekrofil – o‘limsevar xarakter egalari ekanini ko‘plab universal dalillar bilan asoslaydi. (Misliteli XX veka. E.Fromm. “Dusha cheloveka”. Moskva. Izdatelstvo “Respublika”, 1992. str. 14-108.)

*       *        *

 “Qul bo‘lish oson, ozod bo‘lish esa

qiyinligi uchun ham kishi qul”.

N.Berdyayev

Albattaki, hamma zamonlar va makonlarda ham nekrofil “dohiy”ning o‘zi singari nekrofil tarafdorlari, shaydolari ko‘plab topilgan. Ular o‘z ichidagi qo‘rquvni daf etish (to‘g‘rirog‘i, uning ta’siridan qochish!) uchun “xalqlar otasi”ni, “dohiy”ni, “fyurer”ni, “dyuche”ni, “ulug‘ yo‘lboshchi”ni o‘zlaridan kechib olqishlashadi, xizmatiga shoshishadi. Ularning hayoti mazmunini to‘liq shu faoliyat tashkil etadi, shundan keladigan daromad evaziga kun ko‘rishadi, o‘zlarini ovutguchi ruhiy rag‘batlar – qo‘rquv, qullik, mutelik o‘rnini to‘ldiruvchi kompensatsiya tizimini o‘ylab topishadi.

Ularning o‘zlaridan boshqacha fikrlaydiganlar, har kimning yetovidan xalos bo‘lishni xohlovchilarga qarata keltiradigan vajlari ham, bundoq qaraganda, mantiqli va to‘g‘ridek tuyuladi: “Nima yetmayapti o‘zi sizlarga? Ochlikdan o‘lmayotgan bo‘lsak, ust-boshimiz but bo‘lsa, dunyoda shunchalik hayotga  ham yetisha olmayotganlarning son-sanog‘i bo‘lmasa? Boriga shukr qilib, yo‘g‘iga qanoat qilsak bo‘lmaydimi? Siyosatga aralashib, kim nima foyda ko‘rdi? Shuncha karillab, nimani o‘zgartira oldi? Zarar qilsa, faqat o‘ziga, bolalariga zarar qildi. Siyosat hech bir izini qoldirmay yo‘q qilib tashlagan Kirov, Trotskiy, aka-uka Kennedilar, ona-bola Gandilar oldida siz bilan biz kim bo‘pmiz? Mana, och qornim – tinch qulog‘im, deb biz kam bo‘lmayapmiz-ku!..” va hokazo.

Biroq shoir, avvalo o‘ziga, qolaversa, siz-u menga ham mana bu singari og‘ir savollarni berishda davom etadi:

Nopoklar poklarga qilganda tuhmat,

titramay aytdingmi keskir so‘zingni.

Bolangning yodiga ne qilding tuhfa,

asrab qololdingmi o‘zing o‘zingni?!

Va mana shu savollar qarshisida, xohlaymanmi-yo‘qmi, beixtiyor tarzda yodimga turli arxivlarda o‘qiganim, sahifalari sarg‘ayib ketgan tarixiy hujjatlarning guvohliklari, ijodiy uyushmalarda o‘tgan yig‘ilishlarning stenografiyalaridagi gaplar tushaveradi.

Deylik, hali qirq yoshga bormagan Abdulla Qodiriy shaharning Samarqand darvoza deparasidagi hovlisida ekinlar tagini yumshatib, yovvoyi o‘tlardan tozalash asnosida yaqinda yoza boshlagani “Amir Umarxonning kanizi” nomli asari voqealarini xayolida jonlantirib turgan bir paytda, o‘sha hovlidan besh-olti chaqirim narida joylashgan Yozuvchilar uyushmasida bu yozuvchining qachon, kim bilan nima haqda gaplashganini o‘z qavmdoshlari – qalamkashlar jiddiy muhokama qilishadi, bir-birlarini so‘roq-savolga tutishadi. Jumladan, Qodiriyning Qozon shahriga qilgan safari davomida hamroh bo‘lgan yozuvchilardan o‘sha safar paytidagi o‘zaro suhbatlar chog‘ida adib qaysi yozuvchi haqida nima gap aytganigacha so‘rab surishtiriladi. Va bu jarayonda Qodiriyning xayoliga ham kelmagan gaplar unga nisbat beriladi, yozuvchining sinfiy dushmanligiga “dalillar” yig‘iladi…

Yoxud A.Qahhorning “Sarob” romani muhokamasi payti o‘z millati, mamlakati g‘amida boshini kundaga qo‘ygan Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov singari “xalq dushmanlari va ularning dumlari” nomiga aytilmagan tuhmat qolmaydiki, zalda o‘tirgan biror kimsa yurak yutib bu gaplarga qarshi bir og‘iz so‘z demaydi, hech qursa ularning oldini olish harakatini qilmaydi. Aksincha, yig‘ilish qahramoni “Endi bilayotibsizmi uni?…” deya siyosiy xushyorligini namoyish etadi. (Bular haqda batafsil qarang: Rahmon Qo‘chqor. “Men bilan munozara qilsangiz”. Toshkent, “Ma’naviyat”, 1998-yil. 43-45-betlar.)

Osmondan kelganda tuban odamlar –

biri chinorkesar,

biri kesar til.

Butun qilmishlarin qarasang jamlab,

Namoyon bo‘ladi suvrati qotil.

Nega shunday? Nega yagona tur, yagona zot vakili bo‘la turib odam bolalari bir-birovini mahv etmoqqa, biri ikkinchisini ezib-yanchmoqqa  bunchalar ishtiyoqmand? Axir biz “yirtqich” deb nomlaganimiz yo‘lbars, sirtlon, bo‘ri, ilon, hatto chiyabo‘rilar – shoqollar muhitida ham ahvol bunday emas-ku. Ular bir-biroviga shunday munosabatda bo‘lishmaydi-ku, biri ikkinchisi oldida titrab-qaqshamaydi-ku! Yo bu hol odam zotining o‘zgarmas yashash tarzi, peshonasiga to qiyomat qadar bitgan tavqi la’natmi? (Ch.Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi”ni eslaylik!)

Bu savolga javob berishdan avval, endi ochig‘iga ko‘chib, boshqa bir savolni o‘zimizga berib ko‘raylik:  hamma zamon va makonlarda omma orasida haq gapni aytishga o‘zida jur’at topadiganlar ko‘p bo‘lganmi yoki “faqir kishi panada”, “ko‘zni yumsang – boy bo‘lasan” singari “hayotiy qoidalar”ga amal qilganlarmi?

Bu savolga, hech bo‘lmaganda, o‘zimiz hozirga qadar qatnashganimiz eng tinch tadbirlar – katta-kichik anjuman-u majlislarni ko‘z oldimizga keltirib javob aytaylik.

Nazarimda, agar vijdonga xilof ish qilmay ochiq tan oladigan bo‘lsak, ikkinchi toifa odamlar hamma zamon va makonlarda ko‘pchilikni tashkil etgani – achchiq haqiqat!

Demak, uzoq zamonlar mobaynida odamzodning tabiatida qo‘rquv hissi dominant – boshqa his va tuyg‘ularning bosh ko‘tarishi, “namoyishga chiqishi”ga yo‘l qo‘ymagan his sifatida hukmronlik qilgan. Qanchalik parodoksal eshitilmasin, bu his ko‘pchilikning “yashash uchun kurashi”da bosh omil, jon saqlashning asosiy sharti bo‘lib keldi. Bizning milliy tariximiz va taqdirimizda ko‘p kuzatilgan bu alamli haqiqatni teran anglagan Erkin Vohidov ham, taassuflar bo‘lsinki, o‘zining mana bu savollariga javob ko‘rmay dunyoni tark etdi:

Mudom kurash azobini fidoyilar ko‘rganlar,

Inqiloblar hosilini muttahamlar o‘rganlar.

Siz ham bugun panadasiz, jangga bizni qayraysiz,

Biz bu jangda shahid bo‘lsak, avvalo, siz yayraysiz.

G‘ofil xalqim! Tinglarmanmi sening na’ra – uningni,

Ko‘rarmanmi zuluklardan ozod bo‘lgan kuningni?..

Xo‘sh, bugungi dunyoning hamma makonlarida ham ahvol hamon shundaymi?

Bu savolga ko‘nglimizning bir chetida umid uchqunlarini yoquvchi YO‘Q degan javobni aytsak bo‘ladi, nazarimda.

Chunki insoniyatning o‘z taqdiriga befarq bo‘lmagan bir qismi, aksariyat ilg‘or G‘arb jamiyatlaridagi aholi davlat boshqaruv tizimi, bu tizim o‘tkazadigan siyosat va siyosatchilar qarshisida avvalgidek qo‘rquv hissini tuyishdan deyarli qutilishgan, deyishga barcha asoslar bor. Albatta, bu o‘lkalardagi odamlar ham o‘lim, bedavo kasalliklar, turli tabiiy hamda texnogen ofatlar qarshisidagi tabiiy qo‘rquvni muntazam tuyadilar. Biroq bular, aytilganidek, tabiiy instinkt bilan bog‘liq hislar bo‘lib, ular to o‘limiga qadar inson ruhiyatiga oshno bo‘lishi aniq. Hatto, aytish mumkinki, bu tabiiy hislar odam bolasini juda ko‘plab nafsiy qutqular, pala-partish hayot ortidan keladigan turfa xil illatlardan o‘zlarini goh bilib, goho esa hatto bilmay ihota qilishida muhim rol ham o‘ynaydi. Zero, donishmand Aristotel bekorga “Agar kishi hech narsadan qo‘rqmasa, u ehtimol quturganroq yoki tentakdir” demagan.

Biroq siyosat va rahbarlar qarshisidagi ojizlik, siyosiy tuzumga mutelik singari orttirilgan qo‘rquv hissini biz eslayotgan jamiyat a’zolari deyarli unutishgan. Holbuki, bu xalqlar ham turli imperatorlar, qirollar va podsholar hukmronligi paytlari Sharqdagidan-da vahshiyroq, qo‘rqinchliroq va noinsoniy siyosiy tuzumlarni, ularning zulmu istibdodini boshlaridan ko‘p o‘tkazishgan. Birgina inkvizitsiya davri vahshatlari erkin fikrlashga moyil kishilar boshiga ne-ne azoblarni solmagan, siyosatdan qo‘rquv hissi ulkan maydonlarda uyushtirilgan qatllar namoyishiga haydab chiqilgan odamlar qon-qoniga, g‘ayrishuuri (bessoznaniye)ga qadar ongli tarzda singdirilgan. Bu xususda guvohlik beruvchi tarixiy manbalar, badiiy va publitsistik asarlarning ham son-sanog‘i yo‘q. Ayni o‘rinda, hech qursa, Sharl de Kosterning “Till Ulenshpigel qissasi”, Viktor Ferealning “Inkvizitsiya” asari, Viktor Gyugoning “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi” romani voqealarini yoxud hurfikrlilik fidoyilari Jordano Bruno, Galileo Galiley hamda faranglarning jasur qizi Janna d`Arkning ne azoblarga mubtalo qilinganini eslash kifoyadir.

Ayni dahshatli hodisalar yuz bergan, shular orqali ajdodlari qon-qoniga hukmronlardan, davlat siyosatidan qo‘rquv hissi asrlar osha singdirilgan mazkur o‘lkalarning bugungi aholisi ruhiyatidan, aytilganidek, bu his deyarli o‘chib borayotir.

Demak, siyosatdan, hukmron doiralar ta’siru tahdididan qo‘rquv hissidek orttirilgan tuyg‘udan nafaqat bir-ikki individning, balki butun xalqning ham xalos bo‘lish imkoniyati bor ekan-da.

Xo‘sh, bunga erishmoqning, xalqimiz, ayniqsa, bizning millatimiz ruhiyatiga chuqur o‘tirib qolgan, siyosat qarshisidagi qo‘rquv hissidan qutilmoqning ne yo‘l-yo‘riqlari bor-u, bu jarayon qanchalar vaqtni talab qiladi?

*       *       *

 “Xulqlarni o‘zgartirib millatni ulug‘lash

yoki obro‘sizlantirish hukumatga bog‘liq”.

Volter

Biz bugun havas-la qarayotgan ilg‘or G‘arb jamiyatlari ushbu – chinakamiga yuksak insoniy mavqega, avvalo, o‘z turmush tarzlariga demokratik qadriyatlar, erkinlikning eng muhim me’yor va talablarini joriy etish tufayli erishganlar.

(Yuqorida eslangan omillarning har biri alohida bir maqolani talab qiladiki, biz hozir ularning hammasi xususida emas, balki mavzuimizga taalluqli bo‘lgan eng muhim jihatlar haqidagina qisqacha to‘xtalamiz, xolos.)

Demokratiyaning bosh talabi – davlat va jamiyat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar rahbarlarining saylanishi hisoblanadi. Faqat shu yo‘l bilangina “demos” – xalqning “kratos”i – boshqaruviga rostakamiga erishish mumkin. Bu boradagi hamma gap, bizningcha, dunyo o‘lkalarida kuzatiladigan, mana shu masaladagi bir qaraganda ko‘zga ko‘rinar-ko‘rinmas, mohiyatan esa nihoyatda muhim va jiddiy tafovutdadir.

Chinakam demokratik mamlakatlarda davlat va jamiyat boshqaruviga mas’ul eng kichik amaldorlardan tortib prezidentlar, kanslerlar, bosh vazirlar-u kongresslar va parlamentlar a’zolariga qadar – barchasini saylash deganda ularni saralab tanlash tushuniladi. Ya’ni u yoxud bu lavozimga o‘z nomzodini ko‘rsatgan ko‘plab da’vogarlarning ma’lumoti va mehnat faoliyati, ayni jabhalarda erishgan real yutuqlaridan tortib oilaviy holatiga qadar, ular ilgari surayotgan g‘oyalar, amalga oshirmoqchi bo‘layotgani rejalar odamlar hayotiga konkret nima yangilik va yengilliklar olib kirishigacha sinchiklab o‘rganish, ularning “siyosat maydoniga qilgan yurishi”ni ancha avvaldan kuzatish imkoni yaratiladi. Hozirga qadargi faoliyatida nedir shubhali hodisalarga aralashib qolgan nomzodlar bu saralov – tanlov – saylov jarayonining yarmiga ham yetmay ro‘yxatdan tushib qolishlari ham aniq. Mobodo, kimdir o‘tmishiga doir shunday tafsilotlarni ommadan yashirishga urinsa, uning yangi lavozimda emas, avvalgi ish joyida ishlashi ham katta so‘roq ostida qolishi-da tayin.

Mazkur jarayonning ayni shunday oshkora, shaffof sharoitda kechishining muhim vositasi bo‘lib esa maydonga erkin, mustaqil ommaviy axborot vositalari chiqadi. Ularga u yoxud bu nomzod yoki uning komandasidan nedir bosim, ta’sir o‘tkazishga harakat sodir etiladigan bo‘lsa, bu hol ham darhol oshkor qilinadi: bu nomzod ham, o‘zbekcha qilib aytganda, “o‘ziga o‘zi qiladi” – “arqonni tilimga boyla!”lab qolaveradi, marafondan chiqib ketadi. Bu jarayonlarning hammasi to‘la qonuniy aurada – huquqiy makonda, uning barcha talab va qoidalariga qat’iy amal qilingan holda kechadi.

Endi ayting: mana shu sharoitda, shuncha talab va tanlovlardan so‘ng u yoxud bu lavozimga (bu yerda vazifaga desak o‘rinliroq bo‘ladi!) saylangan odam o‘zini saylagan aholining yuziga oyoq qo‘yishi, ulardan o‘zini yuqori  tutishi, xalqni mensimasligi mumkinmi? Qo‘l ostidagilarni haqorat qilish bir yoqda tursin, birovni senlab gapirishga jur’at etadimi? Umuman, shu tanlov, saralashlardan ishonch qozonib o‘tgan odam ishni mana shu usulda olib borishi mumkinmi? Oxir-oqibat, ommani, bu jamiyatlarda esa aksariyati shaxs maqomidagi mustaqil kishilardan tashkil topgan xalq boshqaruvini shunday olib borishni o‘sha odam va atrofidagilarning tasavvuri o‘ziga sig‘diradimi?

Eng muhimi esa, jamiyat a’zolari o‘zi saralab saylagani bu odamlardan, o‘zlari singari insonlar va ular yuritadigan siyosatdan nega qo‘rqishlari kerak? Modomiki, siyosat deganlari xalq taqdiriga daxldor qonunlar, qarorlar, nizomlar, buyruqlar va hakozo huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilar ekan, lavozimga saylangan odamlar o‘zlarini xizmatchi sifatida tanlagan kishilar manfaatlariga zarar yetkazadigan, ayniqsa, ularni qo‘rquv va vahimaga soladigan shunday hujjatlar qabul qilishi, kimlargadir shu ruhdagi topshiriq yoki buyruq berishi sog‘lom aqlga qanchalik mos keladi? Yoxud yuqorida ta’kidlangan oshkoralik, ommaviy axborot vositalarining tezkorligi va shaffofligi sharoitida har qanday noqonuniy harakat, inchunun, inson hayoti va erkinligiga daxl qilish bilan tahdid solish ortiqcha kuttirmay oshkor bo‘lishi ehtimoli yuqori muhitda qaysi amaldor shunday kirdikorni o‘ziga ep ko‘radi? Ayniqsa, bunday harakat, birinchi navbatda, shu qilmishga yo‘l qo‘ygan amaldorlarning o‘zining taqdiriga o‘ta salbiy ta’sir qilishini hamma juda yaxshi bilsa.

Bu davlatlarda, har qancha katta mansab egasi bo‘lmasin, yakka shaxs qosh-qobog‘iga qarash, ichki va tashqi siyosatni uning istaklariga moslash, bir so‘z bilan aytganda, volyuntarizm illatiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha muammolar yechimi kollegial tarzda, ko‘pchilikning fikri va taklifi inobatga olingan holda hal etiladi. Eng muhim, mamlakat kelajagi va millat taqdiriga daxldor masalalar yuzasidan esa butun xalq fikrini so‘rab – referendumlar o‘tkazish orqaligina bir to‘xtamga kelinadi.  

Agar G‘arbning jiddiy mavzulardagi badiiy va hujjatli filmlariga e’tibor bersak, politsiyachi bo‘ladimi yoxud maxsus xizmatlar xodimlari bo‘ladimi, biror fuqaroning erkinligini cheklashga harakat boshlagani zahoti aksariyat fuqarolar davlatning bu odamlariga qarata: “Janob (yoki xonim), marhamat qilib, mening saylovchi va soliq to‘lovchi ekanimni yodingizdan chiqarmang!” deya jiddiy ogohlantirib qo‘yishiga guvoh bo‘lamiz.

Bu nima degani?

Bu shu deganiki, “Bilib qo‘ying, parlament a’zolari-yu prezidentdan tortib sizga rahbarlik qilayotgan vaziringizgacha o‘zining lavozimiga mening bergan ovozim tufayli saylangan yoki men saylagan odamlar ularni shu ishga tayinlagan. Bunga qo‘shimcha, ularning barchasi va sizlarning barchangizning tirikchiligingiz asosi bo‘lmish oylik maoshingiz men to‘laydigan soliqlardan shakllanadigan budjetdan beriladi. Shunday ekan, men bilan obdon o‘ylab, qonunga muvofiq muomala qilishingizni talab qilaman!”

Asosan mehnatkash xalq to‘laydigan soliqlar hisobiga vujudga keladigan budjet mablag‘lari sarfi haqida ham bu mamlakatlarda tiyin-tiyinigacha xalqqa muntazam hisob berib boriladi. Bu borada uzoqqa bormay, yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bir faktni eslash kifoyadir.

Korrupsiyaga barham berish borasida dunyoda eng oldingi o‘rinda borayotgan Daniyaning bosh vaziri Mette Frederikse xonim mamlakat budjetida ko‘zda tutilmagan bir chiqim xususida parlament oldida hisob bermoqda. Gap shundaki, bir yil avval Daniyada ekzotik hayvonlardan sirklarda foydalanish ma’n qilinishi munosabati bilan fillarni egalaridan budjet hisobidan sotib olishga qaror qilinadi. Ittifoqo ma’lum bo‘ladiki, bir sirkdagi Ramboline laqabli urg‘ochi fil Ali laqabli tuya bilan qalin do‘st tutingan ekan. Mutaxassislarning aytishicha, ularni bir-biridan ayirish har ikkisiga zarar keltirishi munosabati bilan hukumat filga qo‘shib boyagi tuyani ham sotib olishga majbur bo‘ladi. Bir yillik yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 350 milliard dollarni tashkil etadigan davlatning Bosh vaziri budjetdan sarf etilgan mana shu arzimagan mablag‘ xususida ham parlament huzurida hisobot berishni o‘zining funksional vazifasi, deb bilmoqda…

Nazarimizda, ham mamlakat rahbariyati, ham fuqarolar ommaviy tarzda mana shunday darajaga yetganida – o‘zining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita va bilvosita ishtirokini yaxshi bilganidagina odamlar siyosatchilar-u ular o‘tkazadigan siyosatdan qo‘rqish hissidan xalos bo‘lishi mumkin.

*       *       *

 “Podadagi eng namunali qo‘y bo‘lish uchun,

eng avvalo, qo‘y bo‘lish lozim”.

Albert Eynshteyn

Ana endi mana bu savol o‘rtaga tushadi: bizda ham saylovlar amaliyoti joriy etilgan-ku, biz ham davlat boshlig‘ini, qonun chiqaruvchi organlar a’zolarini, mahalliy kengashlarni mustaqil saylay boshlaganimizga qariyb o‘ttiz yil bo‘ldi-ku, natija-chi, natija qani?

Bu savolga javobni, yana haqiqatning yuziga tik boqib, birgalikda izlashimizga to‘g‘ri keladi.

Agar demokratik, erkin fuqarolik jamiyatlari barpo etilgan davlatlarning yuqorida eslatilgan saylov jarayoni bilan bizdagi holat solishtirilsa, ancha-muncha narsaga oydinlik kiradi.

Avvalo, biz o‘zimiz saylashimiz lozim bo‘lgan nomzodlar haqida nimalarni bilamiz? Saylov komissiyalari va nomzodlarning o‘zlari tomonidan tayyorlab tarqatiladigan, saylov uchastkalariga qo‘yiladigan saylovoldi tashviqot varaqalarida ularning qachon, qayerda tug‘ilgani, o‘qigan va ishlagan joylari, agar bo‘lsa ilmiy darajasi-yu, olgan unvonlari xususidagi ma’lumot bo‘ladi, xolos. Siz bilan bizning kamida besh yillik hayotimizga daxl qiladigan qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etishi lozim  bo‘lgan (ayni talab ko‘pincha ideal holida – xomxayolligicha qoladi!) bu odamlarning real bilimi, tafakkur darajasi, intellektual quvvati, hayotiy         va kasbiy ko‘nikmalari, xarakter xususiyatlari, insoniy fazilatlari saylovga qadar ham, saylanganidan keyin ham aksar holda noma’lumligicha – qorong‘iligicha qoladi. Beistisno barchasi o‘z nizomlarida ilmiliq gaplarni boshqacharoq shaklu shamoyilda o‘nlab yillar davomida takrorlayveradigan partiyalar tomonidan ko‘rsatiladigan bu nomzodlarning aksariyati

siyosat deganlari o‘zi nima;

davlat va jamiyat boshqaruvining qanday usul-uslublari bor-u ularning qay biri zamon sinovidan qanday o‘tgan;

har bir konkret davlat tuzumida siyosatga bosh qo‘shayotgan odamdan mazkur soha qanday fazilatlarni talab etadi-yu uni ne yo‘qotishlarga majbur qiladi… singari yuzlab savollarning javobini bilish u yoqda tursin, dunyoda mana shunaqa masalalar ham bor ekanidan bexabar bo‘lishadi.

Goh bevosita, aksariyat hollarda esa televideniye orqali namoyish etiladigan turli darajadagi majlislar, yig‘ilishlar, tadbirlarni kuzatib, some’larning ahvol-ruhiyasiga boqib, kishi yodiga beixtiyor betimsol Hamza Hakimzodaning 1917-yilning birinchi yarmida – Turkiston xalqlari oldida istiqlolga erishishning noyob imkoniyati paydo bo‘lgan kunlari yozgan “Muxtoriyat yoki avtonomiya” nomli pesasidagi manzaralar tushadi. Muallifning cheksiz nafrati va g‘azabini qo‘zg‘agani tufayli ham insoniy ismga noloyiq topilib, “T.domla”, “J. domla”, “S. domla” singari nomlar bilan atalgan, muxtoriyat – avtonomiya bilan haftabil – avtomobilning farqiga bormaydigan, millat va mamlakat taqdiri muhokamasidan ko‘ra Abdurasulboynikidagi ulamo oshini afzal biladigan “el peshvolari”ning shiori ham yakrang: “Biz nima xayolda-yu, falak qanday xayolda, nima bo‘lsa bo‘laversin!”…    

Bu vaziyatda e’tibor talab qiladigan jihat shuki, hamma zamonlarda xalq noiblarining ayni mana shunday shaklu shamoyilda bo‘lmoqlarini har narsadan ko‘ra ko‘proq xohlaydigan bir hovuch siyosatdonlar ushbu manzara iloji boricha uzoqroq o‘zgarmay qolmog‘idan manfaatdordirlar. Ular bu maydonda biror-bir “oq qarg‘a” paydo bo‘lib qolishining oldini olish uchun ne usullarni, siyosiy-mafkuraviy jazavalarni o‘ylab topmaydi, deysiz.

*      *      *

 “Agar uni saqlash uchun kishilarning terisini shilish

 zarur bo‘ladigan bo‘lsa, unday sivilizatsiyaning manfaatiga,

hatto uning o‘ziga ham la’natlar bo‘lsin”.

F.M.Dostoyevskiy

…Ko‘pchilik biladigan bir gap bor: har bir xalq o‘z hukmdorlariga loyiq bo‘ladi, degan. Agar masalaga sal boshqacharoq rakursdan qaraydigan bo‘lsak, demak, hukmdorlarning risolaga muvofiq bo‘lmog‘ining eng muhim talabi – o‘sha xalq darajasining har tomonlama yuksalishi hisoblanadi.

Demak, muammo yechimi, xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘zimizda, o‘zimizning sa’y-harakatimizda qolgan. Zero,

Qaltis lahzalar yo‘q,

qaltis umr bor,

mo‘r-malax nom aro yolg‘iz noming bor.

Lahzada titroqqa aylanib tursang,

demakki, ichingda bitta xoin bor.

O‘ldir,

ichingdagi xoinni o‘ldir,

volida ko‘ziga boqishdan avval,

ma’shuqa qo‘ynida yotishdan avval,

zulmat ummoniga botishdan avval.

Yo‘ldir bu,

nafsning botqog‘i emas,

qilichning damiday chaqnagan yo‘ldir.

Bu yo‘lga yuzingni burishdan avval,

O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir.

Darhaqiqat, bu dunyoga kelib-ketishiga shunchaki qaramaydigan, avvalo o‘zi, hech bo‘lmaganda kelgusi nasllari mana shu dunyoda hur va erkin hayot kechirishini jiddiy o‘ylaydigan har bir inson “mo‘r-malax nom aro” uning ham yolg‘iz nomi borligini ich-ichdan his qilmog‘i, butun umrini, har qancha qaltis bo‘lmasin, hayotni yaxshi tomonga o‘zgartirishdek eng zo‘r kurash jabhasiga baxsh etmog‘i talab etiladi. Shundagina uning volida ko‘ziga uyalmay qarashga, ma’shuqa qo‘ynida berkinmay yotishga haqqi bo‘ladi, yolg‘iz nomi zulmat ummoniga botmaydi. Buning dastlabki va muhim talabi esa ichdagi xoinni – QO‘RQUV HISSIni o‘ldirmoqdir. Zero, shu ayanchli, uyatli, g‘oyat hijolatli hisdan qutulgan qalbdagina boshqa jamiki insoniy hislar, ozod tuyg‘ular bor tarovati bilan bosh ko‘taradi, ular bu qalbni ruhiy yuksakliklarga olib chiqadi.

Rahmon QO‘CHQOR

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: