“Ma’rifat” gazetasi muxbiri bilan suhbat

– Rahmon aka, suhbatimizni
bola tarbiyasi masalasidan boshlasak. Bola tabiatidagi g‘ayritabiiy holatlarni
ko‘p kuzatamiz. Aytaylik, u go‘zallik ifodasi bo‘lgan qo‘g‘irchoqlarni yoki
uy-ro‘zg‘or buyumini sindirishi, ataylab buzishi va bu ishdan zavq olishi mumkin.
Sizningcha, bola tabiatida iliq, ezgu munosabatlarning
qaror topishida nimalar turtki bo‘ladi? Xususan, Sizning hayotingizda jiddiy
omil bo‘lgan qanday voqealarni eslaysiz?

– Avvalo, bola harakatlarida kuzatiladigan Siz aytgan
ko‘rinishlar aslo “g‘ayritabiiy” bo‘lmay, balki aynan tabiiy, kutilishi shart
bo‘lgan holatlardir. Bola biror buyumni yoxud o‘yinchoqni buzar, sindirar ekan,
demak, u qiziqyapti, o‘zicha izlanyapti, shu narsaning tarkibini, tuzilishini
o‘rganishga urinyapti. Buning nimasi yomon? Qolaversa, o‘yinchoqning
buzilishi uning “qismati” hisoblanadi.
Ya’ni, agar bola “otam buni falon
pulga sotib olgan, ehtiyot qilishim kerak” deb o‘ylay boshlasa, demak, uning
bolaligi allaqachon tugabdi. Menimcha, bolaning Siz aytgan qiliqlari aksariyat
holatlarda uning fikriy o‘sishiga, mustaqil harakat ko‘nikmalarini hosil
qilishiga, o‘zi uchun nihoyatda qiziqarli va sirli bo‘lgan dunyoni, narsalar
tabiatini bilish yo‘lidagi dastlabki urinishiga xizmat qiladi va buni faqat
to‘g‘ri tushunish, shunga chidash kerak.

Bola xarakterining shakllanishida, eng avvalo, oilaviy
muhit, ayniqsa, ota-ona ibrati muhim rol o‘ynaydi. Bola o‘ta kuzatuvchan,
sinchkov bo‘ladi. Uning nazaridan biror narsani pinhon saqlash deyarli mumkin
emas. U ishdan xorib kelgan otasiga onasi tomonidan qilingan bepisand muomalani
ham, begunoh ona yuziga ota tilidan sachrayotgan haqoratning ta’sirini ham,
aqli bilan bo‘lmasa-da, o‘ta nozik, hali dag‘allashib ulgurmagan tuyg‘ulari
bilan sezadi, bulardan ozorlanadi. Agar anavi holatlar doimiy takrorlanadigan
bo‘lsa, bola tabiatida ham keskin salbiy o‘zgarishlar yuz berishi, uning
ko‘ngli quruqshab qolishi mumkin. Demak, bola ruhiyati uchun birinchi javobgar
– ota-onadir!

Men o‘zimning bolalik taqdirimdan rozi bo‘lsam
arziydi. Negaki, o‘zi va farzandlariga topib kelgan rizqning halol bo‘lishiga
uringan ota va onaning tarbiyasini oldim. Qolaversa, maktabda nihoyatda ziyoli
ikki inson bag‘rida o‘sdik. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchimiz N.Suyarqulova opa
va to‘rtinchi sinfdan to maktab oxirigacha sinf rahbarimiz bo‘lgan Usmonova
Mariya Hamidovna tarbiyachilikni hunar deb, bolani inson deb bilgan chinakam
ustozlar edi. O‘n yil davomida men ularning tilidan bir og‘iz haqoratni
eshitmadim, bolani xo‘rlashdek xunuk mashg‘ulotdan esa ular nihoyatda yiroq edilar.

– Buyuk aql egalari san’atga
turlicha munosabatda bo‘lganlar. Masalan, J.J.Russo san’atni xurofot, deb
hisoblagan. Ba’zi arboblar esa san’atga vazifa yuklashdan nariga o‘tmaganlar.
Ayting-chi, inson va jamiyat san’atsiz yashay oladimi? San’atning o‘zi nima?

– Nazarimda, bu savolga javobni V.Belinskiyning ulug‘
nemis dramaturgi F.Shillerga bergan bahosini eslash bilan boshlasam to‘g‘ri
bo‘ladi. Adabiyotshunos yozgan edi: “Shiller –insoniyatning buyuk advokati”.
Advokatni bu yerda “oqlovchi” deb ham, “himoyachi” deb ham tarjima qilib
bo‘lmaydi. Muallif Shiller qalbidan uning asarlariga ko‘chgan ulug‘ shafqatni,
insonga bo‘lgan haroratli muhabbatni, ixlosni nazarda tutadi. Chin san’at
mohiyatida ayni shu javhar yotadi, menimcha. Bu shafqatsiz olamda inson
san’atdan o‘ziga panoh topadi. Ruhi unda emin-erkin nafas oladi, jilva
ko‘rsatadi, eshilib raqsga tushadi. Shu jihatdan men san’atni yaxshi ma’nodagi
og‘u, mast qilguvchi giyohga o‘xshataman. San’at olamida yashayotgan inson
tirikchilikning mayda tashvishlaridan bir muddat chetlanadi, o‘zining
mohiyatiga, ruhi rohat topadigan olamga qaytadi. San’at insonga uning naqadar
qudratli ekanini eslatib turadi. Uni mudrashdan asraydi, o‘zining tabiatiga
xiyonat qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq bu narsalarning bari san’atga oshufta
ko‘ngillargagina nasib qiladi. Aytilgan quvvatga ham, boya eslatganimdek, chin
san’atgina egadir.

Bugun “san’at” nomi bilan qarshimizda o‘yin
ko‘rsatayotgan ayrim hodisalarning esa, boshqa hamma narsaga aloqasi bo‘lsa
bordir, faqat san’atga emas. Ochig‘i, san’atning qaysi turi bo‘lmasin,
hammasida chinakam hodisa bo‘ladigan asarlar kamdan-kam yaraladi. “Kofe ichaman
– roman yozaman, roman yozaman – kofe ichaman” aqidasi bilan biron jiddiyroq
natijaga erishish avval ham, hozir ham mumkin emas. Ruh to‘yinmaguncha, ruh
qalqimaguncha san’atning tug‘ilishi amrimahol. To‘yinishga tashna, qalqishga
qodir ruh esa kamdan-kam bandasiga nasib bo‘ladi.

– Mavridi keldi shekilli,
adabiy tanqidchilikning bugungi ahvoli to‘g‘risida ham kuzatishlaringiz bilan
o‘rtoqlashsangiz.

– Bundan ikki yilcha muqaddam bo‘lgan yig‘inda shoir
akalarimizdan biri minbar tekkanidan juda jo‘shib ketib, “Shukrki, biz sho‘ro
zamonining adabiy tanqid degan yaramas illatidan ham qutildik”, deya
bilag‘onlik qilgandi. O‘zini katta shoir deb hisoblab yuradigan bu qalamkash,
paydar-pay yozib e’lon qilayotgani o‘zining pala-partish narsalariga munosabat
bildirishni ham ep ko‘rmayotgan adabiy tanqidni butunlay yo‘q bo‘lib ketdi, deb
o‘ylayotgani kishining kulgusini keltirgandi, xolos. Holbuki, adabiy tanqid
Aristotel zamonidan beri yashab kelayotgani, u badiiy tafakkurning o‘ziga xos
o‘ta zarur sohasi ekani, buni tan olish uchun ham kishida insof va har qanday
tanqidga chidamli iste’dod bo‘lishi zarurligi kunday ravshan haqiqatdir.

Lekin boshqa bir faktni tan olish kerak: bugun adabiy
tanqidchiligimiz qandaydir karaxtlik holatini boshidan o‘tkazmoqda. Katta avlod
adabiyotshunoslari zamona va badiiy tafakkur tezligiga yetib
yurolmayotganlarini bahona qilayotgan bo‘lsalar, o‘rta va yosh avlod
vakillarida hafsala, qunt va jur’at yetishmayapti. Holbuki, keyingi o‘n
yilliklar adabiy mulkimizni teran tanqidiy nigohdan o‘tkazish, barcha janrlarda
kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlar mohiyatini anglash, adabiy javohirlarni
ko‘mar darajaga kelgan semizdan-semiz suv o‘tlarini yulib turish har
qachongidan dolzarbroq vazifa bo‘lib ko‘rinadi menga. Markazda va viloyatlarda
chop etilayotgan, qog‘oz isrof qilishdan boshqaga yaramaydigan yuzlab kitoblar
mualliflariga “Hoy, birodar, pulingiz oshib-toshib ketayotan bo‘lsa,
farzandlaringizga, qishloqdoshlaringizga haqiqiy adabiyot namunalarini sotib
olib bering-u, adabiyot maydonida chang chiqarib, shataloq otishni bas qiling!”
deydigan vaqt allaqachon kelgan. Chunki bunday kitoblar o‘quvchilar, ayniqsa,
yoshlar didini buzishga, ularning tafakkur doirasini toraytirishga, qalbini
qashshoqlashtirishgagina “xizmat qiladi”. Bunga tek qarab o‘tirish mumkin emas!

Qolaversa, haqiqiy adabiy tanqid muayyan asar tahlili
bahona yaratiladigan avtonom ijod mahsuli hisoblanib, adabiy-tanqidiy maqola
yoxud kitob mutolaasi o‘quvchiga badiiy asardan kam ta’sir bermasligi, balki
undan-da boyroq taassurotlar tug‘dirishi lozim. Badiiy-estetik tafakkur
tarixidan bunga ko‘plab misollar keltira olaman.

– Suhbatlarda fan, adabiyot,
san’at va madaniyat haqida gap ketganda, “Sharq” va “G‘arb” atamalari,
tushunchalarini qo‘shib ishlatish odat tusiga kirib qolgan. Bu ikki tushuncha
kishilarning hayot tarzida ham o‘z aksini topgan. Har ikkisi o‘z shakli va
shamoyiliga ega. Siningcha, bu atama-tushunchalar doimiy bo‘lib qoladimi? Axir
Xudo insonni yaratganda, uning peshonasiga g‘arblik yoxud sharqlik deb yozib
qo‘ymaydi-ku. Insonning hurligi, ozodligi, komilligi har qanday atama va
hududdan yuqori turmaydimi?

– Siz berayotgan savollar turkumiga astoydil javob
izlaydigan bo‘lsak, kamida bitta kitob yozishga to‘g‘ri keladi va o‘shanda ham
masalaning mohiyatini qo‘shimcha yoritishga yana imkon qoladi. Agar umumiyroq
tarzda javob talab qilinsa, qisqacha mulohazalar bilan o‘rtoqlashish mumkin.

– Marhamat.

– Hech o‘ylab ko‘rganmisiz – nega kamalakka ko‘zimiz
tushganda yuragimiz boshqacha hapriqib ketadi, uning tanqis va muvaqqat
jilvalaridan ruhimiz qanotlanadi? Agar kamalak yakrang bo‘lganida, unga e’tibor
berib o‘tirarmidik?.. Nima demoqchi bo‘layotganimni allaqachon angladingiz,
to‘g‘rimi?

Odamzod sharqlik va g‘arblik, janublik va shimollik
bo‘lgani tufayli ham hayot qandaydir mazmunga ega, qiziq. Agar hamma bir xil –
rangidan tortib maishatigacha, tilidan tortib qilig‘igacha bir-birini
takrorlaganida, dunyo qanchalar zerikarli bo‘lardi. Hatto, o‘ylaymanki, odamzod
ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyot yo‘lida ham bugungi manzillarga
yetib kelolmagan bo‘lurdi. Modomiki, suhbatimiz “Ma’rifat” mehmonxonasi”da (gazeta
rubrikasi – tahr.)
kechayotgan ekan, yana bolalarimiz tabiatini eslash
bilan fikrimni isbotlagim keladi. Bola, o‘zining onasi har qancha shirin taom
pishirib berishiga qaramay, agar qo‘shninikidan biror yegulik chiqsa, o‘shani
talashib, zo‘r ishtaha bilan tanovul qiladi. Nega?

Bu yerda gap qo‘shnining ovqati shirin yoxud
bemazaligida emas, gap uning bola o‘rganib qolgan taomlarga  o‘ x sh a
m a s l i g i d a!

Endi Siz menga ayting-chi, odamzod tabiati, ayniqsa,
yoshlar xarakteri bolaning tabiatidan juda yiroqlashib ketadimi?

Demoqchimanki,
kamalakdek rang-barang tili, urf-odati, madaniyati, adabiyot va san’ati bilan
xalqlar bir-birlarini to‘ldiradi, biri hali yetishmagan mo‘jizalarga boshqasi
ertaroq duch keladi, o‘zaro o‘rganish, taqlid qilish asnosida yagona insoniyat
sivilizatsiyasi barpo bo‘ladi.

Sharq
va G‘arb madaniyatini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish tamoyili qanchalar
xavfli bo‘lsa, ular o‘rtasidagi jiddiy farqlar, o‘ziga xosliklarni pisand
etmaslik ham shunchalar zararlidir.

Sizning savollaringizdan kelib chiqadigan yana bir
savolga ham javob berib o‘tishim mumkin. Bugun G‘arb estrada musiqasini butun
vujudi bilan tinglayotgan o‘spirinlar, ishonamanki, oltmish-etmish yoshga
chiqqanlarida nabiralariga “Anovi kompakt-disklaringning ichidan “Cho‘li
iroq”ni topib qo‘yib qo‘ygin” deb, albatta, aytishadi…

– Televideniyeda ancha
yillardan beri “Hayrat”, “Tuyg‘u” singari ko‘rsatuvlarni olib boryapsiz.
Ayting-chi, barcha ko‘rsatuvlaringiz ham Siz xohlagan darajada muvaffaqiyatli
chiqyaptimi? Shu bilan bog‘liq yana bir savol: ba’zilar ko‘rsatuvlaringizni
ma’lum bir auditoriyaga, ko‘proq intellektual darajasi baland odamlargagina
tushunarli bo‘lib qolayotganini gapirishyapti…

– Agar ruxsat bersangiz, gapni shu oxirgi
savolingizdan boshlasak. Negaki, bu mulohazani ayrim boshqa ziyolilardan ham
eshitaman. Ular taxminan shunday deyishadi: “To‘g‘ri-i, juda chuqur
mulohazalarni aytasiz, men-ku tushunaman, biroq xalq…”

Ularning
yoshini, shaxsini hurmat qilib, yuziga aytmaganim javobimni, o‘zimning ukam deb
bilib, Sizga ayta qolay.

Qachondan beri xalq bizdan “mundayroq” bo‘lib qoldi?
Axir uning bag‘rida ne-ne aqli komillar, donishmandlar, zukko insonlar
yashashyapti. Balki hammasining ham oliy ma’lumot olganligi to‘g‘risida hujjati
yo‘qdir, lekin bu degani – ularning didi o‘tmas, farosati haminqadar degani
emas-ku? Nega biz xalqqa bu qadar bepisand qaraymiz? Axir o‘zimiz shu buyuk
xalqning zarrasi emasmizmi? Nega Siz bilan men tushungan, anglagan, sezgan
narsani boshqalar tushunmaydi, anglamaydi, sezmaydi, deb o‘ylaymiz? Men mana
shuni tushunmayman.

Qolaversa, agar maqtanishga yo‘ymasangiz aytamanki,
yurtimizning qay bir burchagiga bormay, o‘sha yerda umrbod istiqomat qiladigan,
oddiy mehnatkash odamlar, ayniqsa, yoshlar ko‘rsatuvimizda ifoda qilinayotgan
mulohazalarni teran anglashganini, hatto, biz tafsilotiga berilmaganimiz
fikrlar (kosa ostidagi nimkosa)ni ham sezishganini so‘zlashadi.

Albatta, hamma chiqishlarimizni ham muvaffaqiyatli
deyish aslo mumkin emas. Buning sabablari ham turlicha. Avvalo, muayyan
mavzularni chuqur ochishga muallif sifatida mening kuchim yetmay qoladi. Ba’zan
rejissurada takrorga, tasvirlarda (tasvir zahiramiz ozligi sabab!)
zo‘rma-zo‘rakilikka yo‘l qo‘yamiz. Musiqiy ishlov masalasida esa, juda
oqsaymiz. Bu kamchiliklarni, shukrki, o‘zimiz bilib-sezib turamiz va iloji
boricha ulardan qutulishga urinamiz. Bir so‘z bilan aytganda, imkon darajasida
ijod qilishga, ko‘nglimizda tug‘ilgan tuyg‘ularni boshqalarga ham eslatishga,
adabiyot va san’atda duch kelgan mo‘jizalardan tuyganimiz hayratni
yurtdoshlarimizga yuqtirishga harakat qilyapmiz. Va qattiq ishonamizki, hayrati
tirik xalqning qo‘lidan ko‘p ish keladi, u yaratayotgan barcha narsaga,
albatta, go‘zallik esh bo‘ladi!

– Mazmunli suhbatingiz uchun
tashakkur, Rahmon aka. Qilayotgan va rejalashtirib qo‘ygan ezgu ishlaringizda
muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.

Suhbatdosh:
Baxtiyor Abdusattorov

“Ma’rifat” gazetasi,

2000-yil 19-avgust soni.