1997-yil mamlakatimizda “INSON MANFAATLARI YILI” deb e’lon qilindi. Insonni esa, yolg‘iz moddiy-maishiy manfaatlar emas, balki ma’naviy-ruhiy talablar ko‘proq bezovta qiladi, kayfiyat va tushunchasini belgilaydi. Shu nuqtai nazardan, qanday bo‘lmasin fikr-o‘ylari, orzu-tashvishlarini bayon qilmog‘i, moddiy va ruhiy turmushidagi ahvol bilan o‘rtoqlashib, najot topmog‘i uchun unga ishonchli minbar kerak. Shunday minbar sifatida barcha madaniyatli mamlakatlarda ommaviy axborot vositalari, jumladan, gazeta va jurnallar maydonga chiqadi. Ularni qonun chiqaruvchi, uni ijro etuvchi va bu ijroni nazorat qiluvchi davlat hokimiyatlari qatorida “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida barcha birday e’tirof etadi, hurmatini joyiga qo‘yadi. Har qanday hokimiyat esa daxlsiz bo‘lgandagina, mustaqil va erkin bo‘lgandagina ma’noga, mantiqqa ega bo‘ladi. Aks holda, uning nechanchi bo‘lmasin, “hokimiyat” deb nomlanishi kamida kulgu qo‘zg‘atadi, xolos.
Mamlakatimiz rahbari mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bir fikrni qayta-qayta ta’kidlamoqda, ya’ni odamlar barcha qiyinchiliklarga, moddiy yetishmovchiligu hayotiy muammolarga chidashi mumkin, biroq adolatsizlikka chidamaydilar. Bizningcha, ayni ko‘rsatma barcha hokimiyat idoralari uchun, yuqoriyu quyi boshqaruv organlari uchun har kungi va doimiy dasturilamal bo‘lmog‘i lozim. Balki fuqarolarning ishi tushadigan barcha katta-kichik idoralarga bu so‘zlar yozib qo‘yilishi, unga beistisno hamma rioya qilmog‘i darkor!
Negaki, adolatsizlik insonning nafsoniyatiga daxl qiladi, uning MENligini toptaydi, bir so‘z bilan aytganda, ODAMni xo‘rlaydi. Xalqimiz “Qornimga emas, qadrimga yig‘layman” deb bekorga kuyinmaydi.
Modomiki, hayot davom etar ekan, har qanday ideal jamiyatda ham turfa muammolar tug‘ilishi, u yoxud bu pog‘onada, unday yoki bunday tarzda adolatga zaxa yetkazilishi mumkin. Hamma gap bu narsaning odatiy holga – normaga aylanib qolishidan saqlanishdadir. Shunga qarab mamlakatlarning nechog‘li demokratik tabiatli ekani, ularda inson huquqlari qanchalik himoya qilingani to‘g‘risida hukm-xulosa chiqaradilar.
Xo‘sh, o‘ziga yoxud yaqinlariga nisbatan adolatsizlik yuz berganida fuqarolar odatda qanday yo‘l tutadilar? Ularning eng dadillari quyi tashkilot ustidan yuqoriroq tashkilotga shikoyat qilib boradi, agar u yerdan ham ijobiy javob olmasa, respublika mahkamalarigacha chiqishadi. O‘z qo‘l ostidagi quyi tashkilotda yuz bergan yoxud surunkali yuz berayotgan salbiy holatni barchaga ovoza qilmay imi-jimida “hal qilib tashlash”ga urinish, xohlaymizmi-yo‘qmi, yuz berib turadigan hodisa. Yuqori tashkilot, juda nari borsa, erinmay ariza ko‘tarib kelgan birgina odam yoxud jamoaning muammosini hal qiladi-da, go‘yo shu bilan o‘z vazifasini uddalaydi. Biroq o‘sha muammoni tug‘dirgan “virus” yashashda davom etadi, gazak olib maddalaydi.
Ana endi boyagi muammo respublika matbuotida, radio va televideniyesida o‘z aksini, tahlilini topsa-chi? Endi uni osongina xaspo‘shlash, xo‘jako‘rsinga yechib qutilish mumkin bo‘lmay qoladi, tanqid qilingan idora rahbari unga butun jamoatchilik ko‘z tikib turganini his qiladi. Qolaversa, bir sohada yuz bergan qusur ochib tashlanishi boshqa sohadagilarning ham sergakligini, mas’uliyatini paydo qiladi. Eng asosiysi bo‘lsa, xalqning adolat qaror topishi mumkinligiga, “o‘zi xon – ko‘lankasi maydon” to‘ralarning tanobini tortib qo‘yish jamiyatning qo‘lidan kelishiga ishonchi paydo bo‘ladi, shuning barobarida o‘zi mansub jamiyatga hurmati ortadi.
Inson qachon o‘zini qadrlangan his qiladi, uning insonlik g‘ururi o‘sadi? Qachonki, unga kimdir, kimlardir e’tibor qilayotganini real his etsa, uning fikru o‘ylarini birov eshitib, amaliyotiga ko‘maklashsa. Inson qachon qadrsizlanadi, uning g‘ururiga, hamiyatiga zaxa yetadi? Qachonki, yon-atrofidagilar, jamoatidagilar, oxir-oqibat, o‘zi mansub bo‘lgan jamiyatdagilar unga befarq bo‘lishsa, uning ham dunyoga bir marotaba keladigan Hazrati Inson ekanini pisand etishmasa, qalbidagi ilohiy nurni nazarga ilishmasa! E’tiborga tashna inson, jumladan, ommaviy axborot vositalarida ayni diqqatni topsa, tahririyatlarga ne umidlar-la yuborgani va javobini orziqib kutadigani maktublariga hissiz blankalarga barcha uchun umumiy qilinib, bundan besh-olti yil ilgari minglab nusxalarda bosilgan “javob”ni emas, uni tushunib, hech bo‘lmaganda hamdardlik bildirilib yozilgan ikki enlik xatni o‘qisa… qaniydi.
Xo‘sh, muhtaram hamkasblar, shugina ish, shugina e’tibor ham qo‘limizdan kelmaydimi? Axir, har bir arizaning, har bitta maktubning ortida kamida bitta inson, aksariyat hollarda bo‘lsa butun bir oilalar, millatdosh va yurtdoshlarimiz turganini biz his qilmasak, kim his qiladi?! Jamiyatning barcha pog‘onalarida bizga nisbatan bo‘lgan e’tiborning pasayib ketganiga o‘zimizning ham e’tiborsizligimiz sabab bo‘lmadimikin? Axir, gazetalarimiz sahifalarida nimalarni chop etib, nimalarni bosib chiqarmayotganimizdan o‘quvchilar o‘zlariga bo‘lgan e’tiborimiz darajasini bilib borishadi-da.
Agarki, obuna ko‘paymayotgan, odamlar bizdan pulini qizg‘onayotgan ekan, buning sababini faqat iqtisodiy qiyinchilikka to‘nkab qo‘ya qolsak, adolatdan bo‘lmas… Axir, o‘quvchimiz bizga e’tibor berishini talab qilishimiz darajasida o‘zimiz unga e’tibor qarata olyapmizmi? Qalamimizning tebranishi faqat tashqi ta’sirlar tufaylimi yoki hamma gap uni tutgan qo‘llarimiz ahvolidami? Nega bu qo‘llar “ha” desa g‘alati tebranishga tushib qoladi? Axir, sahifa-sahifa chuchmal, o‘quvchini gazetadan faqat bezdirishgagina xizmat qiladigan maqolayu suhbatlarni ham o‘zimiz “ijod” qilyapmiz-ku! Yoki bizning shundoq ham bol tomib turgan tillarimizga kimdir majburlab shakar sepib qo‘yyaptimi?..
Xullas, matbuot, uni demokratlashtirish, “axborot olish kafolatlari va erkinligi”, “jurnalistning kasbiga doir faoliyatini himoya qilish” borasidagi muammolar bekorga kun tartibiga qalqib chiqqani yo‘q. Va bu masalalarning ijobiy yechimiga hamma birday javobgar, bu yechimdan hamma birday manfaatdordir. Yo unaqa emasmi?
Rahmon Qo‘chqor
“Vatan” gazetasi,
1997-yil 6-fevral soni