Yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidov “Kitob dunyosi” gazetasining joriy yil 24-avgust sonida e’lon qilgan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” nomli maqolasida ilgari surgan takliflari o‘zining dolzarbligi, amaliy ahamiyati bilan e’tiborlidir. Darhaqiqat, millatimizning tarix tegirmonida yanchilmay omon o‘tib kelishida muqaddas kitoblar, buyuk bitiklarning ta’siri, hifzu himoyasi beqiyosdir. Agar bobolarimiz tuzgan shavkatli qo‘shinlar elu yurtning jismu jonini yog‘iy hamlasidan asragan bo‘lsa, ulug‘ kitoblar bag‘rida jo bo‘lgan ma’rifat va ma’naviyatning so‘nmas yog‘dulari insonlar ruhiyatini yoritib, uni jaholat mag‘oridan, mudroqlik kasridan mudom ogoh etib turdi.
A. Saidov qayd etganidek, mustaqillik yillari respublika ommaviy axborot vositalari barcha turlarining, nashriyot va bosmaxonalar, ular tomonidan tayyorlanayotgan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning soni va hajmi misli ko‘rilmagan darajada ortdi. Bu nuqtai nazardan qaraganda, darhaqiqat, bizning hech kimdan kam joyimiz yo‘qdek. Biroq bu son ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlar sifatda ham xuddi shu darajada bo‘y ko‘rsatdimi, milliy jurnalistika, adabiyot, barcha ijtimoiy fanlar rivojida ham bir necha baravarga bo‘lmasa-da, nedir o‘sish-o‘zgarish, ilgarilash yuz berdimi, degan savollar kishini jiddiy o‘yga toldiradi.
Deylik, bugungi kunda respublikamizda 1 ming 430 tadan ortiq ommaviy axborot vositasi mavjud bo‘lsa, ularning 690 tadan ko‘prog‘ini gazetalar, 300 dan ziyodini esa jurnallar tashkil etarkan. Xo‘sh, o‘sha yuzlab gazeta-jurnallarning qanchasi o‘zining mana shu yuksak nomiga, maqomiga loyiq faoliyat olib boryapti? Agar faoliyati o‘sha maqomga mos bo‘lsa, nima uchun ularning aksariyati gazeta do‘konlari oynalarida, sotuvchi opalarni oftobdan asrashdan boshqaga yaramay, oylab sarg‘ayib osilib turadi? (Bu do‘konlarga ulardan bor-yo‘g‘i uch-to‘rt nusxadan tarqatiladi, xolos!) Maqolada tilga olingan, “faoliyati qayta tashkil etilgan” “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini, “Sharq yulduzi”, “Saodat”, “Yoshlik”, “Mushtum” kabi jurnallarni bir paytlar nashr qilingan kuni erta tongdanoq o‘quvchilar “talab” bitirar, do‘kondan ololmaganlar sheriklari o‘qib bo‘lishini kutib turishardi. Holbuki, ularning adadi bugungilari singari uch-to‘rt ming donani emas, bir necha o‘n minglab, hatto yuz minglab nusxani tashkil etardi.
Kimdir e’tiroz bildirishi tayin: “Bugungi o‘quvchi, siz tilga olgan maqolada ham eslatilganidek, bosma nashrlardan ko‘ra ko‘proq Internetga murojaat qiladi, nima deysiz, zamonning, taraqqiyotning zayli shu!” deya. Agar bu gap mutlaq haqiqatlikka da’vo qilsa, unda nima uchun yuqorida nomi sanalgan “markaziy nashrlar”ning adadi, mana necha yillardirki, uch-to‘rt ming donadan ortmagani holda, masalan, yuzaki qaraganda, go‘yo bizning o‘quvchi ommaga unchalik qizig‘i bo‘lmasligi kerak bo‘lgan “Аргументы и факты (Узбекистан)” gazetasining birgina hududiy tiraji mudom yigirma mingtadan kamaymayapti? (Bu nashrning umumiy tiraji qariyb 1 million 800 mingtani tashkil qiladi!) Nima, bu gazetaning muxlislari Internetda ishlash borasida Siz bilan bizdan no‘noqroq, o‘zlari ham sal omiroqmi?..
Demak, gap elektron ommaviy axborot vositalari, Internet tarmog‘ining oraga suqilganida ham, OAVlar sonining ortishi bilan so‘z, fikr erkinligi o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yishga bo‘lgan ishtiyoqda ham emas ekan-da. Hamma gap qaysi nashrda nima e’lon qilinayotgani, e’lon qilinayotgan bu narsa haqiqatga, reallikka qanchalik daxldorligi, undagi tahlil va talqinning halolligi, chuqurligi-yu yangiligida qolgan. Ommaviy axborot vositalaridan kutiladigan mana shu oddiy, tabiiy talablarga javob yuqorida aytganimiz gazetada bo‘lsa kerakki, garchi xorijniki bo‘lsa ham, uni bizning o‘quvchimiz-da qidirib, istab topyapti, o‘qiyapti.
Binobarin, 2017-yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan ekan, bu muloqotni rostakamiga uyushtirish, xalqning orzu-istaklari, dardu tashvishlarini barcha darajadagi rahbariyatga to‘g‘ri, ochiq-ravshan yetkazish, ko‘rsatishda respublika ommaviy axborot vositalarichalik qulay minbar topilmasligi aniq. Hamma gap mana shu minbardan qanday foydalanishda, unga eltadigan yo‘llar esa qanchalik ravon bo‘lishida qolgan.
Kitoblarga munosabat, ularning mutolaasi, kitobxonlik darajamiz borasida ham, afsuski, hali maqtanishdan ko‘ra o‘ylanishga undaydigan holatlar ko‘proq. Beg‘araz olimlarimizdan biri Abdurahim Erkayev “Tafakkur” jurnalining joriy yil 4-sonida bosilgan “Ro‘yoni rost desa…” nomli maqolasida to‘g‘ri ta’kidlaganidek: “Yoshlar va katta avlodning didi, qadriyatlar mo‘ljalida farqni ko‘rmaslik mumkin emas. Deylik, o‘rta va katta avlod yoshlik yillarida badiiy asarlarni ko‘proq o‘qir edi. Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning she’riy to‘plamlari 30–60 ming adadda chop etilib, bir hafta ichida sotilib ketardi. Bugun kitob do‘konlarida ularning va boshqa mashhur o‘zbek yozuvchilarining asarlari, jahon adabiyoti durdonalarini bemalol xarid qilish mumkin – ilgarigidek ‘defitsit’ yo‘q. Gap faqat kitoblarning narxi balandligida emas, yosh avlodning qadriyatlar mo‘ljali o‘zgarib, badiiy-adabiy ehtiyojlari pasayganida hamdir”.
Muallifning “yosh avlodning qadriyatlar mo‘ljali o‘zgarib, badiiy-adabiy ehtiyojlari pasaygani” borasida kuyinishi bejiz emas. Tushungan, his qilgan odam uchun bu juda og‘ir gap, jiddiy tashvish uyg‘otadigan belgilar – simptomlarga ishoradir. Va bunda yosh avlodnigina ayblash, ularni o‘zimizdan nari itarish muammoning yana-da gazak olishidan boshqa samara bermaydi. Agar professor A. Saidov chiqishiga shu nuqtai nazardan qarasak, so‘zimiz avvalida ta’kidlaganimizdek, unda masala yechimiga oid nihoyatda dolzarb takliflar o‘rtaga tashlanganiga amin bo‘lamiz.
AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln: “Kitoblar kishilarga ularda paydo bo‘ladigan fikrlar unchalik ham yangilik emasligini eslatish uchun zarurdir”, degan ekan. Shunga ko‘ra, boya aytilgan minglab ommaviy axborot vositalari, televideniye va radio, yuzlab gazeta-jurnallarda berilayotgan intervyular, maqolalar, davra suhbatlaridagi gap-so‘zlarni tinglab, bu suhbatdoshlar, korrespondent-u respondentlarning qanchalik kitobxonligi to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkindek tuyulaveradi kishiga…
Rahmon Qo‘chqor
2017-yil