ADABIYOTNING QAND KASALLIGI

Adabiyotning qand kasalligi

Har qanday hodisani juda qiziqarli usulda, tushunarli tilda hikoya qilib beradigan bir do‘stim bor. Uning bir safar odamning qaysi ichki a’zosi qayerida joylashganligini haligacha aniq bilavermaydigan menday tibbiy chalasavodga isitmaning mohiyatini tushuntirib bergani hech yodimdan chiqmaydi. Shunga qadar men uchun bolamning peshonasi qizishi o‘ta vahimali hol hisoblanar, nima qilib bo‘lsa-da, isitmani tushirish yo‘lida bor tajribamni ishga solishdan boshqa narsani o‘ylamas edim. Xolbuki, boyagi do‘stimning aytishicha, tanada isitma paydo bo‘lishi asli ijobiy hodisa hisoblanarkan. Ya’ni isitma sog‘lom vujud o‘zini turli kasalliklardan himoya qila olishining eng muhim belgisi ekan.

Do‘stim, o‘ziga yarashgan odatiga ko‘ra, xuddi odam tanasi, uning hujayralari, hujayralarga bo‘layotgan mikroblar hujumi va bu tajovuzni qaytarish uchun oyoqqa qalqqan sog‘lom tana kuchlarini barmoqlari orasida ushlab ko‘rsatayotganday, ko‘z oldimda tasavvur yasaydi:

,,…Odamning vujudi xuddi bir mamlakat hududiga o‘xshaydi. Bu hududning har bir qarichini ayni joy tinchligiga mansub qo‘riqchi hujayralar himoya qilib turadi. Turli yo‘llar bilan tanaga kirib olgan viruslar qayerda o‘rnasha boshlasalar, hujayralar darrov ularga qarshi jangga kirishadi. Bilasiz, jang qurbonsiz bo‘lmaydi. Hujayralar turli qurollarni ishga solishib, viruslarni ,,qonga botirishadi”. Viruslar ham, albattaki, bo‘sh kelishmaydi. Olishuv qizib borgani sayin jang maydonidagi harorat tana yuzasiga qalqib chiqadi. Agar himoyachi hujayralarning qo‘li baland kelib, o‘z kuchlari bilan dushmanni bartaraf qila olsa, ozgina isitma chiqargach, odam tuzalib ketadi. Shunday ham bo‘ladiki, viruslar katta qo‘shin bilan xujumga o‘tib himoyachi hujayralarni holdan toldirib qo‘yadi. Shunda tananing boshqa joylaridan ,,yordam so‘raladi” va butun organizm yovga qarshi ayovsiz jangga kirishadi. O‘z-o‘zidan jang maydoni ham, uning ko‘lami, qurbonlar soni ham keskin ortib boradi. Mana shu paytda odamning tana harorati ortiqcha ko‘tarilib ketadi, hujayralarga qo‘shimcha yordam kerak bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, ,,ikkinchi front ochiladi” – bemorga shifokor tavsiya qilgan dorilar beriladi. Qarabsizki, olingan yordamdan qayta kuchga kirgan tana o‘z hududidan yot unsurni sharmanda qilib quvib chiqaradi…”

Bizningcha, har qanday davr adabiyoti ham o‘z-o‘zini himoya qila bilsa, badiiyat hududida hech qanday ogohlantirishsiz muntazam paydo bo‘lib turadigan turfa kasalliklarni vaqtida payqab, ularga qarshi o‘z himoya vositalarini samarali ishga sola olsagina, uning ertangi kuniga bexavotir qarasa bo‘ladi. Aks holda, adabiyotning ichiyu tashiga shiradek yopishib oladigan iste’dodsizlik, adabiy sharlatanlik, ijodiy farosatsizlik uni tezda xarob qiladi. Kamida bir avlod hayoti ruhiy quvvatsiz, hissiz va rangsiz kechishga mahkum etiladi. Bu narsa esa uzluksiz rivojlanib borishi talab qilinadigan milliy estetik didning parokanda holga kelishiga, xalq qalbining qashshoqlashib, go‘zallikni nafaqat his qilmaydigan, balki endi uni talab ham qilmaydigan darajada dag‘allashuviga yo‘l ochadi.

Adabiyot va san’at maydonida qisinib-qimtinib, sodda-mug‘ombir nigohlarini sira yerdan uzmaydigan yovvosh va xizmatga shay muxlisu muxlisa qiyofasida paydo bo‘ladigan ,,Chorshanbi bolam” (Murod Muhammad Do‘st. ,,Lolazor”) dastlabiga uncha-muncha ijodkorlarning, hatto otalarcha mehribon va shafqatli munosabatiga noil ham bo‘ladi.

,,Mayli-da, yuribdi-ku shig‘irga muxlis bo‘lib. O‘g‘rilik yo boshqa bir yo‘l tutsa, nima qilardik?” deydi ular bag‘rikenglik bilan. (Bu “bag‘rikenglik” zamirida, aslida, boyagi shiradan eshitayotgani maqtovlarning yoqimli ta’midan, uning ,,begunoh” nigohlarida balqib turgan mahliyolikdan voz kecha olmaslik hislari yotganini tasavvur qilish ham kishidan katta farosat talab qilmaydi.) Axir jiddiy adabiyotshunoslik ikki og‘iz shirin so‘zga xasislik qilib turganida, uning o‘rnini beozor muxlis bajonidil har kuni bosib turishining nimasi yomon – ,,Yuraversin-da, jo‘ra!”

Ha, u yuraveradi. Yurganda ham hamma yerda yuradi – o‘zi taklif etilmagan majlislardan qolmaydi, adabiy kechalar, uchrashuvlar, teleko‘rsatuvlarda paydo bo‘ladi. O‘zining ,,kuyinchak savollari bilan biqiq muhitga yangi epkin olib kiradi”. Ayniqsa, uning uchraganki ijodkorga ,,Ustoz” deb murojaat qilishi o‘ziga juda yarashganini aytmaysizmi. Mumkin ekan-ku, ranj ila birovga bir harf o‘qitmay ham shunday maqomlarga erishish. Kimga yoqmaydi – hali o‘zing o‘ttizga kirmay, birovga ustoz bo‘lib tursang…

Ustozlik inkor etilmagach, demak, o‘z-o‘zidan, hali biron durust satr yozib qoyillatmagan Chorshanbining shogird-yozuvchi, shogird-shoir ekani tan olingani hisob-da.

Ajoyib kunlarning birida tirikchilik vajidan yuragi siqilib o‘tirgan Ustoz qoshida qo‘lida vazmingina xalta ko‘targan Chorshanbi paydo bo‘ladi. U mezbon taklif qilgan g‘aribgina choyga o‘tirishni-da inkor qiladi – ,,Ustozning qimmatli vaqtini aslo olmoqchi emas. Faqat bir hol so‘ray degandi, xolos. Agar… mobodo… Ustozning qo‘li tegsa, kamtarona ijod namunalari bilan birrov tanishsa… Falon jurnalga boruvdi, Ustozning yarim qog‘oz tilagi qo‘shilsa, yanada yaxshi bo‘lishini aytishuvdi. Shunga…”

Ustoz Chorshanbining bu qadar odobidan, ixlosu muruvvatidan ko‘nglida behad mutaassirlik tuyadi – uni eshikkacha shaxsan kuzatib qaytadi. Oradan ikki kun o‘tib, to‘q qoringa shunday o‘ylar keladi: ,,Yozganlari hali ancha xomrog‘-u, lekin arog‘i zo‘r ekan qurg‘urning. ,,Oq yo‘l” tilangandek bo‘ldimi? Kimlar kimlarga yozib bermayapti. Omadi kulsa, nazarga tushar, bo‘lmasa biror tirikchiligini qilarda-ey..”

Shu tariqa adabiyot olamida yana bir ,,ko‘ngul kuychisi” kashf etiladi. Qarqunoq bir bir o‘mbaloq oshib bulbulga do‘nadi. Ana endi uning sayrashini tomosha qiling. ,,Maktabu universitetlarga shoirlar taklif qilinyapti, yoshlardan kim bor? Chorshanbi bor, she’ri unchalik bo‘lmasa ham, lekin o‘qishi zo‘r. Naqd Usmon Azimga o‘xshab o‘qiydi…”

,,Viloyatga borish kerak. Yoshlardan vakil qilib Chorshanbini qo‘shganimiz ma’qul. To‘poriligi ham qishloqliklarga yoqadi. O‘ziyam xalq ichidan chiqqan tayyor talant-da!”

Shunchalar “nozik didli” Ustozningki ko‘ngliga yo‘l topa olgan bu talant uchun ,,bo‘sa” bilan ,,bo‘lsa”ning farqiga bormaydigan (afsuski, bu borada ahvol Abdulla Qahhor zamonidan uncha o‘zgargani yo‘q!) qo‘shiqchini rom etish ish bo‘ptimi? Qo‘shiqchi ham xursand – xalqona she’rni xalqaro ohangga solib, yana o‘sha xalqqa tortiq qilishdan ortiq san’at bormi? Axir Erkin Vohid ham aytgan-ku: ,,O‘zidan olib, o‘ziga beraman” deb…

Keyin bu qo‘shiqchi bilan biz kutmagan gazetaning ,,Siz kutgan uchrashuv” ruknida dildan suhbat e’lon qilinadi. Nuqul hayajonlanib ketaveradigan jurnalist qizimiz ,,estradamizning navbatdagi yorqin yulduzi”ga beradigan savollari ichida shunday o‘tkir savol ham bo‘ladi: ,,Qaysi shoirlar bilan ijodiy muloqot olib borishni yoqtirasiz?”

Qo‘shiqchimiz bo‘lsa, jurnalist qizimizning qavs ichida bergan nozik izohida ta’kidlanishicha, ,,bir nuqtaga tikilib, uzoq o‘yga tolgach”, shunday javob beradi: ,,Yosh, kelajagi porloq shoirlarimizdan Chorshanbi akam, Binafshaxonim singari ijodkorlar she’rlariga qalb qo‘rimni qo‘shib kuylash men uchun maroqlidir…”

Aslida ham shu – bu gaplarni boshqacha ohangda ifoda etib bo‘lmaydi. Bu hodisalarning ajabtovur ohangi o‘zi bilan. Ayni ohang avvaliga Sizga erish tuyuladi, keyin g‘ashingizni keltiradi, nihoyat, atrofingizga bir qarab olib, ichingizda chiroylikkina so‘kinib ham olasiz. Biroq bu ohangni har kuni eshitib, ko‘rib, o‘qiyverganingizdan keyin o‘rganib ham qolasiz. Qachonlardir bu gaplar faqat kulgiga loyiq topilgani asta-sekin yodingizdan ko‘tarilib, endi uning o‘zi bilan hisoblashishga majbur etadigan jiddiy kuch bo‘lib qolganiga ishonch hosil qilasiz. (M.Bulgakovning ,,Ityurak” qissasidagi jarayonni eslang.)

Harqalay sizga bir jihatdan osonroq. Negaki, Sizda chin san’at bilan bu yuzakichilikni tajribangizga suyanib solishtirish imkoniyati bor. Bu zo‘raki ohangning asl madaniyatga mutlaqo aloqasi yo‘q ekanini ham Siz yaxshi bilasiz. Lekin bolangiz – mumtoz adabiyot u yoqda tursin, hatto Abdulla Oripov yoki Odil Yoqubov ijodi bilan ham qalbida estetik immunitet hosil qilib ulgurmagan o‘spirinning bugungi holini, ertangi kelajagini tasavvur qilib ko‘ring. Sinash uchungina undan bir so‘rab boqing-a, shoirlardan kimlarni bilarkin? Nominigina eshitgani Navoiy va Cho‘lpondan keyin, albatta, Chorshanbining ismini aytadi. “Biror asaridan misol keltir-chi” desangiz, buyuklar ijodidan emas, yana o‘sha Chorshanbi ,,qalamiga mansub” qo‘shiqlardan hirgoyi qilib beradi.

Shu alfozda adabiyotning himoyasiz qolgan tanasi shiraga to‘lib boradi. Endi uning tanu jonini yengilgina o‘tib ketadigan isitma emas, balki rosmana qand kasalligi chulg‘ab oladi. Adabiyotning qonida qand – shirinlik miqdori me’yoridan ortib borgani sayin asarlar ham chuchmallasha boshlaydi. Uning bir paytlar har qanday mavzuga o‘tadigan o‘tkir tishlari liqillab, iloji boricha yumshoq, oson hazm bo‘ladigan mavzularni xohlab qoladi. Xiralashgan ko‘zlari uzoqni ko‘ra olmagani tufayli aksariyat o‘tkinchi gaplar bilan umrini o‘tkazadi. Vijdon degan “eski tushuncha” hozircha yodidan ko‘tarilmagan ayrim ijodkorlar ,,Nega falonchi ko‘rinmay qoldi?” degan savolga duchor bo‘lmaslik uchungina bir nimalar yozib o‘zini ham, o‘quvchilarini ham chalg‘itmoqni o‘ylaydi, biroq bu, aslida, ijodiy ojizlikdan boshqa narsa emasligini hammadan ko‘ra o‘zi yaxshiroq biladi. Yozgan narsalari e’lon qilingan kunlar iloji boricha hech kimga ko‘rinmay, u narsalar tezroq o‘quvchi yodidan ko‘tarilishini orziqib kutishini kuzatish esa naqadar og‘ir..

Bir paytlar boshlovchi qalamkash asarida noo‘rin ishlatilgan birgina so‘z ustida Navoiydan dalil keltirib qizg‘in bahslar olib borgan, nafaqat do‘stlari ijodini, balki o‘z asarlarini ham jiddiy tanqidiy ko‘z bilan taftish qilishdan cho‘chimagan, bu bilan, o‘zi bilib-bilmay, adabiyotga o‘tkinchi kimsalar kirib kelishining oldini olgan yozuvchi-shoirlar endi ozgina tahliliy mulohazadan ham vahimaga tushadigan, erkin ijodiy fikrdan cho‘chiydigan bo‘lib qoladi. Eng achinarlisi, bu jarayonda ularning ijodkorlik nafsoniyati emas, mayda manfaatlardan maza tortib o‘rganib qolgan nafsi ozor topayotgani shundoq bilinib turadi..

Chorshanbi uchun esa bunday muhit ayni muddaodir. Adabiy tanqid uni tanqiddan tuban hisoblab, o‘zining noo‘rin g‘ururini qo‘ldan bermaslikka tirishadi. Buning ustiga, boya aytilganidek, iste’dodli ijodkorlar to‘g‘risida yurak yutib bildirgan ozgina mulohazasi nayza bilan kutib olingani ham adabiy tanqid uchun tayyor bahona bo‘ladi: ,,Ularki samimiy, do‘stona fikrni ko‘tara olmasa, bunisidan nima kutasan?”

Mana shu muhit qanchalik uzoq davom etsa, Chorshanbi nomli virus adabiyot vujudini shunchalar ko‘proq qaqshatishga o‘tadi. So‘z san’atining ibtidoiy talablariga-da javob bermaydigan almoyi-aljoyi misralar yig‘indisi ,,she’r”, uni uyalmay ko‘tarib yurgan kimsalar ,,shoir” nomini o‘ziga-o‘zi in’om qilib oladi. Go‘yo Omon Matjonning ,,Ruh haqida rivoyat”ida bashorat qilingan holat yuzaga keladi. ,,Xato” so‘zini ,,xota” deb yozadigan falonchiki shoir bo‘lib, she’rlari kunaro qo‘shiq qilib berib turilganda, men nega qarab o‘tirishim kerak ekan?” degan iddao har tomondan ketma-ket bosh ko‘taradi. Rus ertagidagi ersiragan Marpushaning mashhur xitobi beixtiyor qulog‘ingiz ostida jaranglagandek bo‘ladi: ,,Zamuj xochu! Xochu, xochu!..”

Axborot vositalarining eng ommaviylari shoir bilan qo‘shiqchining, she’r bilan musiqaning nikohini paydar-pay qayd etib, tantanavor e’lon qilishdan charchamaydi. Bunda ,,nikohdan o‘tayotganlar”ning balog‘atga yetgan-etmagani, bundan oldin kimlar bilan, qaysi davlatda, necha marotaba ahdu paymon qilgani surishtirib o‘tirilmaydi. ,,Birovning yorini oldim omonat” deganlaridek, qay bir xorij davlati san’atida allaqachon ,,turmushga berilgan” so‘z va musiqa, hatto boshidagi fatasi ham almashtirilmay, qayta nikohlab olinaveradi..

Bularning barini ko‘rib, eshitib, hazm qilishi lozim bo‘lgan bechora Muxlis bo‘lsa garangsib qolgan. Bir Komiljon Otaniyozovni tushlarida ko‘rayotganidan zorlangan otasiga, bir ,,o‘nga-chapga, chapga-o‘nga” deya orqasini liqillatishga o‘rganib qolgan bolasiga jovdirab qaraydi. Farzandining ongu shuuriga, axloqu dunyoqarashiga ta’sirini o‘tkazayotgan bu she’rlar, qo‘shiqlardan o‘z ko‘ngliga – millat qalbiga daxldor biror ulgu topishga urinadi. So‘zini o‘zbekcha deyish uyat, musiqasi, ,,sho‘rvasining sho‘rvasi” holiga solinganidan, biror millatga daxldorligini yo‘qotgan, ijrochilar kiyimi, ijro uslubi, sahnada o‘zini tutishi borasida esa fol ochib o‘tirishning foydasi yo‘q.

,,Xo‘sh, – o‘yga toladi Muxlis, – bu tomoshada milliy badiiy tafakkurning biror jihatiga suyanilganmi? Umuman, ijodda shunday muqaddas tushunchalar ham borligini bu ,,yulduzlar” hech qursa xayoliga keltirishadimi? Shunday o‘y bilan yashash va ijod qilish lozimligi to‘g‘risidagi tushuncha ularning tafakkuri va tasavvuriga sig‘adimi? Farzandlarim didi, adabiy farosati aksariyat shular darajasida qolib ketsa, oqibati nima bo‘ladi? Axir adabiyot va san’atning muborak sahnasi talab etadigan badiiy-estetik did hamma zamonlarda o‘zgarmay qolishi bor gap-ku!..”

Muxlisning bu bezovtaliklarini kimdir ko‘ngliga yaqin olsa, boshqa birov darrov sergak tortadi. Yana bir guruh kishilar Muxlisni keraksiz pessimizmda ayblab, miyig‘ida kulishlarini ham u juda ravshan tasavvur qiladi. Biroq uning uchun bugun o‘zgalar mulohazalariga emas, o‘z qalbiga quloq solish muhimroq tuyuladi. Bunga o‘zini haqli ham sanaydi. Zero, u qorni uchun yig‘layotgani yo‘q, qadri uchun qayg‘uryapti. O‘zini emas, hamma qatori farzandlarini, ularning ertangi qiyofasi qanday bo‘lishini o‘ylayapti. Ertaga duragay ruh, duragay tabiat egasi bo‘lib, otasini tanimay, tan olmay qolishi mumkinligidan qalbida havotir tuymoqda…

Insonni tushunish degan tushunchadan kelib chiqsak, Chorshanbini ham, unga oq yo‘l tilagan Ustozni ham, osmonlardan pastga tushmaydigan ,,yulduzlar”ni ham, ularni qo‘llab-quvvatlovchi “haybarakallachilar”ni ham, albatta, tushunish mumkin. Biroq, shu qatorda, peshonasiga ularga zamondosh bo‘lishdek taqdir hukmi bitilgan Muxlisni-da, bizningcha, tushunish mumkin va  hatto zarurdir ham…

Rahmon Qo‘chqor

2003-yil

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: