Bir kuni ro‘znomamizning “Rang-barang olam” deb nomlangan jajji sahifasida qiziq
voqea haqida o‘qib qoldim. Uning qisqa tafsiloti shunday edi: Amerikaning
qaysidir shahrida yashovchi bir odam hovlini besaranjom qilib yuborganidan achchig‘lanib
o‘zining kuchugini bir-ikki kaltaklaydi. Shu paytda qo‘shni hovlida bo‘yniga
fotoapparat osib sayr qilib yurgan hamsoyasi uning bu qilmishidan g‘azablanib,
voqeani suratga tushiradi-da, it egasini sudga beradi. Butun ikir-chikirlari
bilan rosmana sud o‘tkazilib, jonivorga ozor bergani uchun kuchuk egasi yarim
yilga ozodlikdan mahrum etiladi va bunga qo‘shimcha o‘zbek kolxozchisining bir
yillik daromadidan ortiqroq qiymatda pul jarimasi ham to‘laydi…

Albatta, biz buni eshitib, e’tibor ham bermay, miyig‘imizda kulib qo‘ya qolamiz. Biroq
bir muddat boshqa ishlarni qo‘yib o‘ylab ko‘raylik-chi – biz o‘zi nega kulyapmiz, kimning ustidan kulyapmiz? Odamlarigina emas, itlarining ham qonuniy
himoyasi ta’minlangan jamiyatdan kulyapmizmi? Balki bizning qulog‘imizga
go‘dakligimizdan “Ularda inson qadri pul bilan o‘lchanadi!” deya quyishganidan,
boshqalarga nafrat ruhida tarbiyalashganidan shundaymizmi? Boring ana, shunday
ham bo‘la qolsin, Biroq hech o‘ylab ko‘rganmizmi – “ularda, pul bilan
bo‘lsa-da, odam qadrlanar ekan, bizda-chi”, deb?

Bizda inson qadri nima bilan o‘lchanadi? Mehnati bilanmi?

Hozirgi
o‘zbek paxtakorining, chorvador va pillakorining mehnati, o‘zining qadri
qandayligini bu qadrni belgilovchi markazdagilardan boshqa hamma bilib turibdi.

Xo‘sh, yetmish yildan buyon qadrimiz nima bo‘ldi, nima bilan o‘lchandi? Agar yaqin o‘tmish manbalarini sinchkov varaqlasangiz, bu savolga yuzlab javoblar topasiz. Xususan, “Qizil O‘zbekiston” ro‘znomasining 1948-yil, 7-dekabr soni sahifalaridan o‘qiymiz:

“O‘zbekiston SSR Prokuraturasida.

…
Toshkent oblast, Yuqori Chirchiq rayonidagi “III Internatsional” kolxozining
brigada boshlig‘i Husanboy Soriyev yig‘im-terim vaqtida paxtaning nobud
bo‘lishiga doim yo‘l qo‘yib kelgan. Tekshirish vaqtida dala bilan xirmon
o‘rtasidagi yo‘ldan 51 kg paxta yig‘ib olindi. Bundan tashqari chanoqlarda ko‘p
paxta qoldirib ketilgan. Xalq sudi Husanboy Soriyevni Jinoyat kodeksining 1663
 moddasiga muvofiq 3 yil ozodlikdan
mahrum etishga hukm qildi.

…
Samarqand oblast, Paxtakor rayonidagi Dzerjinskiy nomli kolxozning brigada
boshlig‘i Eshbo‘ta Norbo‘tayev ko‘saklari ochilgan bir yarim gektar paxta
maydoniga suv qo‘yib yuborgan. Natijada 125 kg paxta chirigan. Norbo‘tayev 2
yil ozodlikdan mahrum etishga hukm qilindi…”

Mana shu – qadri besh-olti pud paxtachalik turmaydigan odamlarning aksariyati kuni kecha urushdan qaytgan, kuni kecha shu tuproqni, shu vatanni, shu hukumatni deb umrida qilmagan ishni qilgan – odam o‘ldirgan, uy buzgan, o‘liklar ustidan hatlab o‘tgan, o‘q otgan, o‘q yegan. Mana shu – o‘zi himoya qilgan vatani, hukumati esa uni yerdan chiqadigan, o‘zi yetishtirgan, 51 kilo tosh bosadigan o‘simlikcha ko‘rmagan. Paxta nobud bo‘lmasligi uchun odam nobud qilingan, bu nobud qilinayotganlar haqida, elga namuna bo‘lsin, deb, ro‘znomalarda hafta oralatib xabarlar e’lon etilgan.

O‘zbekiston SSR Prokuraturasining aybnoma ro‘yxatini o‘qishda davom etamiz:

“…
Ishtixon rayonidagi Stalin nomli kolxozning xirmon qorovuli Mavlon Rahimov
qo‘lida yonib turgan chiroqni paxta ustiga tushirib yuborgan. Yong‘in
natijasida 58 kg paxta kuyib ketgan. Xalq sudi Rahimovni bir yil ozodlikdan
mahrum etishga hukm qildi…” va hokazo.

Agar Mavlon aka kechasi shirin uyqusini buzmay, xirmondan xabar olib yurmaganida… yo‘q, unda qorovul bundan ham qattiqroq jazolanar, “xalq dushmani”, “paxta dushmani” atalib, balki otib tashlanar edi.

Endi
so‘rarsiz: “Shoirlar-chi, shoirlar, nima qilishardi”, deb. Shoirlarmi?
Shoirlarning “shodlikdan” yuragi yorilib turar edi, ularning aksariyati xalqiga
mana bunday xizmat qilishardi:

“Kattaqo‘rg‘on hovuzi quruvchilarining Stalinga yuborgan tabriknomasi.

Suv ustida o‘t yoqamiz buyursang,

O‘t ustida gul taqamiz buyursang (!).

Kerak bo‘lsa Jayhundan ham kuchliroq,

To‘lqin bo‘lib biz oqamiz, buyursang.

Baland bo‘lsin bulutdan ham qirg‘og‘i,

Falak bo‘lsin bu dengizning qopqog‘i.

Buyrug‘ingni bajo qilmay yechilmas,

O‘zbek xalqin belidagi belbog‘i”

(“Qizil O‘zbekiston”, 1947-yil, 1-may soni)

Bunday
she’rni hayotining qadrini vaqtida bilib qolgan qaysidir shoir yozib bergan, albatta.

Xo‘sh, bizda insonning qadri nima bilan o‘lchanadi?

Fidokorligi bilanmi?

Yaqinda
sirtqi bo‘limda o‘qiydigan bir talaba yigit ko‘ngliga yaqin olib menga o‘z
taqdirini gapirib berdi. U 18 yoshga to‘lib, nihoyat jamoa xo‘jaligining
krepostnoylik tuzumidan qutilish imkoniyatidan foydalanish haqida o‘ylay
boshlashi bilan harbiy xizmatga chaqiriladi. “Ko‘pga kelgan to‘y, – deydi. –
Borib shonli qurolli kuchlar safida chiniqib qaytaman”, deb o‘ylaydi.
“Molodoylik”ning xo‘rliklariga chidab, baynalmilalchiligimizning haqiqiy
qiyofasini shu yerda o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, bir yilni o‘tkazadi. Yo‘q, u
baribir “katta nasibasi”ni oladi: uning endi “ded” bo‘lib qolgani ham
soddaligi, mehnatkashligi oldida hech nimaga arzimaydi. Yo‘q yerdan bahona
topgan moviy ko‘zli bir serjant temirday etigi bilan uning quvug‘iga tepadi…

Og‘ir
operatsiyadan chiqqach, u to‘rt oy gospital shiftiga termulib yotadi, uyiga
xabar bermaslikni kattadan-kichigi maslahat beradi. Nihoyat oyoqqa turgach,
xizmatga yaramaydigan sifatida yurtiga jo‘natib yuborishmoqchi bo‘lishadi.
Biroq qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni oldidagi oriyat unga to‘sqinlik qiladi –
xizmatni oxiriga qadar o‘tkazib keyin ketmoqni, har qancha og‘ir bo‘lmasin,
bo‘yniga oladi. Biroq bu yigitni yana bir moviy ko‘zli ajal farishtasi kutib
turar edi.

Xizmatining tugashiga bir yarim oy qolganida Chernobilda atom elektrostansiyasi portlaydi. Ularning bo‘linmasini birinchilardan bo‘lib ajalning ustiga tashlashadi, kim bunga yaroqli, kim yaroqsiz – surishtirib o‘tirilmaydi. Sel kelganda yog‘och, xashak bilan yo‘li to‘silganiday, bu ofatning yo‘li uning xavfi haqida deyarli tasavvuri bo‘lmagan 18-20 yoshli yigitlarning tanasi bilan to‘siladi. Bir yarim oy davomida boshqalar qatori bizning yigit ham to‘yib “nur emadi”.

chernobil

Nihoyat,
xizmat oxirlab uyga qaytayotganida unga, albatta, orqasidan tegishli hujjatlar
yuborishajagini, hukumat uni e’tiborsiz qoldirmasligini va’da berishadi. Bola
o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi – kelib uylanmaslik uchun turli vaj ko‘rsatadi,
biroq hech narsadan xabarsiz ota-ona uni ne niyatlar bilan uylab qo‘yishadi.

Oradan
o‘tgan to‘rt yil ichida orttirgani ikki nafar farzandi ham muddatidan vaqtli
tug‘iladi, kattasi, mana uchga kiryapti, haligacha yurmaydi, kichigi bo‘lsa
yetti oyda tushgan… Yigitning ichi to‘la dard – bir yoqda maktabdagi
kirdikorlari uchun tanqid qilib qo‘ygani – ilmiy mudir kimlargadir pul berib
o‘ldirtirib yuborishga “va’da bergan”, boshqa yoqdan esa nur emib orttirgan
kasalliklari tobora o‘zini ko‘rsatyapti. Endigina 24 yoshga kirgan yigitning
holi qurib boradi, hech narsadan xabarsiz xotini bo‘lsa oylab birga yotmay
qo‘ygan erining kun kech bo‘ldi deguncha arzimas narsadan bahona topib janjal
chiqarayotganidan hayron, yuragi siqiladi.

Yigit Moskvaga borib davolanmoqni o‘ylaydi, biroq qo‘li kalta. Va’da qilingan hujjatlardan bo‘lsa hamon darak yo‘q, xuddi G.G.Markesning polkovnigiga o‘xshaydi: unga ham hech kim yozmaydi. Odam kerak edi – xizmat qildirishdi, uning tanasi bilan o‘z ayblarini yopishga erishishdi, endi bo‘lsa bu odamning hech kimga keragi yo‘q – birov eslamaydi…

Xo‘sh, bizda odamning qadri nima bilan o‘lchanadi?

Bilimi bilanmi?

Hozir
talabalar shaharchasida odam ko‘paygandan-ko‘paygan – qabul imtihonlari davri.
Farzandlarini yetaklab kelgan ota-onalar mehmonxonalardagi “sestrishka”lardan
nafratli nigoh bilan siylangach, joy qidirib Toshkent issig‘ida ko‘chama-ko‘cha
sarson kezishadi. Na yotib-turishda, na yeb-ichishda tartib, sifat bor.
O‘zbekistonning emas, boshqa bir jumhuriyatning poytaxtida yurishganday
bo‘ynilari qisilgan. Ularga faqat bir umid – bolasi o‘qishga kirib olishi kuch,
sabr-qanoat beradi.

Ana,
oldinda ota, orqasidan ikkita qizcha (biri qo‘shnining qizi bo‘lsa kerak!)
hujjat topshirgani ketishyapti. Men ularni sal orqaroqdan kuzatib boraman.
Otaning egnida qora rangi o‘chgan, yo‘l-yo‘l trinka shim, oriqligidan kamarni
qo‘shimcha teshib bog‘lagan – shim uning belida turmaklanib qolgan. Shu issiqda
jigarrang neylon ko‘ylak kiygan, uning yoqasidan chiqib turgan zang rangidagi
bo‘ynining o‘rtasi ichiga chuqur botib kirgan. Boshida bo‘lsa o‘ziga sal
kattaroq arzon do‘ppi. Qizlarning oyog‘ida shaharliklarning istehzoli qarashiga
sabab bo‘layotgan tovoni yo‘g‘on, uchi to‘mtoq oq tufli, egnilarida shapaloq
gulli matolardan ko‘ylak.

Men
shu topda ularning ichida kechayotgan tuyg‘ularni his qilishga urindim. Negaki,
o‘zim ham bu ahvolga necha bor tushganman (faqat uchinchi urinishda o‘qishga
kirganman). Qizlarning ko‘ngli, havosi aynib ketgan “obshiy vagon”da kelguncha
biroz buzilgan bo‘lmasin, ishonchga to‘la. Chunki maktabda yomon o‘qishmagan,
“oltin medal”ni qishloq kattalarining bolalari olishgan bo‘lsa-da, ular o‘z
bilimlariga ishonishadi. Qolaversa, ular Lenin nomidagi dorilfununga
kelishyapti, bu yerda o‘qishga kirolmay alamidan turli gaplar to‘qib
yurganlarning aytganlari – har xil vijdonsizliklarga o‘rin yo‘q. Eng asosiysi
bo‘lsa, ularning otalari birga kelgan, uning qo‘lidan ko‘p ish keladi, otalari
halol odam, mabodo biror anglashimovchilik bo‘lgan taqdirda ham, albatta,
boshqa bir halol odam topilib, ularning otasini tinglaydi, adolat qiladi…

Biroq
bularga qarab turib mening yuragim bezillaydi. Qizlarning umidlari puchga
chiqib, o‘qishga kirolmay qaytishlaridan emas, ular ishongan otani, shu
indamay, dardini ichiga yutib borayotgan, hali qishloqdan chiqmay turiboq umidsiz
bo‘shliqqa ketayotganini his qilgan, biroq buni birovga, ayniqsa, unga ishongan
qizlarga aytolmay qiynalayotgan otaning yana yarim soatdan keyin ko‘rajak
xo‘rliklarini his qilib yuragim uvishadi. Qizlar adolat qilmog‘iga umidlangan
kattalar u yoqda tursin, hujjat qabul qiluvchi, hali burniga biror marotaba
achchiq suv kirmagan yigitchalar va qizchalar ular otasining ustidan bemalol
kulishlari, qizlarining oldida behurmat
qila olishlarini o‘ylab, gangib qolgan ota bunday muomalaga javob bera
olmay yanayam qorayib ketishini, iloji boricha qizlarning ko‘ziga qaramaslikka
urinishini, ko‘nglidagi ozgina shaffof umidni ostona hatlamay toptashgani uchun
yana o‘zini koyishini… o‘ylab yuragim beziydi. “Aka, bekor kepsiz, bu yerda
odamdan arzon narsa yo‘q” degim keladi. “Bu yerda issiqdan qovjirab, yarmiga
suv qo‘shilgan ichimlikni ichayotganda bexosdan qo‘lingizdan tushirib
yuborganingiz stakanchalik odam qadrlanmaydi”, degim keladi.

Tramvayda
uch tiyinlik patta (abonement)siz yurganingiz uchun (chunki Siz bunaqa tartib
borligini hali bilmaysiz ham!) bilagingizdan changallab tortqilayotgan,
hammaning oldida o‘sal qilayotgan qizil bog‘ichli “xalq nazoratchilar”i uchun
Sizdan ko‘ra “shtraf” sifatida undiriladigan uch so‘m qimmatroq. Chunki
viloyatlardan Sizday sodda kishilarning kelishlari ko‘paygan bugungi kunlar
bular uchun “ov mavsumi” hisoblanadi. Qarangki, mana shular va mana shu yo‘l
bilan hukumat kommunizm qurmoqni o‘ylaydi…

Sizning
qizlaringiz, Sizning farzandlaringiz o‘qishga kirishlari juda ham gumon. Negaki,
bu yerda ham o‘zining qozonboshilari, oshalab oluvchilari, o‘zining
yalovchilari bor. Agar shunaqalar bo‘lmaganida har yili bitirib chiqadigan
minglab huquqshunoslarni markazdan kelgan o‘n-o‘n beshta ustamon maymunday
o‘ynatarmidi, xalqni shunchalik xo‘rlay olarmidi? Agar shu yalovchilar
bo‘lmaganida o‘zbekning yuz minglab qo‘lyozma kitoblarini o‘qib-o‘rganuvchi
topilmasmidi? Agar shular bo‘lmaganida Sizning qizingiz hujjat topshirayotgan
kulliyotning bitiruvchilari “XIX asr nechanchi yillarni o‘z ichiga oladi?”
degan savolga “Bir ming besh yuzinchi yillarni” deb javob berarmidi? Boshqa bir
fakultetga minglab talabgorlardan tanlab olingan “zo‘rlarning zo‘ri” bo‘lmish
talaba besh yil o‘qiganidan keyin bo‘layotgan bitirish imtihonida tanish
o‘qituvchi osongina o‘tkazib yuborishni o‘ylab “Qani, falonchiyev, AQSh
qisqartma otini to‘la yoyib, cho‘zib bering-chi”, degan murojaatiga javoban
jiddiy turib, bir-ikki tamoq qirib olgach, obdon cho‘zib: “A-a-aa-q-i-i-ii-sh”
dermidi…

Xo‘sh, bizda inson qadri nima bilan o‘lchanadi?

Turkiylarda ayol sha’ni qadimdan jon tikib muhofaza qilib kelingan. Bizning o‘g‘lonlar singillarini ko‘chaga tashlab qo‘yishmagan, ojiza jigarlarining nomusi uchun o‘zini qurbon bergan. Ayolning ahvoli uchun birinchi navbatda erkakka ta’na qilingan va to‘g‘ri qilingan. Afsuski, hozir shu daxlsiz qo‘rg‘onlarimizga ham shikast yetmoqda – opa-singillarimiz turli vaziyatlarda turli kimsalar tomonidan xo‘rlanmoqda, himoyasiz qolmoqda, ko‘chada qolmoqda. Bu borada ham birgina misol bilan cheklanaman.

Kuni
kecha pokiza bir ayolning yig‘lab aytib bergan hikoyasini unga yaqin odamdan
eshitib, ojizligimizdan, qo‘limizdan hech narsa kelmasligidan ezilib yerga
kirib ketay dedim. Dunyo go‘yo tinch, biroq bu sokinlik ezayotgan, unga isyon
ko‘tarib baqirayotgan qo‘li kaltalarning ovozini o‘zidan boshqa eshitmayotgan
holatga garangsib boqdim.

Gdlyan va Ivanov
Gdlyan va Ivanov

Yangi davrning o‘ziga xos qatli omi bo‘lmish “paxta ishi” tufayli o‘sha ayolning ham xo‘jayinini arzimas bahona bilan olib borib tiqib qo‘yishadi. Ayol adolat qidirib bormagan joyi qolmagach, taqdirga tan berib erini kutadi. Uchta yosh bola bilan odamlarning turli ma’nodagi nigohiga chidab yashaydi. Nihoyat, topgan-yiqqani qo‘lga ilinarli bo‘lganida bolalarini ergashtirib turmaga – erini ko‘rgani keladi. Tinka quritarli sarsongarchiliklar, har xil savol-so‘roqlardan so‘ng ularni otalari bilan uchrashishiga ruxsat berishadi. Diydordan burun esa ularning qo‘lidagilarni, o‘zlarini taftish qilishadi. Olib kelishgan jo‘ngina mayda-chuydalari rosa titkilangach, navbat ona-bolalarga keladi. Ikkita hirsday turma nazoratchisi – yelkasiga chiqarib qo‘yilgan unvoni kichik serjant bo‘lishiga qaramay, o‘zlarini bu yerning payg‘ambari sanaydigan ikki betamiz avval yosh juvonning butun tanasini paypaslab, qo‘l ko‘rigidan o‘tkazishadi…

Ayol
odam bo‘lib tug‘ilganiga, kunlari shu maxluqlar qo‘liga qolganiga, “Ey, nima
qilyapsan?” deydigan birorta inson, birorta qonun yo‘qligiga ichdan zil ketib
yig‘laydi. Biroq darrov bu yig‘ini to‘xtatishga, aks holda otalari bilan
uchrashishni tushlarida ko‘rajaklariga oid buyruq olishadi. Otalariga bu haqda
lom-mim deyishmay, nuqul yerga qarab, qiynalishmayotganini aytishadi…

Xo‘sh, bizda inson qadri nima bilan o‘lchanadi?

Umuman, o‘lchanadimi?

Bu
qadrning biror darajada qiymati bormi? Inson chidashi mumkin bo‘lgan
xo‘rlikning chegarasi qayerda, bu chegarani kim belgilaydi? Odamlarimiz qo‘zida
qo‘rquv, hadik, omonat hayot ifodasi qachongacha jovdiraydi. Savol… savol…
savol…

Men eslaganim to‘rt hodisa ushbuni o‘qigan kuningiz ham turli shamoyilda yuzlab marotaba takrorlanadi, ertasiga yana yuz beraveradi. Bu – inson qadrini ezg‘ilovchi tegirmonni to‘xtatish yo‘li bo‘lsa, menga o‘z qadrimiz tarozisini o‘z qo‘limizga olish bo‘lib ko‘rinadi.

Sizga-chi?!

Rahmon Qo‘chqor

“Yosh leninchi” gazetasi, 1990-yil, 12-iyul