Hayotda sen kutmagan, ko‘nikmagan narsalarga dabdurustdan duch kelib qolsang, qanchalar dovdirab, gangiysan kishi. Ayniqsa, inson sha’nini bulg‘ab qo‘yadigan, uni koinot gultoji emas, bor-yo‘g‘i qora yerning sassiq alafi shaklida namoyon etadigan holatlar ustidan chiqsang. Odamning kimligi ham shu holatlarga ko‘nikib, “Ha, endi…” deya boshlanuvchi jaydari falsafangni so‘qish-so‘qmasliging, o‘zing ham onda-sonda shu taxlit harakatlarni qilib qo‘yib, “hamma shunday qilyapti-yu” degan ojiz oqlovni topish-topmasliging bilan o‘lchanadi, chog‘i. Ana o‘sha – go‘yo sezilmas, birov bilib-bilmay qoladigan chegarani – imon tekisligini ikki hatlab toptab o‘tish bilan hammasi boshlanadi, hamma narsa (uning katta-kichikligi ahamiyatsiz!) mumkin bo‘lib qoladi. Nimagadir faqat o‘zingga foyda yoki yengillik keltiruvchi qilg‘ilikni qilib, keyin (birov so‘ramasa ham) yashash – kun ko‘rish falsafangni boshlaysan: “Axir, tushuning, vaziyat…”

Men yaqinda ana shunday vaziyatlarning bir nechasi ustidan ketma-ket chiqib qoldim.

Bozor biqinidagi gavjum avtobus bekati. Ko‘pchilik to‘xtab tomosha qilib turibdi, ayrimlar bir qarab qo‘yib o‘tib ketyapti: bekat yonginasida bir stoldan iborat o‘zining “ko‘chma do‘koni”ni ochgan 15–16 yoshlar chamasidagi “ishbilarmon” o‘spirin bilan undan sal kattaroq bir qiz qandaydir moddiy narsa ustida sharmandali janjal qurishgan. Ularning bir-biriga sachratayotgan haqoratlari, og‘zidan chiqayotgan iboralarga ilon po‘st tashlaydi. Holbuki… holbuki, bola ham, qiz ham “toza” – “kap. stran”ning kiyim-boshida, ikkisining ham basharasi rasamadagiday. Faqat… o‘spirin o‘zi sotayotgan saqichdan chaynab, og‘zida sigaret tutatib olgan.

Metroga tushaman. Alamli savollar o‘ylatadi: Bu nima? Buning nomi ne? Nega bunday bo‘lib qoldik? Doim ham shunday edimi? Yoshidan qat’i nazar erkak kishi oldidan pardada ham kesib o‘tmagan, o‘tolmagan enalarimiz ham ayol edi-ku! Xotin kishining yuziga chaqchayib emas, tik ham qaramagan, qarindosh ayolga ham yelka tutib ko‘rishib, eshik kesakisiga qarab gaplashgan bobolarimiz zamonida ham “bozor munosabatlari” bor edi-ku! Shu paytga qadar odamlar qorniga emas, qadriga yig‘lashar, shuni ihota qilishardi-ku!

Bu ahvolga turfa izohlar topishga urinib “Beruniy” bekatining Talabalar shaharchasiga olib chiqadigan zinalaridan ko‘tarilaman. Bu bekatning og‘zida ham bozor. Bir yonda ko‘chma kitob rastasi ochgan opaxon “SpidInfo” gazetasini sotayotgan bo‘lsa, uning yonginasida bir to‘da barzangi yigitlar chetdan keltirilgan cho‘chqa konservasi bilan ayollarning nozik ichki kiyimlarini yoyib o‘tirishibdi. Hammaning ko‘zi yarq etib tushadigan baland peshtaxtada esa rus tilida katta-katta harflarda yozilgan e’lon – afisha:

“Universitet Madaniyat saroyining katta zalida ‘Xomtalash ayol’ (yoki ‘Ayol hamma uchun’, ‘O‘rtadagi ayol’ deb tarjima qiling. Ruschasi – ‘Женщина для всех’ – R.Q.) nomli shahvoniy (ruschasi – ‘эротический’) film premyerasi bo‘ladi. 16 yoshga to‘lmaganlar qo‘yilmaydi”.

Bir emas, o‘nga yaqin katta-kichik o‘quv yurtlari joylashgan, rosa 16 yoshdan endigina o‘tgan o‘spirinlarga to‘la shaharchaning turli yerida bu e’lon – da’vatni qayta-qayta o‘qiysiz. Qiziqmay ko‘ring-chi!

Daraxtzorlar orasida mol-qo‘y boqib yurgan mahalla bolalarining birortasi ham yoshi sabab bo‘lib chipta ololmay qolganini aytib nolimaydi – bu va bunga o‘xshash tez-tez qo‘yib turiladigan filmlarni ular qoldirmay ko‘rishadi.

Bu yer – Madaniyat saroyida biror yozuvchi yoki shoir bilan go‘zallik, inson hayotining mohiyati to‘g‘risida suhbatlashish, she’r eshitish uchun uchrashuv o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, katta-kichik amaldorlardan qanchasining qovog‘iga qarashingizga, aksariyat holda xafsalangiz pir bo‘lib, o‘ylagan niyatingizdan qaytishingizga to‘g‘ri keladi. Hafta aro bunday filmlarni minglab yoshlarga bemalol namoyish etib, ularning kitob sotib olishga qizg‘ongan pulini yig‘ib, ozroq ulushini o‘quv yurti budjetiga qo‘shayotgan “ishbilarmonlar”ga esa – keng yo‘l!

Shunisi qiziqki, bu filmlarni ko‘rishga kirgan yoshlar endigina “Odobnoma” dars-mashg‘ulotidan chiqqan yoki filmni ko‘rib bu mashg‘ulotga kirishlari lozim bo‘ladi. Hatto shunaqasi ham bo‘lib qoladiki, zalning bir chetida xuddi bilmay kirib qolgan kishi alfozidagi yuzini har ehtimolga qarshi qo‘llari bilan pana qilib ustoz-murabbiy o‘tirsa, zalning o‘rtasida loy poyabzalini oldingi o‘rindiq suyanchig‘iga oshkora chalishtirib, ba’zan og‘zida saqich, ba’zan sigaret tutatib shogird o‘tiradi. Tashqarida bo‘lsa Ro‘zai ramazon oyi.

Balki men bekorga tashvish chekayotgandirman, butun erkin dunyoning kundalik hayoti shudir, taraqqiyot uchun bu normal holdir, deb ham o‘ylab ko‘raman. Biroq shu zahoti ikki-uch yil avval Moskov gazetalarining birida o‘qiganim maqola esimga tushadi. Unda yozilishicha, Amerika nashriyotlaridan biri bolalar kitobi uchun bezaklar ishlab berishga mashhur zamonaviy rus musavviri bilan shartnoma tuzgan. Suratlar tayyor bo‘lgach, rassom uni buyurmachiga jo‘natadi. Oradan ko‘p o‘tmay, hamma rasmlar inkor qilinib, tushuntirish xati bilan orqaga qaytariladi. Rassom tasavvuridagi “hamma narsa mumkin bo‘lgan Amerika”dan bolalar uchun ishlovchi nashriyot xodimlari taxminan shunday yozishar edi:

“Biz bolalarimizning kelajagiga, ularning axloqiy tarbiyasiga befarq qaray olmaymiz. Sizning aksariyat suratlaringizda, kechirasiz-u, bolalar ishtonsiz, yalong‘och tasvirlangan. Biz san’atda qiz bola bilan o‘g‘il bolani farqlashning boshqa usullari ham bor, deb hisoblaymiz… Sizning suratlaringizdan bolalar uchun chiqariladigan kitoblarimizni bezashda umuman foydalana olmaymiz. Bizda bu narsa mumkin emas!”

…Inson sifati uning nima ishlar qilgani bilangina emas, ne ishlarni qilmagani, ulardan o‘zini cheklay olgani bilan ham belgilanadi. Qo‘limizdan kelsa, boshqalarni, ayniqsa, yoshlarni imon-e’tiqodga, haq yo‘lga da’vat etaylik. Agar bu ishga qurbimiz yetmasa, hech bo‘lmaganda, ana unday tomoshalar bilan yosh insonlar qalbining buzilishiga ham sababchi bo‘lib qolmaylik. Zero, Payg‘ambarimiz o‘z hadisi shariflarida marhamat qilganlariday: “Kishi badanida bir parcha go‘sht bor, agar u tuzalsa, a’zolarining barchasi tuzalgaydir, agar u buzilsa, a’zolarining barchasi buzilgaydir. U – qalbdir!”

Rahmon Qo‘chqor
“Vatan” gazetasi,
1995-yil 5-son