Narsa yoki hodisaga nisbatan odam kayfiyati o‘zgarishining bunchalik tez va aniq ko‘rinishini men kamdan-kam kuzataman…

Kuni kecha ko‘pchilik yangi yilni kutish tashvishi bilan band edi. Kimdir bor puliga yegulik, meva-cheva olgandi, yana kimdir turfa oqsoqol va qorasoqollar surati tushirilgan ichimliklar bilan dasturxon to‘latgandi. Ko‘p xonadonlarda archa ham yasatildi. Uni aksariyat eng mo‘‘tabar odamlar taklif etiladigan xonaning to‘riga qo‘yishadi, xuddi mushriklar o‘z sanamlariga ko‘rsatgandek izzat-ikromga ko‘mishadi. Avvallari archaga o‘yinchoqlar tanlab-tanlab ilingan bo‘lsa, endi qo‘lga ilingan o‘yinchoqni – kichkinaroq qo‘g‘irchoqmi, bolalarning bog‘cha yoki maktabida rangli qog‘ozdan yasagan bezaklarimi – hammasi aralash osiladi. Abdulla Qahhor, Hamzaga nisbat berib, adabiyotshunoslarga ta’na qilganidek, kim nima topsa, olib kelib archaga iladi. Mayli-da, dunyodagi eng zavqli mashg‘ulotlardan biri bu – yasash, yasatish!

Shu tariqa to 31-dekabr soat 24 u nol-nolgacha archa katta-kichikning ko‘zini qamashtiradi, o‘ziga imlaydi, atrofida girdikapalak qilib o‘ynatadi. Unga atab she’rlar bitishadi, ashulalar kuylashadi, raqslarga tushib berishadi. Archaga qaratilgan lutfga bolalarga qo‘shilib ba’zan kattalar ham jo‘r bo‘lishadi: “Archajon!”, “Jon archa!”, “Aylanay, o‘rgilay, archa!”

Do‘stu dugonalari davrasida yangi yil kechasini o‘tkazmoqchi bo‘lib pul so‘ragan o‘spiringa ota-onasi saxiy marhamat ko‘rsatishadi. Tunaro nimalar bilan mashg‘ul bo‘lishini, nima ichib nima qo‘yishini sezganlari holda, bir-birlariga ko‘z qisishadi: “Mayli, katta bo‘lib qoldi…”

Keyin hamma yerda dasturxonga sho‘ng‘iladi. Ora-sira lunj to‘la irod etilgan tabriklar, qulfi dillarning ochilishi.

Yangi yil kiradi. Bazm davom etadi. Shirakayf ko‘zlar onda-sonda yana archaga qarab qo‘yishadi. Endi u bir oz xiralashgandek, jozibasi, oxori to‘kilgandek ko‘rinadi. Biroq hozir bunga ahamiyat berishga na fursat, na-da zehn bor. Dasturxonga qarash kerak, dasturxonga!

Ertasiga xiyla kech o‘rindan turiladi. Pala-partish yig‘ishtirilgan dasturxonda sovigan yegulik, to‘lib ketgan kuldonda sigaret va tuzlangan bodringning chala tishlab tashlangan qoldig‘i. Parcha nondan ustiga to‘kilgan ichimlikning ko‘lansa hidi anqiydi. Va… uyning to‘rida, kechagina zavq bilan, baholi qudrat bezatilgan archa! Na o‘zi yashnaydi, na-da ko‘zni yashnatadi. G‘alati sovigan, mung‘aygan, qandaydir so‘ligan, daraxtdan yulib olingan shoxcha, bir quchoq o‘tin.

Yana uch-to‘rt kun u bolalarga ermak bo‘ladi.

Keyin…

Keyin bir kun ishdan xorib qaytayotganingizda “dom”ning yonida uyulib yotgan axlat orasida o‘yinchoqlari yulib olingan, sarg‘aygan, shumshaygan shoxlarida paxta qoldiqlari, zar simlar ilashib yotgan o‘sha archani ko‘rasiz. Atrofida bo‘shagan shishalar, ezilgan pomidor va konserva bankalari.

Yuragingiz uvishadi, avvaliga sergak tortasiz, keyin…

Agar hali ham qalbingizda ozroq hayrat, jinday ta’sirchanlik qolgan bo‘lsa, bu holga izoh izlaysiz, qiynalasiz: “Nega? Bu nimadan, nimalardan dalolat?”

Agar…

Agar archaga qarasangiz-u, uni ko‘rmay, issiqqina to‘ningizga durustroq o‘ralib o‘tib ketgan bo‘lsangiz, Sizga nima ham derdim – shoshilgan joyingizga tezroq yetib oling!

Rahmon Qo‘chqor

“Vatan” gazetasi,

1996-yil 6-son.