“UZILGAN BIR KIPRIK…”

Uzilgan bir kiprik

Albatta, uzoq-yaqin tarixda kechgan hodisalar, o‘tgan odamlar to‘g‘risida so‘z aytmoqqa bugun hammaning ham huquqi bor. “Shaxsiy fikr” deymiz, “nuqtai nazar”, “bugunning gapi” deb sarlavhalar qo‘yamiz. Biroq o‘rtada istihola degan tuyg‘u ham, andisha otlig‘ hislar ham bor-da. Ayniqsa, chin ma’nodagi katta shaxslar, favqulodda iste’dod egalari to‘g‘risida senga so‘z berishsa, beixtiyor “Ma’naviy haqim bormi, baho berish – uni oq, buni qora demoqlikka menga kim huquq bergan?” degan mulohaza shashtingdan qaytaradi va … to‘g‘ri qiladi! Keyin, shu asnoda – o‘zingni bosib olib fikr yuritmoqqa o‘tasan.

Darhaqiqat, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor… chakana odamlar edimi? Ularning har biri uncha-muncha millatlarning yuz yillik iftixoriga tatimasmidi? Ular bilgan, sezgan, mantiqiga yetgan haqiqatlarni o‘shalarchalik teranlikda, kenglikda his qilamizmi? Bu ijodkorlarning aksariyati nima sababdan oltmish yoshning u yoq-bu yog‘ida “o‘z ajali bilan” dunyodan ko‘z yumishdi, oltmish yoshda bunchalar qarib ketganlarining asl sababi ne?

Ne deb so‘ylagankin boqib biz sari

Betimsol Oybekning horg‘in ko‘zlari?..

Abdulla Qahhor, Mirtemir, G‘afur G‘ulomning ko‘zlari-chi?

Nechun tushuntira oldim buni gumon eliga,

Hamisha ishqni qiluvchi imtihon eliga,

Ki birni ikki deyib bo‘lmag‘ay zamon eliga.

G‘arib, zulfi yuz ermas bukun jahon eliga:

Ko‘rinmamish bu ikkining misoli tun bila tong…

Hali 20-yillar. Barcha qadriyatlar ostin-ustun qilingan, odamlar bir-biriga yov sinflarga ajratilgan, og‘a iniga gij-gijlangan, bunyod etmoqdan ko‘ra buzmoq-yanchmoq urfga aylangan paytlar. Yosh aqllar, navjuvon qalblar yo‘l izlaydi, bo‘layotgan taloto‘mlardan mantiq-ma’no qidiradi. Bir otalarning nadomat to‘la ko‘zlariga, bir dajjol hukumatning qahrli nigohiga duch keladi. Samimiyatiga shubha, beg‘araz niyatiga ta’qib, ichki ijodiy talpinishlariga to‘siq ko‘ravergach, chor-nochor umumoqimga qo‘shiladi. Aslini yurak qobig‘iga yashirib, sirtda ko‘rsatilgan yo‘ldan shaxdam yuradi. Lekin ichki istehzo, o‘zining ustidan ham alamli mazax bir lahza bo‘lsin tinchlik bermaydi:

So‘ylab bera boshlayman har xil anekdot,

Yolg‘onlar marjonin ipga teraman.

Bir vaqtlar zavq bilan yod olgan qo‘r-qut,

Hayyom she’rlarini o‘qib beraman…

Tillarda “Oh uring, yangi turmush-chun”,

Zehn okurkaday oyoq ostida…

G‘afur G‘ulomlar avlodi xususida mulohaza yuritilganda, bizningcha, ularning tarjimai holini, o‘sgan muhitini, bir lahza bo‘lsin, yoddan chiqarmaslik lozim. Muhitki, faqat ijtimoiy-siyosiy vaziyat, mafkura ta’sirinigina emas, balki, ularning bolaligi, shaxsiy taqdiri bilan bog‘liq tafsilotlarni ham.

Agar e’tibor bersak, bu avlod ijodkorlarining aksariyati asr boshidagi xonavayron mamlakatning nochor oilalarida, “tomiridan qon oldirgan bemor” (Hamza) holiga solingan yurtda ko‘z ochdilar. Buning ustiga ularning murg‘ak boshiga yetimlik azoblari basma-bas yog‘ildi. G‘afur G‘ulomning ota-onasi o‘limi bilan bog‘liq armonlarini,

Boshimni silashga

Bir mehribon qo‘l,

Bir og‘iz shirin so‘z

Nondek arzanda.

Men odam edim-ku,

Inson farzandi…

degan malomatlarini eslaylik.

Abdulla Qahhorning o‘z yurtida “kelgindi”ligiyu, Usmon Nosir sargardonliklarini his qilaylik. Mana shu ahvolda ularning bo‘yniga galstuk, ko‘ksiga komsomol nishonlari qadaldi. Go‘yo boshlarini silaguvchi qo‘l, qadriga yetguvchi homiy topildi. Bu ularning “egasi” chiqqanidan, uzatilgan qo‘l aslo bosh silash uchun emas, balki bu tilla boshlarni iskanjada saqlash uchun cho‘zilganidan dalolat edi. Milliy-ma’naviy tomirlaridan ajratib olingan iste’dod mana shu qudratli “ega” ixtiyoriga istasa-istamasa bo‘yinsunishga majbur edi. Cho‘lpondek, Fitratdek shakllangan ijodkorlarni-da “bir has” holiga solayozgan bu qo‘pol kuch qutqusiga dosh bermak aytmoqqagina osondir:

Qachonki zulmatu nur o‘rnini olmoshadur,

Qaro boshimdagi savdo dilimga tirmoshadur,

Qonim kuyarda tanimning alangasi oshadur.

Tongim yorug‘u tunim tiyradurki, chirmoshadur,

Ko‘ngil aro zulfing xayoli tun bila tong…

Iste’dod tabiati to‘g‘risida qadimdan kelayotgan haqiqatni G‘afur G‘ulom ijodiy fenomeni yana bir bor tasdiqlaydi. Muhitning og‘irligi, tashqi va hatto, ichki nazoratning muttasil ta’qibiga qaramay, tug‘ma qudratdan, betinim tafakkurdan kuch olayotgan qalam ming yillik adabiyotga yangi nafas olib kiradi, timsollarni o‘zgartiradi, tasavvurni bepoyon kengliklarga chorlaydi.

Masalan, o‘zbek ayolining madhi ne pardalarda, sozlarda kuylanmagan, go‘yo unga berilmagan ta’rifning o‘zi qolmagandek edi. Biroq G‘afur G‘ulom didi, tushunchasidagi go‘zal ona zaminga yaqinligi, millatning ko‘ziga tanish, ko‘ngliga oshnoligi bilan boshqa dugonalaridan mutlaqo ajralib turadi, unga oshiq bo‘lgan yigitning mana bu holini esa mingyillik dunyo she’riyatidan har qancha qidiring – topa olmaysiz:

Muhabbat surmasin qo‘shni qiziga

Olib berolmasdan umrda bir bor

Yuzing hasratida hatto ko‘ziga

O‘rgimchak in qo‘ygan yigitlar ham bor.

Kipriklar ustuniga tortilgan nozik iplarni, visol emas, bor-yo‘g‘i diydor umidida bedor oshiq ko‘zlarni tasavvur qiling-a! Bu mubolag‘alarni faqat G‘afur G‘ulom badiiy tafakkuri, fantaziyasigina yarata olardi.

…Oradan yillar o‘tib, shoir Abdulla Oripov bu mash’um hodisani ifoda etuvchi so‘zni atoqli otga aylantira oldi – OLOMON! Lekin olomon ruhiyatini, uning yovuz kuchini, tomoshatalabligiyu mas’uliyatdan nomardlarcha qochish tabiatini o‘zining “Shum bola” qissasida o‘zbek adabiyotida birinchilardan bo‘lib aynan G‘afur G‘ulom aks ettirgan, bizga tanishtirgan edi. Qolaversa, uning she’riyatida ifoda topgan chuqur tarixiy bilim, falsafiy mushohada va mantiq kuchi hali necha avlod yosh shoirlarining yuragini hapriqtirib tashlashi shubhasizdir.

Har qanday inson, xususan, dunyo va tiriklikning mohiyati to‘g‘risida tinimsiz mushohada bilan umri o‘tadigan ijodkor shaxs qarashlari, tushunchalari yillar davomida o‘zgarmasligi, tahrirga uchrab tiniq tortmasligi mumkin emas. G‘afur G‘ulom ham, ayniqsa, 60-yillarga kelib o‘tgan umri, qilgan va qila olmagan ishlari, yozgan va yoza olmay qolgan asarlari haqida jiddiy mulohazaga toladi. Allomaning 80-yillarda chop etilgan “Mukammal asarlar to‘plami”ning 3-jildida bitilgan davri taxminan 60-yillarning o‘rtalari deb belgilangan, tugallanmay qolgan bir she’r bor. “Men jamollar mayidan mastu mustag‘raq edim…” deb boshlanuvchi bu voqeaband she’r ijodkorning o‘zidan keyingi avlodlarni sinchkov kuzatgani, ularning ichidan o‘tayotgan va shubhasiz o‘tajak gaplardan voqif bo‘lmoqqa uringanini ko‘rsatadi. O‘sha yillarda yozilgan, yuzaki qaraganda quvnoq kayfiyatni ifodalayotgandek tuyuladigan “Chiroy” otliq she’rida bo‘lsa shoir ikki misraga o‘zining butun qismatini darj etib qo‘ygan:

Jahonga kelibman – ketgumdir axir,

Bolalarning qo‘lida kir qo‘g‘irchoqdek…

Endi ayting-chi, o‘ziga, taqdiriga shunday mardonavor va taassufli baho bera olgan alloma to‘g‘risida yengil-elpi, nuqul oq-qora bo‘yoqlarda, hukm ohangida so‘z aytib bo‘ladimi? Oxirgi haqiqatni aytish ishtiyoqini (u har qancha jozibali va maroqli bo‘lmasin!) bir oz chetga surib, o‘zimizni o‘sha insonlar o‘rniga qo‘yib fikr yuritish durustroq emasmi? Ularni tushunishga urinish afzalroq emasmi?

Balki shunda adolat zaxa topmas, balki shunda bizdan keyin kelajak avlodlarga ham nedir ijobiy o‘rnak qoldirarmiz, milliy madaniyat degan tushunchamizga rahna yetmas. Biz o‘zimizdan avvalgi ajdodlarimizni malol olmasak, boshqalarga ham malolimiz tushmas…

Kimiki qayg‘u qo‘lidan yaqoni qutqordi,

Jahon ishini etak silkimak-la bitkordi,

Qorong‘u kecha yurib subhidam tomon bordi,

Birovki tongu tunun boda birla o‘tkordi,

Yaqinki bo‘lmog‘ay andin maloli tun bila tong…

G‘afur G‘ulom o‘zining mashhur “Sog‘inish” she’rida “Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas…” degandi. Shoirning o‘zi ham millatimiz ko‘z qorachig‘ini asrovchi bir kiprik edi go‘yo. Uning mumtoz madaniyatimiz, tariximiz, ulug‘ zotlarimiz to‘g‘risidagi maqolalarini eslaylik. O‘zbek sha’nini, uning buyuklari shaxsini bulg‘amoqqa uringan kimsalarga qarshi dadil kurashganini yodga olaylik. Eng asosiysi esa, bugun ham misralar orasida urib turgan otashin yurakni, jafokash qalbni biz ham qalbimiz-la his qilaylik-da, shoirga xolis quloq tutaylik:

Qilolmadim qaro tun, nurli tong zavolin kashf,

Nafas-nafas o‘tayotgan umrning uvolin kashf,

Siyoh haqqi bu Mirzo, qog‘oz jamolin kashf,

Navoiy etmadi zulfu yuzing xayolin kashf,

Valek erur g‘amining ittisoli tun bila tong.

G‘afur G‘ulomga, uning shaxsi va ijodiga o‘zidan ham aniqroq izoh, ta’rif berish mumkinmi?..

Rahmon Qo‘chqor

“Milliy tiklanish” gazetasi,

1998-yil 12-may soni

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: