Tilning ham qarg‘ishi bor

Tilning ham qarg'ishi bor

Milliy tafakkur tadrijida, tarixida shunday voqealar bo‘ladiki, ularni unutish, sabab va oqibatlariga beparvolik katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Nazarimda, hazrat Navoiyning o‘z ona tilida beqiyos asarlar bitib qo‘yganiga qaramay, ijodi oxirida «Muhokamat-ul lug‘atayn» kitobini yozishi, ustoz Erkin Vohidovning o‘zbek tili boyligini, jozibasini asrash tashvishida umri so‘nggida alohida asar yaratishi ana shunday — alohida diqqatni talab qiladigan hodisalar sirasiga kiradi.

Bu tarixiy sa’y-harakatlardan chiqarishimiz lozim bo‘lgan xulosani ham mutafakkir bobomiz aniq-tiniq aytib qo‘yganlar: «Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz»! Demak, milliy tilni asrab-avaylash, uni pisand qilmaydigan, xohlagan ko‘yga solish mumkin, deb o‘ylaydiganlar tajovuzidan qo‘riqlash faqat ulug‘larning emas, o‘zini, tilini, millatini hurmat qiladigan har bir fuqaroning burchi, kundalik tashvishi bo‘lmog‘i lozim.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-avgust kuni mamlakat ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida aytgan quyidagi so‘zlari, darhaqiqat, «osmondan olingan» emas:

«Agar «ommaviy madaniyat» tahdidi faqat chetdan — G‘arbdan kirib keladi, desak, qattiq adashamiz. Bu balo, afsuski, o‘zimizdan, o‘z oramizdan ham chiqishi mumkin. Men bu gaplarni osmondan olib aytayotganim yo‘q. Yurtimizda nashr etilayotgan ayrim gazeta-jurnallar, kitoblarni, suratga olinayotgan ba’zi klip va kinolarni, efirga berilayotgan qo‘shiq va raqslarni kuzatib, sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam shunday xulosaga kelishi tabiiy. Eng yomoni, badiiy ijod sohasida jaholat ko‘rinishlari kuchayib bormoqda».

Davlat rahbari qo‘llayotgan iboraga e’tibor beraylik: «badiiy ijod sohasida jaholat».

Darhaqiqat, jaholatning turi, urug‘i nihoyatda ko‘p, ko‘rinishi rang-barangdir. Bizningcha, uning bugungi ommaviy axborot vositalarida eng keng tarqalgan ko‘rinishi — ona tilimizga hurmatsizlik, uni mensimaslik, hatto unda so‘zlashishdan or qilishdek xunuk holatlardir. 

Da’vomiz quruq bo‘lmasligi uchun misol keltiramiz. Yaqinda xususiy telekanallardan birida «milliy estradamizning yorqin yulduzlaridan, shahzodalaridan biri»ning oshpazlik mahorati namoyish etildi. O‘z-o‘zidan, ko‘rsatuv davomida «qahramonimiz bilan dildan suhbat» ham qurildi. Milliy, demak, o‘zbek san’atining «yorqin yulduzi», ne ko‘z bilan ko‘rib, ne quloq bilan eshitaylikki, o‘zbek tilida gapirishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Ko‘rsatuvni olib boruvchi («boshlovchi» emas!)ning o‘zbek tilida bergan savollariga xorijiy tilda javob berar ekan, ora-orada «xudo xo‘xlasa» deb qo‘yishni ham unutmadi…

Endi o‘zimizga bir savol beraylik. Masalan, rus fani, adabiyoti yoxud estradasining yorqin vakillaridan birortasi o‘z yurti televideniyesida beriladigan, rus tilida olib borilayotgan ko‘rsatuvda boshqa tilda gapiradimi? Yoki ular o‘z ona tilidan boshqasini bilmaydilarmi? Harqalay, bu ziyolilarning, jumladan, estrada yulduzlarining aksariyati dunyoning oldi tillari bo‘lmish ingliz, nemis, fransuz, hatto ivrit tilini ham yaxshi bilishi birovda shubha tug‘dirmasa kerak. Agar xorijiy tilni bilishini namoyish qilish madaniyat belgisi bo‘lganida, birinchi navbatda shular bu ishni qilgan, bu ish shularga yarashgan bo‘lmasmidi? Bizningcha, o‘z ona tilini bilish, unda so‘zlashishni insoniy burch va iftixor, deb hisoblaganlari tufayli ham bu san’atkorlar chinakam yulduz darajasiga ko‘tarilishgan, xalqininggina emas, ko‘plab xorijliklarning ham hurmatini qozonishgan.

Agar gap bir-ikki kishining o‘tkinchi qilig‘i, bilib-bilmay qilgan erkaligi ustida ketganida, biz bu masalani gazeta sahifasigacha olib chiqib o‘tirmagan bo‘lardik. Afsuski, boya aytganimiz — o‘zbek tiliga bepisandlik millionlab odam har kuni tomosha qilishga majbur bo‘layotgan telekanallarda oddiy, kundalik ishga aylanib bormoqda. Masalan, 
«ZO‘R TV» telekanalida tashkil etilgan ko‘rsatuvlar nomlariga e’tibor beraylik: «CLIP MAKER», «COMEDY KIDS», «ONLINE 360», «TIME OFF», «T–SHOU» (aslida T–SHOW» bo‘lishi kerak), «TELEGURMAN», «INDIGO», «NOKAUT» (aslida «KNOCK OUT» bo‘lishi lozim), «KINO TIME», «ADRENALIN SHOW», «STAND UP SHOW», «REAL XIT», «THE COVER UP», «BOJALAR COMMUNITY», «GARDEROB»…

«MY5» telekanalida bo‘lsa: «NONSTOP», «HASHTAG», «PUZZLE», «MY5 TOP MUSIC», «LIKE BOS» (yarmi inglizcha, yarmi o‘zimizcha!) va boshqalar.

Endi bir narsani aniqlashtirib olsak: nima, o‘zbek tilining lug‘at boyligi u yoki bu telekanalning, nari borsa, yigirma-o‘ttizta ko‘rsatuviga nom tanlashiga ham yaroqsiz bo‘lib qoldimi? Hatto «ommaviy madaniyat»ga «onabag‘irlik» qilgan G‘arb mamlakatlarining birorta telekanalida, masalan, «Qishloqdoshlar» yoxud «Sinfdosh» degan nomda birorta ko‘rsatuv efirga berilishini tasavvur etib bo‘ladimi?

Yuqorida bir qismigina aytilgan mulohazalarimizni tinglab, jiddiyroq o‘ylab ko‘rishdan ko‘ra, ularni tezroq rad etishga oshiqadigan do‘stlarimizning vaj-korsonlarini ham hozirdan bilib turibmiz. Ular, taxminan, quyidagicha bo‘ladi: «Nima bo‘pti, axir mamlakatimizda ingliz va boshqa xorijiy tillarni o‘rganishga katta e’tibor qaratilyapti, bizning maqsadimiz ham shu-da» va h.

Bu gaplarga esa quyidagicha javob beramiz. Avvalo, xorijiy tilni milliy telekanallardagi ko‘rsatuvlarga ajnabiy nom berish bilan o‘rgatmaydilar. Bu yumushni — o‘ziga alohida usul va uslub talab qiladigan til o‘rgatish ishini shu soha mutaxasasislari astoydil, muntazam tarzda amalga oshirganlari ma’qul. Qolaversa, nomi xorijiy tilda bo‘lgani bilan, ichida buzilgan o‘zbek tilida yoxud olib boruvchining o‘zigagina xos shevasida sayraladigan ko‘rsatuvlarning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lishi ham ko‘rinib turgan haqiqatdir.

Katta muammolar xususidagi qisqa mulohazalarimizdan chiqadigan xulosa esa quyidagicha.

Muhtaram do‘stlar, ona tilimiz — insoniy tafakkurning eng buyuk egalari o‘y-mushohadalarini bildirmoqlariga ham bemalol yaragan o‘zbek tili «katta xolamizdan qolgan» tomorqa emas. Uning bag‘riga so‘rab-so‘ramay kirib olib, istagan noma’qulchilikni qilish uchun hech kimga izn berilmagan. Agar bu tilda astoydil so‘zlashmoqchi, inchunun, ijod qilmoqchi bo‘lsak, marhamat qilib uning hurmatini, qadrini joyiga qo‘yaylik. Bo‘lmasa, hech kim hech kimni majbur qilayotgani yo‘q: xohlagan boshqa tilda, boshqa sahna va muhitda xohlagancha ijod qilaveraylikki, shunda bu jafokash til bizdan aslo o‘pkalamaydi, faqat va faqat duo qiladi. Aks holda… 

Uning — Ona tilining qarg‘ishidan O‘zi asrasin!

Rahmon QO‘CHQOR
«Kitob dunyosi» gazetasi

2017-yil

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: