SULAYMON O‘LIMINI KUTADIGAN DEV VA JINLAR

Sulaymon o'limini kutadigan dev va jinlar

PDF formatda yuklab olish

Odamzot hayoti mazmunini tashkil qiluvchi ikki tarkibiy qism: dunyoviylik va diniylik o‘rtasida murosaga erishish har qanday jamiyatning kelajagini belgilovchi jiddiy mezon hisoblanadi. Ushbu ikki omil o‘rtasida muvozanatning yo‘qolishi esa qator mamlakatlarni to‘s-to‘polonlar va jaholat girdobiga tortgan va hamon tortmoqda. O‘rta asrlar Yevropasida amal qilgan, vahshiyona jazolar va qiynoqlarning timsoliga aylangan inkvizitsiya davri bunga misol bo‘la oladi. Jordano Bruno, Nikolay Kopernik va boshqa mutafakkirlar jamiyat hayotida diniylik va dunyoviylik o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi tufayli qurbon bo‘lganlar.

O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov tomonidan “So‘nggi jadid” deya alqalgan zabardast olim, filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimov o‘zining butun ongli hayotini millat ma’rifatini yuksaltirish orqali uni ozodlik va hurlik, farovonlik va shon-shavkatga erishtirmoqchi bo‘lgan jadid bobolarimiz merosini tahlilu targ‘ib etmoqqa bag‘ishlagan. Ustozning ayni mavzularni yoritgan noyob kitoblaridan biri “Izlay-izlay topganim” deb nomlanishi ham bejiz emas edi. Olim o‘zining “Milliy uyg‘onish” nomli yirik monografiyasida Turkistonni mustamlakaga aylantirgan chor Rusiyasining o‘lka xalqlari taqdiriga, maorifi va ma’naviyatiga nisbatan egallagan riyokor pozitsiyasini fosh etuvchi ko‘plab ma’lumotlar qatorida, jumladan, quyidagi faktlarni keltiradi: “…Ismoilbek (Gasprinskiy – tahr.) fikricha, Rusiya musulmonlari uchun bugun birinchi masala ma’rifatdir. Qolgani ma’rifatdan keyin, to‘g‘rirog‘i, ma’rifatdan boshlanadi. Lekin millatning savodi o‘z tilida chiqmog‘i kerak. Milliy tarbiya, muqaddas g‘oyalar avlodning ongi tafakkuriga ona tilida singmog‘i lozim. “Sut bilan kirgan” degan iborada gap ko‘p.

Bu fikrni Rusiya hukumati, rus ziyolilari qanday qabul qildilar? 1882-yildayoq mazkur mavzuga bag‘ishlangan yig‘ilish chaqirildi. Yig‘ilish 30-avgustda Toshkentda O‘qituvchilar seminariyasida o‘tkazildi… Ushbu seminariyaning direktori mashhur missioner N.Ostroumov edi. Yig‘ilishda general-gubernator A.K.Abramov vakolati bilan kelgan o‘lka oliy ma’muriyati, oliy ruhoniylar, seminariya talabalarining ota-onalari ishtirok etdilar. Yig‘ilishda seminariyaning tarix va georafiya o‘qituvchisi M.A.Muropiyev ma’ruza qildi. Ma’ruzaning mavzui: “G‘ayrirus musulmonlar maorifiga qanday bosh prinsiplar asos qilib olinmog‘i lozim?”…

Notiq o‘z so‘zini, asosan, I.Gasprinskiy fikrlarini rad etishga qaratadi: “Agarda biz taklif qilingan loyihani (musulmonlarning o‘z tillarida, an’anaviy o‘quv vositalari asosida o‘qitish – B.Q.) qabul etsak, shu paytgacha mudrab yotgan musulmon mutaassibligini tiriltirgan va bu bilan qo‘ynimizda ilon asragan bo‘lamiz”, deb aytadi. – “Shunday qilib, – xulosalaydi o‘z fikrini ma’ruzachi, – musulmonlarimiz maorifi uchun asos qilib olinishi shart bo‘lgan birinchi bosh prinsip ularni ruslashtirishdir”, “…ikkinchi prinsip… islomni buzish, prozelitizmdan voz kechish, qisqacha aytganda, yot-musulmonlarimizning, umuman, diniy jihatlarini buzishdir” (“Какие главные принципы должны быть в основе образования русских инородцев-мусулман?” “Туркестанский сборник”, том 361, с.138).

B.Qosimov bu gaplarga izoh berar ekan, sahifa ostida quyidagi fikrlarni bayon etadi: “Rus shovinizmi “инородец” (g‘ayri jins, g‘ayriinsoniy) tushunchasini yaratdi. Z.Validiy qayd etishicha, bu sohaning “bosh mutaxassisi” Muropiyev edi. Unga ko‘ra, “инородец” musulmonlar, ya’ni turkistonliklar uchun maorif tashkil etishda ma’no yo‘q. Ularning qismati Amerikadagi qiziltanlilar bilan bir…”1

Darhaqiqat, Turkiston o‘lkasining chor istilosi davridagi hayotidan hikoya qiluvchi juda ko‘p tarixiy, badiiy manbalar Muropiyev e’lon qilgan prinsiplar tizimli, ongli, qat’iy tarzda hayotga joriy etilganidan – o‘lkada ruslashtirish, islomni buzish, o‘lka aholisining diniy jihatlarini izdan chiqarish harakatlari faol olib borilganidan dalolat beradi.

Shundoq ham uch xonlik davridagi jaholat domida yashagan o‘lka aholisi istilochilarning tizimli harakatlari, aqlli rejalari asosida ham dunyoviy ma’rifat, ham diniy ma’rifatdan bebahra holatda tutildi, shu holatda necha-necha avlod ongi va tafakkuri shakllandi. Aholining maishiy, madaniy va ma’naviy hayotini esa ana o‘sha qoloq ong va zanjirdagi tafakkur belgiladi.

Bu boradagi ahvolning haddi a’losi – eng tipik ko‘rinishlarini tasavvur etmoq uchun ayrim adabiy asarlardagi epizodlarni hurmatli o‘quvchilarimizga eslatish bilan cheklanamiz. Xususan, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanidagi “Iflos bir moziy” bobida bir paytlar islom diniga quvvat bergan shahar sifatida e’zozlangan Buxorodagi madrasa talabasi bo‘lmish Abdurahmonning kechalari boyvachchalar ko‘nglini olish uchun boshiga soch taqqan holda “bachcha” rolini bajargani oshkor jirkanish bilan tasvirlanadi. Yoki yozuvchining “Juvonboz” hikoyasining bachchaboz qahramonlari ham o‘zlarini “xudoga shukr, musulmonmiz” deya alqashlari aniq edi…

G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasida o‘spirin Qoravoyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘g‘irlik, kissavurlikka o‘rgatuvchi salt Eshon xalqning ko‘ziga o‘zini qanchalar pokdomon, kamtaru kamsuqum, ne-ne ofatlarning balogardoni qilib ko‘rsatadi. Yana bir “davr qahramoni”, Shum bola “Bobo” deb chaqirsa, “Bobo emas, hoji bobo degin, xaromi” deya jerkishni unutmaydigan “taqvodor” kimsaning masjid biqinidagi hujrasida aslida og‘ufurushlik bilan shug‘ullanishini chinakam islom e’tiqodi va axloqi bilan bir muqoyasa qilaylik.

Yoxud Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” qissasidagi, “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Mayiz yemagan xotin” singari hikoyalaridagi jaholat ko‘lami, chorasizlik fojiasi millat va mamlakat tushib qolgan, yana ham to‘g‘rirog‘i, millat va mamlakat tushirib qo‘yilgan jarlikning tubsizligidan yaqqol darak berardi!

Afsuski, xalqimiz peshonasiga bitgan tarixning undan keyingi 70 yili ham, ayniqsa, vijdon erkinligi, e’tiqod hurligi, diniy ma’rifatdan bahramandlik sohalarida bundan behroq bo‘lgani yo‘q. Xalqlar va millatlar ozodligi, har qanday ekspluatatsiyadan xolilik, millatlar hamda dinlararo tenglik va hamjihatlik, vijdonu e’tiqod erkinligi singari mo‘tabar qadriyatlarni qizil bayroqlari, turli manifest va dekretlariga yozib maydonga chiqqan bolsheviklar hukumati o‘z hukmronligining dastlabki kunidan boshlaboq aynan o‘sha qadriyatlarni cheksiz-chegarasiz toptashni oddiy holga aylantirdi.

Din sotsialistik jamiyat uchun zararli sarqit, dushman hodisa deb uqtirildi, dinga ishonuvchilar esa har tomonlama qoloq, passiv, johil kishilar deb baholanadigan, bunday kishilar ustidan har qadamda mazax, kamsitish, cheklash qo‘llaniladigan bo‘ldi. Bu hodisalar ko‘lami va dahshatini yaqindan his etmoq uchun, masalan, rus publitsist-tarixchisi I.Bunichning “Partiyaning oltinlari” nomli kitobida2 keltirilgan fakt va raqamlarni, V.Lenin va I.Stalin boshchiligidagi bolsheviklar amalga oshirgan terror usullarini qalbdan o‘tkazish talab etiladi.

Sho‘ro hukumatining riyokorligi, agar vaziyat taqozo qilsa, har qanday ikkiyuzlamachilik, beburdlik, prinsipsizlikka tayyor turishi dinga, dindorlarga munosabatda ham o‘zini yaqqol namoyon qilar edi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida, ayniqsa, uning do‘ppi tor kelib qolgan pallalarida ayni sohadagi ahvol birdan teskariga o‘zgardi. Zero, dinga ishonuvchilar va ishonmovchilarni, davlat bilan diniy tashkilotlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish mamlakat xavf ostida turgan paytda naqadar xatarli ekanligini bu hukumat yaxshi his qilar edi. Qolaversa, ko‘pchilik diniy uyushmalar, dinga ishonuvchilar insoniyat dushmani – fashizmga qarshi kurashning birinchi kunlaridanoq o‘z insoniy burchlarini amalda namoyish qila boshladilarki, buni sezmaslik va hisobga olmaslik mumkin emas edi. Shu tufayli ham 1943-yilda ilgari tugatib yuborilgan pravoslav cherkovi patriarxligi yana tiklandi, xuddi shu yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil etildi. Buxoroda Mirarab madrasasi ish boshladi, musulmonlarga haj qilishga ruxsat berildi.

Hatto o‘sha yillari O‘zbekiston xalqi nomidan frontga – jangchilarga yo‘llangan xatlarda ham ularning diniy tuyg‘ulariga alohida e’tibor qaratilib, dushman uning iymoniga, e’tiqodiga, ulug‘lari mozorlariga tajovuz qilayotgani, pokdomon qizu juvonlari iffatiga raxna solishga shaylangani, demakki, uni beomon qirish musulmon kishining muqaddas burchi ekanini eslatishga zo‘r berilgan edi…

Ammo xavf chekingach, jumladan, millionlab dindorlarning juvonmarg umri evaziga g‘alaba qo‘lga kiritilgach, ahvol yana teskarisiga o‘zgardi. Ayniqsa, 1960-yillarga kelib vaziyat o‘ta jiddiylasha boshladi. Turg‘unlik davrida esa diniy birlashmalarni ro‘yxatga olish, dindorlarning konstitutsion huquqlaridan foydalanishi nihoyat darajada cheklab qo‘yildi. Oddiy bir masjid yoki ibodatxonani ochish masalasi ham bevosita Moskvada hal qilindi. Yigirma besh yil mobaynida (1961–1986-yillar) mamlakatda musulmon diniy uyushmalarning soni 1546 taga kamayib ketdi3.

1983–1989-yillar oralig‘idagi respublika rahbariyati, ayniqsa, O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining ideologiya – mafkura sohasidagi kotib va kotibalari tomonidan markazga yoqish uchun amalga oshirilgan ishlar nafaqat o‘zining qonunsizligi, noinsoniyligi bilan, balki mantiqqa zidligi, aqlga yotligi bilan ham eshitgan odamni seskantirar edi. Axir Navro‘zdek uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan tabiat bayramini islom dini nomi bilan bog‘lash, Ramazon va Qurbon hayit kunlarida qadimiy qadamjolar va masjidlar eshigiga qulf urilib, odamlarni ibodat maydonlaridan quvg‘in qilish, ro‘za kunlari aksariyat davlat idoralarida xizmat qilayotgan katta-yu kichik lavozimdagi xodimlarni yoppasiga suv ichishga majbur etish, otasi yoki onasi vafoti munosabati bilan o‘tkazilayotgan janozada qatnashgani uchun kommunist rahbarlarni ishdan haydash singari bedodliklarni boshqa qanday baholash mumkin?

O‘sha yillari vodiy viloyatlari bozorlariga yuzlab komsomol yigit-qizlar safarbar etilib, o‘z onalari, opalari boshidagi oq ro‘mollarini “din sarqiti”, “ibodat libosi” sifatida yulib olishganini, bu oppoq ro‘mollar bir joyga to‘planib yoqib yuborilganini unutib bo‘ladimi?

Yoki “modomiki, butun O‘zbekiston SSR xalqi dahriy – ateist ekan, ular millati, irqi, jinsi va yoshidan qat’i nazar bir hududda – mahallada, “dom”da birga yashar, maktabu institut auditoriyalarida birga o‘qir ekan, nima uchun ular o‘lganidan keyin musulmonlar alohida, xristianlar alohida, yahudiylar alohida qabristonga dafn etilishi kerak? Axir hayotda birga yashagan omma o‘lganidan keyin ham bir joyda – baynalmilal qabristonda yotishi kerak emasmi?” degan, “nihoyatda chuqur mantiqqa asoslangan” fikrlar asosida aynan bizning respublikamizda tarixda misli ko‘rilmagan harakat – internatsional qabristonlar joriy etish harakati boshlanganiga nima deysiz?..

(Mazkur hayotiy hodisalar O‘zbekiston televideniyesi tomonidan suratga olingan “O‘rtoq Boykenjayev va boshqalar” nomli videofilm hamda “O‘zbekkino” agentligida yaratilgan “O‘rtoq Boykenjayev” nomli badiiy filmlarda qiziqarli tarzda badiiy talqin etilgan.)  

Hozirga qadar Siz bilan birga chor va sho‘ro bosqini sharoitida dinga, e’tiqod masalasiga, inson shaxsi va fikri erkinligiga qanday munosabat hukm surganini ozmi-ko‘pmi esga oldik. Endi bir savol ustida o‘ylanaylik: o‘qib bilganimiz, bir qismiga o‘zimiz shohid bo‘lganimiz    o‘sha sharoitlarda ko‘hna va nisbatan yosh diniy ta’limotlarning tadqiq-u tatbiqi xususida gap bo‘lishi mumkinmidi? Agar gap ketsa, uning mazmunini nimalar hosil qilar edi? Eski usul maktablari, masjidu madrasalar xurofot o‘chog‘iga aylangan, keyinroq esa shular-da yopilgan va buzilgan, din olimlari – ulamolar quvg‘in qilingan, noyob ilmiy-ma’rifiy kitoblar yoqib, ko‘mib yuborilgan yoxud tashib ketilgan, diniy ma’rifatga bo‘lgan intilish har joyda ta’qib ostiga olingan davlat va jamiyatda kim diniy ma’rifat tarqatish bilan shug‘ullanadi-yu, uning harakatlari qanchalik samara beradi?

Boshqa tomondan esa, inson bolasi faqat moddiy ozuqa bilan cheklanishi, o‘zini cheklashi mumkin emas edi. Uning ruhiyati, qalbi va ongi ham o‘ziga mudom ozuqa talab qilardi. Afsuski, biz tilga olganimiz davrlarda odamlarning mana shu ruhiy, ruhoniy ehtiyojlari o‘ta cheklangan, aksariyat biryoqlama, chala-chulpa va hatto buzilgan tushunchalar hisobidan qondirildiki, bu tushunchalar diniy ma’rifatdan ko‘ra, ko‘proq diniy jaholatning, bid’atning, ko‘rqorilikning, omilikning kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Odamlarning dinu diyonat to‘g‘risidagi tasavvurlari nihoyatda sayoz, aksariyat biryoqlama, ko‘proq afsona va rivoyatlar, cho‘pchaksifat hikoyalar asosida shakllandi, g‘irt bid’atdan iborat dogmalarga diniy qadriyat niqobi kiydirildi. O‘lim va to‘y marosimlarini o‘tkazish tartiblari shu qadar buzilib, aynib ketdiki, bir viloyatda hovlida ayuhannos solib yig‘lab qolayotgan xotin-xalaj qabristonga yo‘l olgan tobutning ustidan pul sochishsa, boshqa viloyatda ta’ziya bildirish uchun kelganki odamning qo‘liga non va pul solingan tugun tutqazildi. Ayriliqqa uchragan xonadon egalari chekkaroq joylarda yuzlab, katta shaharlarda esa minglab odamlarni qayta-qayta chorlab “uch”, “payshanba”, “qirq”, “ellik ikki”, “yil” oshini berishni o‘zining “musulmonlik burchi”, mazkur amallarni esa islomiy talablar, deb biladigan bo‘ldi.

O‘g‘li yoki nabirasining “sunnat to‘yi”ni o‘tkazmoqqa chog‘langan kishilar hammasidan ham avval bo‘lg‘usi to‘y dasturxoniga tortiladigan aroq va konyakning, vino va pivoning miqdori haqida o‘ylashga tushdi. (Ba’zi viloyatlarning ayrim tumanlaridagi “sunnat to‘yi” dasturxoniga esa gazakka yeyiladigan kolbasa yonidagi taqsimchalarga “nasha”, “qoradori”, “ko‘knor” singari og‘ular ham ochiqdan-ochiq, sahiylarcha mo‘l-ko‘l qo‘yilar edi!..)

Aksariyati xaroba xolga keltirilgan muqaddas qadamjolar qalb va iymon pokligiga intilish, ma’naviy-ma’rifiy ziyorat maskanlari emas, balki go‘yo har turli kasalliklarni daf etuvchi, farzandtalablar iltijosini eshituvchi, kimlardir qilgan “issiq-sovuqlar”ni qaytaruvchi, balo-yu ofatlardan asraguvchi shirk amallar o‘chog‘iga aylanib qoldi. U yoxud bu avliyoga nisbat berilgan qabr yoxud ko‘hna daraxtlar, tosh yoki buloqlar minglab odamlar nazr-niyoz ataydigan, atrofidagi choyxonalarda osh-ovqat pishirib, ularning tanovulidan oldin, choynakka quyib kelingan spirtli ichimliklarni ichishdan avval “iloyo, ziyoratlarimiz qabul bo‘lsin, qilgan nazr-niyozlarimizni Xudoning o‘zi dargohida qabul qilsin, qani, oxirigacha olamiz” deya “ixlosli niyat”lar qilinadigan joylar tusini oldi.

O‘tgan asrning 90-yillari boshiga qadar yurtimizdagi real ahvol, taassufki, mana shunday edi…

Bir narsa aniqki, suvsizlikdan qaqragan yerga birdan sel kelsa, uning suvi o‘sha yerni ozmi-ko‘pmi bahramand etishi barobarida, ko‘proq uning bag‘rini o‘yib, buzib ketadi. Xuddi shu singari, diniy ma’rifat borasida “qaqrab yotgan” jamiyatga diniy erkinlikning joriy qilinishi muayyan ijobiy o‘zgarishlar bilan birga, qator buzg‘unchi oqimlarning selday kirib kelishi, yangidan vujudga kelishiga ham bahona bo‘ladi.  

Yaqin tarixga ekskurs qiladigan bo‘lsak, 1991-yil 14-iyunda, hali sho‘ro mafkurasi hukmron bo‘lib turgan bir paytda O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini himoya qilish, diniy tashkilotlarning xalq va davlat irodasi ifoda etilgan qonunlarga muvofiq faoliyat olib borishini ta’minlash maqsadida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi. Shu birgina misolning o‘ziyoq dinga munosabat masalasi respublikaning yangi rahbariyati faoliyatida avvalboshdanoq muhim va dolzarb ahamiyat kasb etgani, bu masalaga mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilash, yangi jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy poydevorini mustahkam asosda qurishning muhim sohasi sifatida qaralganidan dalolat berardi.

Afsuski, hukumat tomonidan joriy etilgan bu imkoniyatlarning suiiste’mol qilinishi, jumladan, masjid qurish va ochish ishi kampaniyabozlikka aylanib ketishi oqibatida ularning soni qisqa vaqt ichida 89 tadan besh mingtagacha (!) yetdi. Ularning aksariyati hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilmagani, malakali imomlar bilan ta’minlanmagani (95,8 foizi diniy ma’lumotsiz) va zarur sharoitlar bo‘lmagani holda faoliyat yurgizib, turli din “peshvo”lari masjidlarni o‘z uyalariga aylantirishga harakat qildilar.

Respublikamizning voha viloyatlariga o‘sha paytda ayni diniy yo‘nalishdagi birodarkushlik urushini boshdan kechirayotgan Tojikistondan, vodiy viloyatlariga esa qo‘shni Qirg‘izistonning har jihatdan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan O‘sh, Qorasuv, Jalolobod, Novqat shaharlaridan imomlikka da’vogar kimsalar o‘tib kelib, aynan masjid va “hujra”larga kirib joylashdilar.

Bu xorijiy fuqarolar, aslida chala-chulpa diniy ma’lumotga ega bo‘lib, moliyaviy yordam ko‘rsatish hisobiga respublika hududidagi diniy tashkilotlar rahbarligini o‘z qo‘llariga olib, aksar buzg‘unchilik, teskari tashviqot faoliyati bilan shug‘ullanishga kirishishdi. Uzoq-yaqindagi xorijiy musulmon davlatlari – Afg‘oniston, Pokiston, Turkiya, Eron, Saudiya Arabistonida yashovchi sobiq vatandoshlar ajratgan “xayriya mablag‘lari” hisobiga katta-kichik yangi masjidlar qurilgani, eskilari ta’mirdan chiqarilgani pesh qilinib, mazkur maskanlarda ibodatdan ko‘ra ekstremistik tashviqotlar, Alloh yodi bir yonda qolib, ko‘proq jihodga da’vatlar yangray boshladi. Ularning asosiy maqsadi turli yo‘l va usullar bilan o‘z saflarini mahalliy millat vakillari hisobiga kengaytirishdan iborat edi. Ayniqsa, diniy fundamentalizmning va din niqobi ostida keng harakat qilishga intilayotgan xalqaro ekstremizmning avj olish xavfi tug‘ildi.

Avval ko‘proq poytaxt Toshkent va vodiy viloyatlarida, keyinchalik esa boshqa hududlarda ham “dindan ta’lim va tarbiya beruvchi” yuzlab hujralar paydo bo‘ldi. Ularda vahhobiylik, hizb ut-tahrirchilik, nurchilik, akromiylik singari ekstremistik oqimlar g‘oyalarini odamlar, birinchi navbatda, yoshlar ongiga singdirishning g‘oyat samarali, ta’sirchan metodlariga asoslangan dars mashg‘ulotlari olib borila boshladi. Bu hujralar, ularning domlalari hamda  jalb etilgan “tolibi ilmlar”ning moddiy ta’minotini, ta’kidlanganidek, olis-yaqin xorijdagi, uncha-muncha sodda odam tagiga yeta olmaydigan “ruhoniy” markazlar va o‘zimizdagi “savobtalab” sarmoyadorlar – joriy hukumat almashadigan bo‘lsa, yog‘liroq amallar tegib qolishidan umidvor bo‘lgan mansabparastlar o‘z zimmalariga olgan edilar.

Biz bu hujralardagi o‘qitish, o‘ziga og‘dirish usullarini bekorga g‘oyat samarali, ta’sirchan, deya ta’riflaganimiz yo‘q. Zero, ularda yaratilgan sharoitlar, tarbiyalanuvchilar miqdori, yoshlarga dars berish, mashg‘ulot olib borish usullari, o‘quvchilarga yondashish uslublarida davlat ta’lim muassasalarinikidan jiddiy farqlanadigan quyidagi holatlar kuzatilar edi:

hujraga jalb etilganlar unda olayotgani “bilim va tajriba” uchun pul to‘lamasligiga qo‘shimcha ravishda, doimiy oziq-ovqat, kerak bo‘lsa, kiyim-bosh bilan ham tekin ta’minlanganlar (bu holat o‘tgan asrning 90-yillari boshida – respublikada oziq-ovqat va kiyim-kechak tanqisligi vujudga kelgan, odamlar bunday tovarlar bilan talon asosida, minimal darajada ta’minlanayotgan bir vaziyatda olomonni qanchalik o‘ziga jalb etganini tasavvur qilish qiyin emas);

agar davlat maktablari, oliy o‘quv yurtlarida bitta o‘qituvchi bir fandan bir haftada bir-ikki soat, nari borsa ikki para (160 daqiqa) mashg‘ulot olib borsa, hujralarda bir yoki ikki nafar “ustoz” besh donagina tinglovchiga har kuni kamida to‘rt-besh soatdan, individual yondashish shaklida ta’lim-tarbiya bergan, uning nafaqat aqliga, balki ruhiyatiga ham juda yaqindan – yuzma-yuz o‘tirib ta’sir qilish imkoniga ega bo‘lgan;

hujraga jalb etilganlar adabiyotlar, o‘quv materiallari, varaqa va boshqa manbalar bilan tekin ta’minlanishgan, bu materiallar ikki-uch yilga emas, nari borsa uch-to‘rt oyda puxta o‘zlashtirib olinadigan hajm va mazmunda tuzilgan bo‘lib, o‘qishning keyingi bosqichlari uchun ularga yangi-yangi – avvalgilarini mantiqiy davom ettiruvchi, to‘ldiruvchi materiallarni taqdim etish usuli qo‘llangan;

hujradagilarning nafaqat o‘ziga, balki oilasidagilarning ham moddiy va ma’naviy ehtiyojlariga alohida e’tibor ko‘rsatilib, ularga zarur yordam, ko‘mak berish orqali o‘g‘il yoxud qizining ortidan ko‘rayotgani bu “savobli ishlar” yordamida xushyorligi o‘g‘irlangan, ular farzandiga “insof berib qolgani”dan xotirjam tortishgan va hokazo.

O‘rni kelganda o‘quvchilarimizga bir muhim haqiqatni aytish va eslatish talab qilinadi. Gap shundaki, respublikamiz ommaviy axborot vositalarida, ko‘pdan-ko‘p kitob va risolalar, maqola va suhbatlarda turli norasmiy oqim va harakatlarga qo‘shilib ketgan yoshlar to‘g‘risida yoppasiga “ularning aksariyati omi, hali g‘o‘r, savodi haminqadar, o‘zi sodda va ishonuvchan, hatto go‘l” singari ta’rifu tavsif berish odat tusiga kirib qolgan. Sal oldinroq ketib bo‘lsa-da aytish kerakki, mazkur g‘oyaviy-mafkuraviy kurashning ayrim jabhalarini qo‘ldan boy berayotganimiz, opponentlarimiz faoliyatining samaraliroq bo‘lishining tub ildizida ayni shu hol – muammoga yuqoridagi taxlit yanglish yondashishimiz, dushman tomon kuchi va imkoniyatlariga yetarli baho bermayotganimiz, uning, jumladan, kadrlar tanlash prinsiplariga bee’tibor bo‘layotganimiz yoki buni nazarga ilmayotganimizdek jiddiy qusurlar yotibdi.

Asl ahvol esa shundan iboratki, biz so‘z yuritayotganimiz ekstremistik oqim va harakatlar ichida bo‘lg‘usi a’zolarning hozirga qadar yashagan butun hayotini, xarakter va temperamentini, qiziqishlari va bilim doirasini, imon-e’tiqod masalasiga munosabatini, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini, orzu va armonlarini puxta o‘rganuvchi bilimdon mutaxassislar, kuchli psixologlar faoliyat olib borishadi. Ular bo‘lg‘usi “o‘ljalar”ning har biriga mana shu o‘rganilgan ma’lumotlardan kelib chiqib individual yondashish usuli, yo‘l-yo‘rig‘ini ishlab chiqadilar.

Ya’ni, kim nimadan aziyat chekmoqda va bunda davlat tuzumining ishtiroki qancha; kimning maqsadlari amalga oshmay turibdi va bunda jamiyatdagi mavjud holatning ta’siri qanchalik; kimda o‘zini namoyish qilish yo‘llari to‘silgan va to‘siq qo‘yuvchilar ichida rasmiy muassasalar bormi; kim muayyan bir narsaga, g‘oyaga e’tiqod qo‘ysa, hatto otasiga qarshi turib bo‘lsa-da, uning himoyasiga chiqa oladi; kim o‘zining bilimi, yurish-turishi, gap-ma’ruzasi bilan boshqalarni ortidan ergashtira oladi; kim qanchalik majbur qilishmasin, turli tazyiq va qiynoqqa duch kelmasin, guruh a’zolarini, uning rahbarlarini sotmaydi – o‘limga – jihodga tik bora oladi… mana shu muhim surishtiruv – talablar ularning saflariga yangi a’zolar tanlanishida, albatta, inobatga olinadi.

(Bu o‘rinda, birgina 1999-yil 16-fevral kuni poytaxtimiz Toshkentda sodir etilgan qonli terrorchilik xurujining asosiy ijrochilari Angliyada ta’lim olgan, o‘sha paytda g‘oyat noyob hisoblangan kompyuter texnologiyalari bo‘yicha ham mutaxassis yigitlar bo‘lganini eslashning o‘zi kifoyadir.)

Va aksincha. Bilimi va fikrlash quvvati haminqadar, tabiati yengil, tirikchiligini “aytovradiyam-qaytovradiyam” prinsipi asosiga quradigan, to‘rtta odamga gapini o‘tkaza olmaydigan, ozgina mushkullikdan gangib, yo‘lini va o‘zini yo‘qotib qo‘yadigan kishilar bu guruhlarni qiziqtirmaydi. Chunki bunday odamlar bilan ular ko‘zlagan manzilu maqsadlarga yetib borish mumkin emasligini, bu xil kishilar ularga faqat va faqat xalaqit berishini yaxshi tushunishadi, oqibatini oldindan ko‘rishadi. Bugina emas, “hujra”ga loyiq ko‘rilgan, o‘zlari ko‘z solgan kishining istiqboliga aynan kim chiqishi, u bilan dastlabki ishlovni kim olib borishigacha puxta o‘ylanadi. Soddaroq qilib aytganda, talabaga uning eng yaqin kursdoshi, olimga ilmdoshi, savdogarga bozordoshi, hunarmandga kasbdoshi ro‘baro‘ qilinadi.

Hujralardagi darslar faqat nazariya, manbalarni o‘rganish bilan cheklanib qolmay, kishiga uqtirilayotgan g‘oyalarning real hayot bilan bog‘lanishiga jiddu jahd ko‘rsatiladi. Ya’ni chinakam musulmonlar yashaydigan jamiyat aslida qanday bo‘lishi uqtirilar ekan, ta’lim oluvchining nigohi mavjud jamiyatning eng salbiy, nuqsonli, xunuk holatlariga qaratiladi. Bunday holatlar esa, afsuski, jamiyatda istagancha – har qadamda uchraydi, “ta’lim beruvchi” uchun tayyor dastak – hayotiy dalil bo‘lib beradi. Masalan, ular ko‘cha-ko‘yda, jamoat transportida ochiq-sochiq yurgan, hashamatli to‘ylarda tanasini sirib turgan libosini ko‘z-ko‘z qila o‘rtani bo‘shatmay o‘yinga (raqsga emas!) tushayotgan qiz-juvonlarni ko‘rsatib, achchiq savollarni qalashtirishadi: “Shular musulmon millatimi, islomiy jamiyatda shunga yo‘l qo‘yiladimi, Yaratgan ayolni shunga buyuradimi, bularning eri, aka-ukasi bormi, agar bo‘lsa, endi ularning islomiy hukmi nima bo‘ladi!?” va h.

Shu tariqa ayni pallaga qadar butun e’tibori shug‘ullanayotgan ilmining, kasbining, faoliyatining turli jihatlariga qaratilgan kishining nigohi mutlaqo boshqa “mas’ala-yu masoyillar” tomon burib boriladi, uning borliqqa nisbatan egallagan nuqtai nazari vektori o‘zgartiriladi. Odam o‘zi yashayotgan jamiyatga yotlashib, uning a’zolariga nisbatan ich-ichdan dushmanlik ruhi, ular qilib yurgan kori holga qarshi nafrat hissi bilan to‘lib boradi. 

Qarabsizki, hujralarda uch-to‘rt yil obdon shunday “ta’lim-tarbiya olgan”, deylik yosh adabiyotshunos olimning ko‘ziga “ajoyib kunlarning birida” tik boqib so‘raladi: “Boshlab qo‘ygan ilmiy ishingizning mavzusi nima edi? “Zamonaviy modern adabiyotining stilistik jihatlari”midi? Birodar, bir kun kelib Allohning huzuriga borganingizda Yaratgan egam sizdan yashaganing hayotda qanday ish qilib kelding, deb so‘rasa, nima deb javob berasiz? O‘sha ilmiy ishingizning nomini aytasizmi?..”

Xuddi shu yanglig‘ savollar talabaning ham, hunarmand-u savdogarning ham, ayolu erkakning ham oldiga ko‘ndalang qo‘yiladi, ularga “eng to‘g‘ri javob” topishlarida (jihodga da’vat yo‘li bilan!) “xolis ko‘maklashib” ham yuboriladi…

Ana shunday kuch va imkoniyatlar egasi bo‘lmish ekstremistik oqimlarning harakat doirasi tobora kengayib, xatarli tus olayotgani borasida islom dunyosining eng yirik ulamolari jiddiy tashvish bilan bong urmoqdalar. Ulardan biri – Al-Azhar universitetining shayxi, 2013-yilda tuzilgan “Dunyoning eng ta’sirli 500 musulmoni” ro‘yxatida 1-o‘rinda qayd etilgan Ahmad Toyyib hazratlaridir. Olim 2015-yil fevral oyida Makka shahrida bo‘lib o‘tgan “Terrorga qarshi kurash va islom” mavzuidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida, xususan, quyidagilarni uqtirgan edi:

“Hurmatli ulamolar! Biz arab va musulmonlarni mo‘ljal qilgan va ularni batamom boshqa shaklga keltirishni hamda o‘z mamlakatlarida ularni parokanda qilishni xohlayotgan katta-katta xalqaro rejalarga to‘qnash kelib turganimizni yaxshi bilasizlar. Va yana, islomga xayrixoh bo‘lmaganlar bilan qo‘lma-qo‘l va yelkama-elka hamkor bo‘lib turgan, dunyoni yangicha mustamlaka qilish orzusida bo‘lgan kimsalar qarshisida turganimizni ham bilasiz.

Shuni ham unutmasligimiz lozimki, yangicha mustamlaka qilish yo‘lida foydalanilayotgan yagona vosita o‘tgan asrda amalda qo‘llangan ayni vositaning o‘zidir. U ham bo‘lsa, ularning “Bo‘lib tashla va hukmronlik qil” degan vahshiyona shiorlaridir. Ularning mazkur shiorlari bu safar mazhablar va toifalar o‘rtasidagi ixtilof, keskinlik o‘chog‘ini keltirib chiqarishga asoslanadi. Ming afsuski, shu safar ham bu ummatni xohlaganlariga o‘ynatishdi va xohlaganlaricha makr-hiyla, xiyonat hamda chetdan turib boshqarishni amalga oshirishdi. Bu makkor o‘yin natijasida Iroq boy berildi, Suriya o‘t ichida qoldi, Yaman parchalandi, Liviya esa barbod bo‘ldi. Yana ular ko‘z ostilariga olgan, Allohning o‘zigina biladigan qanchadan-qancha mo‘ljal va rejalari bor…” 4

Bu gaplar kishi yodiga bir tomonda Saudiya Arabistoni boshliq, aholisining asosiy qismi sunniy, ikkinchi yoqda esa Eron boshliq shia mazhabiga mansub mamlakatlar o‘rtasida paydo qilingan nihoyatda xavfli qarama-qarshiliklar, shu ixtilof asosida arab dunyosida tobora avj olayotgan birodarkushlik urushlarini soladi. (Mazkur mamlakatlar ayni shu ixtilofdan manfaatdor bo‘lgan yirik davlatlardan bir-biriga qarshi qo‘llash uchun eng zamonaviy, qirg‘in kuchi oshirilgan ajal qurollarini tobora ko‘proq miqdorda, bir necha yuz milliardlab dollar evaziga sotib olishmoqda…)  

O‘rni kelganda, yana bir tarixiy paralellikni hurmatli o‘quvchilarimiz yodiga solamiz. Ulug‘ rus adibi F.M.Dostoyevskiy o‘zining “Бесы” – “Jinlar” romanida ona yurti Rossiya hududiga chetdan kirib kelayotgan, yuzaki qaraganda go‘yo “xalq baxti” uchun kurashni o‘zi uchun oliy maqsad, deb e’lon qilgan, aslida esa bepoyon Rossiya hududini ulkan tajriba – sotsialistik g‘oyalarning sinov maydoniga aylantirmoqni niyat qilgan odam qiyofasidagi jinlarning asl basharalarini ochib beradi.

Asar qahramonlarining aksariyati Germaniyada o‘qib, o‘sha yerda muayyan g‘oya va mafkuralarni o‘zlashtirib, shular bilan qurollanib yurtga qaytgan “bolalar” – nigilistlardir. Ular insoniyat jamiyatini baxtli, hammani birdek farovon, ozod yashashini ta’minlash uchun bu jamiyatlarni tag-tugi bilan qo‘porib tashlash, boshqaruvchilarni ayovsiz qirish, o‘tmish bilan bog‘liq jamiki qadriyatlarni ostin-ustun qilish, xalqlar, millatlar dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish da’vosini ilgari surishadi. Bu ishlarni, o‘zgarish va sinovlarni amalga oshirish uchun esa, ular nazarida har jihatdan  qoloq, Yevropa sivilizatsiyasidan uzilib qolgan, boy-zadogonlari tomonidan talanib yotgan Rossiya eksperiment maydoni sifatida tanlanishi kerak…

Shunisi hayratlanarliki, bu vahshiy g‘oyaning bosh targ‘ibotchisi P.S.Verxovenskiyning “otashin tili” bilan aytganda, “bor-yo‘g‘i yuz million odamning boshini uzish kerak bo‘ladi, xolos!” deya ish boshlagan “jinlar”ning yoshlarni yo‘ldan urish uchun qo‘llagan usullaridan bugungi islom dunyosidagi diniy ekstremistik guruhlar ham deyarli o‘zgarishsiz foydalanmoqda. Xorij “sabog‘i” va yo‘l-yo‘rig‘ini olgan “jinlar” har biri besh kishidan iborat krujoklar xalqasi tarzida yashirin faoliyat olib borgan bo‘lsa, butun dunyoni xalifalik boshqaruvigina baxt va iqbolga doxil etishini da’vo qiladigan hizbchilar ham har biri besh kishilik hujralar tizimini tashkil etishadi. Ayni “xalqa”larda obdon ishlov olgan o‘sha besh kishining har biri keyin “ustoz” sifatida o‘zi ham alohida beshlikni yig‘adi va bu jarayon to “muqaddas urush”ga ishora bo‘lgunga qadar kattalashib, kengayib, yoyilib boraveradi. Bamisoli maddalab boradigan (metastaza) saraton o‘simtasi yanglig‘…

Ma’lumki, F.M.Dostoyevskiy shaxsi va ijodini, g‘oya hamda qarashlarini V.Lenin ham, uning izdoshlari ham mutlaqo xushlamaganlar. Buning bosh sababi – ulug‘ yozuvchining aksariyat asarlarida insoniyatga ogohlik qo‘ng‘irog‘i sifatida yangragan chaqiriqlar marksistik g‘oyalarga mutlaqo zid edi. Bu g‘oyalarni aynan Germaniyada o‘rgangan, bugun ma’lum bo‘lishicha esa, ayni shu davlatdagi siyosiy va harbiy doiralarning ta’siriga tushgan, Rossiya imperiyasida “inqilobiy harakat”ni vujudga keltirish va birodarkushlik olovini yoqish uchun o‘sha mamlakat moliya guruhlaridan allaqancha sarmoya olib turgan Leninning faoliyatiga aslo mos tushmas edi.

Shu ma’noda Vladimir Lenin tug‘ilgan 1870-yilda yozila boshlagan, ulug‘ yozuvchining bashoraticha, endigina tug‘ilib, tez oyoqqa turib, Rossiyani yoppa bosib kelayotgan siyosiy jinlar tajovuzidan ogohlantirishni maqsad qilgan bu asarning ahamiyati hech qachon susaymaydi. Zero, bugun – dunyoni bo‘lib olishga yangi urinishlar avj olgan davrda turli xalqlar, jumladan, o‘zbek yoshlarini o‘zining “jozibador bag‘riga” chorlayotgan, yer yuzining turli mintaqalarida tashkil etilgan mafkuraviy markazlarda ularni o‘z vatani, dini, millati va shaxsiy taqdiriga dushmanlik ruhida tarbiyalayotgan kuchlar ilgari surayotgan quyidagi yanglig‘ g‘oyalar bundan 150 yil avval P.S.Verxovenskiy tomonidan xushta’m konyak ichib o‘tirgancha, oppoq va nozik barmoqlarini havoga silkib aytilgan boyagi fikrlardan (“bor-yo‘g‘i yuz million odamning boshini uzish kerak bo‘ladi, xolos!”) deyarli farq qilmaydi:

“Insonlar tabiatan urushni yomon ko‘rsalar ham va o‘zaro muammolarni tinchlik vositalari bilan yechishga urinishsa ham, o‘zlari yomon ko‘rgan narsaga majbur qilinishlari aniqdir. Shuning uchun ham insonlar bu urushlardan uzoqlashishga qanchalar harakat qilishsa ham ular o‘rtasida urush bo‘lishi muqarrar. Ular urushni to‘xtatishga qodir emaslar…

Millatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamda davlatlararo tinchlik, garchi unga intilish chiroyli ish bo‘lsa ham, lekin uni doimiy shaklda ro‘yobga chiqarishning imkoni yo‘q, balki urush bo‘lishi muqarrar, Shuning uchun biror insonning urushlarni man qilish haqida fikrlashi xatodir…” (Bu haqda batafsil qarang: O.Abbosxo‘jayev, N.Umarova, R.Qo‘chqorov. “Mafkura poligonlaridagi olishuv”. “Akademiya” nashriyoti, 2007-yil, 58-75-betlar.)

Agar e’tibor bilan kuzatsak, jinoiy harakatlari uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralar  tomonidan qo‘lga olinib, qilmishiga yarasha jazoga tortilgan noqonuniy guruhlar a’zolari teleko‘rsatuvlarga berayotgan ko‘rsatmalarida uncha-muncha ziyoli odamdan ko‘ra mantiqli, aniq fikrlashi, mulohazalarini har jihatidan to‘g‘ri ifoda etishi bilan ajralib turadi. Ularni, yuqorida eslatganimizdek, nuqul omi, g‘o‘r, savodi haminqadar, sodda va hatto go‘l odamlar, deb o‘ylash, bizningcha, o‘ta biryoqlamalik, mas’uliyatsiz yondashuvdir.

Bir narsani tan olaylikki, biz o‘ylagan xususiyatli kishilar bilan boyagi ekstremistik tashkilotlar uzoqqa bormagan, osongina o‘zini o‘zi fosh qilgan, saflarini bu qadar kengaytira olmagan bo‘lar edi.

Shundoq ekan, biz haqiqatning yuziga tik boqib, real voqelikdan kelib chiqib harakatlarimizni rejalashtirsak, g‘oyaviy muxoliflarimiz – zamona jinlarining kuch va imkoniyatlarini to‘liq hisobga olib harakat qilsak, faoliyatimizdan ko‘zlangan maqsadga erishishimiz mumkin bo‘ladi, vazifamizga ma’rifiy, mafkuraviy jihatdan mas’uliyat bilan yondashgan hisoblanamiz.

Rahmon QO‘CHQOROV

TDYU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi


[1] Begali Qosimov. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. – T.: “Ma’naviyat”, 2002, 19-20 betlar.

[2] Qarang: I.Bunich. Partiyaning oltinlari. – T.: “Ma’naviyat”, 2016-yil. Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.

[3] Bu haqda qarang: “Наука и религия” jurnali, – M.: 1987-yil, 11-son, 23-bet.

[4] “Dunyo ulamolari murojaati”. – T.: “Movarounnahr” nashriyoti. 2016, 61-64-betlar.

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: