«OTAMDAN QOLGAN DALALAR» «O‘TKAN KUNLAR»NING DAVOMIMI?

Otamdan qolgan dalalar O'tkan kunlarning davomimi

Har bir milliy adabiyotda vaqti-vaqti bilan shunday asarlar paydo bo‘ladiki, ularning ahamiyati tarkibidagi badiiy, estetik, maʼrifiy qimmat bilangina emas, balki, birinchi galda, jamiyatga ko‘rsatadigan katta ijtimoiy-siyosiy taʼsiri bilan belgilanadi. Muhabbat va nafrat, haq va nohaqlik, imon va riyo kabi alohida mavzular bo‘rttirib markaziga chiqarilgan, maʼlum guruh yoki yoshdagi kishilar tanlab (taʼbiga qarab) o‘qishi mumkin bo‘lgan kitoblardan farq qilaroq, bu asarlarni butun millat – yoshi va jinsi, jamiyatdagi mavqei va vazifasi, dunyoqarash va saviyasidan qatʼi nazar – o‘qimog‘i, anglashga urinmog‘i va dil-dildan his etmog‘i kerak bo‘ladi. Chunki bunday asarlarda ayni xalqning muhim bir tarixiy bosqichdagi ahvol-ruhiyasi, maʼnaviy-imoniy qiyofasi va taxminiy kelajagi yaxlit holda o‘z aksini topadi. Endi bu taqdir birgina inson yoki oilaniki emas, butun millat va mamlakatniki ekani bilan diqqatni o‘ziga tortadi. XX asr boshida o‘zbek adabiyotida bunday asarni Abdulla Qodiriy bitdi va unga “O‘tkan kunlar” deya tagdor nom berdi…

Oradan roppa-rosa yetmish yil o‘tib yana bir millat kitobi – Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani dunyoga keldi. Bu asar Yusufbek xoji bashorati ro‘yobga chiqishidan, yaʼni Kumushbibi o‘lgan sana – 1853 yildan muqaddima olib, to millatimiz mustaqillikka erishgunga qadar hukm surgan istibdodning 130 yillik tarixi va tabiatidan hikoya qiladi.

“Otamdan qolgan dalalar” sahnaga yakka shaxsni, ayrim  insonlar xarakterinigina emas, balki inson qiyofasiga singdirilgan, yana ham to‘g‘rirog‘i, insoniy qiyofa o‘rnini egallab olgan, odam bolasini, butun bir millatni o‘zi to‘g‘risidagi tushunchadan mahrum etgan tuzumlar, mafkuralar, davrlar xarakterini, ruhiyati, maqsad va mohiyatini ham olib chiqdi. Xuddi shu tufayli romanning asosiy qahramonlari ismi ortidan bitta odamni emas, kamida bitta tuzumni, kamida bitta millatni, kamida bitta mafkurani izlash to‘g‘riroq bo‘ladi va bunga muallif ham ochiq ishora qiladi.

“Oqpodsho betini ko‘rmayin-da, kuymayin-da” deb xos, pokiza dalasini to‘ng‘izlarga – kelgindi bosqinchilarga bo‘shatib berib toqqa chiqib ketgan va u yerda ham kuchi ketmon chopishgagina yetgan Jamoliddin va Salohiddinlar XIX asr ikkinchi yarmi Turkistonining;

“El-yurtga shunday deb ayt. El-yurt qizillar ig‘vosiga uchmasin. Men qizillarni bitta qo‘ymay qiraman” deya yov bilan erkaklarcha kurashib, bug‘doyzorda o‘ligi qolgan Aqrab (Chayon) XX asr boshidagi Turkiston milliy ozodlik harakatining;

hayoti to‘g‘risidagi har bir hikoyasini “bolalarim”, “yurtim”, “uyim” yoxud “men” degan tushunchalar, inson qadr-qimmatini anglatuvchi so‘zlar bilan emas, balki nuqul “dalalarim”, “g‘o‘zalarim”, “ko‘saklarim”, “bechirindi go‘ng” deya boshlaydigan, Surxondaryoda yashab turib xurmo bilan pomidorning farqiga bormaydigan zuryod – kelajak o‘stirayotgan, oxir-oqibat o‘z najasini yeyishga majbur etilgan Dehqonqul XX asrning 30-80 yillari mardumlarining yig‘ma, yaxlit ismlaridir.  Oqpodsho, Kayshovskiy, Uspenskiy, Poltaraskiy, Qizil, Klara Xodjayevnalar esa ko‘zlangan maqsad-manfaatga qarab turfa shamoyilga kirgan manfur tuzum, siyosat va mafkuraning xos nomlari.

Munavvar Qori, Behbudiy, Fitrat singari maʼnaviy otalari mahv etilgan yurt bolalarini muqim insoniy ism va qiyofasiz, eʼtiqod va maslagi sarob bo‘lmish Kimyo, Fizika, Jug‘rofiya singari “ustozlar” tarbiyalaydi. Saboq beriladigan joy esa na maktab, na-da madrasa, balki to‘rt tomoni paxtazor, kimyoviy zaharlangan dala. Inson, bola ruhini uyg‘otishi lozim bo‘lgan Adabiyot bo‘lsa (bu endi faqat maktabdagi fan emas!) Direktor (faqat yuqorining ko‘rsatmasini bajarish uchun qo‘yilgan mahalliy hokimiyat)ning buyrug‘iga ko‘ra “chopqillab” borib, Ziyodning (ZIYOning deb o‘qing!) “yelkalari osha, bellari oralatib” urish uchun g‘o‘zapoyadan xivich tayyorlab berib turadi…

“Kunda” romani muhokamasiga bag‘ishlanib “Voprosi literaturi” jurnali (1987 yil)da o‘tkazilgan davra suhbatida “Agar Marks “Din – xalqning afyuni” ekanini o‘zicha isbotlamoqchi bo‘lgan bo‘lsa, Chingiz Aytmatov ushbu romanida afyunning xalq uchun din – eʼtiqod bo‘lib borayotganini ko‘rsatdi” degan mulohaza aytilgandi. Agar “Otamdan qolgan dalalar” romanida markazga chiqarilgan g‘oyani qisqa va aniq ifodalash talab etilsa, bemalol aytish mumkinki, Tog‘ay Murod bu asari bilan qadrsizlantirilgan, majburiy, ong va tafakkur esh bo‘lmagan qora mehnat xalq uchun ham din, ham afyun bo‘lib qolishi mumkinligini isbotladi, jonli namoyish qila bildi. Bobosi va otasidan farq qilaroq, asarning markaziy qahramoni Dehqonqul biror marotaba Allohning nomini-da tilga olmaydi, nomoz o‘qish, qalban ibodat qilish to‘g‘risida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. O‘z yaratuvchisini tanimagan, unga eʼtiqod qilmagan, tanimog‘i va eʼtiqodli bo‘lmog‘i uchun fursati qoldirilmay, mehnatga quldek bog‘lab tashlangan insonning o‘zini tanimog‘i, o‘ziga eʼtibor qilmog‘i dushvor ekani romanda butun dahshati, baʼzan esa, hatto naturalistik darajadagi ko‘rinishlari bilan namoyon bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan aytganda, agar Engels o‘zining g‘alati mashhur asarida “Maymunning odamga aylanishida mehnatning roli”ni o‘zicha isbotlamoqchi bo‘lgan bo‘lsa, Tog‘ay Murod bu romani bilan buning aynan aksini – odamning ongsiz, nafsoniyatsiz, huquqsiz maxluqqa aylanishida yana o‘sha mehnatning “ulushi”ni bo‘rttirib ko‘rsatadi.

Romanni o‘qigach, xalq ommasining tarixiy taraqqiyotdagi o‘rni (bu yerda siyosiy, huquqiy, maʼnaviy madaniyatning qaysi pog‘onasida turgan xalq to‘g‘risida gap ketayotgani eʼtiborga olinishi zarur, albatta!) to‘g‘risida har qancha to‘lqinlanib gapirilmasin, baribir tarixni, taraqqiyotni SHAXSLAR (bu – bir-ikki odam degani emas, aslo!) boshqarishiga yana bir karra amin bo‘lamiz. Barcha mustabid tuzum va uning “dohiylari” ko‘targan bayroqda, bir shior – yo oshkora yoxud pinhona – albatta, bo‘ladi: jamiyatdan shaxslarni yo‘qotish! Gitler fashistik rejimining, Stalin diktatorlik tuzumining shaxslarga qarshi olib borgan qatli omlarini eslang. Zero, shaxssiz ommani xohlagan shaklga solish, istalgan kuyga muqom qildirish mumkin.

Eʼtibor bersangiz, romanda Nomoz ismli shaxs olomonni bir muddat haqni bilishga, Allohni tanishga, milliy g‘ururini anglashga chorlaydi. Xalqni mustabidlar istibdodiga qarshi kurashga daʼvat etadi, bu ulug‘ kurashning old saflarida uning o‘zi boradi. Ruhlangan omma bosqinchilar ustidan muvaqqat g‘alaba ham qozonadi, maydonlarda bayram ham qiladi. Biroq Nomoz jismonan mahf etilgach (uning ham “sopi o‘zidan chiqariladi”!), hammasi yana o‘rni-o‘rniga tushib qoladi. Kechagina masjid maydoniga g‘azovotga chiqqan el birdan pildir-pis bo‘lib, “tarix g‘ildiragini aylantirish”dek “ulug‘ yumush”ga yana yuvvoshgina bo‘yin egadi, juda nari borsa keyinroq, qora mehnatdan picha holi damlari “oqpodshoning zulmi to‘g‘risida”gi qo‘shiq va termalar, tarixlar to‘qishga o‘tiradi…

Biz hozirga qadar romanning g‘oyaviy pafosi bilan bog‘liq ayrim mulohazalarni aytdik. Xo‘sh, ayni dardning reallashuv, izhor jarayoni qanday kechadi, o‘quvchiga berilayotgan sezim nimalar evaziga kuchayadi, asarning shu janrda yoxud ayni mavzuda yozilgan boshqa asarlardan farqli jihatlari qayerda, badiiy yangiligi nimada?

Bu savollarga asardagi birgina komponent – qahramon masalasining qanday hal etilganini kuzatish orqali javob izlasak.

“Romanning qatʼiy talabi – bevositalik, – deydi ispan olimi Ortega-i-Gasset. – personajning qanday ekani haqida menga so‘zlab bermang, men uning o‘zini ko‘rishim kerak. Roman qahramonlarining hayoti to‘g‘risida gapirib berish emas, bu hayotni namoyish qilmoq lozim… Qarshimizda narsalarning o‘zi tursa, shunda ular to‘g‘risidagi izohga hojat qolmaydi. Qahramonni izohlash (xarakterlash)ga urinish romannavisning asosiy xatosidir” (Qarang: Xose Ortega-i-Gasset. “Misli o romane”. «Voprosi literaturi» jurnali. 1991 yil fevral soni, 100-sahifa.)

“Otamdan qolgan dalalar” qahramonni ayni shunday – bevosita ko‘rsatish yo‘lini qatʼiy tutgan, tasvirga tahlil singdirish prinsipini roman uslubi darajasiga olib chiqqan asardir. Asar birinchi shaxs – bosh qahramon tilidan roviylik qilish shakliga qurilgan bo‘lib, bundagi bevositalikka hattoki muallif ham daxl qilolmaydi. Hikoyalashning bu tarzi adabiyotshunoslikda muayyan noqulayliklarga, cheklanishlarga olib boruvchi yo‘l hisoblansa-da, ayni  romanning qahramoni ruhi mantiqi, u o‘ziga talab etadigan ochish-ochilish usulining eng samaralisi shudir. Negaki, Dehqonqulni bafurja o‘ylarga toldirish, o‘z-o‘zini, o‘tayotgan umrini tahlil etishga-da vaqti yo‘qligini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun oraga boshqa hech kim, hatto qahramonning mudroq o‘zligi ham aralashtirilmaydi.

Xo‘sh, yuzaki qaraganda faqat voqealarning tashqi bayonidek tuyuladigan bu yo‘lda inson ruhiyatini, uning ichki kolliziyalarini berish mumkinmi? Tog‘ay Murod buning mumkin ekanini o‘z romanida yana bir bor isbotladi.

Xususan, muallif xuddi psixoanalitiklarga o‘xshab o‘z qahramonini bemalol so‘zlashga, hayotini bafurja hikoya qilishga qo‘yib beradi. Qolaversa, Dehqonqul ruhiy nuqtai nazardan ham, aqliy jihatdan ham normadan toygan, toydirilgan bo‘lib, u muhim-nomuhimligini jiddiy o‘ylab o‘tirmay, o‘zi uchun qiziq tuyulgan voqealarni bir boshdan gapirib beradi. Shu hikoya asnosida Siz bu ijtimoiy bemorning qiziqish, qoniqish, nafratlanish, orzu-yu armon va yana o‘nlab qalb qatlamlari bilan tanishib, yaxlit, hozirga qadar badiiyatda uchramagan qismatni o‘zingiz uchun kashf etasiz. Ilmiy-ruhiy tahlilda bu usuldan birinchilardan bo‘lib mashhur ruhshunos Zigmund Freyd foydalangan edi. O‘z ustozi to‘g‘risidagi kitobida Fris Vittels ushbu jarayonni shunday tasvirlaydi:

“Bemorlar ko‘pincha o‘zlarining sergapligi bilan, maʼlumotlar seli bilan bizni ko‘mib tashlashadi, bunga qarshi qandaydir to‘siq tashlashga biz doimo behuda urinamiz. Og‘zidan gapini olishga ular hech imkon berishmaydi va bizga, tinchgina o‘tirib, makkorona diqqat-la ularni tinglashdan o‘zga chora qolmaydi. Boshqalardan ko‘ra biz – psixoanalitiklarga yaxshi maʼlumki, inson o‘zining asl fikr va tuyg‘ularini yashirmoq niyatida tilni kashf etgan. Shuning uchun biz bemorning nimani gapirayotganiga emas, nimani gapirmayotganiga, nimani qayta-qayta aytayotganiga yoki nimani alohida ifodalar bilan bayon qilayotganiga ko‘proq quloq tutamiz, diqqatni qaratamiz”. (Qarang: Fris Vittels. “Freyd. Yego lichnost, ucheniye i shkola”. L.: “EGO”, 1991 yil, 92-sahifa.)

Biz ham xuddi shu alfozda Dehqonqulga quloq tutsak, u dalasi, g‘o‘zasi, ko‘saklari, solgan dorilari, baxmalni paytava qilib o‘rashi, shlyapa kiyib olib televizordagi xorijiy davlat prezidentiga taqlid qilishi va boshqa hikoyalarni aytish bilan nimalarni aytmayotgani, “aylanib qo‘yay-aylanib qo‘yay” yoki “qizil-qizil” deb takrorlashi, uni turmadan dalalari qaytarib kelishiga urg‘u berishi bilan nimalarga, yana qanday fojialarga o‘zi bilib-bilmay ishora qilayotganini anglash mumkin bo‘ladi. Xususan, romandagi bobchalarning aksariyati mana shu taxlit muqaddima oladi va bundan biz bosh qahramonning fikr doirasi, ruh ko‘lami, qiziqish va qadri to‘g‘risida, u bilan sodir etilgan majruhlantirishning achchiq natijalari haqida realistik xulosa olamiz:

“G‘o‘zalarim qirq kunlik bo‘ldi.

G‘o‘zalarim qirqida suvsadi…” (Dehqonqulning ayoli bo‘lsa uyda, og‘iroyoq holida, qulab tushgan devorni tiklash uchun zaxda loy qorimoqda!)

“Dalalarimda assalomalaykum bilan chirmovuq toshdi.

Men yigirma kilo pentaxlor-fenol bilan besh yuz kilo suv aralashtirdim…” (Dehqonqulning sinfdosh do‘sti Ziyodni bo‘lsa osmondan – samolyotdan sepilgan dori zaharlab, bevaqt juvonmarg qilgan!)

“O‘ynab qo‘yay, yangi texnikalaridan o‘ynab qo‘yay!

Kim qancha yildirkim, xo‘jaligimizda KXU-4 degich yangi texnika bor otangga bo‘ladi, bor onangga bo‘ladi…” (Dehqonqulga go‘yo mukofot tariqasida ajratilgan mototsikl uchun uning yil – o‘n ikki oy ishlab zo‘rg‘a topgan haqidan otning kallasiday qilib bosib qoladilar!)

“Yer hansiradi.

G‘o‘zalarim bargi och-och yashil tuslana berdi.

G‘o‘zalarim bargi qo‘ng‘ir-qo‘ng‘ir dog‘ bo‘la berdi.

G‘o‘zalarim ochqadi!..” (Dehqonqul uyiga kelishi kutilayotgan “kattalar” – mehmonlar uchun oxirgi so‘mlariga bozor qilib keladi. Ochiqqan, meva yegisi kelgan bolalaridan biri qo‘liga kirgan bir donagina xurmoni olib, urra qochadi. Otasi bo‘lsa, o‘z bolasining ortidan quvlab, tutib olib urib, og‘zi-burnini qonga belaydi!)

“Men dalalarimni aylanib-aylanib qaradim.

Men shonalarimni ko‘zim bilan sanab-sanab qaradim…” (Uyda bo‘lsa, Dehqonqulning xotini umri bino bo‘lib qo‘shni viloyatdagi xushmanzara joyga-da borolmaganidan o‘kinib-o‘kinib yig‘laydi!..)

 Yoki romandagi birgina “qizil” so‘ziga singdirilgan botiniy mazmunni olaylik: Oqpodsho bo‘yinsunmaganlarni jazolab Turkiston  o‘lkasini qip-qizil qonga botirdi; bolshevik qizil bayroq ko‘tarib keldi, uning devorga osgan so‘zanasi-da qizil, aytayotgan gaplari-da qizil edi; Aqrabni (Dehqonqulning otasini) “qulog‘i qirqta bo‘lgan” qizillar taʼqib etdilar, nihoyat, shu qizillar uning boshiga yetishdi; Dehqonqul qizil maktabda o‘qitildi, quyosh qip-qizarib botguncha butifos sepilib qizarib ketgan dalada paxta terdi; beshinchi sinf bolalari ichburuq bo‘lib maktab futbol maydonini qip-qizil, to‘da-to‘da qonga to‘ldirib tashlashdi; bolalarning ichidan qon kelib ketguncha ishlatgani va qizil musobaqada g‘olib bo‘lgani evaziga direktor qip-qizil partiya biletiga va ko‘chma qizil bayroqqa ega bo‘ldi; Dehqonqulning xotinini qip-qizil olov o‘z domiga tortib ketdi; ayolning peshonasiga bitgan yakkayu yagona qizil ko‘ylagining qo‘ltiqlari ter va kirdan oqariblar ketdi; Dehqonqul umrbod qizillar uchun ishladi, uni qizil muxbirlar kelib maqola qildi, qizil kinochilar kelib film qildi, qizil yozuvchilar kelib ocherka qildi; nihoyat uni qizil bayroq ostida Afg‘onistonga bostirib kirgan, u yerni qizil qonga botirib, ko‘zlariga alam xuni to‘lib chiqqan ikki qizil hibsxonada qiynadi, o‘z axlatini o‘ziga yedirdi, erkaklik nomusiga-da tajovuz qildi…

Oxiri esa yana o‘sha:

“ – Nu? – dedi Qizil.

Ivan Ivanovich! Picha oyoq il, endi.

Dalalarim bilan xayr-xo‘shlashib olayin, endi.

Dalalarim bobolarim achchiq-achchiq ko‘z yoshlaridan dala bo‘ldi.

Dalalarim otalarim sho‘rpeshona terlaridan dala bo‘ldi.

Dalalarim ayollarim gulday xazon umridan dala bo‘ldi.

Dalalarim – bobolarim sho‘r-sho‘r peshonasi.

Dalalarim – otalarim yag‘ir-yag‘ir yelkasi.

Dalalarim – ayollarim xazon-xazon umri…”

Asar qahramonining butun fojeiy dunyosi, uning tili va o‘z taqdirini taqdim etish uslubida talab etiladigan adabiy-estetik mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Tog‘ay Murod eng ishonarli, tabiiy yo‘lni tanlaganiga guvoh bo‘lamiz. Murod Muhammad Do‘stning aksariyat shu davr voqealari asosida yozilgan “Lolazor” romanidagi Yaxshiboyevning intellektual darajasi, mug‘ombirona mulohaza quvvati agar ruhiy tahlilning anʼanaviy uslubini talab qilgan va bu talab ayni qahramon mantiqiga mos bo‘lsa, “Otamdan qolgan dalalar” qahramoni uchun ayni romanda tanlangan yo‘l tabiiyroq, ishonarliroqdir. Yaxshiboyevning xos jihati undagi chuqur va ayyor mulohazakorlik, har bir qadamni jiddiy o‘ylab – nafaqat shaxsiy, balki omma, xalq kayfiyatini ham o‘ylashni unutmay tashlash niyati bo‘lsa, Dehqonqul fojiasining asosini undagi oddiygina insoniy mulohaza, shaxsiy o‘y va tafakkur inqirozga uchragani – karaxtlangani holati tashkil qiladi. Shu maʼnoda insoniy mohiyatning yo‘qolganligi, mohiyatsizlik – Dehqonqulning mohiyatidir, xaraktersizlik – uning xarakteri, qiyofasizlik – uning qiyofasi, ruhsizlik – uning ruhidir. Bunday qahramonni na roviy, na personaj tilidan uyushtirilgan klassik psixologik tahlil usulida ochish, o‘quvchiga ishontirish mumkin edi. Uni izohlash, xarakterlashga urinish muallif qalamini publitsistik pafosga olib ketib qolgan, qahramon tabiatiga o‘tirmagan, unga nisbatan shubha tug‘dirgan bo‘lur edi. Adabiy tip mantiqiga, uning talab va tabiatiga zid bu yo‘l ham qahramonni, ham yozuvchini, ham o‘quvchini qiynagan bo‘lurdi…

Albatta, romanning butun fikriy-badiiy fazilatlari to‘g‘risida batafsil to‘talishning imkoni ham, ixtiyori ham yo‘q bizda. Qolaversa, “Otamdan qolgan dalalar” romanini har jihatdan mukammal asar, deyish fikridan ham yiroqmiz. Ayniqsa, roman pirovardida, Dehqonqul tergovi jarayonida “ichkari”da bo‘layotgan barcha manfur va mahfiy qilmishlarni unga so‘zlab berilishi zo‘rma-zo‘rakilikdan, “fosh etish jazavasi”dan, publitsistik uslubning oson yo‘lini tutishdan boshqa narsa emas. Ko‘ramizki, qachon qhramondan, uning dunyosi va bu dunyoning mantiqi va tabiatidan yiroqlashilsa, yotlashilsa mana shunday qusurlar kelib chiqaveradi. Xullas, bu va boshqa badiiy kamchiliklar to‘g‘risida batafsil so‘zlash mavridi ham, albatta, kelar. Biroq, bu qusurlarga qaramasdan, Tog‘ay Murodning mazkur romani xalqimizning o‘z-o‘zini tanishida, mustaqillik va istiqlol atalmish neʼmatning qadriga yetishi va uni asrab-avaylash yo‘lidagi kurashida beqiyos va o‘ziga xos rol o‘ynashi shubhasizdir. Zero, yozuvchining o‘zi aytmoqchi: “Ko‘nglimda el-yurtim yo‘lida nimaiki dardim bor – barini ushbu romanda to‘kib soldim”.

Bu dard faqat yozuvchi – birgina o‘zbekninggina emas, balki butun millatning, xalqning dardi, dil izhoridir.

… Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i faqat tarixiy roman emas, balki 20-yillar Turkistoni uchun juda-juda zamonaviy roman ham edi. Afsuski, “ittifoq ne ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb-ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast” kimsalar adib nidosini tinglashmadi va oxir-oqibat Yaratg‘uchining qahriga yo‘liqishdi – Vatan “qizil istibdod” ostida qoldi. Shunday ekan, juvonmard Qodiriyning “Moziyga qaytib ish ko‘rish” zarurligi, shartligi haqidagi ogohlantirishini xalqimiz, ayniqsa, uning nomidan ish ko‘rish masʼuliyatini zimmasiga olgan vakillari aslo unutmasligi kerak.

…Z.Freyd ham ijtimoiy, ham ruhiy xastalikdan qutilishning yagona yo‘li – O‘Z-O‘ZINI ANGLASH ekanini uqtirib, “SENI HAQIQAT OZOD ETISHI KERAK!” degandi. Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani mana shu – OZOD ETUVCHI HAQIQAT bitilgan asardir!

Rahmon QO‘CHQOR

TDYUU dotsenti v.b., filologiya fanlari nomzodi

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: