ORZUM – RUH TARBIYASI

Orzum - Ruh Tarbiyasi

Dunyodagi eng orzumand xalq o‘zbek bo‘lsa, ajabmas. Uning necha ming yillik tarix tegirmonida yanchilmay, bugunga qadar ham jisman, ham ruhan sog‘, nisbatan beshikast yetib kelganining o‘zi, balki, ana shu xislati bilan ham izohlanar. Chunki orzu millatga hayotbaxsh ruh bag‘ishlaydi, uni harakatga undaydi. Orzu xalqni yo‘l qidirishga, yashovchanlikka, maqsad sari intilishga o‘rgatadi.

Biroq orzu bilan orzuning farqi bor. Bu o‘rinda mashhur faylasufning fikrini eslamay iloj yo‘q: “Yetishish mumkin bo‘lgan narsalarni orzu qilib yashaydigan kishilarni shu orzularini ro‘yobga chiqarish bilan jazolash kerak. Chinakam inson hech qachon to‘la ushalmaydigan eng yuksak, ulug‘ orzularga intilib yashamog‘i lozim”.

Shunga o‘xshash fikrni men o‘z davrida qadr topmay o‘tib ketgan ustoz olim, har tomonlama teran bilimlar sohibi Omonullo Valixonov (adabiy taxallusi – Boqir)ning mana bu hikoyasidan uqqan edim:

“XX asrning boshlarida Andijondagi Jome masjidi qoshidagi madrasada e’tiborli bir mudarris bo‘lar ekan. Ul zotning oldiga ilmtalab farzandlarini yetaklab kelgan otalar “eti – sizniki, suyagi – bizniki ” deya shogirdlikka topshirar ekanlar. Bo‘lg‘usi ustozning bolalarga beradigan dastlabki savoli shunday bo‘larkan: “Xo‘sh, bo‘tam, bizning dargohda ilm olib kim bo‘lmoqchisan o‘zi?” Shunda kattalardan ozgina tilyog‘lamalikni yuqtirib ulgurgan bola: “Endi, domla, shu sizday odam bo‘lsam”, deb javob bersa, keksa mudarris yigitcha qulog‘ining solinchog‘idan beozorgina tortib: “Bo‘tam, sen kamida Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari olimu ulamolardek bo‘laman, deb niyat qilgin, o‘shanda balki bizdek bo‘larsan. Hozirdan mo‘ljalni kalta olsang, ertaga kim ham bo‘larding!?” deya tanbeh berar ekanlar… ”

Kamina ushalishi u qadar qiyin bo‘lmagan va ro‘yobga chiqishi uchun qattiq mashaqqat talab qilinadigan ikki toifa orzularni boshqacharoq nomlab, unisini – mayda, bunisini – buyuk orzular deya atagim keladi.

Ochig‘i, aksariyatimiz mayda orzular qobig‘idan chiqa olmay, o‘shalarga intilib, ro‘yobga chiqqanidan sarmast bo‘lib umrni sovuramiz. Aslida, inson tabiati ana shunday aldanishga moyilroq ham bo‘ladi. Chunki bu hol odamning yashashini osonlashtiradi, uning quvonch va o‘kinchlari qalbini qattiq siltanishlarga duchor qilmay, ruhini yengilgina oromlantiradi. Afsuski, ko‘pchilik “Baxtlimisiz?” degan savolga hech o‘ylanib o‘tirmay javob berar ekan, bor-yo‘g‘i ko‘nikib qolingan mana shu lazzatdan voz kecholmasligini ifodalaydi, xolos.

Holbuki, bir martagina nasib etadigan umrning talab va ehtiyojlari ham shunga yarasha jiddiy va salmoqli bo‘lgani durust. Masalan, men umr bo‘yi mashina sotib olishni orzu qiladigan, shu maqsad yo‘lida o‘zini o‘tdan olib cho‘qqa uradigan, muddaosiga erishgach esa atrofidagi “dushmanlari”ning kuyganidan huzur tuyadigan odamni bir amallab tushunishim mumkin-u, lekin hech yoqlay olmayman. Axir bu – umr degan noyob ne’matning uvoli emasmi?

Odamning yaltiroq narsalarga o‘chligi, bashang kiyinishga ishqibozligini ham tushunish mumkin. Biroq men kap-katta erkak kishining yangi kiygan kostyumi bilan maqtanishi, atrofdagilardan ozgina rag‘bat tuygach, shundan astoydil xursand bo‘lishini sira hazm qila olmayman. Qo‘shimchasiga bu kimsalarning boshqalar – qo‘li qisqalar haqida aytadigan gaplariga quloq solsangiz, ularga … achinasiz, xolos.

To‘g‘ri, “Hayotda mayda narsaning o‘zi yo‘q, hamma narsaga birdek ahamiyat berish kerak” degan gaplar ham bor. Biroq, xohlaymizmi-yo‘qmi, dunyoda mayda va jiddiy gap, o‘tkinchi va boqiy muammo, xashaki va ulug‘ qadriyatlar, bari-bir, bir-biridan farqlanadi. Bir narsadan voz kechmay turib ikkinchi bir narsaga erishish dushvorligi ham bor narsa. Hamma gap mana shu tanlov chog‘ida tarozining bir pallasiga qo‘yadiganimiz – O‘ZLIGIMIZning qanchalik tosh bosishida qolgan.

Qadam qo‘yayotganimiz yangi dunyo juda ko‘p ijobiy jihatlari qatorida muayyan kamchilik va qusurlari bilan ham bizni o‘z og‘ushiga chorlamoqda. Xususan, erkin dunyo muhitida ko‘proq nafsiy tushunchalar yetakchilik qilishini, inson eng yuqori darajadagi to‘qlik va farovonlikka intilishi, o‘zgalarni emas, aksariyat o‘zining manfaatidan kelib chiqib hayot kechirishi lozim, degan tushunchalar hukmronlik qilishini unutmaylik.

Bir qarashda bunday dunyoqarashning ham yomon tomoni yo‘qdek. To‘g‘ri-da, shunday muhitda odam o‘lib-tirilib mehnat qilishga, pul topishga, hayot sharoitini yaxshilashga intiladi. Bu narsa fan va texnika, texnologiyalarning keskin sur’atda o‘sishiga ham turtki beradi. (Yaqinda yapon olimlari kompyuter ekranida surati ko‘ringan gulning hidini ham chiqarib beradigan moslama yaratishibdi!) Biroq inson har qancha mazza qilib, tani yayrab hayot kechirmasin, uning ruhi ham shunga yarasha yayraydi, deb kafolat berib bo‘lmaydi-da.

Aslida ruh tanballigidan, uning mudroqligidan yoqimsizroq, xavfliroq narsa yo‘q. Nafsiy boyliklar aksariyat holda ruhni mana shu mog‘orli manzillar tomon yetaklab ketadi. Natijada, insonning orzular ufqi benihoya torayadi, u, xuddi ishxonasidagi kompyuterga o‘xshab, kunduzi to‘xtovsiz topshiriq bajarib, kechqurun bamaylixotir dam olishni o‘ziga yashash usuli qilib oladi…

Men inson ruhiyati bilan texnik-texnologik taraqqiyot o‘rtasidagi ziddiyatga bejiz urg‘u berayotganim yo‘q. Zero, ruhni chalg‘itadigan, ma’naviyatni g‘ariblashtiradigan yaltiroq narsalar hayotda juda ham ko‘p ekan va ular bizga to‘xtovsiz hujum qilib turar ekan.

Bu o‘rinda, yaxshisi, men o‘zimda kuzatganim bir holat bilan fikrimni dalillashga urinay.

Keyingi yarim yil ichida muntazam kitob mutolaasiga atay dam berdim-da, ko‘proq gazetalar o‘qish, televideniyedagi  turfa ko‘rsatuvlardan ruhan oziqlanishga harakat qildim. Bir qaraganda juda ko‘p axborot olgandayman, ko‘zim – ko‘rganlardan, qulog‘im – eshitganlardan rosa yayrab miriqqanday ham bo‘ldi. Ammo shu tajribadan keyin o‘zimga razm solsam, o‘sha – yarim yil burungi Rahmonning intellektual darajasi zarracha ham o‘smabdi, eng yomoni – ruh chanqog‘i mutlaqo bosilmabdi.

Bundan shunday xulosaga keldimki, zamonaviy axborot vositalari ham zarur, lekin ular harchand jozibador bo‘lmasin, harchand ko‘zni quvnatmasin, hatto qalbni to‘lqinlantirmasin, kitob o‘rnini aslo bosolmaydi. Umuman, hech narsa inson idrokini kitob mutolaasichalik charxlay olmaydi, tafakkurini o‘stirmaydi, ma’naviy dunyosini boyitmaydi.

Holbuki, aynan ana shu idrok, tafakkur, ma’naviyat inson umrining mazmunini belgilamaydimi? Inson orzusi aslida shularning taraqqiysi sari yo‘nalishi kerak emasmi? Aks holda, unday orzuni tom ma’noda orzu deb bo‘ladimi? Menimcha, yo‘q: rejadir, havasdir, ammo orzu emas. Orzuni moddiylashtirish – bulbulni kabob qilib tatib ko‘rishga intilishday gap.

Sharq ma’naviyatining buyuk namoyandalari – Abu Nasr Farobiy, Ibn Sino, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband avvalo insonning ruhiy kamolotini orzu qilganlar. Ularning merosi haqiqiy orzuni mo‘ljallash uchun misli bir chiroq.

“Bugun zamon boshqa” degan e’tiroz yangrashi mumkin. To‘g‘ri, biroq faqat tashqi olam o‘zgargan, undan olinadigan axborot hajmi va vositalari ko‘paygan, murakkablashgan. Insonning qalbi esa Odam Ota zamonidan beri o‘sha-o‘sha!

Mening orzum oddiy – ruhiyatimiz yuksaklikka intilsin.

Rahmon Qo‘chqor

“Tafakkur” jurnali,

2000-yil, 3-son

Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang va Ctrl+Enter ni bosib, toʻgʻrilash kiriting.

Fikr bildiring

Fikringiz moderatsiyadan so‘ng saytda paydo bo‘ladi.

Xato haqida xabar

Muharrirga joʻnatiladigan matn: